Sobiq Sovet Ittifoqi davrida Oʻzbekistonda ikki marotaba yadro bombasi portlatilganidan xabardormisiz? Birinchi marta hodisa Buxoro yaqinidagi Oʻrtabuloq gaz konida yuz bergani haqidagi maʼlumotlarimiz bilan oʻrtoqlashgan edik. Bugun ikkinchi portlatilgan kon bilan tanishamiz.
Oʻrtabuloq gaz koni portlatilganidan bir necha oy oʻtgach Qashqadaryodagi yana bir shunday kon — Pomuq gaz konidagi quduqlardan birida nazorat yoʻqoladi.
Bu konda ham burgʻilash ishlari avj olgan, 2 748 metr chuqurlikka yetib esa ishchilar gaz toʻla gorizontga duch kelishgan. Quduqdan chiqayotgan gaz bosimi Oʻrtabuloqdagidan ancha yuqori boʻlib, 580 atmosfera bosimiga teng boʻlgan.
Pomuq konidagi bu quduqda biroz taʼmirlash ishlari olib borilgach, muammo vaqtincha hal qilingandek tuyiladi. U ishga tushganidan bir yarim oy oʻtgach, 800–1000 metr chuqurlikda gaz toʻsiladi. Biroq, oradan toʻrt oy oʻtib, gaz boshqa teshiklardan va hatto yer yuzasidan ham sizib chiqa boshlaydi.
Mutaxassislar bir necha bor quduqdagi gaz oqimini qiya burgʻilab, gidravlik yoriqlar yordamida berkitishga harakat qilishadi, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz tugaydi. Oxir-oqibat, quduqni yopish uchun yadroviy portlovchi moddadan foydalanishga qaror qilinadi.
Bu safar portlashni amalga oshirishda Chelyabinsk yadroviy qurol laboratoriyasida ishlangan portlovchi moddadan foydalaniladi. Ushbu portlovchi qurol maxsus tayyorlangan boʻlib, quduqda 100 °C dan yuqori harorat va yuqori bosimga bardosh berishga moʻljallangan edi. Bundan tashqari, uning diametri atigi 24 santimetr va uzunligi taxminan 3 metr boʻlgan, shuning uchun uni anʼanaviy gaz va neft konlarining quduqlarida ishlatish mumkin edi. Maxsus yadro bombasi Oʻrtabuloqdagidan ham kuchliroq — 47 kilotonna trotil ekvivalentini tashkil etgan.
Mavzuga doir: Tarixdagi kuchli 5 ta portlash →
Yadroviy qurol 1968-yil 21-mayda 2 440 metr chuqurlikda portlatilgan. Bunga qadar ikki yil davomida atrofga katta miqdorda gaz sizib chiqqani sababli gaz oqimi yetti kundan keyingina toʻxtagan.
Pomuq gaz konidagi portlash dunyo olimlari uchun muhim ahamiyatga ega edi. Aynan ushbu kondagi ikkinchi muvaffaqiyatli operatsiyadan soʻng Sovet olimlari gaz va neft quduqlarini tez va samarali boshqarish ularni portlatish deb ishona boshlaydi.
Keyinchalik, Sovet hukumati tomonidan birin-ketin Turkmaniston, Ukraina va boshqa joylarda shunga oʻxshash 5 ta portlash amalga oshirilgan.
Manbalar: scienceandglobalsecurity.org, energyglobalnews.com
Muqova surat: wikipedia.org