O`zbekistonda tabiatni muhofaza qilish va tabiat resurslardan foydalanish

O`zbekistonda tabiatni muhofaza qilish va tabiat resurslardan foydalanish

 

   Reja:

O`zbekiston tabiati va tabiat muhofazasining umumiy

masalalari

Tabiatni muhofaza qilishning konstitutsion va yuridik

asoslari

Tabiatni muhofaza qilishda nodavlat va davlat

       tashkilotlarining roli

Aholida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar

 

Darsning maqsadi: O`zbekiston tabiatiga nisbatan mehri-muhabbatni oshirish bilan vatanparvarlik tuyg`ularini mustahkamlash, O`zbekistonning tabiiy boyliklari va ularni muhofaza qilishning asoslari, bu borada davlat va jamoatchilik tashkilotlarining faoliyati to`g`risida tushuncha berish.

 

O`zbekiston tabiiy va tabiat muhofazasining umumiy masalalari

O`zbekistonning tabiati benihoya go`zal va so`lim go`shalarga boy bulib, undagi Shoximardon, Baxmal, Chimyon singari tog`li hududlar ba’zi ma’noda haqli ravishda Shveytsariya tabiatiga qiyoslanadi. Bahor va yoz oylarida Omonkuton, Og`aliq va Sarmishning tabiati qo`nida olingan bir kunlik dam insonga ko`pga yetadigan ma’naviy va jismoniy oziqa bag`ishlaydi. Respublikadagi cho`l va vodiylarning tabiati ham o`zgacha. Ular inson uchun ma’naviy va moddiy boylik manbai bo`lib xizmat qiladi. Dunyoda mashhur qorako`li va antiqa terilari ham O`zbekiston cho`llarida yaratiladi.

O`zbekiston shuningdek yer usti va yer osti boyliklarining mo`lligi bilan ham MDH mamlakatlari o`rtasida alohida o`rin tutadi. Uning hududida 658 turdagi umurtqali hayvonlar, shu jumladan 97 tur sut emizuvchi, 424 turdagi qush va 79 turdagi baliqlar, xilma-xil amfibiyalar va reptiliyalar yashaydi. Undagi o`simliklar dunyosi 4,5 mingdan ortiq turni o`z ichiga oladi.

         O`zbekiston zamini mineral xom ashyolarga boy. Bu zaminda Mendeleyev davriy sistemasining deyarli barcha elementlari topilgan. Bu mineral boyliklar 900 ta topib o`rganilgan konlarda va 2000 ga yaqin kelajakda o`rganib foydalaniladigan konlar joylashgan. Oltin zahiralari bo`yicha O`zbekistonning dunyoda to`rtinchi o`rinni egallashi ham uning tuprog`i naqadar boy ekanligidan darak beradi. Bundan tashqari respublika tabiiy boyliklari jihatidan neft, gaz, rangli va nodir metallar, ko`mir va fosforitlar, ohaktosh, marmar, granit va turli tuz konlariga boyligi bilan ham ajralib turadi. Undagi shifobaxsh suvlar o`zining zahirasi va tarkibidagi foydali minerallari bilan jahonda mashhur kavkaz suvlaridan qolishmaydi. Bu suvlar bazasidan 12 ta sanatoriya ishlab turibdi, 9 ta konning suvi zavodda qadoqlanib, xalq iste’moliga yetkazib berilmoqda.

         Dunyoning ko`pgina rivojlangan mamlakatlarida o`zlashtiriladigan yer zahiralari tugab qolgan bir sharoitda O`zbekistonda bunday yerlarning yetarli darajada mavjudligi respublika yorqin istiqbolining yana bir yarqiroq qirrasidir. Respublikada qishloq xo`jaligi uchun foydalanish mumkin bo`lgan 27,5 mln gektar maydondan 5,0 mln gektariga dehqonchilik qilinadi (18%). Shundan 4,2 mln gektari sug`oriladigan yerlar bo`lib, qolgani lalmiklar maydonlardir. Suvdan unumli foydalanish, tomchilatib, yomg`irlatib va namlatib sug`orish texnologiyalarining joriy qilinishi suvning qishloq xo`jaligidagi sarfini kamaytirgan holda yangi yerlar o`zlashtirib, sug`oriladigan dehqonchilik maydonlarini kengaytirish imkonini beradi.

         Yer maydonlari zahirasining yetarli ekanligi respublikada chorvachilikni rivojlantirish, aholini go`sht, sut va teri mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash imkonini beradi. Respublikadagi mavjud 44,9 mln. gektar maydonning 22,5 mln. gektari chorvachilikda foydalanilmoqda.

         Yer resurslari orasida muhim o`rinni sug`oriladigan yerlar egallaydi. Bu yerlar garchi qishloq xo`jaligida foydaniladigan maydonlarning atigi 15% ni tashkil qilsada, ammo ular ishlab chiqariladigan jami dehqonchilik mahsulotlarining 95 % ni beradi. Bu zaminda millionlab tonnalab qimmatli texnik xom ashyo hisoblangan paxta, don va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Serquyosh O`zbekiston yerida yetishtirilgan shirin-shakar mevalar dunyoda tengi yo`qdir. Meva va sabzavotlar respublika aholisini ta’minlabgina qolmay, balkim qo`shni davlatlarga va hatto uzoq  mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.

         O`zbekistonning yana bir muhim tabiiy boyligi uning hududidan oqib o`tadigan kattayu-kichik daryolardir. 20 dan ortiq bo`lgan bu daryolarning umumiy uzunligi 7,5 ming km atrofida bo`lib, ko`p yillik o`rtacha ma’lumotlarga ko`ra ulardan sekundiga qariyb 3,7 km. kub suv oqadi. Respublikada shu kundagi suvning jami yillik sarfi 65 km. kubligini hisobga olsak, Orol dengizini tiklashga yetarli darajada suv yuborgan holda xalq xo`jaligini rivojlantirishga hali yana qo`shimcha imkoniyatlar mavjudligi ko`rinib turibdi.

