Bolalarda kalsiy yetishmovchiligini qanday aniqlash mumkin?

Har bir bolaning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun yetarlicha ozuqaviy moddalar kerak. Yoshga bog‘liq holda organizm ehtiyojini qondirish uchun yog‘, oqsil va uglevod nisbati va sifati yetarlicha bo‘lishi zarur. Bundan tashqari ovqat tarkibida vitamin-minerallar organizmga keragicha tushishi va a’zolarning o‘sishi uchun muhim. Bolalikning erta davrlarida eng ko‘p uchraydigan yetishmovchilik holati – gipokalsiyemiya (kalsiy yetishmovchiligi) dir. Bolalarda kalsiy yetishmovchiligi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin, masalan to‘satdan suyaklar sinishi, sudorgilar (talvasa), suyak va nerv tizimi rivojlanishi ortda qolishi.


Kalsiy yetishmovchiligiga sabablari

Bola organizmida kalsiyning normal ko‘rsatkichda bo‘lishi uchun, ovqat ratsionida kunlik kalsiyning dozasi 500-1000 mg bo‘lishi kerak. Ko‘krak yoshidagi bolalar kalsiyning yetarli miqdorini ona sutidan olishadi va bu davrda qo‘shimcha ravishda kalsiy preparatlaridan ham foydalanish kerak bo‘ladi. Qonda kalsiyning sezilarli darajada kamayishi bolalar raxiti va uning asoratlariga olib keladi. Yuqorida aytganimizdek emizikli bolalar kalsiyni ona sutidan qabul qilishadi, demak ona iste’mol qilayotgan mahsulotlar kalsiyga boy bo‘lishi zarur.


Bolalikning birinchi yilida kalsiy faqatgina, ovqat bilan kam miqdorda tushganligi sababli defitsitga uchramaydi, balki bola organizmida D3 vitamini yetishmasligi hisobiga ham kelib chiqadi. D3 vitamini kalsiyning so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘rsatmasiga binoan har bir ko‘krak yoshidagi bola kuz-qish mavsumida qo‘shimcha ravishda, eritma ko‘rinishida D3 vitaminini qabul qilishi lozim. Bahor-yoz mavsumida D3 vitamini bola organizmida mustaqil ravishda quyosh nuri ta’sirida sintezlanadi. Bu davrda qo‘shimcha vitamin qabul qilish organizmda uning miqdori oshishiga olib keladi, ya’ni gipervitaminoz holati kelib chiqishi mumkin.


Bolalikning keyingi davrlarida gipokalsiyemiya ko‘pincha oshqozon ichak trakti kasalliklari (gastrit, kolit, ichaklar dizbiozi va boshqalar), ayrim dori preparatlarini qabul qilish oqibatida oshqozonning so‘rish funksiyasini buzilishi (antadsidlar, sorbentlar) natijasida kelib chiqadi.


Kalsiyning yoshga bog‘liq holda normal miqdori
Tug‘ilgandan 6 oygacha – 400-500 mg;
7 oydan 1 yoshgacha – 700-700 mg;
1 yoshdan 10 yoshgacha – 700-900 mg.

Alimentar yo‘l (ovqatlanish) bilan organizmda kalsiy to‘planib qolmaydi. Chunki ortiqcha kalsiy ichak va buyraklar orqali tashqariga chiqarib turiladi. Qo‘shimcha ravishda qabul qilinayotgan ortiqcha kalsiy buyraklarda to‘planib qoladi va tosh hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.


Gipokalsiyemiyaning klinik ko‘rinishi

Hali yurishni o‘rganmagan bolakaylarda kalsiy defitsitini faqatgina shifokor aniqlay oladi. Emizikli bolalarda kalsiy yetishmovchiligining ilk belgilari quyidagilar bo‘lishi mumkin:


Juda ko‘p terlash, ayniqsa boshning tepa qismida;
Boshning yostiq bilan ko‘p kontakda bo‘ladigan sohalarida soch to‘kilishi;
Tremor (tirishish) holati – yig‘laganda iyak sohasi;
Baland shovqinlar eshitganda bezovtalanish va yig‘lash.

