Muhammad Yusuf tavalludga bag’ishlangan ssenariy

“Qo`shiq bo`lib qaytaman…” (Muhammad Yusuf tavalludga bag’ishlangan ssenariy)

Muhammad Yusuf degan shoir she`riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi.  Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, ko`pincha qo`shiqlarini tilga oladilar. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq tiliga juda yaqin va ravon tilde yozilgan. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini barilla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta`riflagan she`rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.

Ilmiy uslubiyot bo`limi

“Qo`shiq bo`lib qaytaman…”

O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 55 yilligiga bag`ishlanadi
  Toshkent 2009








Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo  sayrab turadi, degan gapni ko`p bora eshitgandik. O`sha qush aynan Muhammadjon yuragiga oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko`zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir xonish qilganday edi.
Abdulla Oripov
O`zbekiston qahramoni


Muhammad Yusuf xalq mehrini qozongan shoir

Muhammad Yusuf kitoblarini varaqlasangiz, qulog`ingiz ostida qo`shiq yangrab turgandek har bir she`rni zavq-shavq bilan o`qiymiz. Qat-qatiga ichki dardga sherik bo`lasiz.

Muhammad Yusuf degan shoir she`riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi.  Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, ko`pincha qo`shiqlarini tilga oladilar. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq tiliga juda yaqin va ravon tilde yozilgan. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini barilla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta`riflagan she`rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.

Muhammad Yusuf kamdan-kam tig`iladigan iste`dod egasi bo`lish bilan birga, kamdan-kam shoirda uchraydigan xislat egasi-shihratdan qochadigan kamsuqum inson edi. U shuhratning emas uning ortidan quvib yurardi. Yning yozgan she`rlari bir qarashda juda sodda, jo`n yoziladiganga o`xshab tuyuladi. Ammo, unga o`xshatib yozish biror bir shoir qo`lidan kelmaydi. Uning yoziladiganga o`xshab ko`ringan misralari muxlislarini yig`latadi, kuldiradi, o`z og`ushiga tortib oladi. Odamlar uning she`rlarini hayajonsiz o`qimaydigan, kitoblarini do`konlardan qidirib yuradigan bo`ldilar.

Muhammad Yusuf baxtli, omadli shoirlardan edi. Unga mustaqil yurtni, ozod xalqni ko`rish nasib etdi.. Yurtningeng ulug` bayramlarida uning qo`shiqlari barilla yangraydigan bo`ldi. Ozbekiston xaqidagi  she`rini yoshlar hatto o`z madhiyalariga aylantirib yubordilar. Shu o`rinda Hurmatli yurtboshimizning  bu kamsuqum shoirga shaxsan e`tiborini aytmay bo`lmaydi. Shoir Muhammad Yusufga Prezidentimizning mehrlari bobomiz Ulug`bek Haqidagi qo`shiqni eshingan paytlaridayoq tushgan edi. “Xalq shoiri”  unvonini  ham mamnuniyat bilan unga o`zlari topshirgan edilar.


Muhammad Yusuf she’riyatida xalq va vatan timsoli

       Ona- Vatanni sevish, uni ardoqlash, himoya qilish insonning birinchi darajali burchi, shu bilan birgalikda uning vatanparvarlik fazilati, qalbning eng oliy tuyg`ularidan biridir. Shuning uchun ham Vatan mehri, sog`inchi undan ikki qadam uzoqlashmasdan turib qalbga larza soladi. Vatan mehri, muqaddas ona tuproq sog`inchi o`rnini hech narsa bosa olmaydi. Muhammad Yusuf o`z she’rlarida ham xalq qo`shiqlari ohangidan muhim uslubiy vosita sifatida unumli foydalangan. Bu ham shoir asarlarining xalqona, milliy ruhini kuchaytirishga xizmat qiladi.

      Vatan!… Bu so`zdan ulug`roq nima bor jahonda. Uni ulug`lamagan shoir bormikan dunyoda?!. Yana shunisi borki, har bir ijodkor o`z qalbidagi Vatanni o`zicha kashf etadi.

      Muhammad Yusufning vatanparvarlik ruhida yozgan she’rlarini ham o`ziga xos- Vatanga bo`lgan mehr natijasi, yuksak ilhom samarasi deb aytish mumkin. U Vatanni farzand diliga qanchalik yaqin va bir butunligidan kelib chiqib madh etadi:

                   Men dunyoni nima qildim,

                   O`zing yorug` jahonim.

