Etika kategoriyalari, axloqiy tamoyillar, me’yorlar. Dunyo xalqlarining axloqiy mentaliteti
Etika fanining asosiy kategoriyalari,
axloqiy tamoyillar, me’yorlar. Dunyo xalqlariningaxloqiy mentaliteti.
Reja:
1. Etika fanining asosiy kategoriyalari.
2. Axloqiy tamoyillar, me’yorlar.
3. Dunyo xalqlarining axloqiy mentaliteti.
Axloqning me’yoriy tushunchalari o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ular quyidagicha: birinchidan, axloqning tushunchalari o‘z mazmuni jihatidan obyektivdir. Ularda kishilarning, baho beruvchi subyektning ongi va irodasidan qat’iy nazar mavjud bo‘lgan hatti-harakatlari, qilmishlari spestifik tarzda o‘z aksini topadi; ikkinchidan, axloq kategoriyalari ruyobga chiqish shakliga ko‘ra subyektivdir. Chunki ular subyektning yaxshilik bilan yomonlik, xudbinlik bilan oliyjanoblik orasidan mustaqil tanlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ichki e’tiqod sifatida namoyon bo‘ladi; uchinchidan, axloq kategoriyalarining ko‘pchiligi qutbiy, qarama-qarshi xarakterga ega, chunonchi, yaxshilik va yomonlik, adolat va adolatsizlik, baxt va baxtsizlik va h.k.lar.
Axloqshunoslikning asosiy tushunchalari:
1. YAXSHILIK VA YOMONLIK
axloqiylik bilan axloksizlikning farqi va qarama-
qarshiligini yaxlit bir shaklda ifoda etadi.
2. ADOLAT
adolat bu tenglikning haqqoniy va taqdirlashning zaruriy
o‘lchovidir «adolat – qonunga muvofiq xulqdir».
3. BURCH
shaxsning jamiyatga yoki kishiga bo‘lgan axloqiy munosabatini
ifodalaydi. Burch hissi tufayli nojo‘ya harakatlar qilishdan
tiyiladi.
4. VIJDON
Ko‘zga ko‘rinmas lekin ulkan va mutlaq aybsiz
axloqiy hodisadir. Vijdon azobi qalbdagi
odamiylikka e’tiqodning talabi
Yaxshilik va yomonlik axloqiy ongning birmuncha umumiy tushunchalariga mansub bo‘lib, axloqiylik bilan axloqsizlikning farqi va qarama-qarshiligini yaxlit bir shaklda ifoda etadi. Kishilar bu kategoriyalar yordamida tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan hamma hodisalarni baholaydilar. Inson hatti-harakati, axloqiy sifati, kishilarning, guruhlarning aloqa va o‘zaro munosabat shakllari jamiyatning umumiy ahvoli baholanayotganligiga qarab bu kategoriyalar yanada konkretroq tushunchalar, tamoyil, ma’yor, axloqiy sifat shakliga kiradi. Yaxshilik va yomonlik o‘zaro munosabatli, ayni paytda qutbiy va bir-birini inkor etuvchi kategoriyalardir.
Yaxshilik kategoriyasi axloqiy idealga mos keladigan narsalar haqidagi tasavvurlar majmuidir.Yomonlik kishilarning idealiga, ular e’zozlaydigan narsalarga zid keladigan, baxtga erishishga, odamlar orasidagi munosabatlarni qaror topishiga, insoniylikning o‘sishiga to‘sqinlik qiladigan hamma narsa haqidagi tasavvurlar yig‘indisidir. Yaxshilik va yomonlik kategoriyalari o‘zgaruvchan relyativ va harakatchandir.
Axloqshunoslikning yana bir qamrovli mezoniy tushunchasi adolatdir. Adolat bu tenglikning haqqoniy va taqdirlashning zaruriy o‘lchovidir. Suqrot ta’biri bilan aytganda «adolat – qonunga muvofiq xulqdir». Adolat muayyan axloqiy sistemada qabul qilingan, kishilarning axloqiy burch va majburiyatlari tushunchasiga mos keladigan hatti-harakatlardir. Uning ezgulik va yovuzlik hamda yaxshilik va yomonlikdan asosiy farqi shundaki, adolatning o‘zi biror bir qadriyatni anglamaydi, lekin qadriyatlar orasidagi nisbatni belgilaydi, ularni baholash maqomiga ega. Shu bois unda jamiyatni tartibga soluvchilik xususiyati bor, unda ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni ma’lum ma’noda miqdor o‘lchovi ham deyish mumkin: u talab bilan taqdirlashni o‘lchab turadigan tarozidir. Adolat bor joyda ijtimoiy jabrga, beboshlikka yo‘l yo‘q.
