Falsafiy antropologiya (inson haqidagi ta’limot)

Falsafiy antropologiya (inson haqidagi ta’limot)

Inson falsafiy muammo sifatida. Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson moddiy va ma’naviy borlig‘ining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan faylasuf yoki falsafiy yo‘nalishni topish deyarli mumkin emas. Aksariyat falsafiy va diniy tizimlar katta olam yoki makrokosmga zid o‘laroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining tagiga yetish borliq jumbog‘ining tagiga yetish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab yetganlar.Zero Forobiy aytganidek -”Odamlar o‘zlarining xos xususiyatlariga va tabiiy ehtiyojlariga ko‘ra jamiyat tuzadilar. Ularning harakat va fe’llarini dastavval bora-bora odatlarga aylanadigan tabiiy qobiliyatlar belgilaydi”1. O‘z-o‘zingni angla va shu orqali dunyoni anglaysan. Dunyoni insonning teran qatlamlariga kirmasdan sirtdan bilishga bo‘lgan barcha urinishlar narsalar haqida faqat yuzaki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Insondan sirtga qarab yuradigan bo‘lsak, narsalar mohiyatini hech anglay olmaymiz, zero bu mohiyat insonning o‘zida mujassamlashgan.

Bu fikr qadimgi mutafakkirlargayoq yaxshi ma’lum bo‘lgan. Unga turli ko‘rinishlarda Sharqda ham, yunon-rim falsafiy an’anasida ham duch kelish mumkin. Xususan, antik davrda Delfidagi Apollon ibodatxonasiga kiraverishda ustunga o‘yib yozilgan, rivoyatlarga qaraganda Suqrot takrorlashni yaxshi ko‘rgan «O‘z-o‘zingni angla», degan ibora ayniqsa mashhur bo‘lgan. Ajablanarlisi shundaki, oradan ikki yarim ming yil vaqt o‘tgach, hozir ham bu fikr o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U nafaqat narsalar dunyosini, balki inson borlig‘ining mohiyatini, inson va ijtimoiy munosabatlarning asl tabiatini tushunishga harakat qilayotgan har bir odam uchun o‘z-o‘zini anglashga chorlovchi fikr bo‘lib qolmoqda. Buni faqat shu bilan izohlash mumkinki, ayni holda har bir yangi avlod o‘z davri hamda tabiiy-ilmiy va falsafiy tasavvurlarning tegishli darajasi nuqtai nazaridan yechishga harakat qiladigan o‘ta murakkab, «boqiy» falsafiy masalalardan biri to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Tarixga boshqa ko‘p sonli iboralar ham ma’lum bo‘lib, ular vaqt, madaniyat va diniy e’tiqoddan qat’iy nazar, inson barcha zamonlarda butun dunyo mutafakkirlarining diqqat markazida bo‘lgani va hozir ham shunday ekanligi, tayanch nuqtasi va hatto bilish mezoni bo‘lib xizmat qilishidan dalolat beradi. Xususan, qadimgi xitoy faylasufi Lao Szi fikriga ko‘ra, «boshqalarni biluvchi – oqil, o‘zini biluvchi – donishmanddir». Protagorning: «Inson barcha narsalar mezonidir», degan fikri ham juda mashhur. «Tangri saltanati bizning ichimizdadir», deb o‘rgatgan Iso Masih. Buddaviylarning: «O‘zligingga nazar tashla, sen Buddasan», degan chorlovi ham yuqoridagi fikr bilan hamohangdir. Islomda «Kimki o‘zini bilsa, u o‘z Allohni ham bilgaydir», deyiladi.

Demak, inson o‘zini dunyodan oldinroq va ko‘proq biladi, ayni shu sababli u dunyoni o‘zidan keyin va o‘zi orqali anglab yetadi. Falsafa dunyoni inson orqali ichdan bilishdir, fan esa insondan tashqaridagi dunyoni yuzaki bilish demakdir. Insonda mutlaq borliq, insondan tashqarida esa – nisbiy borliq namoyon bo‘ladi.

Falsafa tarixida inson muammosi. Antik davrdan boshlab insonga bo‘lgan qiziqish dam kuchayib, dam ma’lum vaqt pasayib turgan, lekin hech qachon yo‘qolmagan. «Inson nima?», degan savol bugungi kunda ham avvalgidek jahon falsafasidagi o‘ta muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, insoniyatning eng o‘tkir aql-zakovat sohiblari e’tiboridan tushmay va ayni vaqtda o‘zining uzil-kesil, umumiy e’tirof etilgan yechimini topmay kelmoqda.

Inson har safar mutafakkirlar diqqat markazidan o‘rin olar ekan, uning mohiyatini yangi tarixiy sharoitda va yangicha nuqtai nazardan anglab yetishga harakat qilib, uni qayta va qayta yangidan kashf etganlar. Pirovardida, falsafa fanida insondan murakkabroq va ziddiyatliroq predmet yo‘q, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Inson barcha yaxshi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan o‘ziga xos, betakror va barkamol mavjudot – cheksiz mikrokosm sifatida ham, inson tabiatining norasoligi va buzuqligi tufayli halokatga mahkum bo‘lgan tabiat xatosi sifatida ham, Xudo yaratgan banda sifatida ham, boshqa odamlar faoliyatining mahsuli sifatida ham talqin qilinadi. Xususan, Sharq mutafakkiri A.Beruniy jahon fanida birinchi marta inson va tabiat, odam va olam o‘rtasidagi munosabatlarni dunyoviy fan nuqtai nazaridan o‘rganadi. U “odamlar tuzilishining rang, surat, tabita va axloqda turlicha bo‘lishi faqatgina nasablarining turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning, odam yashaydigan joylarning turlichaligi hamdir. Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli hoxishlarni ifodalash uchun zarur bo‘lgan so‘zlarga ehtiyoj tug‘ilishidir. Uzoq zamonlar o‘tishi bilan bu iboralar ko‘payib, yodda saqlangan va takrorlanish natijasida tarkib topib, tartibga tushgan” , deb hisoblaydi. Demak, Beruniy fikricha, insonning fe’l-atvori va ma’naviy qarashlari surati va siyrati bevosita tabiiy muhit ta’sirida shakllanadi. Zero, aynan shu tabiiy muhit, geografik sharoit xalqlar, millatlar shakllanishining muhim asosi bo‘la oladi. “Inson o‘z tabiatiga ko‘ra murakkab tanaga egadir. Insonning tanasi bir-biriga qarama-qarshi qismlardan iborat bo‘lib, bu qismlar tobelik kuchi asosida birlashgan” . Beruniy fikricha, hamma odamlarda o‘zaro bir-biriga o‘xshash va ayni paytda farq qilib turadigan jihatlar mavjud. Ibn Sino, “Inson boshqa barcha hayvonot olamidan so‘zi, tili va aqli, tafakkur qilishi bilan farq qiladi. Inson aqli turli fanlarni o‘rganish yordamida boyiydi” , deb hisoblaydi. Forobiy fikricha, inson o‘z tabiatiga ko‘ra hayotini tartibga keltirish, mustahkamlash va takomillashtirish uchun boshqa insonlarga muhtoj bo‘ladi. Yakka holda hech kim bunnig uddasidan chiqa olmaydi. “Inson shunday maxluqotki, u faqat jamiyatda o‘z ehtiyojlarini qondirishi va oliy ma’naviy darajaga ko‘tarilishi mumkin” . Inson o‘z hayotining me’mori, ijodkori bo‘lmog‘i, o‘zida fozila xislatlar, iste’dodlarni tarbiyalashi lozim. Bunga esa u jamiyatda yashab faoliyat ko‘rsatgandagina erishadi. Inson ijtimoiy mavjudod. Yolg‘izlik uzlat uni qashshoqlashtiradi, insoniy qiyofasini va baxtga olib boradigan iste’dodini yo‘qotadi. Ibn Xaldun insonga ijtimoiy voqelik sifatida qaraydi. Undan ijtimoiy mohiyat izlaydi. Inson jonzot sifatida ezgulik va yovuzlik olamidir. Shunga ko‘ra, u umrining har daqiqasida yovuzlikdan ko‘ra ezgulikka, yomonlikdan ko‘ra yaxshilikka, nafratdan ko‘ra muhabbatga intilib yashashga mahkum etilgan aql sohibi, bebaho ne’matdir.