                   O`zing hoqon,

                   O`zing sulton,

                   O`zing taxti Sulaymonim,

                   Yolg`izim,

                   Yagonam deymi

                   Topganim koshonam deymi,

                   O`zing mening ulug`lardan

                   Ulug`imsan, Vatanim…

       Muhammad Yusuf dastlabki yozgan she’rlarining birida «Onajon, Toshkentda qolib bir zo`r shoir bo`laman, yoki qishloqqa borib, yalpizga suyanib o`lib qolaman» degan misralarini bitgan edi.

      Haqiqatdan ham, Muhammad Yusuf yurtimizning zo`r shoirlaridan biri bo`lib yetishdi. U Toshkent Davlat universitetini bitirgach, gazeta, jurnal va nashriyot tahririyatlarida ishladi. Birinchi yozgan she’rlar to`plami «Tanish teraklar» 1985 yilda nashr etildi. Keyinchalik uning «Iltijo», «Uyqudagi qiz», «Ishq kemasi», «Ko`ngilda bir yor», «Yolg`onchi yor» kabi ko`plab to`plamlari nashr etildi. Uning she’rlari xalq orasida juda mashhur bo`lib, ko`pchiligi qo`shiq bo`lib kuylandi.

      Jamiyatda bo`layotgan turli o`zgarishlarga shoir doim munosabat bildirib she’r yozdi. Bu oddiy munosabat emas, kuyib, yonib aytilgan dil dardlari boshqalarning ham qalbida iztirob qo`zg`atdi. Muhammad Yusuf tarix haqida ko`p she’r yozardi. Ona xalqi boshiga tushgan musibatlardan azob chekib, sitam ko`rardi. Bundan bir necha yuz yil oldin xalq boshiga tushgan musibat ham shoir yuragini o`rtadi. U xalqning kelajagi haqida o`yladi. Kelajakni bilish uchun esa tarixni bilish kerak deb ta’kidlardi.

       U ko`p she’rlarida qatag`onga uchragan vatandoshlarimizning ruhini yod olar edi. Bu she’rlar motam marosimida aytilayotgan marsiyaday ta’sir kuchiga ega bo`lib, nohaq qatl etilgan ajdodlarimiz ruhiga qo`yilgan haykalday ta’surot qoldiradi. O`quvchi bu she’rlarni o`qiganda ko`z o`ngida qancha dahshatlar namoyon bo`ladi:

                    Oq oltin bobom-a, voh tillo bobom,

                    Usmonim, Cho`lponim, Abdullo bobom.

                    Qora yer bahrida qon yig`lab qolgan

                    Akmal Ikrom bobom, Fayzullo bobom.

     Ko`rinib turibdiki, ana shu to`rt qator she’rda qancha-qancha fikrlar bayon etilgan. Vaholanki, bu to`rt misra katta bir she’rning dastlabki bandlari xolos. She’rning davomi ham huddi shunday haroratli misralar bilan yozilgan.

      Shoirning ko`plab she’rlari qo`shiq bo`lib kuylanib kelmoqda. Bu oddiy qo`shiqlar emas, kishini sehrlovchi, uni allalab tebratuvchi, his- tuyg`ularni junbushga keltiruvchi qo`shiqlardir.

      Shoirning ona-Vatan, yurt, xalq haqidagi she’rlari nihoyatda jozibali yozilgan. Uning «Vatan», «Madhiya», «Samarqand», «Xalq bo`l elim» she’ri bunga misol bo`la oladi. «Xalq bo`l elim» she’ri   el orasida katta shuhrat qozongan, bayramlarda elni oyoqqa turgazgan tantanali, jozibali qo`shiqqa aylandi:


       Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,

       Qumlar bosib quritmasin daryolarim.

       Alpomishga alla aytgan momolarim

       Ruhini shod etay desang- xalq bo`l elim!

       Dunyoga boq qaddi sendek kim bor yana,

       Dovrug`i ham dardi sendek kim bor yana.

       Xalq bo`lishga qaddi sendek kim bor yana.

       Moziyni yod etay desang- xalq bo`l elim!