         Ammo tabiat yaratgan boyliklar shunchalik ko`pligiga qaramay, ulardan foydalanish O`zbekistonda hozirgi kun talabi darajasida emas. Aholining ekologik saviyasi pastligi, ekologik ta’lim-tarbiyaning kech yo`lga qo`yilishi va haligacha kerakli natijani beraolmayotganligi tabiiy resurslardan fodylanishning barcha qirralarida hamon o`z ta’sirini saqlab kelmoqda. Sir emaski. Tabiat qo`yniga dam olishga oshiqqan kishilarning aksariyat ko`pchiligi tabiatdan rekreatsion maqsadlarda foydalanish tartib-qoidalarini bilishmaydi yoki unga, shunchaki, amal qilishmaydi. Oqibatida ular dam olish joylarida yeb-ichishdan bo`shagan idishlar va boshqa keraksiz predmetlardan iborat axlat buyumlarini qoldirishadi. Ular shuningdek bilib-bilmay kamyob va nodir o`simliklarni yig`ish bilan ham tabiatga shikast yetkazishadi. Kaltakesak, echkiemar va ilonlarning ta’qib qilinishi ham xalqimizda ekologik saviyaning pastligidan dalolat beradi. Atrofimizda uchrab turadigan bu va shunga o`xshash hodisalar maorif tizimidagi yaxshilash zarurligi masalasini ko`ndalang qilib qo`yadi.

         Tabiatning yer, suv va boshka resurslaridan foydalanishda ham ekologik madaniyatning pastligi sezilib turadi. Respublika maydonining katta qismi (52,3%) yaylovlar bo`lgani holda ulardan foydalanish mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Chorvachilik to`g`ri yo`lga qo`yilgan mamlakatlarda yaylovdan sxema usulida foydalanish bundan necha o`nlab yillar oldin tashkil qilingan bo`lsada bunaqangi tartib bizning chorvachiligimizga hanuzgacha kirib kelgan emas. Chorva mollarining eng hosildor yaylovlarida ko`plab to`planishi bir tomondan undagi o`simliklarning ko`plab yeyilishiga va ikkinchi tomondan tuproq qatlamining bosib yanchilishiga, uning eroziyaga uchrashiga, oqibat natijada yaylovning kambag`allashuviga olib keladi. 1993 yilgi ma’lumotlarga ko`ra respublika yaylovlarining 9 mln. gektari shamol va suv eroziyasiga uchragan.

         Respublikada dehqonchilik madaniyatini talab darajasida deb bo`lmaydi. Sug`oriladigan maydonlarning katta qismi cho`l hududlariga chegaradoshligi va bu hududlardan tez-tez kuchli shamol va yozning garmsellari esib turishga qaramasdan shamollarga to`siq bo`luvchi ixota daraxtzorlari yaratishga e’tibor kam. Keyingi yillarda o`rmon xo`jaligi tizimida yangi ixotazorlar barpo qilish an’analari qariyb unutilib qo`yilmoqda. Eski daraxtzorlar esa allaqachon yo`qotilib, ulardan bo`shagan parcha yer ham xo`jaliklar tomonidan ekinzorga aylantirilib yuborilgan. Bu masalada bizdan ko`ra «soddaroq» va «savodi pastroq» bo`lgan ota-bobolarimizning yerlar atrofi va ariqlar bo`yida daraxtzorlar barpo qilishdek udumlarini saqlab qolaolmadik. Har yili hukumat qarorlari bilan e’lon qilinayotgan ko`chat o`tkazish oyliklari va bu oyliklar davomida statistika hisobotlari bo`yicha o`tkazilgan millionlab ko`chatlar O`zbekistonni hozirgacha serdaraxt o`lkaga aylantirmadi. Ammo keyingi yillarda shahar va qishloqlarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishida biroz olga siljishlar ko`zga tashlanmoqda. Bu esa yaqin kelajakda o`z mahsulini berajak.

         Tabiiy resurslarning boshqa turlaridan, masalan, suvdan va tabiat in’om etgan meva-chevalardan foydalanishda ham isrofgarchilik katta. Meliorativ jihatdan yaxshi tayyorlanmagan va notekis yerlarning sho`rini yuvishda suvning sarfi gektariga me’yordagi 5 ming metr kub o`rniga 20 ming metr kubgacha chiqmoqda. Amudaryoning quyi oqimidagi hududlarda esa u bundan ham ortiq bo`lmoqda. Buning ustiga katta mablag`lar evaziga chiqarib olinayotgan daryo suvini ba’zi joylarda zaxkashlarga maqsadsiz tashlab qo`yish hollari ham mavjud-ki, bular nafaqat iqtisodni, balki muhit ekologiyasini ham yomonlashtiruvchi omillardir.