Adolatning mezoniylik xususiyati, ayniqsa, huquqda darhol ko‘zga tashlanadi. Lekin adolatni faqat huquqiy tushuncha sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas. U nafaqat fuqarolar orasidagi munosabatlarni, balki davlat bilan xalq, jamiyat bilan shaxs o‘rtasidagi aloqalar mezonni ham o‘z ichiga oladi. Xalq orasida mingyillarmobaynida odilpodsho idealiningyashabkelganibejiz emas.
Axloqshunoslikning nihoyatda ta’sir doirasi keng tushunchalaridan biri vijdondir. Vijdon tushunchasini birinchi bo‘lib Stoiklar maktabi vakillari kiritganlar. Ularning fikricha, vijdon insonning o‘z xulqini muayyan axloq normalari nuqtai nazaridan turib axloqiy baholashi va nazorat qilishi, o‘z hatti-harakatlarini va bu hatti-harakatlarga bog‘liq bo‘lgan his-tuyg‘ularni, kechinmalarni o‘zida tahlil qilishidir. Vijdon lozimiy narsa oldidagi mas’uliyat hissidir. Vijdon – Zigmund Freyd ta’biri bilan aytganda, a’lo men, men ustidan nazorat o‘rnatib, uni boshqarib turuvchi ikkinchi yuqori darajadagi men. Agar uyat hissi insonning tashqi, jamiyatga bog‘liqligidan kelib chiqsa, vijdon uning ichki, o‘z-o‘ziga bog‘liqligini namoyon etadi. Bu ichki bog‘liqlik tashqi bog‘liqlikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma’lum bir vaqt ichida odamning o‘z nojo‘ya harakati tufayli yuzaga kelgan o‘ng‘aysizligi bo‘lsa, vijdon azobi, bu oddiy o‘ng‘aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e’tiqodning talabi. U qondirilmas ekan, hech qachon azob to‘xtamaydi.
Vijdon ham boshqa ba’zi axloqshunoslik mezoniy tushunchalari kabi baholash xususiyatiga ega. Lekin bu baholash hech qachon obyektga qaratilmaydi, u subyektning hatti-harakatlarini baholaydi, ya’ni unda subyekt o‘zi uchun ichki obyekt vazifasini o‘taydi. Vijdon ko‘zga ko‘rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir.
Yana bir muhim mezoniy tushuncha – burch. Bu tushunchani axloq ilmiga Demokrit kiritgan bo‘lib, uningcha burch inson harakatining ichki motividir. e’tiqod bilan qilingan hatti-harakat axloqiydir. Kishi o‘zini qo‘rqish tufayli emas, balki burch hissi tufayli nojo‘ya harakatlar qilishdan tiyishi kerak.
Burch shaxsning jamiyatga yoki kishiga nisbatan bo‘lgan axloqiy munosabatlarini ifodalaydi. Bu obyektiv mavjud jamiyat talablarini bajarishning ichki ma’naviy zarurati, ijtimoiy baxt-saodat extiyojlari taqozo qiladigan muayyan xulq-odob zaruratidir.
Burch, mohiyatan, jamiyat, davlat va shaxslarga nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U vijdon, e’tiqod mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog‘liq. Hayotda insonning har bir hatti-harakati zamirida burch tushunchasi – burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi. Burchning insonlik burchi, musulmonlik burchi, nasroniylik burchi, farzandlik burchi singari keng qamrovli, barcha davrlar uchun umumiy bo‘lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, doirasidagi tushunchalari ham mavjud. Burch tushunchasining o‘ziga xos jihatlardan yana biri – uning vaqt va jamiyatda muayyanlashish xususiyati. Burch shaxsning ko‘pgina mayl-istaklariga qarshi boradi: uni huzur- halovatdan, turmush lazzatlaridan mahrum etadi.
Mezoniy tushunchalardan yana biri — or-nomus va qadr-qimmatdir. Or-nomus va qadr-qimmat eng yuqori insoniy fazilatlardir. Ularsiz hayot ma’nosini yo‘qotadi, deb hisoblaydilar. «o‘z-o‘zini o‘ldirish or-nomus va qadr-qimmatsiz yashashdan ko‘ra afzalrokdir». «Inson tug‘ilsa yoki o‘lsa, o‘z pullaridan, uyidan mahrum bo‘lsa, bu ayanchli emas, chunki bularning hammasi insonga xos emasdir.