Inson barcha ijtimoiy munosabatlar majmuidir, degan fikr insonga mexanistik nuqtai nazardan yondashgan Ma’rifat davri mutafakkirlari, xususan «Inson-mashina» deb nomlangan asar muallifi fransuz J.Lametri (1709-1751) ilgari surgan g‘oyalar bilan to‘qnashadi.

Boshqa bir mashhur fransuz faylasufi – R.Dekart (1596-1650) asarlarida inson mohiyati masalasiga nisbatan butunlay o‘zgacha yondashuvga duch kelamiz. U «inson fikrlovchi narsadir», deb hisoblaydi.

«Inson, u uzoq vaqt o‘ylaganidek, dunyoning statik markazi emas, balki evolyutsiyaning o‘ziga va cho‘qqisi bo‘lib, bu ancha go‘zalroqdir» , deb qayd etadi atoqli fransuz faylasufi va teologi P.T. de Sharden (1881-1955).

Unga zid o‘laroq, A.Shopengauer (1788-1860) inson nuqsonli mavjudot ekanligini ta’kidlaydi, uni «tabiat xalturasi» deb ataydi.

Fransuz yozuvchisi va faylasufi J.P.Sartr (1905-1980) bu fikrni butunlay rad etadi. Uning fikricha, inson kelajakka qarab intiladi va shu tariqa o‘zini o‘zi yaratadi. U «Inson – odamzot kelajagidir», deb ta’kidlaydi.

Shunday qilib, falsafaning ikki yarim ming yillik tarixi mobaynida insonga juda ko‘p ta’riflar va tavsiflar berildi, u ko‘p sonli sinonimlar orttirdiki, falsafiy tahlilning boshqa biron-bir obyektida bunday holga duch kelish mushkul. Zero, falsafa tarixida inson:

• «aqlli mavjudot»;

• «siyosiy hayvon»;

• «tabiat gultoji»;

• «hayotning boshi berk ko‘chasi»;

• «hayotning soxta qadami»;

• «mehnat qurollari yasovchi hayvon»;

• «o‘zlikni anglash qobiliyatiga ega mavjudot»;

• «ma’naviy va erkin mavjudot» va hokazolar sifatida talqin qilingan.

Fikrlarning bunday rang-barangligi sababini, avvalo, insonning o‘z tabiatidan izlash lozim. Inson tabiatining siri, hech shubhasiz, «boqiy muammolar»dan biri bo‘lib, falsafa o‘z predmetining mohiyati va xususiyatiga ko‘ra unga qayta-qayta murojaat etgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu yerda mazkur sohadagi barcha fikr-mulohazalarga mo‘ljal beruvchi insonning kelib chiqishi haqidagi masala ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Inson qayerdan va qanday paydo bo‘lgani haqidagi ko‘p sonli g‘oyalar orasidan eng muhimlarini ajratib olsak, ularning barchasini ma’lum darajada shartlilik bilan ikki asosiy konsepsiya – insonning tabiiy va g‘ayritabiiy kelib chiqishi haqidagi konsepsiyalar doirasida birlashtirish mumkin.

Insonning kelib chiqishi haqidagi birinchi yondashuv insonning paydo bo‘lishiga olib kelgan tabiatning qonuniy rivojlanishi g‘oyasidan kelib chiqadi. Bunda inson jonsiz, keyinchalik esa – jonli moddaning tabiiy evolyutsiyasi mahsuli sifatida qaraladi. Mazkur konsepsiya 1859 yilda inson kelib chiqishining tabiiy-ilmiy talqiniga asos bo‘lgan Ch.Darvinning «Hayvon va o‘simlik turlarining kelib chiqishi haqida» deb nomlangan mashhur asarini e’lon qilgan evolyutsion nazariyasiga tayanadi va hozirgi vaqtda molekular biologiya va gen injeneriyasi sohasida erishilgan eng so‘nggi yutuqlar ta’sirida o‘z shakl-shamoyilini sezilarli darajada o‘zgartirib, aksariyat olimlar uchun ularning ilmiy faoliyatida o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, insonda nafaqat o‘ta rivojlangan tirik jonzotlar, balki o‘ta sodda mavjudotlar bilan ham kuchli genetik o‘xshashlik mavjud. Xususan, shimpanze bilan bunday o‘xshashlik 98% ni, kalamush bilan – 80% ni va hatto banan bilan – 50% ni tashkil etadi.

Biroq, shuni ta’kidlash lozimki, «tabiiy» yondashuv tarafdorlari inson kelib chiqishining dunyoviy konsepsiyasiga ham (masalan, darvinchilar bilan bog‘liq holda bo‘lganidek), kosmik konsepsiyasiga ham tayanishlari mumkin.