         Yer osti suvlaridan ichimlik uchun foydalanish yetarli darajada emas. Zahiralar ulardan yilida 17,6 km. kub suv olishga yetarli. Shuncha suv olinganda yil davomida joylarda sizot suvlar sathi ham ko`tarilmay, bir zaylda turadi. Ammo hozirgi vaqtda ichimlik maqsadlarida har yili 3,43 km. kub atrofida suv olinmoqda, xolos. Masalaning ikkinchi tomoni-aholiga quvurlar orqali beriladigan ichimlik suvi asosan yer osti suvlari bo`lib, 1993 yil ma’lumotlariga ko`ra bunday suv bilan 257 ta shahar, posyolka va tuman markazlari ta’minlangan. Respublika bo`yicha vodoprovod suvining sarfi sutkasida 6,7 mln metr kub (yilida 1,1 mlrd metr kub) bo`lib, u aholiga asosan kommunal vodoprovodlar orqali yetkazib beriladi. Bu vodoprovodlar 11 ta ochiq suv manbalaridan, 175 ta yer osti suv quduqlaridan va 11 ta aralash manbalardan suv oladi. Kommunal vodoprovodlar ishlayotgan joylarda kishi boshiga sutkalik suv sarfi o`rtacha 449 litrni, shu jumladan shaharlarda 505 l., posyolkalarda-301 l. va tuman markazlarida-171 litrni tashkil qiladi. Bu ko`rsatkichlar o`rtacha bo`lib, ba’zi joylarda u juda past. 9 ta shahar, posyolka va tumanlarda odam boshiga sutkalik suv sarfi 100 litrga ham yetmaydi. Buning ustiga ichish va texnik maqsadlar (yuvish. Yuvinish, ko`klamzorlashtirish ishlari va hokazolar) uchun suvning bitta quvurdan kelishi, quvurlarning eskirib ishdan chiqqanligi, shahar joylarida tomorqalarning sugorilishi oqibatida yuborilayotgan suvning 25-35% isrof bo`lmoqda.

         Ichimlik suvining sifati hamma yerda ham yaxshi emas. Aholi iste’mol qilayotgan jami vodoprovod suvining 30% sifat jihatdan standartga to`g`ri kelmaydi. Uning sifati ayniqsa Qoraqalpog`iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomon.

         Hozirgi vaqtda respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo`yicha 2005 yilgacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladigan sxema ishlab chiqilgan. Unda ichimlik suvi bilan barcha shaharlarni to`liq ta’minlash, suvning sifatini yaxshilash, kommunal vodoprovodlar quvvatini 3,1 metrgacha oshirish va ularning uzunligini 2,1 metrga ko`paytirish ko`zda tutilgan. Mazkur sxemaga ko`ra Samarqand viloyatining ba’zi tumanlari, shuningdek Navoiy va Buxoro viloyatlari aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1992 yil Damxo`ja-Buxoro suv quvurining I-navbati ishga tushirildi. Bu suv magistralining uzunligi 210 km. bo`lib, suvning minerallashuvi 0,4-0,5 g/litrni tashkil qiladi. Shuningdek sxemaga ko`ra Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida u yerlarga Tuyamuyin suv omboridan quvur tortildi-1990 yil Tuyamuyin-Urganch suv magistralining I-navbati, 1992 yilda uning II-navbati va Tuyamuyin-Nukus magistralining I-navbati ko`rilib, ishga tushirildi. Hozirgi kunda aholisiga sutkasiga 200-220 ming m. kub ichimlik suvi quvurlar orqali uzatilmoqda.

         Tabiatga yetkazilayotgan talofat ayniqsa qazilma boyliklardan foydalanishda katta bo`lmoqda. Qazilma boyliklarini qidirib topish, ularni qazib olish, tashish va qayta ishlash jarayonida ko`pgina maydonlarning yer yuzasi o`zining o`simliklar dunyosi bilan birga bosib yanchiladi, relyef o`zgaradi, tuproqning strukturasi buzilib, u yaroqsiz holga keladi. Birgina Zafarobod markaziy ruda boshqarmasida Uran olish bilan bog`liq ishlarga  170 ming gektar yer band bo`lib, bu yerlar turli darajada yaroqsiz holga kelgan. Zarafshon shahridagi birgina Muruntov oltin konining chiqindilari  10 ming gektar unumdor yerni egallab yotibdi. Bu chiqindilar tarkibida biosferani zaharlaydigan turli xil birikmalar mavjud. Respublika sanoatidan chiqadigan chiqindilar bilan nafaqat yer, balki suv va havo ham ifloslanmoqda. Ma’lumotlarda keltirilishicha respublika atmosferasiga har yili 4 mln tonna zararli moddalar chiqarilmoqda. Bularning yarmi uglerod oksidi, qolgani uglevodorodlar, oltingugurt oksidi, azot oksidi va boshqalar. Shargun ko`mir konidan olinadigan ashyo tarkibidagi o`nlab tonnalab fosfogipsning, Angren ko`mir koni ashyosi tarkibidagi kaolinning ruda chiqindilari sifatida chiqarib tashlanishi mamlakatimiz uchun iqtisodiy ham ekologik zarardir.

         Ammo keyingi yillarda respublikamizda tabiatdan foydalanishdagi isrofgarchilikning oldini olish bo`yicha ko`pgina tadbirlar belgilangan. Yer osti boyliklaridan foydalanishda ham qator istiqbolli rejalar mavjud. Respublikada olinayotgan tabiiy metangazi tarkibida etan, propan va butan ham bo`lib, ulardan kelajakda polietilen va polixlorvinil olish,  Sho`rtan gazkimyo kompleksida olinayotgan propandan nitril-akril kislotasini olib, undan nitron tolasi ishlab chiqarish mo`ljallangan. Shuningdek gaz va gaz kondensatini qayta ishlash sanoatida bir yo`la ular tarkibidagi oltingugurt birikmalarni ham qayta ishlashni joriy qilish ko`zda tutilmoqda. Angren kaolinidan glinozem (alyuminiy oksidi) va alyumini, o`tga chidamli materiallar, keramik qoplamalar, chinni, fayans, tsement va boshka xildagi maxsulotlarni olish mumkin. Shunga ko`ra hozir boyitilgan kaolin va glinozem ishlab chiqadigan zavod qurilish nazarda tutilmoqda. Bunyod etilayotgan Qizilqum fosforit kombinatining ishga tushishi respublikaning iqtisodiy salohiyatini ko`tarishda alohida ahamiyatga ega. Unda yilida       2,7 mln. tonna fosforit kontsentrati olish belgilangan. Bunga qo`shimcha Qorakat va Shimoliy jetitov fosforit konlari bazasida ham kelajakda qo`shma korxonalar tashkil etilishi mo`ljallangan.