Agar inson o‘zining haqikiy mulkini, o‘z insoniy qadr-qimmatini yo‘qotsa, ana bu achinarli va ayanchlidir». Or-nomus kategoriyasi insonning jamiyatdagi o‘z qimmatini anglashini hamda bu qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishini ifodalaydi. qadr-qimmat insonning o‘z-o‘ziga munosabatini va unga jamiyat tomonidan bo‘ladigan munosabatni ochib beradiki, ularda axloqiy baho va insonning o‘z-o‘ziga baho berish ifodalanadi.
Or-nomus tushunchasi bir tomondan, burch bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi jihatdan qadr-qimmat tushunchasiga aloqadordir. Zero, or-nomus mohiyatan shaxsning o‘z qadr-qimmatini anglab yetishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligi munosabati bilan belgilanadi. Goho uni or tushunchasi bilan cheklashtirish hollari ham uchrab turadi. Lekin aslida, nomusga nisbatan or ancha tor qamrovdagi, nisbatan zalvarsiz tushuncha. Oriyatli odam deganda, o‘z so‘zining ustidan chiqadigan, sadaqa tarzida qilinadigan muruvvatlardan baland turadigan shaxs tushuniladi. Beor odam esa – o‘z sha’niga aytilgan gaplarga parvo qilmay, ishini bajarib ketaveradigan surbetnamo kishi. Nomusning esa toshi og‘ir – ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus yo‘lida inson hatto o‘z hayotidan kechishi mumkin. Bularning hammasi o‘zini hurmat qilish, o‘ziga nisbatan atrofdagilarning hurmat izzatini yo‘qotmaslik uchun o‘z-o‘zini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi.
Eramizdan oldingi III asrda yashab o‘tgan Stoiklar maktabining vakili Piroch ta’biri bilan aytganda baxt ehtiroslarga, har qanday shodlik va qayg‘uga befarq bo‘lish insonga baxt keltiradi.
Aslida baxt bu insonning o‘z ijodiy kuchlarining to‘lib-toshib yotganligidan, ularning ijtimoiy va shaxsiy maqsadda qo‘llanilishidan yuksak darajada ma’naviy qoniqishi va bu tuyg‘uning anglab olinishidir.
Har bir yosh bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak. «qush parvoz uchun, inson baxt uchun yaratilgan», degan iborada chuqur mazmun yotadi. Zero, odam bolasi yorug‘ olamda yashar ekan, o‘z baxti haqidagi tasavvurlari turlichadir. Hayotga razm solib qarasangiz, turli-tuman voqea hodisalarni ko‘rasiz: birov o‘zgalarning yukini yengil qilib, bu ishidan o‘zi xursand bo‘lsa, boshqa birovlar yomonlik qilib, hasad o‘tida alangalangan yuragini sovutganidan tirjayadi.
Insonparvar olim o‘z kashfiyotlarini odamlar uchun qanchalik foyda keltirganligini his qilib, baxtiyorligidan mamnun bo‘lsa, yalpi qirg‘in qurolini ishlab chiqkan va uni sinab ko‘rayotgan odam qiyofasidagi maxluq esa yuz minglab kishilarning yostig‘ini quritish mumkinligini o‘ylab yarim yovvoyilarcha «huzur» qiladi. Ko‘rayapsizki, odamlar o‘zlaricha baxtiyorlar, ammo ularning baxt haqidagi tasavvurlari har xil, hatto bir-biriga zid.
Baxt — tushunchasi ko‘p ma’noli, har bir insonning o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Baxt haqidagi va baxtga olib boradigan vositalar to‘g‘risidagi aldamchi tasavvurlar natijasida insonning xohlagani – baxt deb o‘ylagani aslida uni baxtsizlikka yetaklashi mumkin. Lekin, har kimning baxti o‘ziga xos bo‘lishiga qaramay barchasi intilish va ehtiyoj nuqtai nazaridan umumiylikka ega. Faylasuf, insonni jinoyatdan axloq borasidagi «aqlli» gaplar emas, balki baxt asrab qoladi, deydi. Lekin u zodagonlarga xos dabdabali baxtni emas, oddiy odamlarning, ko‘pchilikning baxtini bajarilgan ishdan keyin keladigan, zarur bo‘lgan farovonlikdan lazzatlanish baxtini nazarda tutadi.
AXLOQIY TAMOYILLAR
Axloq tamoyillaridan biri insonparvarlik g‘oyasi bilan bog‘liqdir. Darhaqiqat, butungi kunda bu so‘zni juda ko‘p ishlatamiz. Shu o‘rinda nega insonparvarlik axloqning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib qolmoqda, degan savol tug‘iladi. Buning birinchi sababi mustaqillik tufayli insonparvar va demokratik jamiyat barpo etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ana shu imkoniyatni voqelikka aylantirishda ikkita muhim masalani hal etish zarurati vujudga keladi.