Ikkinchi yondashuv insonga, Xudo yoki kosmik Aql mehnatining mahsuli sifatida qarab, uni g‘ayritabiiy asosdan keltirib chiqaradi. Garchi bu konsepsiya isbotlanganlik jihatidan birinchi ta’limotga hozirgi zamon tabiatshunosligi nuqtai nazaridan yon bersa-da, lekin falsafiy nuqtai nazardan u insonning tabiiy-ilmiy kelib chiqishi konsepsiyasi kabi mavjudlik huquqiga egadir, zero birinchi yondashuv ham, ikkinchi yondashuv ham oqilona asoslangan va uzil-kesil dalil-isbotlar keltirmaydi.

Insonga falsafa nuqtai nazaridan yondashuv. Biz insonga nisbatan sof falsafiy yondashuvga hali qaytamiz va falsafa inson bilan qancha shug‘ullanmasin, u haqda hamma narsani bilishi va mazkur bilimni uzil-kesil va eng so‘nggi haqiqat deb hisoblashi mumkin emasligini ko‘rsatib beramiz. Hozir esa shuni qayd etishni istar edikki, o‘zi haqida va o‘zini qurshagan dunyo haqida inson falsafa paydo bo‘lishidan ancha oldin mulohaza yurita boshlagan. Ammo keyinchalik, «donolikka muhabbat» paydo bo‘lgach ham, inson mavzusi falsafaning diqqat markazidan darhol o‘rin olgani yo‘q.

Insonni qurshagan tabiat haqida bilimlar to‘planishi va ularning rivojlanishiga qarab, odamzotning o‘z-o‘ziga bo‘lgan qiziqishi ham kuchayib bordi, inson borlig‘ining bu sohadagi tadqiqotlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratuvchi yangi va yangi o‘ziga xos xususiyatlari aniqlandi. Odatda, jamiyat hayotida tarixan qisqa vaqt ichida jiddiy va teran o‘zgarishlar yuz bergan, insoniy munosabatlar negizini tashkil etuvchi eskicha tasavvurlar va qarashlar ta’sirida butunlay o‘zgargan davrlarda insonga bo‘lgan falsafiy qiziqish ayniqsa kuchaygan. Bunday davrlarda falsafada insonning mohiyati, uning burchi, vazifasi va yuz berayotgan voqealar uchun javobgarligi haqidagi azaliy masalalarga bo‘lgan qiziqish yana kuchaygan. Shunday qilib, falsafaning ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika kabi bo‘limlari bilan bir qatorda, inson haqidagi bilimlar sohasi asta-sekin shakllanib bordi. Bu yerda inson nafaqat turli tomonlardan tahlil qilindi, balki uning ijtimoiy, tabiiy va kosmik jarayonlar bilan o‘zaro aloqalari ham o‘rganildi.

Xo‘sh, bilimning bu sohasida asrlar mobaynida qanday ijobiy bilimlar to‘plangan? Insonni tushunish borasida taraqqiyotga erishildimi? Falsafa va fan sohasida erishilgan insonning mohiyatini tavsiflovchi, uning muhim xususiyatlarini yoritib beruvchi qanday shak-shubhasiz yutuqlarni qayd etish mumkin?

Insonni bilish borasidagi ko‘p asrlik sa’y-harakatlarni bir yerga jamlab, ularning orasidan uzil-kesil yechilgan deb hisoblash mumkin bo‘lganlarini ajratib olsak, shak-shubhasiz yutuqlar soni uncha ko‘p bo‘lmaydi. Ular orasida avvalo shu dalilni qayd etish lozimki, insonning paydo bo‘lishi Yerda hayotning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u o‘z ibtidosi va muayyan tarixiga egadir. Xususan, 1982 yil Vatikandagi Rim Papasi fanlar akademiyasi tashkil etgan kongress ishtirokchilari – dunyoga mashhur antropologlar, bioximiklar va genetiklar hozirgi zamon tabiatshunosligiga tayanib, inson va hayvonot dunyosi o‘rtasida yaqin aloqa mavjud, degan umumiy xulosaga keldilar.

Inson va uni qurshagan dunyo tadrijiy rivojlanishini isbotlangan deb hisoblash mumkin. Bu nafaqat arxeologiya va Yer geologik tarixi bilan tasdiqlanadi, balki Yerdagi hayotga doir hozirgi tasavvurlardan va umumiy e’tirof etilgan «kengayib boruvchi Olam» nazariyasi tushuntiradigan dunyodagi evolyutsion jarayonlardan ham kelib chiqadi.

Biroq fan, ayniqsa genetika ba’zan bizning avvalgi tasavvurlarimizni butunlay o‘zgartiradigan yangi kashfiyotlar qilishda davom etmoqda. Xususan, jonli mavjudotlarning biologik nusxalarini yaratish imkoniyatini beruvchi klonlash ketidan genetiklar, shov-shuvga sabab bo‘lgan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, qadimgi faylasuflarning ilgari faqat odatdagi tajribaga tayangan o‘lmaydigan odam yo‘qligi haqidagi taxminiy (induktiv) xulosani jiddiy shubha ostida qoldirishga qodir natijaga yaqinlashdilar. Jumladan, italyan olimlari sut emizuvchilarning qarish jarayonini P66SHC sifatida ma’lum bo‘lgan alohida gen boshqarishini aniqladilar. Ular mazkur genni «nazorat osti»ga olish va shu tariqa sinalayotgan hayvonlar umrini populyatsiya bo‘yicha umrning o‘rtacha uzunlik ko‘rsatkichiga nisbatan 35% ga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldilar.

Shunga qaramay, bugungi kunda jismoniy umrboqiylik ilmiy nuqtai nazardan biologiyaning fundamental qonunlariga zid hisoblanadi. Bu qonunlarga muvofiq hujayralarning bo‘linish yo‘li bilan ko‘payish qobiliyatining susayib borishi inson hayotini cheklaydi. Xususan, insonning yetuk organizmi taxminan 50 000 milliard hujayradan iborat ekanligi aniqlangan. «Odamda uning umri mobaynida bir hujayra avlodida ketma-ket bo‘linishlar soni elliktagacha bo‘ladi. Bo‘linish jarayonlari maromini hisobga olganda, shuni taxmin qilish mumkinki, inson umrining uzunligi (ba’zi bir istisno hollardan tashqari) 110 yoshdan oshishi mumkin emas»1.