         Hozirgi vaqtda Barsakelmas konidan olinayotgan tosh tuzidan kaltsiy va kaustik soda ishlab chiqarish maqsadida Qo`ng`irotda soda zavodi qurilmoqda.

         Oltin ajratib olishni ko`paytirish bo`yicha ham istiqbolli rejalar mavjud. 1994 yilda tashkil etilgan «Omontov Goljfilds» O`zbekiston-Britaniya qo`shma korxonasi yordamida Dovgistov va Omontov oltin konlari 1998 yilda ishga solindi, «Nyumont Mayning Korporeyshn» (AKSH) va Mitsun (Yaponiya) kompaniyalari o`rtasida Toshkent zonasidagi oltin konlarini o`zlashtirish bo`yicha bitim tuzilgan. Bu ishlarning barchasi pirovord natijada tabiiy boyliklardan unumli foydalanish asosida respublikaning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgandir.


         Tabiatni muhofaza qilishning konstitutsion va yuridik asoslari

         O`zbekistonda tabiat muhofazasi ishi mamlakat mustaqilligining dastlabki yillaridayoq konstitutsion asosga qo`yildi. 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan O`zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida O`zbekiston hududida yashayotgan barcha fuqarolar atrof muhitni muhofaza qilishga majbur ekanliklari belgilandi. Uning 55- moddasida esa barcha turdagi tabiiy boyliklar umummilliy bo`lib, ular davlat muhofazasidan ekanliklari ko`rsatib o`tildi. Respublika hududida jamiyat va tabiat o`rtasidagi munosabatlarni hukumat doirasida tartibga solib turish maqsadida xalq deputatlari Oliy Majlisida, viloyat, shahar va tuman Kengashlari huzurida xalq xo`jaligining boshqa sohalari qatori tabiat muhofazasi sohasida ham doimiy komissiyalar tuzilishi Konstitutsiyaning 100-moddasida belgilandi.

         Respublikada tabiat muhofazasiga doir o`nlab Qonunlar ishlab chiqib qabul qilinganki, bular atrof muhitning sofligini saqlash va tabiiy boyliklardan foydalanishni tartibga solib turishda ta’sirchan yuridik hujjat bo`lib xizmat qiladi. Bunday hujjatlar respublika mustaqil bo`lgani qadar Ittifoq qonunchiligi bilan ham belgilangan edi. Bular quyidagilar:

SSSR va Ittifoqdosh respublikalar yer qonunchiligi asoslari

SSSR va Ittifoqdosh respublikalar yer osti boyliklari to`g`risidagi Qonun

SSSR va Ittifoqdosh respublikalar suv qonunchiligi asoslari

SSSR va Ittifoqdosh respublikalar o`rmon qonunchiligi asoslari

Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi SSSR Qonuni

Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida SSSR Qonuni


Ana shu yuridik hujjatlarga ko`ra mahalliy sharoitni hisobga olgan holda respublikamizda, u hali Ittifoq tarkibida bo`lgan kezlarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bo`yicha qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Bular:

O`zbekiston SSR ning yer Kodeksi

O`zbekiston SSR ning yer osti boyliklari Kodeksi

O`zbekiston SSR ning suv Kodeksi

O`zbekiston SSR ning o`rmon Kodeksi

Atmosfera havosining muhofaza qilish to`g`risida O`zbekiston SSR Qonuni

Bu Kodekslarning qariyb hammasi hozirgacha o`z kuchini saqlab kelmokda. Lekin, respublika mustaqillik  yillarida bozor iqtisodiyotiga kirib borishi bilan bu hujjatlarga ba’zi qo`shimchalar kiritildi. Bu qo`shimchalar, asosan, tabiatdan pullik foydalanish, tartib-qoidalarini joriy qilishga qaratilgan. Masalan, yer to`g`risidagi Kodeksga kiritilgan qo`shimcha asosan yer davlatniki bo`lib qolgani holda u tashkilot hamda jismoniy shaxslarga ma’lum muddatga foydalanishga berib quyilgani uchun ulardan yer solig`i olinadi.

Mustaqillik yillarining muhim hujjatlaridan bir 1992 yilning 9 dekabrda qabul qilingan «Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Qonuni»dir. Bu qonunda tabiatni muhofaza qilish va undan foydalanish tartib-qoidalarining barchasi mujassamlashgan. Bunda asosiy e’tibor tabiatdagi barcha boyliklardan asrab-avaylab oqilona foydalanishga, unga ziyon yetkazmaslikka qaratilgan va shu bilan birga tabiiy boyliklardan foydalanishda fuqarolarning huquqlari yuridik jihatdan kafolatlangan. Keyingi qabul qilingan yer, suv, havo, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy boyliklar to`g`risidagi barcha yuridik hujjatlar shu Qonun doirasida ishlab chiqilgan bo`lib, hayot sharoitidan kelib chiqqan holda uni qisman o`zgartiradi va to`ldiradi. Bu hujjatlar quyidagilardir:

O`zbekiston Respublikasining alohida qo`riqlanadigan tabiiy hududlari to`g`risidagi Qonuni (1993 y. 7 may)

Sanitariya nazorati to`g`risidagi Qonun

Yer to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Qonuni

Suv va suvdan foydalanish to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining Qonuni (1993 y. 6 may)

Yer osti boyliklari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining Qonuni (1994 y. 22 sentabr)

Bulardan tashqari ko`pgina qo`shimcha Nizom va boshqa hujjatlar qabul qilinganki, ularning barchasi inson va tabiat o`rtasidagi munosabatlarni me’yorida saqlab qolishga qaratilgan.


Tabiatni muhofaza qilishda nodavlat va davlat tashkilotlarining roli.