   Shoir bu satrlarni bitar ekan, ajdodlarimizga bo`lgan xurmatni, Vatanning naqadar ulug`vorligini,  jasurlik, fidokorlik kabi fazilatlarni o`sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirgan holda  el bilan-xalq bilan birgalikda bo`lishga ishontirdi va «Unga qanot bo`lay desang-xalq bo`l elim» deya bong urdi.

           hullas, Muhammad Yusuf serqirra ijodkor. U qalamga olgan mavzular turli xil bo`lib, barchasiga o`ziga xos originallik bilan yondoshgan.

Mehr va muhabbat kuychisi
        Xalqona ohang Muhammad Yusuf she’riyatining bosh yo`rig`ini belgilaydi. Uning she’rlaridagi balandparvozlikdan xoli soddalik va samimiyat, ikkinchi tomondan, musiqaga yaqinlik ana shu xalqona ohangning o`zaklaridir.

         Bolalikda ko`rgan kechirganlari, bolalik xotiralari ijodkor shaxsiyatini, dunyoqarashini shakllantirishi bor haqiqat. Ijodkor bolaligida nimagaki zoriqqan bo`lsa, nimagaki talpingan bo`lsa-ana shular uning asarlarida turli-tuman shakllarda namoyon bo`laveradi. Bunga adabiyot tarixidan ko`plab misollar keltirish mumkin. Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini bolalikda yod olgan, Hazrat Alisher Navoiy ham butun umr davomida shu asar ta’sirida yashadi, uning ilhombaxsh ta’siridan ruh oldi.

       Shu ma’noda Muhammad Yusuf she’riyatini kuzatadigan bo`lsak, unda, eng avvalo, mehrga zorlik, insoniy mehrga tashnalik hissini ilg`ash qiyin emas. Uning she’rlarida tez-tez qo`llaniladigan, qo`llanish darajasi muntazam bo`lgan, mehr-muhabbatni uyg`otadigan, shavqat hissini kuchaytiradigan obrazlar juda ko`p. Bular: «jayron», «ohu», «kiyik», «kapalak», «qaldirg`och», «lolaqizg`aldoq», «yalpiz», «yulduz» kabilardir.  Mazkur

iboralar satrdan satrga, banddan bandga, she’rdan she’rga ko`chib yuradi va shoir she’riyatida mag`zunlikning, ma’yuslikning, mehrning timsoli darajasiga ko`tarilgan.

         Shoirning onalar haqida, qizlar va umuman olganda ayol kishi haqida bitgan dardchil she’rlarida yuqorida ta’kidlangan obrazlarni juda ko`p uchratish mumkin. Onalar, qizlar, singillar bilan tabiatan saralab olingan obrazlar o`rtasida ichki yaqinlik bor. Bu ichki yaqinlik har ikki tomonning nozikligida, himoyaga muhtojligida, ardoqqa zorligida, e’zozga tashnaligida, mehr chanqoqligida aniq-ravshan ko`rinadi.

             Qiz bor uyning fayzi bo`lak deydilar.

             Jannat yo`li-qiz bor yo`lak deydilar.

             O`ngirimda o`g`lim yo`q deb o`ksimang,

             Tog` bo`lmasa qir ham tirgak deydilar.

             Elning baxti botirlarga yor bo`lsin.

             Ominalar, Xolidalar bor bo`lsin.

             Qiz yo`q yurtga ko`klamlar sep to`sharmi?

             Qiz borki, o`lka omon, qo`rg`on but,

             Qiz kutmasa yigit olov chekarmi?

             Jonlar ilhaq, ilinjlar tumor bo`lsin.

             Ma’sudalar, Mavludalar bor bo`lsin.

Muhammad Yusufning ijodidagi mag`zunlik, bu she’rlarnio`qib kishini o`rtanishlari, rahmini keltiradigan ifodalar , tasvirlar ehtimol shoirning biografiyasi bilan bog`liq bo`lsa, ne ajab.

         Muhammad Yusufning ijodida sayqal topgan asoslardan yana biri muhabbat mavzuidir. Buyuk faylasuflar ta’biri bilan aytganda, muhabbat eski narsa, biroq har bir ko`ngil uni yangilaydi, yangidan kashf etadi. Muhabbat mavzuidagi she’rlardan shoirning qalami ravonlashadi, mavhum tuyg`u konkret shaklga kiradi, o`zligini izg`or etayotgan his tilga kiradi. Muhabbatning ozorlari, firoqu jafolari, vaslu vafolari poetik obrazlarda, kutilmagan sifatlarda o`ziga xos tarzda, ta’bir o`rni bo`lsa, muhammadona uslubda ifoda etiladi.