Biroq fan bir joyda to‘xtab turgani yo‘q va shu bois matbuotda vaqti-vaqti bilan paydo bo‘layotgan genetik olimlarning hujayra qarishini to‘xtatadigan moddani topish, shuningdek organizmda mazkur moddaning ajralishini boshqaradigan genni aniqlash borasidagi urinishlari haqidagi xabarlar o‘ziga jiddiy e’tibor berishni talab qiladi.

Inson nima va uning mohiyati qanday degan savollarga javob topish uchun yo‘l ochadigan ba’zi bir muhim muammolarning ta’riflanishini ham ilmiy tadqiqotlarning shak-shubhasiz natijasi deb hisoblash lozim. Ularning eng muhimi – insonning kelib chiqishi, shuningdek ong, til, ijod, axloq, ma’naviyat va shu kabilarning tabiatini aniqlashdir.

Ko‘rsatilgan muammolarni anglab yetishga ahd qilgan har qanday odam,

o hayot nima?

o birinchi odam qayerda va qachon paydo bo‘lgan?

o inson ma’naviyatining tabiati qanday?

o Yerda inson paydo bo‘lishining sababi nimada?

o bunda muayyan mantiq, qonuniyat, azaldan belgilangan muqarrarlik mavjudmi yoki bunga qandaydir tasodif, anomaliya, kimningdir xohish-istagi sabab bo‘lganmi?

o hayot kosmik hodisami yoki faqat bizning sayyoramizda mavjudmi?

o inson butun Koinotdagi birdan-bir aqlli mavjudotmi?, kabi masalalarni e’tibordan chetda qoldirishi mumkin emas.

Bu va boshqa shunga o‘xshash masalalar yechimini topish ustida falsafiy tafakkur ham, ilmiy tafakkur ham tinimsiz izlanadi. Ammo tabiatshunoslik uchun ularning aksariyati nafaqat mushkul, balki yechib bo‘lmaydigan, ba’zi bir hollarda esa umuman ochiq masalalar hisoblanadi, chunki ular xususida mavjud bilimlar shu qadar oz, yuzaki va muammolarga to‘laki, bunday bilimlarga asoslangan mulohazalar (boshqacha mulohazalar umuman mavjud emas) o‘zining ishonchlilik darajasiga ko‘ra taxminiy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Ammo fan o‘z kuchini yo‘qotgan, yoki, hali kuchga to‘lmagan joyda aniq ta’riflar, bir xillashtirilgan til, yagona metodologiya va ishonchli dalillar bilan cheklanmagan falsafa o‘zini erkin his qiladi. Bu muayyan soha – antropologiyada o‘z ifodasini topadi.

Falsafa «boqiy» masalalarni o‘rganar va butun borliqning dastlabki asoslari va muhim qadriyatlarini aniqlashga harakat qilar ekan, u uzil-kesil yechimlar va shak-shubhasiz javoblar olishga da’vogarlik qilmaydi. Sinovdan o‘tkazilgan dalillar va isbotlangan asoslarning yo‘qligi uni xijolatga solmaydi, zero falsafa intuitsiya, g‘oyibona ta’sir, ilhom, mantiqiy kuchga asoslangan farazlar, taxminlar, to‘ldirishlar bilan kifoyalanadiki, bu unga mavjud bilimlar va shakllangan tasavvurlar doirasidan chetga chiqib, aniq isbotlangan ilmiy yechimga ega bo‘lmagan narsa yoki hodisani o‘zgacha tarzda, erkin tushuntirish imkonini beradi. Shu tariqa falsafa insonni bilish chegaralarini kengaytirib, uni nafaqat yuqoriroq darajaga ko‘taradi, balki yangi muammolarni qo‘yish imkonini beruvchi yangicha yondashuvlar, o‘zgacha nuqtai nazarlar va eng muhimi – eski muammolarning yangicha talqinlari bilan boyitadi.

Shu ma’noda S.Sheroziyning «Inson nimadan boshlanadi?», degan savolga hech ikkilanmasdan: «Inson marhumga motam tutishdan boshlanadi», deb javob beradi . Dunyoga keldimu, bozorga bordim, kafanni oldimu, mozorga bordim .

Shunday qilib, haqiqiy falsafada muayyan masalalar, ayniqsa inson bilan bog‘liq murakkab masalalar xususida bir xil fikrlash hollari kuzatilmaydi. Bundan farqli o‘laroq, fanda bir fikrlilik u yoki bu muammoning uzil-kesil yechimi topilganidan dalolat beradi. Masalan, «abadiy dvigatel»ni yaratish masalasi xususida olimlar orasida to‘la bir fikrlilik hukm suradi: hozirgi zamon tabiatshunosligi qonunlariga muvofiq bunday dvigatelni yaratish mumkin emas. Ammo fandan farqli o‘laroq, falsafaning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u har qanday hodisani o‘rganish va tushunishda tayaniladigan qadriyatlar va mo‘ljallar tizimidan tashkil topadi. Ayni shu sababli bu yerda u yoki bu faylasufning dunyoni qanday tushunishi, uning hayotga munosabati, ayniqsa, muhim rol o‘ynaydi. U qaysi aksiomalarni ilgari surishi, qaysi ustuvorliklarni qayd etishi, nimani muhim deb hisoblashi, nimaga ishonishi yoki ishonmasligidan faylasufning boshqa narsalarga bo‘lgan tegishli munosabati, uning umumiy va xususiy masalalarga doir falsafiy pozitsiyasi kelib chiqadi.

Shunday qilib, bilimni umumiy maxrajga keltirish an’anasi uzoq vaqt hukm surgan fandan farqli o‘laroq, falsafa har xil, shu jumladan bir-birini istisno etadigan nuqtai nazarlarni ilgari suradi, ayni bir hodisalar va obyektlarni tushunishga nisbatan har xil yondashuvlarni ta’riflaydi. Insonni tushunishga doir turli-tuman falsafiy konsepsiyalarning ko‘pligi ayni shu hol bilan izohlanadi. Bu konsepsiyalarda inson azaldan dam umumiy obraz sifatida, dam o‘z individual borlig‘idagi muayyan odam sifatida, dam boshqa odamlar, jamoa, jamiyat, insoniyat bilan, nihoyat, tabiat, kosmos bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan aqlli mavjudot sifatida talqin qilinadi.

Insonning ko‘p o‘lchovliligi. Shu bilan bir qatorda insonni o‘rganishga nisbatan boshqa ko‘p sonli yondashuvlarni ham qayd etish mumkin bo‘lib, ularning orasida «introvertiv» va «ekstrovertiv» yondashuvlar ayniqsa ajralib turadi.

