Foydali vitaminlar va mikroelementlarning organizmdagi roli haqida barchamiz bilamiz. Masalan organizmda kalsiy, magniy, temir hamda B6, B12, A, C, D va PP vitaminlarining qanday vazifa bajarishi deyarli barchaga maʼlum. Ammo faol moddasi folat boʻlgan foli kislota – vitamin B9 ning organizmdagi vazifasi nimadan iborat?
Folatlar hujayra yadrosidagi maʼlumot saqlovchi DNK sintezida ishtirok etadi. B9 vitamini maxsus ferment sintezida ham ishtirok etadi, bu ferment yomon sifatli oʻsmalar oʻsish xavfini kamaytiradi.
Foli kislota yetishmovchiligi asosan 20-45 yoshdagi insonlarda, homiladorlar va emizikli davrdagi ayollarda qayd etiladi. Bunday holat megaloblast anemiya (DNK sintezi buzilishi natijasida kelib chiqadigan onkologik kasallik), homila rivojlanishidagi nuqsonlarga sabab boʻladi.
Vitamin B9 yetishmovchiligining oʻziga xos belgilari ham mavjud, masalan tana haroratining koʻtarilishi, yalligʻlanish jarayonlari, ovqat hazm qilish bilan bogʻliq muammolar (ich ketishi, koʻngil aynishi, anoreksiya), giperpigmentatsiya kabilar.
Foli kislotasini qabul qilish qoidalari
MIA 1998-yilda foli kislotasini qabul qilish haqidagi yoʻriqnomani ishlab chiqdi. Ushbu maʼlumotlarga koʻra doza quyidagicha:
Optimal – 400 mkg sutkasiga;
Minimal – 200 mkg;
Homiladorlikda – 400 mkg;
Laktatsiya vaqtida – 600 mkg.
Eʼtibor bering! Foli kislotasini qabul qilish qatʼiy ravishda individual belgilanadi. Yuqoridagi dozalar bu oʻrtacha qilib olingan miqdor hisoblanadi.
Foli kislotasi va homiladorlik
Foli kislota DNK sintezida faol qatnashadi, ushbu vitamin hujayralar sintezida ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli homiladorlikni rejalashtirishda va homiladorlik vaqtida foli kislotasini qabul qilish tavsiya etiladi.
Homiladorlikni rejalashtirish vaqtida vitamin B9ni qabul qilishning ahamiyatli jihati shundaki – homiladorlikning ilk haftalarida homila nerv tizimi va bosh miyasi shakllana boshlaydi. Bu vaqtda hujayralar faol boʻlinishi uchun foli kislotasi kerak boʻladi. Bundan tashqari ushbu modda qon hosil boʻlishida ham qatnashadi yaʼni yoʻldosh shakllanishida va uning mustahkamligini taʼminlaydi.
Homilador ayolda foli kislotasi yetishmovchiligi natijasida homilada tugʻma nuqsonlar shakllanadi:
Quyon lab;
Gidrosefaliya;
Boʻri tanglay;
Nerv nayining nuqsoni;
Bolaning ruhiy va aqliy rivojlanishining buzilishi.
Foli kislotasining qabul qilishdan bosh tortish muddatidan avval tugʻruq roʻy berishi, yoʻldoshning koʻchishi bola tushishi kabi asoratlarga olib keladi. Ilmiy izlanishlarga asoslangan holda homiladorlikning rejalashtirishdan 2-3 oy avval foli kislotasini qabul qilishni boshlash yuqoridagi kabi holatlar roʻy bermasligini 75 % gacha kafolatlaydi.
