Oʻzbek xalq dostonlarida vatanparvarlik timsoli

Oʻzbek xalq dostonlarida vatanparvarlik timsoli


Oʻzbekiston – etnografik oʻlka. Boshqacha aytganda, baxshilar yurti. Qolaversa, oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishidan hikoya qiladi. Ularda xalqimizning orzu-umidlari, oʻy-niyatlari mujassam. Mardlik, shijoat, vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat kabi insoniy fazilatlar ulugʻlanadi dostonlarimizda. Shu sababli ham u boqiy meros. Baxshichilik sanʼati namunalari tinglovchilarga zavqu shavq bagʻishlabgina qolmaydi, balki dillarga yaxshilik urugʻini qadaydi, maʼrifat nurini sochadi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish”ni eshitib ne-ne allomayu fuzalolar, shoiru donishlar kamol topmagan deysiz?!


Prezidentimiz ana shuning uchun ham ezgu tashabbus bilan chiqdi. Bu oʻlmas merosimizni asrab-avaylaylik, ulardan butun dunyo bahra olsin, dedi. Shu tariqa Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga asos solinib, ushbu nufuzli tadbir har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.


“Baxshilar nafaqat oʻtmishning aks-sadosi, ayni paytda, bugungi kunning ham jarangdor ovozidir”, dedi oʻshanda davlatimiz rahbari. Chindan ham, ota-bobolarimiz hayot yoʻlidan, mardligu jasoratidan ibrat olib ulgʻaygan insondan yomonlik chiqishi mumkinmi?!


Birgina oʻzbek qahramonlik eposi – “Alpomish” dostonini olaylik. Qanchadan-qancha hikmat bor, tarix bor unda. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandlik, xalq oʻyinlari haqida qiziqarli maʼlumotlar ham talaygina.


Ajdodlarimizning urugʻchilik tuzumidan davlatchilik tuzumiga oʻtishi jarayoni ham yaqqol aks etgan. Aka-uka Boyboʻri va Boysarilar orasidagi ziddiyat misolida! Bu ogʻaning inisidan mamlakat xazinasi uchun soliq talab qilishi voqeasida namoyon boʻladi.


“Alpomish”ning yana bir bebaho qadr-qimmati mavjud. Dostonda Hakimbekning Barchinni qalmoqlar yurtidan olib kelish lavhasi juda taʼsirchan ifodalanadi. Gʻaroyib sarguzashtlar, qalmoqlar bilan toʻqnashuv, bosh qahramonning jasoratlari… Shular asosida vatanparvarlik, elu yurt manfaatlari uchun kurash gʻoyasi birinchi planga chiqadi. Bu esa asarga milliy epos maqomini beradi. Xulosa ham ham ibratli: Vatanga muhabbat – shaxsiy manfaatlardan ustun!


Dostondagi Qoʻngʻirotdan arazlab ketgan yurtdoshlarini qalmoqlar zulmidan qutqarib, Vatanga qaytarish lavhasi ham odamda or-nomus, oriyat tuygʻularini kuchaytirishga xizmat qiladi.


Demak, xalq ogʻzaki ijodi namunalari – boy hayotiy tajribalarni oʻzida mujassam etgan bebaho durdonalar.