Introvertiv yondashuv insonning ong, jon, ruhiyat, instinktlar, nuqsonlar, fazilatlar kabi muhim xususiyatlarini tahlil etib, uni «ichdan» tushunish, anglab yetishni nazarda tutadi. Bunda insonning jismoniy va ma’naviy mohiyati haqidagi falsafiy mulohazalar aksariyat hollarda tabiiy fanlarning empirik ma’lumotlariga, avvalambor biologiya va psixologiya yutuqlariga tayanadi, lekin ba’zan mistika, ezoterika, okkultizm bilan belgilanadi. Bunday yondashuvlar ayniqsa nemis antropologlari M.Sheler (1874-1928) va A.Gelen (1904-1976), avstriyalik faylasuf K.Lorens (1903-1989) ijodiga xosdir.

Ekstravertiv yondashuv insonga nazar tashlash, uning mohiyatini tahlil qilish go‘yoki «sirtdan» amalga oshiriladiki, buning natijasida diqqat markazidan uning ijtimoiy va tabiiy mohiyati o‘rin oladi; tegishli mo‘ljallarga muvofiq insonning Xudo, kosmos, universum va shu kabilar bilan aloqasi tahlil qilinadi. Bu yerda falsafa ko‘pincha tarix, sotsiologiya, ekologiya, teologiya bilan ittifoq tuzadiki, bu hol diniy falsafa vakillari N.A.Berdyayev, S.N.Bulgakov, S.L.Frank, N.O.Losskiy kabi vakillariga ko‘proq xosdir.

Shunday qilib, insonni falsafiy tushunish uchun yagona asos mavjud emas, xuddi shuningdek bunday asos yaqin kelajakda paydo bo‘lishiga umid qilish uchun ham asoslar yo‘q. Hozircha faqat shuni qayd etish mumkinki, diqqat markazidan yuqorida sanab o‘tilganlardan qaysi biri, chunonchi: kosmos, tabiat, Xudo, jamiyat yoki bevosita inson o‘rin olganiga qarab, falsafa tarixida insonni tushunish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda asos bo‘ladigan turli falsafiy nuqtai nazarlar farqlanadi. Ularning orasida kosmotsentrizm, teotsentrizm, sotsiotsentrizm va antropotsentrizm ayniqsa keng tarqalgan bo‘lib, turli davrlarda ularning har biri har xil ko‘rinishda namoyon bo‘lgan, lekin inson muammolarini o‘rganuvchi falsafiy konsepsiyalarda doim u yoki bu tarzda mavjud bo‘lgan.

Sharq falsafasida inson. Qadimgi Sharq, xususan Xitoy falsafiy tizimlari asosan sotsiotsentrik konsepsiyalardan iborat bo‘lib, ularda inson, odatda, jamiyat, sotsium bilan uzviy bog‘liq deb qaraladi. «Ideal munosabatlar qonuni»ga odamlar o‘rtasida, oila, jamiyat, davlatda rioya qilish inson hayotining muhim ma’nosi hisoblanadi; bunga jamiyatda qabul qilingan me’yorlar, qoidalar, rasm-rusumlar va shu kabilarga izzat-ikrom bilan yondashish imkoniyat yaratadi. Boshqacha aytganda, inson o‘z shaxsiy hayotini doim jamiyat ravnaqi, kamoloti bilan o‘lchashi lozim, xususan, u keyinchalik oila va davlatni takomillashtirishga harakat qilish uchun o‘zini kamol toptirishi lozim. Shu ma’noda mashhur qadimgi xitoy faylasufi Konfutsiy (mil. av. 551-479 yillar)ning fikrlari diqqatga sazovor bo‘lib, u shunday deb saboq beradi: «qilmishlarning asoslari va tamoyillarini o‘rgansang, yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlaring (axloqiy bilimlar) barkamollikning eng so‘nggi darajasiga yetadi. Niyatlar sof va xolis bo‘lsa, qalb rostgo‘y va samimiy bo‘ladi. qalb rostgo‘y va samimiy bo‘lsa, inson to‘g‘ri yo‘lga kiradi, kamol topadi. Inson to‘g‘ri yo‘lga kirsa va kamol topsa, oilada tartib o‘rnatiladi. Oilada tartib hukm sursa, xalqlarni boshqarish osonlashadi. Xalqlarni boshqarish osonlashsa, butun dunyo tinch-totuv yashaydi»1.

Qadimgi hind falsafasiga dunyoning ichki dunyosini birinchi o‘ringa qo‘yish, ya’ni antropotsentrizm xosdir.

Masalan, buddizmda nirvanaga erishish inson barcha niyatlarining pirovard maqsadi deb e’lon qilinadi. Nirvana jonning shunday bir holatiki, bunda har qanday mayllar yo‘qoladi va ichki uyg‘unlik yuzaga keladi, mutlaqo erkinlik va tashqi dunyoga qaram emaslik tuyg‘usi paydo bo‘ladi.

Qadimgi hindlarning boshqa bir diniy-falsafiy ta’limoti – jaynizm nuqtai nazaridan inson o‘zining ma’naviy mohiyati bilan moddiy mohiyatni nazorat qilish va boshqarishga erishish uchun uzoq va og‘ir yo‘l – jonning erkinlashuvi yo‘lini bosib o‘tishi lozim.

Markaziy Osiyo mutafakkirlari qarashlarida insonni nazariy aql boshqaradi. Jumladan al-Forobiy fikricha “Inson shaxsini shakllantiradigan, uni boshqa maxluqotlardan ajratib turadigan va unda insoniy xislatlarni rivojlantiradigan narsa uning faol aqlidir Bu kuch avval- boshda faqat qobiliyatdir bu quvvat o‘ylash, mulohaza yuritishga qobil, ammo hayotga tadbiq etish, ya’ni joriy qilishga qobil emas” . Aqlni hayotga tadbiq etish uchun, unga tashqi kuch ta’sir etishi kerak, bu esa faol aqldir.Faol aql — mustaqil quvvat bo‘lib, o‘z mohiyati, Birinchi va ikkinchi va boshqa sabablar mohiyati haqida fikrlay oladi. Aynan shu faol aql odam imkoniyatlarining tashqi voqealarga ta’sir etishi va uni rivojlantirishga turtki beradi. Forobiy ta’biri bilan “moddiy aqldan amaliy aqlning yuqoriroq pillapoyasiga ko‘tariladi va uning faol aqlga munosabati quyosh bilan ko‘zni solishtirlandek bo‘ladi” . Agar quyosh bo‘lmasa, inson narsalarni ko‘ra olmaydi. Faol aql quyoshi inson ruhi da paydo bo‘lganidan keyin, aqliy quvvat faol aqlga qaraydi. Inson tabiat gultoji, ya’ni aqlli mavjudod. Yusuf Xos Xojib fikricha inson dunyoda abadiy emas, bu dunyoga kelgan har qanday odam vaqti yetgach ketadi. Inson umrining qimmati necha yil yashagani bilan emas, qanday ezgu ishlarni amalga oshirganligi, hayotda qoldirgan izi bilan belgilanadi. U kishi olamdan o‘tgandan so‘ng, bu dunyoda undan ikki xil, biri yomon, ikkinichisi yaxshi degan nom qoladi Inson iloji boricha o‘zidan yaxshi nom qoldirishi, yaxshi olqish olishi lozim deb ta’kidlagan

