Sabr-qanoat insonlar uchun buyuk bir fazilat. Inson har bir ishni sabr va
qanoat bilan olib borsa, maqsadiga erishadi. Tinch va rohatda yashashni istagan
kishi har ishda oshiqmay ohista harakat qiladi, nafsini falokatdan, g’ururdan
saqlaydi. Sabr boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo’lishimizni talab
etadi, shuning uchun ham, birinchidan, har bir ishda sabr bilan harakat qilish
lozim. Islom dinida sabr yuksak fazilatlardan biri bo’lib, mo’min-musulmon
kishining ruhiy tayanchi va hidoyatga boshlovchi omildir. Sabr haqida “Qur’oni
Karim” da yetmish marotaba zikr qilingani ham bejiz emas. Boshqa hech qaysi
fazilat bu miqdorda zikr etilmagan. Shuning uchun ham “Qur’oni Karim” ning
“Anfol” surasining 46-oyatida “Sabr-toqat qilingiz! Alloh sabr qiluvchilar bilan
birgadur”,-deyilgan.
“Qur’on” sabrli kishilarda uch xislat borligini, bu xislatlar ulardan
boshqalarda bo’lmasligini aytadi.
Birinchisi, ularga Allohning mag’firati bo’ladi. Bu ular uchun maqtov
bo’lib, bu dunyoda ham, u dunyoda ham sharafdir.
Ikkinchisi, Allohning rahmati. Musibat uchun Alloh lutf va ehson qiladi.
Uchinchisi, ular hidoyatda yurgan kishilar hisoblanadi. Haq va to’g’ri yo’lda
ekanliklari uchun musibat chog’ida o’zini qanday tutish kerak bo’lsa, shunday
tutganliklari bois, ularga xafagarchilik va dard-u hasrat o’z hukmini o’tkaza
olmasligi ta’kidlanadi.
Sabr-toqatli kishi har bir ishda diyonatli, adolatli bo’ladi. U boshqalarning
kamchiligidan kulmaydi, aksincha, unga yaqindan yordam beradi. Sabr-qanoatli
odamda atrofdagilarga huzur bag’ishlaydigan odatlar paydo bo’ladi. Sabr-toqat
qanchalik og’ir bo’lmasin, keyinroq shodlik keltiradi. Shu bois, sabr bilan zafar
bir-biriga qadimdan do’st bo’lib kelmoqda.