Ulardan birinchisi — odamlarning ongi va tafakkuridagi mustabid tuzum asoratlaridan, uning g‘ayriinsoniy g‘oyalaridan, shuningdek yakka mafkurachilik tamoyilidan tozalashdir. Bunga erishishning bir qator yo‘nalishlari mavjud. eng muhimi, yangi jamiyatda insonning tub manfaatlariga mos ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishdan iboratdir. Bunda milliy g‘oyaning insonparvarlik va demokratik tamoyillari inson va jamiyat manfaatlari uyg‘unligini belgilab beruvchi tayanch nuqta va jipslashtiruvchi kuch hisoblanadi.
Ikkinchi sababi — insonparvarlik tamoyilida umumbashariy tamoyillar bilan bir qatorda millat tafakkuri, ruhiyati va fikrlash tarzi, qarashlar xilma-xilligi o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Bu jarayon mamlakatimiz taraqqiyotida barqarorliq xavfsizlik masalalari bilan hamjihatlikda tutashgan holda namoyon bo‘ladi. Milliy g‘oyaning umumbashariy tamoyillari haqida fikryuritganda mustaqillik yillarida insonparvarlik masalasining ustuvor yo‘nalishga ega bo‘layotganligi tasodifiy hol emas. Ma’lumki, insonparvarlik haqida juda ko‘plab sharq va g‘arb mutafakkirlari o‘z fikrlarini bayon etishgan.
Birinchi konuniyat millatning o‘ziga xos xususiyatlar va mentalitetga ega ekanligi. Ular millat taraqqiyoti va istiqboli uchun asosiy manba hisoblanadi. O‘z negizlari asosida rivojlanish yo‘lidan bormaydigan millat istiqbolda, o‘zligini yo‘qotadi. Uni hisobga olish, amal qilishini millatning o‘z negizlariga tayanib rivojlanish qonuniyati — deb aytish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchi konuniyat har qanday jarayonda bo‘lgani kabi milliy rivojlanishda ham vorislik qonuni amal qiladi. Uning mazmuni shundaki, barcha jarayonlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, balki ular shu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan oldingilari bilan bog‘liq bo‘ladi. Uning negizida yuzaga keladi, undan keyingi taraqqiyot uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan elementlarni qabul qilish asosida, yangisi shakllana boshlaydi. Bu jarayon vorislik qonuni hisoblanadi.
U millatning o‘z negiziga asoslanib rivojlanishi shart bo‘lgani uchungina emas, balki barcha jarayonlar uchun ham amal qiladi. Bu vorisiylik qonuniyatning xarakterli xususiyatidir.Uning milliy taraqqiyot uchun ahamiyati shundaki, u millatning o‘z negizlari asosida rivojlanishi uchun imkoniyatlar salmog‘ining mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.
Milliy g‘oya shakllanishida ana shu ikki qonuniyatning uyg‘unligi asosiy hisoblanadi.
Albatta, milliy g‘oya negizlari faqat millatning tor doiradagi zaminlari bilan cheklanmaydi. Shuning bilan bir qatorda, umumbashariyat erishgan ilg‘or yutuqlarga ham tayanadi.
Shuning uchun ham Prezident Islom Karimov mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyin ijtimoiy rivojlanishning quyidagi to‘rtta asosiy negizini belgilab bergan edi. Bular:
— umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
— xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
— insonning o‘z imkoniyatlarin erkin namoyon qilishi;
— vatanparvarlik kabilardir.
Ko‘rinib turibdiki, ularda axloq tamoyillari umuminsoniy qadriyatlar bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketgan.
— Ana shu negizlar asosida axloqning asosiy tamoyillari shakllanadi. Xo‘sh, bu prinsip nima?
Tamoyil biror bir ta’limot, dunyoqarash yoki faoliyatning qat’iy amal qiladigan qoidasi va me’yorini anglatuvchi tushuncha hisoblanadi
Shu ma’noda ham axloqning o‘ziga xos tamoyillari mavjud bo‘lib, ular asosida milliy rivojlanishning dolzarb vazifalari amalga oshirilmoqda.