         O`zbekistonda tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilish ishlari chuqur tarixiy ildizga ega bo`lib, ajdodlarimiz qadim zamonlardayoq yerdan unumli foydalanish, mevali va manzarali daraxtlarni ekib mevazor bog`lar barpo qilish, ovloqlari qo`riqlab, u yerlardagi hayvonlarni ovlashning to`g`ri yo`llarini izlaganlar. Shuning uchun ham O`rta Osiyo, shu jumladan O`zbekistonning boy tabiati bundan 2700 yil ilgari zardushtiylar diniga mansub (musulmon dinidan oldin) xalqlar tomonidan yaratilgan «Avesto» kitobining Vendidad qismida ta’riflangan. Feodal tuzumni boshidan kechirayotgan o`zbek xalqlariga sobiq ittifoq davridan oldin ham va unga qo`shilgandan keyin ham hovlisining darvozasi oldida kamida bir juft mevali daraxt o`stirish udumi bo`lgan. Kishilarning bu va bunga o`xshash tabiatga g`amxo`rlik ko`rsatishdagi yaxshi niyatlarini ma’lum bir tartibga tushirish maqsadida asta-sekin jamoatchilik tashkilotlari paydo bo`labordi. Bunday nodavlat tashkilotlarga misol qilib respublikada 60-yillarning boshlarida tashkil topgan «O`zbekiston tabiatni muhofaza qilish jamiyati» hamda «Ovchilar va baliq ovlovchilar ko`ngilli jamiyati»ni keltirish mumkin. O`z atrofiga millionlab kishilarni to`plagan tabiatni muhofaza qilish jamiyati bo`limlari respublikaning barcha viloyat va tumanlarida tashkil etilib, ular o`z vaqtida yer, suv, havo, o`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo`yicha juda katta tashviqot-targ`ibot ishlarini olib bordi. Bundan tashqari bu jamiyatlar o`sha davrlarda tabiat muhofazasi bo`yicha respublika hukumatining yaqin yordamchilari bo`lib xizmat qildilar. Jamiyat 1994 yilda o`z faoliyatini to`xtatdi va davr talabi bilan «Ekologiya va salomatlik-«Ekosan» halqaro fondi»ga qo`shildi.

         Hozirgi kunda dunyoning 34 mamlakatini qamrab olgan «EKOSAN» fondining tashkil qilinishi tasodifiy hol emas. Tabiiy resurslarning jadal o`zlashtirilishi bilan ulardan ajralayotgan chiqindilarning tobora ko`payib, atrof muhitni ifloslashi jarayonida muhit ekologiyasini uyg`un saqlash va bu chiqindilarning zahari inson salomatligini zararlamasligiga erishish zamonamizning dolzarb masalasiga aylandi. Shtab-kvartirasi Toshkentda joylashgan ushbu fond hozir ayni shu masala bilan shug`ullanmoqda. Muhit sofligini saqlashni xalq ommasi orasida targ`ibot qilish, ekologik muhit yomonlashgan hududlar (Orolbo`yi hududlari, Surxondaryoning Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilaridan zarar ko`rayotgan Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlari) aholisiga tibbiy yordam ko`rsatish hamda ularning salomatligini yaxshilash tadbirlarini amalga oshirish O`zbekistonda «EKOSAN» fondining hozirgi kundagi bosh maqsadlaridan bir qilib belgilangan.

         Bulardan tashqari jamoatchilik asosida ish ko`radigan ko`pgina ilmiy jamiyatlar hamda Halqaro fondlarning respublikamizdagi vakilliklari mavjud-ki, bular tabiiy resurslarni muhofaza qilishga o`z ulushlarini qo`shib kelmokdalar. Masalan, Halqaro Yovvoyi Tabiat fondining (WWF) 1996 yilda respublikamizda ish boshlangan bo`limi O`rta Osiyo hududida tarqalgan buxoro bug`usining genetik fondini yaratish yo`li bilan bu kamyob hayvoni qirilib bitishdan saqlash borasidagi keng ko`lamda ish olib bormoqda.

         Respublika tabiatni muhofaza qilishda davlat tashkilotlarining faoliyati ayniqsa ta’sirli bo`lmoqda. Respublikada 80-yillarning oxirlarigacha bu ish bilan bir qancha davlat tashkilotlari (gidrometeorologiya Davlat Qo`mitasi, Qishloq xo`jaligi, Suv xo`jaligi va O`rmon xo`jaligi Vazirliklari va shunga o`xshashlar) shug`ullanar edilar. Ishdagi tarqoqlik va tarmoqlararo bo`linishlar ishning effektini pasaytirar, befoyda takrorlanishlarga olib kelar edi.

         1988 yilda Tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo`mitasining tashkil qilinishi respublika tabiatni muhofaza qilish ishida burilish yasadi. Bu Qo`mita tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishning yaxlit nazoratini o`z zimmasiga olishdan tashqari ayrim resurslarning muhofazasi bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib ham turadi. Qo`mitaning bevosita Oliy Majlisga bo`ysundirilishi uning barcha Vazirliklarga tegishli masala bo`yicha ta’sir o`tkazishiga imkon beradi.

         Hozirgi vaqtda respublikada tabiatni muhofaza qilish tizimi ikkiga bo`linadi:

atrof muhit holatini kuzatib borish (monitoring). Bu ishni Gidrometeorologiya xizmati bajaradi;

atrof muhitni muhofaza qilish yo`li bilan uning holatini tartibga solib turish. Bu ishni Tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo`mitasi bajaradi.

Bu ikkala tizim uch yo`nalishda ish olib boradi:

atrof muhit holati va muhitni ifloslovchi manbalar monitoringni olib borish;

tabiatdan foydalanishni rejalashtirish, ekologik ekspertizani yo`lga qo`yish, sanitariya-gigiyena normalarini ishlab chiqish;

atrof muhit tabiatini nozirlik (inspektsiya) yo`li bilan muhofaza qilish.