                    Muhabbat, ey go`zal iztirob,

                    Ey ko`hna dard, ey ko`hna tuyg`u.

                    Ko`kragimga qo`lingni tirab,

                    Yuragimni to`kib qo`yding-ku.

                    Muhabbat, ey go`zal iztirob,

                    Ko`chang kezdim sarson, dovdirab,

                    Yuzlarimga yuzlaring tirab,

                    Ko`zlarimni boylab qo`yding-ku!..

       Shunday qilib, Muhammad Yusuf o`z ovozi, uslubiga ega san’atkorga aylanib, adabiyotda takrorlanmas iz qoldirdi, deb baralla ayta olamiz.

Shoir haqida xotiralar
    «Muhammad Yusuf tez og`izga tushdi. Biror shoir uningdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo`lmagan. Ochig`ini aytsam, Muhammadga ko`z tegdi.  Aslini olganda asl shoirlar uzoq yashamaydilar. Ammo ortdan abadiy yashaydigan meros qoldirib ketadilar. U mana shunday o`lmas meros qoldirdi.

Muhammad she’r muhlislarining yuragini o`rtab ketdi. Endi shoirning o`zi yo`q. Ammo Muhammad Yusuf deb atalmish She’riyati bor. Bu she’riyat aslo zavol bilmaydi».

Said Ahmad,

O`zbekiston qahramoni,

O`zbekiston xalq yozuvchisi.


            «U obro` talashmas, izzatini so`roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo`lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlar tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Yurtboshimiz otalarcha mehr ko`rgizdi. Uning xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi»

                                                                              Abdulla Oripov,

                                                                            O`zbekiston qahramoni

                                                                           O`zbekiston xalq shoiri.


         «Bu ozg`ingina, istarasi issiq, qorachagina yigitcha bir ko`rishdayoq meni o`ziga tortgan edi. Shu o`rinda bir narsani ta’kidlamoqchimanki, inson umrining ohirigacha ilm o`rganadi, xayot darsini o`rganadi. Ammo she’r yozish ilmi shunday ilmki, uni o`rganib bo`lmaydi. U tug`ma bo`lishi kerak.

Muhammad ham tug`ma iste’dod sohibi edi. U bu iste’dodni rivojlantirdi, o`ziga talabchan bo`ldi».

                                                                                  Erkin Vohidov,

                                                                             O`zbekiston qahramoni.

                                                                           O`zbekiston xalq yozuvchisi.


       » U rostgo`y shoir, halol va pokiza qalb egasi. Shuning uchun ham uning she’riyati butun ma’naviyatga to`la. U Vatan haqida kuylaydimi, muhabbat haqida qo`shiq to`qiydimi, yoki tariximiz, taqdirimiz haqida kuylaydimi, hamisha xayotga, haqiqatga hamnafaslik tuyg`usi sezilib turardi. Uning she’rlari oddiy, ravon, soddaligi bilan xalq og`zaki ijodiga qamohangdir».

Sobir Mirvaliev,

Filologiya fanlari doktori

Professor

 O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning asosiy sanalari

        1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumani, qovunchi qishlog`ida, dehqon oilasida dunyoga keldi.

         1974 yilda Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutiga o`qishga kirdi.

         Talabalik yillarida uning dastlabki she’rlari «Yoshlik» jurnalida, «O`zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosildi.

        Ilk to`plami «Tanish teraklar» 1985 yilda nashr etildi. «Bulbulga gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Xalima enam allalari» (1987), «Ishq kemasi», » Ko`nglimda bir yor» (1990), «Bevafo ko`p ekan» (1997), «Erka kiyik» (1992), «Yolg`onchi yor», «Osmonimga olib ketaman» (1994), «Saylanma» («2001, 2002, 2003, 2004) kabi asarlari nashr qilingan.

        1978-1980 yillar Respublika kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillar «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlagan.

        1986-1992 yillar G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1992-1995 yillar «O`zbekiston ovozi» gazetasida ishlagan.

        1995-1996 yillar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida o`qigan.

        1998 yilda O`zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo`lgan.

        1997 yildan to vafoti (2001yil 30 iyul)gacha O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatgan.