Axloqning asosiy tamoyillarini quyidagilar tashkil qiladi:
— milliy ong, milliy tafakkurning va milliy o‘zlikni shakllantirishga yo‘naltirilganligi;
— millatni birlashtirishga qaratilganligi;
— millat manfaatini ifodalashi;
— ilg‘or milliy urf-odatlar, an’analar va qadriyat larning mustahkamlanishi va rivojlanishiga asos bo‘lishi;
— milliy g‘urur, iftixor va mas’uliyatning shakllanishi va mustahkamlanishiga zamin bo‘lishi;ko‘p millatli mamlakatimiz aholisida yagona Vatan ruhiyatining shakllanishiga asos bo‘lishi;
— milliy meros, tarixiy xotirani asrash, o‘zlashtirish va keyingi avlodga yetkazishning ma’naviy ruhiy manbasi bo‘lishi;
— yoshlarimizda Vatanparvarlik millatparvarlik xalqparvarlik va umuminsoniylik ma’naviy, ruhiy salohiyatini shakllantirishga qaratilganligi;
— millatimizning mustaqil subyekt sifatida maqomini aks ettirish;
— millatimizning ozodligi, mustaqilligi va taraqqiyotiga ma’naviy-ruhiy tayanch bo‘lish;
— millatimizning o‘zi bilan yonma-yon yashayotgan millat va elat vakillarini o‘z atrofiga uyushtirish, ular bilan tinch-totuv yashash, ularga hurmat, ehtirom bilan qarash, yordam ko‘rsatish, hamkorlikni mustahkamlash va ular asosida yagona o‘zbekiston xalqi tuyg‘ularining shakllanishiga manba bo‘lishi;
-millatimizning zamonaviy stivilizastiyalariga munosib hissa qo‘shishiga ma’naviy-ruhiy kuch-qudrat va ilhom bag‘ishlashi;
— O‘zbekiston xalqida milliy xavfsizlik va milliy taraqqiyot ruhiyatini shakllantirish va mustahkamlashning nazariy asosi bo‘lish;
— komil inson g‘oyasini o‘zida aks ettirish kabilarni tashkil qiladi.
Milliy g‘oya milliy ong va tafakkur mahsuli hisoblanadi. Ularning rivojlanishi natijasida milliy o‘zlikni anglash yuzaga keladi. Milliy tafakkur millat hayot tarzi, xususiyatlari va faoliyati, uning maqsadlari va manfaatlari negizlarining milliy ongda namoyon bo‘lishidir.
Milliy ong millatning o‘ziga xosligi asosida rivojlanib borishidagi ko‘rsatkichi bo‘lsa, milliy o‘z-o‘zini anglash manfaatlarni himoya qilishda harakatga keltiruvchi ichki ma’naviy-ruhiy salohiyatidir.
Aslida, milliy ong, milliy tafakkur va milliy o‘zlikni anglashdan iborat bo‘lgan uchlikka amal qilmagan, uni o‘zida aks ettirmagan yoxud uni rivojlantirishga va mustahkamlanishga yo‘nalmagan g‘oya o‘ziga milliy g‘oya maqomini ham olaolmaydi. Chunki, ana shu uchlikning millat mavjudligining ham real ifodasi hisoblanadi. Milliy g‘oya milliy ong va milliy tafakkurning oliy ko‘rinishi, uning reallikka aylanishining belgisi hisoblanadi. Ularning o‘zaro ta’siri natijasidagina milliy o‘zlikni anglash omili shakllanadi va millatning «men»i yuzaga keladi. Millat o‘z-o‘zidan shakllanmaydi, balki u jamiyat tarixiy taraqqiyotining mevasidir. Uning to‘laqonli millat maqomiga yetishi uchun har bir etnik birlik milliy tilning, madaniyat, urf-odat, an’analar, qadriyatlardagi o‘ziga xosligini ya’ni, milliy o‘zligini anglashi lozim.
Ana shu o‘ziga xoslik orqali milliy g‘oya namoyon bo‘ladi. Milliy g‘oya o‘ziga xoslikni mustahkamlaydi, va uning millat vakillari dunyoqarashiga aylanishida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu jarayon, o‘z navbatida, milliy totuvlik hamjihatlikning vujudga kelishiga olib keladi.
Shu ma’noda uning eng muhim tamoyili millatni birlashtirishga qaratilganligi hisoblanadi.
Milliy manfaatlar milliy g‘oyada mustahkam ifodalangan bo‘lsagina milliy hamjihatlik mustahkam bo‘ladi. Shu ma’noda ham milliy g‘oyaning qudrati milliy manfaatlarni to‘laqonli ifodalashi bilan belgilanadi.