Atrof muhit holatining monitoringi —  biosfera tarkibidagi turli komponentlarni aniqlash va bu holat to`g`risidagi ma’lumot to`plashdan iborat. Hozirgi vaqtda respublikada 94 ta yer usti suv manbalarining 187 ta nuqtasidan suv analizni olib tekshirilib turiladi. Bunda asosiy e’tibor suv tarkibidagi minerallar, biogen moddalar, neft mahsulotlari, fenollar, xloroorganik va fosfoorganik pestitsidlar, og`ir metallar va ftor singari moddalarga qaratiladi.

Gidrobiologik kuzatishlar 50 dan ortiq suv manbalarining 100 dan ortiq nuqtalarida olib boriladi. Bunda atmosfera yog`inlari suvlarining kimyoviy tarkibi tahlil qilib borildi. Respublikaning sanoati rivojlangan shaharlarida qorning suvi 26 ta ingrediyent bo`yicha analiz qilib boriladi.

Atmosfera havosining holati 25 ta shaharda tashkil qilingan 65 ta ko`chmas postlarda o`rganib boriladi. Bu ish bilan gidrometeorologiya xizmati shug`ullanadi. Uning atrof muhit ifloslanishini kuzatish respublika markazi Toshkent joylashgan bo`lib, markazning Farg`ona va Navoiy shaxarlarida bittadan kompleks laboratoriyasi, Olmaliq, Angren, Andijon, Bekobod, Samarqand va Chirchiq shaharlarida havoning ifloslanish darajasini kuzatuvchi laboratoriyalari, Buxoro, Guliston, Nukus va Namanganda atmosfera havosini kuzatuvchi guruhlari mavjud. Surxondaryo viloyatining Tojikiston alyuminiy zavodi ta’sirida bo`lgan Sariosiyo tumani hududida uning tarmoqlararo laboratoriyasi ishlab turibdi. Shuningdek markazning Chotqol biosfera qo`riqxonasi hududida va Abramov muzligida ham laboratoriyalari bor. Gidrometmarkazning Qarshi, Termiz, Kogon, Sirg`ali va Do`stlik (Xorazm viloyati) shaharlaridagi bo`linmalari shu shaharlar atmosferasining holatini kuzatib bormoqdalar.

Tuproq va o`simliklar qoplamining ifloslanishi asosan respublikaning qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanuvchi hududlarida va sanoati rivojlangan shaharlar atrofidagi yer maydonlarida kuzatib boriladi.

Atrof muhit holatining monitoringi davlatlararo kuzatuvlar tizimi doirasida olib boriladi.




 

Atrof muhitni ifloslovchi manbalarning monitoringi

Bunday monitoringning asosini muhitni ifloslovchi manbalarning birlamchi hisobi, statistika ma’lumotlari, ekologik pasportlash, yer, suv va boshqa resurslarni kadastrlash tashkil qiladi.

Atmosfera havosini ifloslovchi manbalarning birlamchi hisobini olish 1980 yilda boshlangan edi. Bu ish shundan beri davom etib, chuqurlashtirib kelinmokda. Hozirgi kunda respublikada havoni ifloslovchi 60 mingdan ortiq ko`chmas ob’yektlar, 2 mingdan ortiq korxonalar hisobga olingan.

Suv resurslarini nazorat qilish bo`yicha suv kadastri 1979 yilda tashkil qilingan bo`lib, u har 5 yilda bir marta yangilanadi. Suvdan foydalanish masalasini «Uzgiprovodxoz», yer usti suvlarining holatini «Glavgidromet», yer osti suvlarining holatini esa «Goskomgeo» nazorat qilib boradi. Repsublikadagi 500 ta suvdan foydalanuvchi korxonada foydalanilgan va chiqarilgan (oqava) suvlarining doimiy hisobi olib boriladi.

Yerdan foydalanish va uning bonitetini doimiy kuzatib borish maqsadida «Uzgiprozem» 1977 yildan boshlab yer kadastrini tashkil qildi.

Hayvonot dunyosining holatini kuzatib, borish, hayvonlardan ov va boshqa maqsadlarda foydalanishni to`g`ri yo`lga qo`yish uchun 1992 yilda Tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo`mitasi rahnamoligida hayvonot dunyosining kadastri ishlab chiqildi.

Atrof muhitni ifloslovchi manbalarni nazorat qilish Respublika Tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo`mitasi huzuridagi analitik nazoratga ixtisoslashgan markaziy inspektsiya hamda uning Toshkent shahri, 11 ta viloyat va 10 ta shaharlardagi filiallari tomonidan olib borilmoqda.


Tabiatdan foydalanishning tashkil qilinishi

Respublikada tabiatdan foydalanish masalasi iqtisodiy siyosat asosida rejali tashkil qilingan bo`lib, u tabiatdan pullik foydalanishga yo`naltirilgan. Buning uchun 2005 yilgacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladigan tabiatni muhofaza qilish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga ko`ra tashkilot va korxonalar o`zlariga zarur bo`lgan tabiiy resurslardan belgilangan me’yor asosida pullik foydalanadilar. Ular, shuningdek, atrof muhitga chiqaradigan chiqindilari uchun tovon puli ham to`laydilar.


Ekologik ekspertiza

Hozirgi vaqtda Respublika tabiatni muhofaza qilish davlat Qo`mitasi, shuningdek tabiatni muhofaza qilish viloyatlar Qo`mitalari huzurida ekologik ekspertiza xizmati tashkil qilingan bo`lib, u yangi quriladigan yoki rekonstruktsiya qilinadigan korxonalarning qurilish loyihalarini ekspertiza qiladi. Bunda asosiy e’tibor bo`lajak korxona chiqindilarning turlari va miqdoriga, ularni zararsizlantirish uskunalarining yetarli darajada loyihalashtirilganligiga va shuningdek korxona quriladigan joyning aholi sog`ligiga zarari bor-yo`qligiga qaratiladi. Ana shunday ekologik talablarga javob bermaydigan korxonaning qurilishga ruxsat berilmaydi.