Muhammad Yusuf haqidagi asarlar, xotiralar bibliografiyasi

1.         S. Mirvaliev. «O`zbek adiblari». Toshkent, «Fan»,1993yil.

2.         Q.Umurov. «Adabiyot nazariyasi». Toshkent, «Sharq», 2002yil.

3.         O`zbek adabiyoti tarixi.-Darslik,11sinf uchun, 2003yil.

4.         O`zbek adabiyoti.-Darslik, 6 sinf uchun, 2002 yil.

5.         Shoirlarga bir juft savol.-«O`zbkiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 5yanvar.

6.         Men qo`shiq yozmayman. .-«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 1992 yil, 23 son.

7.         Yangi yil kattami, Navo`zmi?. -«O`zbkiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 1993yil, 5 mart.

8.         Shoirni xotirlab. -«Erudit» gazetasi,2003 yil,9 bet.

9.         Muhammad akaning uyida yozilgan dissertatsiya. -«Darakchi» gazetasi,2003yil,24 iyul.

10.       Zamira Eshonova. Ildizi nahd yurakda. -«Yoshlik» jurnali,1987yil,2-son,75bet.

11.       So`zini o`qib,o`zini sog`inamiz.-«Sug`diyona» gazetasi,2003yil,8may.

12.       Onangizni ko`nglini oling.-«Saodat» jurnali,2000 yil,6-son.

13.       Qo`shiq millat qalbi.-» O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi,1999 yil, 18iyun.

14.       Ortda qolgan iz… -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 2003yil,9 may.

15.       Sog`inch satrlari. -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 2003yil,21 noyabr.

16.       har kim har kuni eslashi lozim qarz. — «Zavafshon» gazetasi, 2002yil, 19 noyabr.

17.       Barkamol ijodga da’vat. -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi,1998 yil, 4sentyabr.

18.       Menday xokisorni ko`rolmaslar qancha…- «Darakchi» gazetasi, 2003yil,4 mart.

Shoir Muhammad Yusuf tavalludining 55yilligiga bag`ishlangan «Ulug`imsan Vatanim» deb nomlangan adabiy-musiqiy kechaning ssenariysi.
(60 daqiqaga mo`ljallangan)

         Tadbir o`tkaziladigan zal bayramona bezatiladi. «Muhammad Yusuf 55  yoshda»mavzusida kitob ko`rgazmasi tashkil qilinadi. Ko`rgazmaga shoirning chop etilgan kitoblari, gazeta va jurnallarda u haqida bosilgan maqolalardan namunalar shu bilan birga shoirning fotosuratlari qo`yiladi. Kechaga shoirning yaqinlari, yozuvchi va shoirlarni, adabiyot fani o`qituvchilarini  ham  taklif qilish mumkin.  Zalda  Muhammad Yusuf she’rlari asosida dilkash qo`shiq yangrab turadi.

       Tabdirni o`tkazishdan oldin  ishtirokchilarga she’rlar bo`lib beriladi.

        Boshlovchilar adabiy kechani ochiq deb e’lon qilib, kechaga tashrif buyurgan mehmonlarni va ishtirokchilarni qutlaydilar.

1-boshlovchi: Assalomu alaykum jondan aziz, qadrli mehmonlar!

2-boshlovchi: Assalomu alaykum she’riyatga oshno qalblar!

1-boshlovchi: Bugungi bayram kechamiz O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodiga bag`ishlanadi. O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomini eshitmagan, loaqal u yozgan she’rlarning bir satrini xirgoyi qilmagan yurtdoshimiz bo`lmasa kerak.

2-boshlovchi: Zabardast shoirimiz xayot bo`lganlarida hozir 55 yoshni qarshilagan bo`lar edilar, ming afsuski sevimli shoirimiz muhlislarining yuragini o`rtab ketdi. U kishi oramizda yo`q, ammo Muhammad Yusuf deb atalmish she’riyat bor.

1-boshlovchi: Bu she’riyat aslo zavol ko`rmaydi. Shoirdan  chinakam, betakror ijodiy meros qoldi. Xaqiqiy ma’nodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga ta’luqli desak xato qilmaymiz.

2-boshlovchi: Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumani, qovunchi qishlog`ida, dehqon oilasida dunyoga keladi. 1974 yilda Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutiga o`qishga kiradi. 1978-1980 yillar Respublika kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillar esa «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlagan.