Milliy g‘oyaning yana bir tamoyili, uning milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarni mustahkamlash va rivojlanishiga asos bo‘lishi hisoblanadi. Ular millatning o‘ziga xosligini eng yuksak darajada ifoda etadi. Uning mustahkamlanishi va rivojlanishi milliy g‘oyaga bog‘liq bo‘ladi.
Milliy g‘urur, iftixor va mas’uliyat kabi tuyg‘ularning shakllanishi ham milliy g‘oya bilan bog‘liqdir.
Milliy g‘urur har bir insonning millat vakili sifatida o‘z-o‘zini anglashi natijasida sodir bo‘ladigan ichki ruhiy holat hisoblanadi. Bu tuyg‘u o‘z ona zamini, avlod-ajdodlari tomonidan qoldirilgan moddiy-ma’naviy merosdan, o‘z millatining jahon stivilizastiyasiga qo‘shgan hissasidan, o‘z Vatanining taraqqiyotda erishgan yutuqlaridan, millatining o‘zga millatlar oldidagi qadr-qimmati, obro‘-ye’tiboridan ruhining ko‘tarilish hissiyotidir.
Milliy iftixor har bir millat vakilining o‘z millatining, taraqqiyotning barcha yo‘nalishlarida erishgan yutuqlaridan faxrlanish, shodlanish kayfiyati hisoblanadi.
Milliy mas’uliyat esa har bir millat vakilining o‘z millati bugungi, ertangi kuni va istiqboli uchun o‘zini dahldor ekanligini his qila bilishdir.
Bu tuyg‘ular negizida milliy g‘oya turadi. Uning asosiy vazifasi ham ana shu tuyg‘ularni shakllantirishga yo‘nalganligi bilan belgilanadi. Chunki, ular har bir millatning taraqqiyotga erishish va yuksalishida asosiy omil bo‘ladi.
Insoniyat aql zakovati yuksalib borayotgan, uning oldida yechim murakkab bo‘lgan global muammolar ko‘lami kengayib borayotgan bugungi kunda milliy g‘oya tor manfaatlar emas, balki mamlakatda yashayotgan barcha halqlarning manfaatlarini ifoda etib yagona Vatan tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. Albatta, umumiy Vatan tuyg‘usini shakllantirish bu har bir millatga xos bo‘lgan xususiyatlarning barbod bo‘lishiga emas, balki umumxalq ruhiyatining shakllanishiga olib keladi. Yagona Vatan ruxiyati nafaqat mamlakat nomi bilan ataluvchi millat vakilida, xuddi shuningdek unda yashayotgan o‘zga millat va elat vakillarida ham vatanparvarlik unga egalik qilish, uning istiqboli oldida mas’ullik kabi hissiyotning shakllanishiga olib keladi. Shuning uchun ham milliy g‘oya bugungi kunda bir millat doirasidan umumxalq doirasigacha bo‘lgan manfaatlarni uyg‘unlashtirishga asos bo‘lmokda.
Milliy meros, tarixiy xotirani asrash, o‘zlashtirish va ularni keyingi avlodga yetkazishda milliy g‘oya ma’naviy ruhiy manba hisoblanadi. U ana shu ma’naviy ruhiy salohiyatdagi milliylikni «asrash», ularga kuch-quvvat bag‘ishlab turish vazifasini amalga oshiradi. Shuning bilan bir qatorda, millat vakillarini milliy-ma’naviy boyliklar bilan oziqlantiradi, ularda o‘z merosini asrash va uni keyingi avlodga yetkazish ruhiyatini ham shakllantiradi.
Bu jarayonda milliy g‘oya bir tomondan milliy-ma’naviy boyliklarni asrash omili bo‘lsa, ikkinchi tomondan, millat avlodlarini o‘zaro bog‘lab turish vazifasini ham bajaradi. Undagi mavjud milliylik omili avlodlarni o‘zaro ma’naviy-ruhiy jihatdan bog‘lab turadi va shu tariqa milliy meros va tarixiy xotiraga umrboqiylik baxsh etilishida milliy g‘oya asosiy omildir.
Milliy g‘oyaning milliy meros va tarixiy xotiraning asosli bo‘lishi nafaqat milliy o‘ziga xoslikni, shuningdek millat vakilida yuksak iroda, e’tiqod kabi fazilatlarni shakllanishida manba rolini bajaradi. Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek «Tarixiy xotirasi bor inson irodali inson… Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jamiyatning har bir a’zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yo‘ldan urish, har xil aqidalar ta’siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi».