Sanitariya-gigiyena normalarini ishlab chiqish

Atrof muhitning va uni ifloslovchi manbalarning monitoringi natijalariga ko`ra sog`likni saqlash organlari tomonidan sanitariya-gigiyena normalari ishlab chiqiladi va u  yoki bu turdagi chiqindining ruxsat etiladigan miqdori (REM) belgilab beriladi.

Dastlabki REM 1939 yilda ichimlik suvining sifati bo`yicha tasdiqlangan, suv tarkibidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan miqdori belgilab berilgan edi.1972 yilda suvdagi zararli moddalarning REM i 420 xil modda buyicha belgilandi. Hozirgi vaqtda esa suvning qaysi maqsadlarda foydalanishiga ko`ra 1625 ta modda bo`yicha REM belgilangan.

Atmosfera havosining ifloslanish darajasi bo`yicha 1991 yilda 479 ta REM belgilangan. Tuproqdagi zararli moddalarning REM miqdori 1980 yildan beri aniqlanib kelmoqda. Hozirgi davrda tuproqdagi REM 109 ta modda bo`yicha aniqlangan.

Aytilganlardan tashqari atrof muhitning monitoringi  to`g`risidagi yetarli ma’lumotlarni to`plash asosida havo va suvga tashlanadigan zararli chiqindilarning chiqarilish miqdori bo`yicha ilmiy-texnik normativlar ham ishlab chiqilgan. Ana shu normativlarga ko`ra tabiatni muhofaza qilish qo`mitalari korxonalarga har yili atmosferaga chiqariladigan moddalar (bunday korxonalar 1500 ta) va suvga tashlanadigan oqavalar (bunday korxonalar 502 ta) bo`yicha maxsus ruxsatnomalar beradi.


Atrof muhit tabiatni nozirlik (inspektsiya) yo`li bilan muhofaza qilish

O`zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo`mitasi huzurida va uning barcha viloyatlar Qo`mitalari huzurida tabiatdan foydalanishning konunga muvofiqligini tekshirib boruvchi nazorat inspektsiyalari tuzilgan. Bu inspektsiyalar yer, suv, havo, o`simlik va hayvonot dunyosidan foydalanishni joylarda tekshirib boradi va qonun buzilishi hollarida tegishli choralarni belgilaydi. Nazoratchi inspektorlarning lavozimi huquqlari «Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Qonuni» bilan mustahkamlangan bo`lib, ular o`z vakolatlari doirasida harakat qiladilar.


Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy xududlar

Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar asosan o`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil qilinib, tabiati muhofaza ostiga olingan joylardir. Bunday joylarning umumiy maydoni      8,9 ming kv / km bo`lib, respublika jami maydonining 2,0% ni tashkil qiladi. Alohida muhofaza qilinadigan xududlar 4 toifaga bo`linadi:

davlat qo`riqxonalari. Bular muhofaza rejimi jihatidan I toifaga kiritilganlar.

milliy bog`lar. Bular muhofaza rejimi jihatidan II toifaga kiritilganlar.

buyurtmaxonalar (zakaznik) –IV toifaga mansub

davlat tasarrufidagi tabiat yodgorliklari – IV toifaga mansub


Davlat qo`riqxonalari

Respublikada davlat qo`riqxonalari soni 9 ta bo`lib, ularning umumiy maydoni 2164 kv/km ga teng. Bu qo`riqxonalarning maydonini tanlashda asosiy e’tibor respublikadagi biologik xilma-xillikni saqlab qolishga qaratilgan, ya’ni qo`riqxonalar turli tipdagi ekotizimlarni qamrab olgan. Chotqol biosfera qo`riqxonasi, Hisor, Zomin va Nurota davlat qo`riqxonalari tog`li hududlarni, Surxon davlat qo`riqxonasi tog`li hududlar va to`qayzorlarni, Zarafshon va Baday-To`qay davlat qo`riqxonalari to`qayzorlarni, Qizilqum davlat qo`riqxonasi esa to`qayzor va cho`l hududlarini qamrab olgan. Bulardan tashqari Zarafshon tog` tizmalarining janubiy yonbag`rida 53 gektar maydonni egallagan Kitob geologik qo`riqxonasi mavjud bo`lib, uning maqsadi toshlarga solingan qadimiy suratlarni muhofaza qilishga qaratilgan.

Chotqol biosfera qo`riqxonasi – 1947 y. tashkil topgan. Maydoni – 45739 ga. Joylashgan o`rni-Toshkent viloyatining Parkent tumani. Maqsadi-G`arbiy Tyan-Shon tog`i ekotizimini muhofaza qilish va atrof muhit monitoringini olib borish. U 1995 yilda jahon biosfera qo`riqxonalari tizimiga kiritilgan.

Xisor davlat qo`riqxonasi — 1983 y. tuzilgan. Maydoni-80986 ga. Joylashgan o`rni-Qashqadaryo viloyati Xisor tog` tizmasining g`arbiy qismi. Maqsadi-Xisor tog` tizmalari ekotizimini saqlash.

Zomin davlat qo`riqxonasi – 1960 y. tuzilgan. Maydoni-21735 ga. Joylashgan o`rni-Jizzax viloyatining Zomin tumani Turkiston tog` tizmasining shimoliy yonbag`rida. Maqsadi-dengiz sathidan 1760-3500 m. balandlikda joylashgan archazorlar ekotizimini saqlash.

Nurota davlat qo`riqxonasi – 1975 y. tuzilgan. Maydoni-17752 ga. Joylashgan o`rni-Jizzax viloyati Forish tumani Nurota tog` tizmalarining shimoliy yonbag`rida. Maqsadi-yong`oqning noyob turlari, Svertsov qo`yi va qo`riqxona maydonining tabiiy komplekslarini muhofaza qilish.