Tugʻruqdan soʻng ham foli kislotasi yetishmovchiligi – tug’ruqdan keyingi depressiya, apatiya, umumiy holsizlik kabi holatlar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari organizmda vitamin B9 yetishmovchiligi natijasida koʻkrak suti sifati ham buziladi, sut hosil boʻlishi kamayadi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida foli kislotasi qabul qilish dozasi
Homiladorlikni rejalashtirish va homiladorlik vaqtida shifokorlar foli kislotasi dozasini – sutkasiga 400-600 mkg deb belgilab beradi. Laktatsiya vaqtida esa chaqaloqni ham taʼminlash uchun foli kislota miqdori 600 mkg deb belgilanadi. Foli kislotasi yuqori dozalarda quyidagi holatlarda buyuriladi:
Qandli diabet va epilepsiya holatidagi ayollar;
Tugʻma kasalliklarga ega boʻlgan ayollar;
Doimo dori preparatlari qabul qilib yuradigan ayollar;
Foli kislota tanqisligi bilan farzand dunyoga keltirgan ayollar.
Agar ayol kishi mutlaqo sogʻlom boʻlsa B9 vitamini ayolga polivitamin koʻrinishida buyuriladi. Agar foli kislotasiga ehtiyoj koʻproq tugʻilsa ular aynan B9 vitaminini oʻzida saqlovchi maxsus preparatlardan foydalanganlari maʼqul. Foli kislotasi ovqatdan oldin yoki ovqat bilan birgalikda qabul qilinadi.
Doza oshishi va qarshi koʻrsatmalar
Hozirgi kunda foli kislotasining kunlik dozasi deb, 5 mg buyurish “urf”ga kirdi. Ammo, bunday dozada vitamin B9 ni qabul qilish mumkin emas, chunki 5 mg sutkalik doza bu davolovchi doza hisoblanadi, yaʼni yurak-qon aylanish tizimi bilan bogʻliq kasalliklar holatida buyuriladigan miqdordir.
Homilador ayollar esa ushbu vitaminni faqatgina profilaktik dozalarda qabul qilishlari kerak – yaʼni sutkalik maksimal doza 1 mg.dir. Foli kislotasi dozasi oshib ketsa – anemiya, qoʻzgʻaluvchanlik oshishi, buyraklar disfunksiyasi, oshqozon ichak tizimdagi muammolarga sabab boʻladi.
Foli kislotasi preparatlari qabul qilishga qarshi koʻrsatma preparatga boʻlgan yuqori sezuvchanlik yoki uni qabul qila olmaslikdir. Foli kislotasiga sezuvchanlik yuqori boʻlsa, preparatni qabul qilgandan soʻng ayolda toshma, qichishish, yuz terisi qizarishi va bronxospazm kelib chiqishi mumkin. Bu kabi holatlar kuzatiladigan boʻlsa, preparatni qabul qilishni toʻxtatish zarur va bu haqida shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Foli kislotasi va saraton kasalligi: rasmiy izlanishlar
Koʻpgina manbalarda koʻrsatilishicha, foli kislotasi saraton kasalliklarini davolashda qoʻllash mumkin. Ammo, bu haqida olimlar fikri ikkiga boʻlindi: ayrim olimlar aynan foli kislota yomon sifatli oʻsma kasalliklarini keltirib chiqaradi desalar, ayrim olimlar esa foli kislotasi oʻsma kasalliklari oʻsishini toʻxtatadi deb taʼkidlaydilar.
Foli kislotasini qabul qilishda saraton kasalligi kelib chiqish ehtimolini baholash
2013-yildagi The Lncet jurnalida keltirilgan foli kislotasining saraton kasalliklari rivojlanishidagi xavfi haqidagi maʼlumot quyidagicha:
Izlanish muallifi Oksford universiteti xodimi Robert Klark shunday deydi:
“Izlanishdan kelib chiqadigan xulosa shuki – foli kislotasini 5 yil davomida tabiiy ozuqalar orqali yoki maxsus preparatlar koʻrinishida qabul qilish saraton kasalliklar kelib chiqish ehtimolini oshirmaydi”.
Izlanishda 50 000 ga yaqin koʻngillilar qatnashdi. Ular 2 guruhga boʻlindilar: birinchi guruhga foli kislotasi preparatlari berildi, ikkinchi guruhga esa – platsebo taʼsiri yaʼni “yolgʻon” foli kislotasi qabul qilish holati oʻtkazildi. Foli kislotasi qabul qilgan guruh ishtirokchilarida 7,7 % (1904) saraton kasalligi kelib chiqishi, platsebo taʼsiridagi ishtirokchilar orasida esa 7,3 % (1809) foiz inson saraton kasalligiga chalindi. Saraton kasalligi rivojlanishi hatto yuqori dozalarda foli kislotasini qabul qilgan insonlarda (sutkasiga 40 mg) ham kuzatilmadi.