Mamlakat yoshlarida vatanparvarlik millatparvarlik xalqparvarlik va umuminsoniylik kabi tuyg‘ularni shakllantirish ham milliy g‘oyaning muhim tamoyili hisoblanadi. Chunki, boshqa har qanday g‘oyalarga qaraganda ham unda o‘zini anglagan har qanday inson qalbi, yuragi va ongiga ta’sir etuvchi nozik tuyg‘ular mujassamlashgan. Xususan, inson o‘zini-o‘zi anglab, men kimman, mening avlod-ajdodlarim kim, qaysi millatga mansubman, mening ona zaminim qayerda, degan savollarni o‘ziga berish va unga javob topishni milliy g‘oyadan, uning ulkan negizlaridan izlaydi. U savollarga boshqa bironta g‘oya javob bera olmaydi.
Axloqning yana bir tamoyili, birining ikkinchisiga o‘xshamaydigan xususiyatlarga ega ekanligi, o‘zgalarning ma’naviy-ruhiy holatini aynan qabul qila olmasligi bilan bog‘liqdir. Bir millatning ma’naviy-ruhiy salohiyati shakl va mazmun jihatdan ikkinchisida takrorlanmasligi ularning har biriga o‘ziga xos individuallik baxsh etadi. Ana shu individuallik milliy g‘oyada o‘z ifodasini topadi. Bu har bir millatning mustaqil subyekt sifatidagi maqomini ta’minlab turadi. O‘ziga xos individuallik milliy-ma’naviy taraqqiyot go‘zalligini ifodalaydi va ularning ilg‘or qirralari orqali umumbashariylikka daxldor bo‘lgan ma’naviy boylik vujudga keladi.
Axloqning asosiy tamoyillaridan yana biri millatning ozodligi, uning mustaqilligini ta’minlashda ma’naviy-ruhiy manba bo‘lishidir.Millatning mustaqil bo‘lishi, uning o‘z taqdirini o‘zi hal etish imkoniyatiga ega bo‘lishida milliy g‘oya asosiy manba bo‘ladi. Chunki, u nafaqat millatga mustaqil subyekt maqomini baxsh etadi, shuning bilan birga, uning mustaqil taraqqiy qilishini zaruriyat va ehtiyojga aylanishini ham ta’minlaydi.
Chinakam milliy taraqqiyot g‘oyalari, har doim o‘zida adolat, tenglik tinchlik va demokratiya tamoyillarini aks ettiradi. Ular har bir millat uchun eng zarur ehtiyoj hisoblanadi. Chunki, adolat buzilgan joyda ziddiyat, tengsizlik mavjud bo‘lgan sharoitda ishonchsizlik tinchlik bo‘lmagan joyda parokandaliq demokratiya bo‘lmagan joyda insonning erkin nafas olishi imkoniyatini yuzaga chiqarish mumkin bo‘lmaydi.
Ko‘rinib turibdiki, ularning har biri millatning istiqboli uchun zarur bo‘lgan omillardir. Milliy g‘oya shu ma’noda ham ularni o‘zida mujassamlashtirishi hamda milliy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlariga aylanishga xizmat qilishi zarur.
Ular har qanday ilg‘or milliy g‘oyaning umumbashariylikka daxldor bo‘lgan qirralari hisoblanadi. Ulardan mahrum bo‘lgan milliy g‘oya, chinakam umummilliy g‘oya darajasiga ko‘tarila olmaydi.
Axloq millatning manfaatlari va ehtiyojlarini umuminsoniy tamoyillarni o‘zida uyg‘un holda aks ettirishi bilan xarakterlanadi. U umuminsoniy tamoyillarga zid emas, balki uning negizida, shakllanadi. Ya’ni, milliy g‘oyaning tamoyillari umuminsoniy tamoyillar negizida shakllanmaydi, aksincha milliy tamoyillarning ilg‘or, barcha xalqlar manfaatlari va ehtiyojlariga javob beradigan jihatlari hisobiga umuminsoniy tamoyillar shakllanadi.
Axloqiy meyorlar
Axloqiy meyorlar va ularning amaliy ahamiyati.
Inson hayotida axloqiy meyorlar ham katta ahamiyatga ega. Ular tamoyillarga nisbatan ancha sodda, umumlashmagan, tor qamrovli. Ularni kundalik hayotimizda malum axloqiy tamoyillarning amalga oshish murvatlari ham deyish mumkin, ular axloqiy talablarning eng oddiy shakli sifatida ro‘yobga chiqadi. Halollik, rostgo‘ylik, insoflilik, xushmuomalalik, boodoblik, kamtarlik singari meyorlar ayniqsa diqqatga sazovor.