Umuman olganda, barcha zamonlarda insonda umumiy asosni izlash bilan band bo‘lgan Sharq tafakkuriga hozir ham insonni va uning tashqi dunyo bilan aloqasini tushunishga nisbatan G‘arb falsafasidagidan o‘zgacha yondashuv xosdir. XX asr boshida hind mutafakkiri S.Vivekananda shunday deb yozgan edi: «Inson tabiatni o‘ziga bo‘ysundirish uchun tug‘iladi va bu o‘rinlidir, ammo G‘arb «tabiat» deganda faqat moddiy, tashqi dunyoni tushunadi. Bu tashqi tabiat o‘zining barcha tog‘lari, okeanlari, daryolari, o‘zining cheksiz kuchlari, cheksiz rang-barangligi bilan juda ulug‘vor, lekin undan ham ulug‘vorroq dunyo borki, bu insonning ichki dunyosidir. U quyosh, yulduzlar, yer va butun moddiy Koinotdan yuksakroq, bizning shaxsiy jajji hayotlarimizning tor chegarasiga sig‘maydigan dunyodir. G‘arb odami tashqi dunyoda «o‘ziniki» bo‘lganidek, bu ichki dunyoda Sharq odami ham xuddi shunday «o‘ziniki»dir. Shu bois… G‘arb ma’naviy dunyo nima ekanligini, xudo nima ekanligini, inson joni nima ekanligini bilmoqchi, dunyoning siri va mazmuni nimada ekanligini anglab yetmoqchi bo‘lsa, u Sharq oyoqlari ostiga cho‘kib quloq solishi kerak. Hamonki dunyo hozir ma’lum ma’naviy uyg‘onishga muhtoj ekan, bunda u kuchni Sharqdan oladi» …

Ibn Xaldun fikricha, inson tabiatida ezgulik va yovuzlik mavjud. Agar odamlar o‘z holiga qo‘yilsa va insoniylik ruhida tarbiyalanmasa, unda Xudo ne’matini qo‘lga kiritish kamdan –kam kishiga muyassar bo‘ladi. Xayr va shayorr oralig‘ida qolib, har ikkisidan birini tanlash lozim bo‘lganida, unda sharrni tanlaydi, zero inson tabiatida sharrga moyillik ko‘proq. Adolatsizlik va boshqalarga hujum qilish insonlarga xos xislat. Shuning uchun jamiyatda kishilarning bir-birlariga jabr qilmasliklari uchun ma’xrifatga erishmoq zarur

Keltirilgan so‘zlar nafaqat teran ma’noga ega, balki hozirgi dunyoning globallashuvi va yagona insoniyatning shakllanishi nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.

G‘arb falsafasida inson. Sharq tafakkurida insonga nisbatan yuqorida qayd etilgan yondashuvlar bilan bir qatorda tabiat, kosmos muammolari ham qadimdan muayyan o‘rin egallab keladi. Bunda insonga ulkan dunyodagi bir zarra sifatida qaraladi. Ammo dunyoga nisbatan kosmotsentrik yondashuv antik falsafa rivojlanishining ilk bosqichlariga ko‘proq xosdir. Dunyoning mazkur talqiniga muvofiq birinchi o‘ringa Suqrot davridayoq falsafaning diqqat markazidan o‘rin olgan inson haqida mulohaza yuritish uchun ham tegishli zamin hozirlovchi dunyo va kosmos muammolari chiqadi.

Kosmotsentrizm nuqtai nazaridan inson avvalo kosmosning bir qismi sifatida, «kichkina dunyo» sifatida (Demokrit), ba’zan jonli organizm sifatida tasavvur qilinadigan makrokosm bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan mikrokosm sifatida idrok etiladi. Antik faylasuflar Koinotni va unda mavjud tartibni tushunish orqali insonning o‘zini ham anglab yetish mumkin deb hisoblaganlar (Platon, Aristotel). Bunda tafakkur, bilim, aql-zakovat va donishmandlik muhim rol o‘ynagani bois, ular doim kosmotsentristlar tomonidan yuksak baholangan, inson va uning qobiliyatlariga baho berishda birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

Bunday qarashlar Yevropa falsafiy an’anasida V asrgacha, ularning o‘rnini teotsentrizm konsepsiyasi egallagunga qadar kuzatiladi. Bu konsepsiyaga muvofiq hamma narsani Xudo belgilaydi. Xristianlikning mohiyatini aks ettiruvchi turli kreatsionistik nazariyalarga ko‘ra butun dunyo, shu jumladan jonli dunyo (o‘simliklar, hayvonlar, inson) darhol va o‘zining mukammal ko‘rinishida yaratilgan. Injilning dunyo olti kunda yaratilgani haqidagi rivoyatiga asoslangan bu nuqtai nazar yevropaliklar tafakkurida Darvinning evolyutsion nazariyasi paydo bo‘lgunicha, ya’ni XIX asrning o‘rtalariga qadar hukm surdi. Xristianlar dunyosida dindor odamlar orasida u bugungi kunda ham amal qilmoqda.