Agar kalsiy yetishmovchiligi bolaning o‘tirish va yurishni boshlagan davriga to‘g‘ri kelsa, unda umurtqalarda patologik qiyshiqliklar va egriliklar kelib chiqadi. Bolalikning keyingi davrlarida gipokalsiyemiyada suyaklar sinuvchanligi oshishi, tirnoqlarning ko‘chib tushishi, og‘iz burchagida yorilishlar, talvasalar, anemiyalar, bo‘g‘imlarning deformatsiyalari ko‘zga tashlanadi.


Organizmda kalsiy yetishmayotganini va talvasa holatlari boshlanayotganini ba’zi bir testlar yordamida aniqlab olsa bo‘ladi:


Agar bolakayning og‘iz burchagiga barmoq uchi bilan yengil tegilsa, bolaning og‘zi qaltiraydi, bu esa kalsiy yetishmovchiligidan dalolat beradi;
Agar bolakayning yelka suyagining o‘rta uchdan bir qismi qo‘l bilan siqilsa, bolakayning barmoqlari tirishadi. Bu holat bola organizmida kalsiy yetishmovchiligining og‘ir darajasidan darak beradi.
Kalsiy yetishmovchiligining oqibatlari

Kalsiy bola rivojlanishi va normal o‘sishi uchun kerak bo‘lgan element. Uning ozuqa bilan kam tushishi yoki oshqozon ichaklardan so‘rilishining buzilishi bolalarda raxit kasalligiga olib keladi. Kasallikning bir necha bosqichlari bor va ularning har biri turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi – raxit kasalligining erta bosqichlarida bolakaylarda kalsiy yetishmovchiligining umumiy belgilari namoyon bo‘ladi: teri gipergidrozi (ko‘p terlash), giperqo‘zg‘aluvchanlik (tirishishlar, talvasalar), uzoq muddat kontakt natijasida soch to‘kilishi. Kasallikning bu bosqichida suyak tizimi tomonidan deformatsiyalar kuzatilmaydi.


Maxsus davo choralari ko‘rilmaganda raxit avj olib keyingi darajalariga o‘tib ketadi. Bunda birinchi navbatda dispeptik sindromlar yuzaga keladi (qayt qilish, ishtahaning pasayishi, ich kelishining buzilishi) va suyakdagi o‘zgarishlar. Shu bilan birga qorin old devori mushaklarining tonusi pasayishi natijasida – “baqa” qorni ko‘rinishida bo‘lishi. Suyak tizimi tomonidan bolalarda kalla chanog‘ining assimetrikligi, liqildiqlarning yopilmasligi, liqildoqlar cheti yumshab qolishi, to‘sh suyagi deformatsiyalari (voronkasimon ko‘krak), umurtqa pog‘onasidagi qiyshiqliklar (kifoz, skolioz), oyoqlarning deformatsiyalari (X yoki O simon oyoq) kabi o‘zgarishlar yaqqol namoyon bo‘ladi.


Kasallikni e’tibordan chetda qoldirib vaqtida davo muolajalari ko‘rilmasa, bolaning nogironligiga va jismoniy-ruhiy jihatdan ortda qolishiga olib kelishi mumkin. Raxit kasalligining eng ko‘p uchraydigan asorati: umurtqa pog‘onasining qo‘pol deformatsiyasi va qiyshiqligi, katta kalla chanog‘i, ta’m bilishda o‘zgarishlar, ya’ni adashtirib qo‘yishlar, oyoqlarning qiyshayishi natijasida yurishdagi o‘zgarishlar, ko‘krak qafasi va to‘sh suyagi deformatsiyasi, yurak va o‘pkaning normal funksiyasi buzilishi, yassi chanoq (qiz bolalarda kelajakda farzand dunyoga keltirishda qiyinchilik tug‘diradi), ko‘ruv o‘tkirligining buzilishi (miopiya) kabilar.


Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarda kalsiy yetishmovchiligi suyaklarning tez-tez sinishi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bunga bo‘g‘imlaragi deformatsiyalar va anemiya holatlari ham qo‘shiladi.


Kalsiy yetishmovchiligi diagnostikasi

Raxitning ilk belgilari yoki talvasalar boshlanganini sezsangiz darhol shifokorga murojaat qiling. Kalsiy miqdorini tekshirish uchun:


Umumiy qon analizi, undagi gemoglobin miqdori;
Bolalarda siydik orqali Sulkovich sinamasi o‘tkazish yo‘li bilan siydik bilan ajralib chiqayotgan kalsiy miqdori o‘rganish;
Periferik venoz qondagi kalsiy miqdorini tekshirish – 6 oygacha bo‘lgan bolalarda normal ko‘rsatkich 2,25-2,5 mmol/l bo‘ladi.
Bolalarda kalsiy yetishmovchiligini davolash va profilaktikasi

Ayolning homiladorlik vaqtida va farzand dunyoga keltirgandan keyin ham iste’mol qilayotgan mahsulotlari tarkibida kalsiy miqdori yetarlicha bo‘lishi kerak. Bolalarda kalsiy yetishmovchiligining profilaktikasi, uning ona qornidaligi vaqtidan boshlanishi kerak. Har bir homilador ayol homiladorlikning 28-32 haftasidan boshlab har kuni D3 vitaminini, 6-8 hafta davomida qabul qilishi zarur. Bolaning sog‘lom dunyoga kelganda ham profilaktika maqsadida 2-3 oyligidan boshlab D3 vitaminini qabul qilib turishi kerak. Kuz-qish mavsumida har bir sog‘lom tug‘ilgan bolakaylarga profilaktik doza, ya’ni 500 XB da D3 vitamini berilishi raxit kasalligining kelib chiqmasligini ta’minlaydi. Preparatlarni tanlash va ularning dozalarini shifokor belgilaydi. Sun’iy ovqatlanishga o‘tgan bolalarga esa alohida jihatlariga qarab D3 vitamini berishda istisnolar bo‘lishi ham mumkin.


D3 vitaminining ta’sir effekti, organizmga yetarlicha kalsiy elementi tushgandagina bilinadi. Bolalar ovqatlanish tarkibida albatta sut mahsulotlari (pishloq, tvorog, yogurt, sut), quruq mevalar, sutli shokolad kabi oziqaviy moddalar bo‘lishi lozim. D vitamini tayyor holda sariyog‘, mol jigari va tuxum sarig‘ida ko‘p saqlanadi. Bundan tashqari, raxitning erta bosqichlarida bolalar mushaklarining tonusini oshiruvchi va ichaklar funksiyasini normallashtiruvchi chora tadbirlar ham o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, masalan turli xil vannalar qabul qilish, ochiq havoda sayr qilish, davolovchi gimnastika va massajlar. Agar ichaklar normal mikroflorasi buzilib, disbioz holatlari kelib chiqqan bo‘lsa, probiotiklar tavsiya qilinishi ham mumkin.


Organizmga kalsiy elementi ovqat bilan yetarlicha tushmasa, sun’iy kalsiy saqlovchi preparatlar berish mumkin, faqatgina shifokor tavsiyasiga binoan. Kalsiyning organizmda so‘rilishini oshiruvchi modda – baliq yog‘ining kapsula ko‘rinishidagi preparatlaridan ham foydalansa bo‘ladi. Kasliy yetishmovchiligini mustaqil ravishda, o‘z boshimchalik bilan davolash og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin: ich qotishidan tortib buyrak yetishmovchiligigacha, natijada bolalik davrida siydik tosh kasalliklari paydo bo‘lishi xavfi mavjud. Bolalaringizni normal o‘sishi va sog‘lom yetilishi uchun har oyda bir marotaba oilaviy shifokoringiz bilan maslahatlashib turing! Salomat bo‘ling!