Halollik va rostguylik. Avvalo shuni aytish kerakki, halollikni uning dastlabki tor diniy mazmunida qaysi taom haromu, qaysinisi halol, degan manoda tushunmaslik lozim. U allaqachon umuminsoniydunyoviy mano kasb etgan meyorga aylangan. Halollik, rostgo‘ylik vijdon tushunchasi bilan bog‘liq, insonning o‘zgaga munosabati o‘ziga munosabatidek sof bo‘lishini talab etuvchi meyorlardir.
O‘nlab meyorlar orasida bu ikkisiga birinchi bo‘lib to‘xtalishimizning sababi shundaki, mustamlakachilik davrida, ayniqsa, sho‘rolar hukmronlik qilgan chorakam bir asr vaqt mobaynida yolg‘on, aldov, nopoklik, haromxo‘rlik, munofiqyaik singari illatlar xalqimizga shu qadar ustalik bilan singdirildiki, hozirgi paytda ko‘pchilik odamlar halollik va rostgo‘ylik ustidan hatto kuladigan bo‘lib qolganlar. So‘z bilan iibirligi yoqolgan, qog‘ozdagi chiroyli gaplar hayotga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin bularning hammasi, afsuski, odatiy holdek qabul qilinadi. Shu bois mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq bu illatlarga qarshi kurash boshlandi. Hozirgi kunda davlatimiz milliy-manaviy qadriyatlarni tiklashni, odamlarni halol, insofli, adolatli bo‘lishga chaqirishni o‘z ichki siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Zero, ko‘z o‘ngimizda yolg‘on, aldov, ikki yuzlamachilik nimaligini deyarli bilmaydigan jamiyatlar, millatlar gullab yashnamoqda. Yaponiya, Olmoniya, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya singari mamlakatlar shular jumlasidan.
Insoflilik. Aflotun haqida gap borganida, uning adolatni davlatga xos fazilat, degan fikrini keltirib o‘tgan edik. Darhaqiqat, adolat mohiyatan davlatning fuqaroga, jamiyatning shaxsga nisbatan munosabati tarzida namoyon bo‘ladi. Bordiyu, o‘zaro adolatli munosabatlar haqida gap ketsa, unda odatda yuksak martabadagi tarixiy shaxsning quyi martabadagi shaxsga munosabati nazarda tutiladi. Insof esa ana shu adolatning tor qamrovli xususiy ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi. U fuqarolar, jamiyat azolari orasidagi o‘zaro munosabatlar meyoridir.
Insoflilik ham halollik kabi vijdon tushunchasi bilan bog‘liq, malum manoda halollikka o‘xshab ketadi. Lekin bu yuzaki taassurot. Chunki halollik o‘z haqi va haqqini, yani moddiy va manaviy huquqini o‘zgalarning haqi va haqqiga xiyonat qilmagan holda ajratib yashashni anglatadi. Insoflilik esa ijobiylikda halollikdan ham bir qadam olg‘a tashlangan holatdir: unda kishi o‘z halol haqi va haqqidan o‘zganing hisobiga kechadi; «o‘zga»ning sharoiti o‘zinikidan nihoyatda og‘ir va yomon ekanini hisobga olib, o‘z qonuniy haqi va haqqkni yoki ularning bir qismini ixtiyoriy ravishda o‘zgaga beradi, muruvvat ko‘rsatadi.
Zero, insoflilik va muruvvatlilik axloqiy meyorlari jamiyat etishtirgan moddiy boyliklarni uning azolari o‘rtasida shaxsiy tashabbus asosida, og‘riqsiz, huquqiy holatlarni poymol qilmagan holda qayta taqsimlanishiga, jamiyatning yanada farovonlashuviga o‘ziga xos hissa qo‘shadi.
Xushfellilik, shirinsuxanlilik, kamtarinlik, bosiqlik singari axloqiy hatti-harakatlar meyoriylik nuqtai nazaridan g‘oyat muhim. Chunki har bir jamiyat darajasi malum manoda undagi fuqarolar muomala madaniyatining yuksakligi bilan ham belgilanadi. Zero, xushfel, shirinsuxan inson o‘zining har bir muvaffaqiyatsizligiga fojia sifatida qaramaydi, alam yoki g‘azab bilan yomon kayfiyatini boshqalarga o‘tkazishga intilmaydi; atrofdagi axloqiy muhitni buzmaydi. Natijada o‘ziga ham, o‘zgalarga ham ko‘tarinki kayfiyat, turli-tuman omadsizliklarning o‘tkinchiligini anglatuvchi hayotbaxsh bir umid bag‘ishlaydi. Jamiyat doimo o‘shanday odamlarni hurmat qiladi va ulardan o‘rnak olishga intiladi.