Surxon davlat qo`riqxonasi — ikkita mustaqil bo`limdan iborat:

Orol-Payg`ambar-1971 y. tuzilgan. Termiz shahri yaqinidagi Amudaryo to`qayzorlaridan 3093 ga maydonni egallagan. Maqsadi-to`qayzorlar ekotizimini saqlash. Afg`oniston bilan chegara notinchligi uchun hozircha uning faoliyati to`xtatilgan.

Ko`xitog`-1987 y. tuzilgan. Maydoni-24583 ga. Joylashgan o`rni-Surxondaryo viloyati. Maqsadi -O`zbekistonning janubiy qismidagi tog` o`rmonlari ekotizimini saqlash.

Zarafshon davlat qo`riqxonasi – 1975 y. tuzilgan. Maydoni-2352 ga. Joylashgan o`rni –Samarqand viloyati Jomboy tumani, Zarafshon daryosining o`ng qirg`og`ida. Maqsadi – to`qayzorlar ekotizimini saqlash, zarafshon qirg`ovulini ko`paytirish.

Baday-Tuqay davlat qo`riqxonasi – 1971 y. tuzilgan. Maydoni-6462 ga. Joylashgan o`rni-Qoraqalpog`iston respublikasi Beruniy va Kegeyli tumanlari, Amudaryoning o`ng kirg`og`ida. Maqsadi-Amudaryo suvi sathining o`zgarib turishni hisobga olgan holda to`qayzorlar ekotizimini o`rganish va muhofaza qilish.

Qizilqum davlat qo`riqxonasi – 1971 y. tuzilgan. Maydoni-10141 ga. Joylashgan o`rni –Buxoro va Xorazm viloyatlari chegarasi Amudaryoning o`ng qirg`og`ida. Maqsadi – to`qayzorlar va cho`l ekotizimlarini saqlash, Buxoro bug`usi va Amudaryo qirg`ovulini asrash.

Milliy bog`lar

Respublikada milliy bog`larning umumiy maydoni 5800 kv.km. ga teng. Ular tog`li hududlarda tashkil qilingan bo`lib, ularda davlat qo`riqxonasidan farqli ravishda muhofaza qilish bilan birga ba’zi xo`jalik ishlari (dorivor o`simliklar yig`ish, suv yo`llaridan foydalanish, tog` daraxtlarining mevalarini yig`ish va shunga o`xshash ishlar) bajarilishiga, shuningdek uladan rekreatsion maqsadlarda foydalanishga ruxsat beriladi. Shuning uchun ham milliy bog`lar muhofaza rejimiga ko`ra II toifaga kiritilgan.

Respublikada 2 ta milliy bog` mavjud:

Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bog`i-1990 y. tashkil etilgan. Maydoni-574600 ga. Joylashgan o`rni-Toshkent viloyati G`arbiy Tyan-Shon tog` tizmasida. Maqsadi-nodir tog` landshaftlarini qo`riqlash, ulardan tartibli rekreatsion foydalanish.

Zomin milliy bog`i-1978 y. tashkil topgan. Maydoni-24110 ga. Joylashgan o`rni-Jizzax viloyati Turkiston tog` tizmasining shimoliy yonbag`rida. Maqsadi-tog` landshaftlarini qo`riqlash. Ulardan rekreatsioln maqsadlarda unumli foydalanish.

Buyurtmaxonalar

Tabiatning bu rezervatlari bir yoki bir necha turdagi o`simlik yoki hayvonni muhofaza qilish maqsadida belgilangan muddatga tuziladi. Maqsadga erishish uchun belgilangan muddat mahalliy hokimiyatlar qarori bilan uzaytirib borilishi mumkin.

Buyurtmaxonalarning soni 9 ta bo`lib, ularning umumiy maydoni 200 ming gektardan ko`proq. Ular quyidagilar:

Qorako`l buyurtmaxonasi (Buxoro viloyatida)

Qorakir buyurtmaxonasi (Buxoro viloyatida)

Dengizko`l buyurtmaxonasi (Buxoro viloyatida)

Qarnabcho`l buyurtmaxonasi (Samarqand viloyatida)

Qo`shrabot buyurtmaxonasi (Samarqand viloyatida)

Sarmish buyurtmaxonasi (Navoiy viloyatida)

Arnasoy buyurtmaxonasi (Jizzax viloyatida)

Sayg`oq buyurtmaxonasi (Qoraqalpog`iston respublikasida)

Sudochye buyurtmaxonasi (Qoraqalpog`iston respublikasida)


Mavzuni mustahkamlashga doir savollar

O`zbekistonning tabiiy boyliklari to`g`risida nimalarni bilasiz?

O`zbekiston respublikasi hududida qanday daryolar oqadi?

O`zbekistonda yer resurslardan foydalanishning holati qanday?

O`zbekiston respublikasi konstitutsiyasida tabiat muhofazasi masalasi ham qamrab olinganmi?

O`zbekiston respublikasida tabiat muhofazasiga bag`ishlangan qanaqa qonun va meyoriy hujjatlarni bilasiz?

O`zbekistonda tabiat muhofazasi bilan shug`ullanadigan davlat tashkilotlari va ularning faoliyati to`g`risida gapirib bering.

Ekologik ekspertiza nima?

Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar to`g`risida nimalarni bilasiz?

 

Mavzuga doir tayanch iboralar

         go`zal tabiat, o`simliklar dunyosi, hayvonot dunyosi, kimyoviy elementlar, yer zahiralari, daryo, suv ombori, melioratsiya, qonunchilik, kodeks, tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi, monitoring, REM, nozirlik, qo`riqxona, milliy bog`, buyurtmaxona.