Teotsentrizm nuqtai nazaridan insonning mohiyatini anglab yetish, masalan, qadimgi yunon faylasuflari yoki keyingi materialistik falsafiy konsepsiyalardagi kabi oqilona fikrlash yo‘li bilan emas, balki Muqaddas Kitobda ta’riflangan vahiylar yordamida amalga oshiriladi. Bu vahiylarni faqat Injil aqidalariga e’tiqod qilish orqali tushunib yetish mumkin. Teotsentrizm nuqtai nazaridan e’tiqod nuridan charog‘on bo‘lgan aql dunyodagi ilohiy tartibning tarkibiy qismi sanalgan va «Xudoning timsoli» sifatida amal qiladigan insonning o‘zini emas, balki uning ba’zi bir jihatlarinigina aniqlashga yordam beradi. Ayni shu sababli xristianlik, Xudoni oliy mohiyat deb e’tirof etadigan va insonga U yaratgan banda sifatida qaraydigan boshqa teotsentrik falsafiy tizimlar kabi, insonni Xudoning o‘zi singari tagiga yetish mumkin bo‘lmagan sir, jumboq deb e’lon qiladi.

Teotsentrizm falsafasini boshqa falsafiy nuqtai nazarlar – antropotsentrizm va kosmotsentrizm siqib chiqara boshlagan Uyg‘onish davrida insonga doir qarashlarda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘rta asrlarda inson u yoki bu korporatsiya vakili sifatida amal qilgan bo‘lsa, Uyg‘onish davrida u o‘zlikni anglash tuyg‘usi va ijtimoiy nuqtai nazari o‘sishi natijasida o‘z manfaatlarini ifoda eta boshladi. Inson shaxs sifatida kamol topdi. U o‘zini o‘z shaxsiy hayoti va taqdirining bunyodkori sifatida tobora kuchliroq anglay boshladi. Inson mustaqillikka va tabiatni o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qildi, o‘z ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishona boshladi. Mazkur qarashlar italyan faylasufi Piko della Mirandolaning «Inson qadr-qimmati haqida so‘z» deb nomlangan mashhur asarida o‘z aksini topdi. Tasviriy san’at, me’morchilik, axloq, estetika, adabiyot va pedagogikani yaxshi tushunadigan har tomonlama komil inson o‘sha davrning idealiga aylandi. Uyg‘onish davri bu idealga to‘la mos keladigan Leonardo da Vinchi, Alberti Bottichelli, Rafael kabi atoqli shaxslarni dunyoga berdi.

O‘sha davr falsafasida insonga bo‘lgan qiziqishning kuchayishi bilan bir qatorda tabiatga bo‘lgan qiziqish ham tiklandi. N.Kuzanskiy, J.Brunoning panteistik konsepsiyalari xristianlar Xudosini siqib chiqara boshladi. Yunonlarning kosmotsentrizmi tabiiysentrizm sifatida qayta anglab yetildi. Bunda antik faylasuflarning markazida Yer joylashgan pirovard kosmos haqidagi tasavvurlari cheksiz va markazsiz kosmosga o‘rin bo‘shatdi.

Bunday kosmos umumiyroq va kengroq tushuncha – «tabiat» bilan tenglashtiriladi. Shundan beri u turli falsafiy tizimlarda faol o‘rganiladi. Xususan, Ma’rifat davri falsafasida fundamental tushunchaga aylanadi, Shelling ijodida markaziy o‘rin egallaydi, shuningdek ekologiyaga qarab mo‘ljal oluvchi ayrim hozirgi falsafiy konsepsiyalarda dunyo va insonni tushunishda tayanch nuqtasi hisoblanadi. Mazkur yondashuvga ko‘ra inson tabiatning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bunday qarashlarning izchil tarafdorlari, masalan, XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangan ijtimoiy ekologiya namoyandalari e’tiborni haddan tashqari keng qaratadigan tabiatdan uning muayyan qismiga – inson o‘z hayot faoliyatini amalga oshiradigan biosferaga qaratish lozimligini qayd etadilar va bunda antropotsentristik qarashlardan voz kechib, ularni biosferotsentrizm bilan almashtirishni talab qiladilar. Biosferotsentrizmda falsafiy tadqiqotlar markaziga inson o‘rniga tabiatni qo‘yish taklif qilinadi va shu tariqa tabiat inson ehtiyojlari nuqtai nazaridan qaralmaydi, inson mohiyati va uning ehtiyojlari esa tabiiy qonunlarni va biosferaning tadrijiy rivojlanish tendensiyalarini bilish nuqtai nazaridan tadqiq etiladi.

Yangi davrda inson falsafaning diqqat markazidan tushmadi, lekin unga bo‘lgan qiziqish asosan, ijtimoiy munosabatlardagi ishtiroki bilan bog‘landi. Yangi davrda insonga biluvchi subyekt sifatida yondashildi. Masalan, Dekart insonning mohiyati, o‘ziga xos xususiyatini uning tafakkuri, fikrlash qobiliyatida ko‘rdi. XVIII asr fransuz materialist faylasuflari (Didro, Golbax, Gelvetsiy, Lametri) tabiatshunoslik va mexanika sohasida erishilgan hayratomuz yutuqlar ta’sirida insonning jonini ong bilan, tanasini esa – avtomat, mashina bilan tenglashtirib, uni mexanistik talqin qildilar.

Buyuk nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) insonni tushunish yo‘lida muhim qadam tashladi. U inson betakror mavjudot va u haqda alohida falsafiy mulohaza yuritish mumkin, deb hisoblar edi. Ayni vaqtda, u «inson uchun maktab bo‘lib xizmat qiladigan madaniyat sohasidagi barcha muvaffaqiyatlarning maqsadi o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarni amalga tatbiq etishdan iboratdir. Ammo bu bilimlar tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan dunyodagi eng muhim predmet insondir, zero u o‘zi uchun pirovard maqsaddir»1, deb qayd etadi.

Dunyoning butun rang-barangligi orasida I.Kant tabiatning turli, lekin bir-biri bilan uzviy bog‘langan uch darajasi: notirik tabiat, tirik tabiat va inson tabiatini farqladi. Uning fikricha, bu darajalarning har birida tabiat o‘z qonunlariga, chunonchi: notirik tabiat – mexanika qonunlariga, tirik tabiat – maqsadga muvofiqlikka bo‘ysunadi, inson tabiati esa erkinligi bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda u inson tabiatini qolgan ikki tabiatga bog‘lash va ular orqali bilish mumkin emasligini ta’kidlaydi. Inson tabiatini faqat uning erkinlikdan kelib chiqadigan o‘z qonunlariga muvofiq anglab yetish mumkin. Shunday qilib, I.Kant inson tabiatning undagi boshqa jonli va jonsiz obyektlar kabi o‘ziga to‘q obyekti hisoblanishi haqidagi fikrni ilgari surish orqali insonni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi va shu tariqa falsafiy bilimning mustaqil bo‘limi sifatida falsafiy antropologiyaning yaratilishiga yo‘l ochdi.