1-boshlovchi:1986-1992 yillar G`afur g`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1992-1995 yillar «O`zbekiston ovozi» gazetasida ishlagan.

1995-1996 yillar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida o`qigan. 1998 yilda O`zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo`lgan. 1997 yildan to vafoti gacha O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatgan.

2-boshlovchi:  Muhammad Yusuf atalmish shoir ustozlari, yaqinlari, farzandlari xotirasida yaxshi ishlari, xokisorligi, mehrliligi bilan muhrlanib qolgan bo`lsa, shaxsan tanigan-tanimagan muxlislari tasavvurida yig`latadigan, o`ylatadigan, ezgulikka yetaklaydigan she’ru qo`shiqlari bilan yashab qoladi.

1-boshlovchi: Shoirning ilk to`plami «Tanish teraklar» nomi bilan 1985 yilda nashr etildi. 1987 yildan to 2004 yilga qadar uning  «Bulbulga gapim bor», «Iltijo», «Uyqudagi qiz», «Xalima enam allalari», «Ishq kemasi», » Ko`nglimda bir yor», «Bevafo ko`p ekan», «Erka kiyik», «Yolg`onchi yor», «Osmonimga olib ketaman», «Saylanma» kabi asarlari nashr qilingan.

2-boshlovchi:  Azizlar keling sizlarni bugungi kechamizga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tanishtirib o`tsam, ular Muhammad Yusufning eng yaqin insonlari  va taniqli shoir va yozuvchilarimizdir.

Mehmonlar bilan tanishtiriladi
Shundan so`ng boshlovchi davraga o`quvchilarni taklif qiladi va ular shoirning «Talabalar madhiyasi» she’rini yoddan ifodali aytib beradilar;

          1-o`quvchi.

                           Alp o`g`lonlar o`lkasi bu ko`hna Turon

                           Qalqonlari, qanotlari ilm istang.

                           Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

                           Alisherning avlodlari ilm istang!

        2-o`quvchi.

                           Taxtdan tushganda ham otdan tushmagan,

                           Ajdodingiz uy qurmagan-Davlat qurgan.

                           Yurti uchun yelkasida tog`lar surgan,

                           Rustamlari, Farhodlari, ilm istang.

       3-o`quvchi.

                           Ko`z ochgandan kezib yetti bag`ri ummon,

                           Yetti tilda so`zlashgan biz tili biyron.

                           Vatanida Tojmahallar tiklar sulton-

                           Boburlari, Behzodlari ilm istang.

          4-o`quvchi.

                          Qaq yo`lida siz ilmning ummatlari,

                           Xalq yo`lida hidoyati, himmatlari,

                           Madad bo`lsin Yassaviyning hikmatlari

                           Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.


         5-o`quvchi.

                           Ilm istang, izingizdan ibrat yoqsin,

                           Ihlosingiz, shahdingizdan shiddat yoqsin.

                          Ortingizdan mag`rur-mag`rur millat yoqsin-

                          Mulki Turon najotlari, ilm istang

         6-o`quvchi.

                          Alp o`g`lonlar o`lkasidir O`zbekiston,

                          Erkli elning qanotlari, ilm istang.

                          Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

                          Alisherning avlodlari, ilm istang.

         1-boshlovchi: Rahmat. Muhammad Yusuf xalq  dardini tushunardi, Xalq uchun, Vatan uchun, Mustaqillik uchun yonib ijod qilgan. Shu bilan birga inson qalbining tub-tubidagi dardini topib yoza olardi.

2-boshlovchi: Muhammad Yusuf degan shoir she’riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq diliga juda yaqin va ravon tilda yozilardi. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.

So`z navbati mehmonlarga beriladi. Mehmonlarning chiqishi.

1-boshlovchi: Qiziqarli suhbatingiz uchun sizlarga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz va ijodingizda ulkan zafarlar tilaymiz.

Shundan so`ng davrada sho`h qo`shiq yangraydi. Maktab o`quvchilari Muhammad Yusufning she’ri bilan ijro etilgan qo`shiqqa raqs ijro etadilar.

1-boshlovchi: Chiroyli raqsingiz uchun uchun raxmat.