Foli kislotasi va koʻkrak bezi saratoni rivojlanish ehtimoli
2014-yil yanvar oyida yana bir izlanish natijalari eʼlon qilindi. Olimlar foli kislotasi qabul qiladigan ayollarda koʻkrak bezi saratoni rivojlanish xavfini oʻrgandilar. Kanadalik olimlar Mixail Ota shifoxonasi xodimi doktor Yen-In-Kim foli kislotasining aynan koʻkrak bezi saratonini oʻstirib yuborish qobiliyati bor ekanligini aniqladi. Avvalgi olimlar foli kislotasining oʻsma kasalliklari oʻsishini sekinlashtirishi haqidagi fikrlari notoʻgʻri ekanligi isbotlandi, yaʼni kalamushlarda oʻtkazilgan tajriba oʻz isbotini topdi.
Foli kislotasi va prostata bezi saratoni
2009-yil mart oyida Journal of the National Cancer Institute jurnalida foli kislotasi va prostata bezi saratoni kelib chiqishidagi bogʻliq haqida maqola chop etildi. Janubiy Kaliforniya Universiteti olimlari Jeyn Figeyredo boshchiligida foli kislotasi preparatlarini qabul qilish prostata bezi saratoni xavfi ikki barobar oshirib yuborishini oʻrganib chiqdilar. 6 yarim yil davom etgan 643 nafar koʻngillilar ishtirok etgan izlanishda oʻrtacha yoshi 57 ni tashkil etgan erkaklar qatnashdi. Barcha erkaklar 2 guruhga boʻlindilar: 1 guruh ishtirokchilar sutkasiga 1 mg foli kislota qabul qildilar. 2 guruh esa platsebo taʼsiri olib borildi. Ushbu vaqt ichida 34 nafar ishtirokchida prostata bezi oʻsma kasalligi rivojlandi. Olimlar xulosasiga koʻra 1 guruh ishtirokchilari orasida 9,7 % erkakda oʻsma kelib chiqqan boʻlsa, 2 guruh ishtirokchilarida esa bu koʻrsatkich 3,3 % ni tashkil etdi.
Foli kislotasi va hiqildoq saratoni
2006-yilda Katolik unversiteti tomonidan oʻtkazilgan ilmiy izlanishga koʻra foli kislotasi hiqildoq leykoplakiyasi kasalligida oʻsma oʻsish xavfini kamaytirar ekan. Izlanishda 43 nafar hiqildoq leykoplakiya kasalligiga uchragan bemorlar ishtirok etdilar.
Ular sutkasiga 5 mg dan 3-marta foli kislota qabul qildilar. Izlanish natijalari olim Jovanni Almador tomonidan eʼlon qilindi va shifokorlarni taajubga tushirdi: 31 nafar bemorda leykoplakiya kasalligi regressiyaga uchradi – 12 nafarda butunlay sogʻayish, 19 nafarida kichrayish holati qayd etildi. Ushbu natijaga asoslangan holda foli kislotasining iste’moli orqali boʻyin va bosh sohasida rivojlanuvchi oʻsma kasalliklar kelib chiqish xavfini kamaytiradi deb aytish mumkin.
Foli kislotasi va yoʻgʻon ichak onkologik kasalliklari
Amerika onkologik jamiyat olimlari avvallari vitamin B9 qabul qilish yoʻgʻon ichak onkologik kasalliklar rivojlanish ehtimolini kamaytiradi deb hisoblar edilar. Ammo, Tim Bayers tomonidan oʻtkazilgan soʻngi izlanish natijasiga koʻra foli kislotasini miqdoridan ortiq qabul qilish yoʻgʻon ichak polipoz kasalligiga sabab boʻlar ekan (poliplar saraton oldi kasalliklari hisoblanadi).