2-boshlovchi:    Muhammad Yusuf kitoblarini varaqlasangiz, quloqingiz ostida qo`shiq yangrab turgandek har bir she’rni zavq-shavq bilan o`qiysiz. Qat-qatidagi ichki dardga sherik bo`lasiz. U Vatanni farzand diliga qanchalik yaqin va bir butunligidan kelib chiqib madx eta olgan.

          1-boshlovchi: Unga mustaqil yurtni, ozod xalqni ko`rish nasib etdi. Yurtning eng ulug` bayramlarida uning qo`shiqlari baralla yangraydigan bo`ldi.

O`zbekiston haqidagi she’rini yoshlar hatto o`z madhiyalariga aylantirib yubordilar.

2-boshlovchi: . Shu o`rinda hurmatli yurtboshimizning bu kamsuqum shoirga shaxsan  e’tiborini aytib o`tishimiz lozim. Shoir Muhammad Yusufga Prezidentimizning mehrlari bobomiz Ulug`bek haqidagi qo`shiqni eshitgan paytlaridayoq tushgan edi. «Xalq shoiri» unvonini ham mamnuniyat bilan Muhammad Yusufga  o`zlari topshirgan edilar.

1-boshlovchi: Xurmatli mehmonlar va qadrli o`quvchilar, keling hozir Muhammad Yusufning xotirasini yod etib, hammamizga yod bo`lib ketgan «Fidoying bo`lgaymiz-O`zbekiston» qo`shig`ini birgalikda ijro etaylik.

                                Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni,

                                Ham oq yuvib oq taragansan o`zing bizni.

                                Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib,

                                Kunimizga yaragansan o`zing bizni.

                                Fidoying bo`lgaymiz seni,O`zbekiston,

                                Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…

                                Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joninga,

                                Alpomishlar ruhi yor har o`g`loninga.

                                Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib,

                                Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oninga.

                                Adoyining bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,

                                Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…

                                Tuzing totib, unutganlar xor bo`ladi,

                                Ko`zlaringa ikki dunyo tor bo`ladi.

                                Shodon daming ko`rolmagan yurtfurushlar,

                                Bir kun bir kaft tuprog`ingga zor bo`ladi.

                                Yoningda turgaymiz seni, O`zbekiston,

                                Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…

2-boshlovchi: Shoir bu satrlarni bitar ekan, ajdodlarimizga bo`lgan xurmatni, Vatanning naqadar ulug`vorligini,  jasurlik, fidokorlik kabi fazilatlarni o`sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirgan holda  vatanparvarlikka da’vat etdi..

Boshlovchilar tadbir ishtirokchilariga murojaat qilib, ular orasidan shoirning she’rlarini yod olgan o`quvchilarga navbatni beradilar.
1-boshlovchi:   Muhammad Yusuf baxtli, omadli shoirlardan edi. Muhammad Yusuf kamdan-kam tug`iladigan iste’dod egasi bo`lish bilan birga, kamdan-kam shoirda uchraydigan xislat egasi-shuhratdan qochadigan kamsuqum inson edi. U shuhratning emas, shuhrat uning ortidan quvib yurardi.

2-boshlovchi:       Xulosa qilib, Muhammad Yusuf o`z ovozi,uslubiga ega san’atkorga aylanib, adabiyotda takrorlanmas iz qoldirdi, deb baralla ayta olamiz.

1-boshlovchi: Muhammad Yusuf tavalludining 55 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan kechamizning aziz mehmoni bo`lganingizdan va ishtirok etganingizdan minnatdormiz.

Ushbu tavsiya etilayotgan tadbir ssenariysi namunaviy bo`lib, har bir ta’lim muassasasi ma’sul xodimlari mavjud sharoit va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, unga ijodiy yondoshadilar va tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etadilar, degan umiddamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar
1.  S. Mirvaliev. «O`zbek adiblari». Toshkent, «Fan»,1993yil.

2.  O`zbek adabiyoti tarixi.-Darslik,11sinf uchun, 2003yil.

3.  Shoirlarga bir juft savol.-«O`zekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 5yanvar.

4.  Men qo`shiq yozmayman. .-«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 1992 yil, 23 son.

5.  Shoirni xotirlab. -«Erudit» gazetasi,2003 yil,9 bet.

6.  Onangizni ko`nglini oling.-«Saodat» jurnali,2000 yil,6-son.

7.  Qo`shiq millat qalbi.-» O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi,1999 yil, 18iyun.