I.Kantdan keyin nemis klassik falsafasida inson asosan madaniyat dunyosini yaratuvchi ma’naviy faoliyat subyekti sifatida, umumiy ideal asos – ruh, aql manbai sifatida tushunildi. L.Feyerbax (1804-1872) bu yondashuvga qarshi chiqdi. O‘sha davrda obyektiv idealizm falsafasida hukm surgan tushunchalar («g‘oya», «ruh»)ga zid o‘laroq, u «inson» kategoriyasini ilgari surdi. Feyerbax insonga tarixiy ma’naviy rivojlanish mahsuli sifatida emas, balki avvalo biologik, hissiy-jismoniy mavjudot sifatida yondashib, undagi tabiiy-biologik asosga murojaat etdi. Unda inson Xudo yaratgan banda emas, balki tabiatning bir qismi bo‘lib, fransuz faylasuflari qayd etganidek mexanizm emas, balki organizmdir.

Ayni shu sababli Feyerbax falsafasi «antropologik materializm» degan nom oldi. Uning insonga nisbatan yondashuvi shu bilan tavsiflanadiki, insondagi tabiiylik va ijtimoiylik materialistik monizm nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Bu inson bir vaqtning o‘zida notirik va tirik tabiatning tadrijiy rivojlanishi mahsuli sanalgan biologik mavjudot sifatida ham, mohiyati ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadigan ijtimoiy mavjudot sifatida ham qaralishini anglatadi.

XIX asrdan boshlab Yevropa falsafiy tafakkuri F.Shelling, A.Shopengauer, M.Shtirner, S.Kerkegor, F.Nitsshe, N.Berdyayev, A.Bergson kabi faylasuflarning sa’y-harakatlari bilan inson mavjudligini individual va tarixiy muayyanlashtirish sari yuz burdi. Hayot, sezgilar, xohish-iroda, irratsionallik tushunchalari maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylandi va keyinchalik ekzistensializm, intuitivizm va personalizm falsafasida rivojlantirildi.

Xususan, ekzistensializm nuqtai nazaridan obyektiv dunyo – bu avvalo «inson borlig‘i» bo‘lib, insondan tashqarida dunyo haqida biron-bir gap aytish mumkin emas. Inson borlig‘i to‘g‘risida so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi, chunki inson borliq xususida savollar beradi, uning mazmunini tashkil etgan holda uni boshdan kechiradi, anglab yetadi.

Inson muammosiga qisqacha tarixiy-falsafiy nazar tashlash XX asr boshiga kelib falsafada bilimning yangi mustaqil sohasi – inson haqidagi ta’limot, ya’ni falsafiy antropologiya vujudga kelishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko‘rsatadi.

Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi. Yunoncha sophia – donishmandlik, anthropos – inson va logos – ta’limot so‘zlaridan kelib chiqqan «falsafiy antropologiya» atamasi etimologik jihatdan inson haqidagi falsafiy ta’limotni anglatadi. Falsafiy antropologiya insonning alohida borliq manbai sifatida kelib chiqishi, tadrijiy rivojlanishi va mavjudligining o‘ziga xos xususiyatlariga doir falsafiy qarashlarni aks ettiradi.

Yuqorida qayd etilganidek, inson haqidagi falsafiy ta’limotlar qadimda vujudga kelgan va butun falsafa tarixi orqali o‘tadi. Konfutsiy, Suqrot, Geraklit, stoiklar, kiniklar, Avgustin, Foma, Forobiy, Ibn Sino, A.Navoiy, A.Jomiy, Dekart, Russo, Kant, Feyerbax, Nitsshe va boshqalar insonning falsafiy, nazariy obrazini yaratib, falsafiy antropologiya falsafiy bilimning mustaqil bo‘limi sifatida vujudga kelishi uchun zamin hozirladi.

Shu ma’noda falsafiy antropologiyaning ilk ildizlariga XVIII asr fransuz materialistlarining asarlarida duch kelish mumkin. Ammo Kant, shuningdek, insonning mohiyati muammosini falsafaning «birdan-bir, universal va oliy» predmeti darajasiga ko‘taruvchi antropologik tamoyillarni falsafaga kiritgan va asoslab bergan Feyerbax sa’y-harakatlari bilan falsafiy antropologiya mustaqil falsafiy fan sifatida shakllana boshladi.

Falsafiy antropologiya XX asrning 20-yillarida asosan M.Sheler, A.Gelen, X.Plesner asarlari ta’sirida uzil-kesil vujudga keldi. Xususan, M.Shelerning «Insonning kosmosdagi o‘rni» asarida inson haqida fundamental fan yaratish lozimligi qayd etiladi va uni falsafiy bilish dasturi taklif qilinadi. Muallif fikriga ko‘ra, insonni yaxlit falsafiy bilish inson borlig‘ining turli jabhalariga nisbatan olingan muayyan ilmiy natijalar bilan birikishi lozim.

M.Sheler falsafiy antropologiya insonning yaxlit konsepsiyasini yaratib, uni muayyan ilmiy, falsafiy va diniy jihatdan anglab yetishda birlashtiruvchi rol o‘ynashi lozim, deb hisoblaydi. U «Falsafiy antropologiyaning vazifasi insonning barcha o‘ziga xos monopoliyalari, ishlari va amallari: til, vijdon, asboblar, qurol… davlat, rahbarlik, mif, din, fan… inson borlig‘ining asosiy strukturasidan qanday kelib chiqishini aniq ko‘rsatib berishdan iboratdir»1, deb qayd etadi.

Falsafiy antropologiya fanining mohiyati. Inson haqidagi bilimlarni birlashtirish lozimligi xususida Shelerdan oldinroq ham so‘z yuritilgan edi. XIX asr o‘rtalariga kelib inson o‘ta murakkab struktura ekanligi, uni faqat falsafa yoki boshqa biron-bir muayyan fan metodlari bilan to‘la anglab yetish mumkin emasligi, ya’ni inson jamuljam holda aniq bilim predmeti bo‘la olmasligi aniq-ravshan bo‘lib qoldi. Shuningdek, ayrim tabiiy fanlar, har biri o‘z sohasida, vaqt o‘tishi bilan umumiyroq xulosalarga kelishni talab etuvchi salmoqli material to‘pladi.

Bunday umumlashtirishga ehtiyoj Darvinning evolyutsion nazariyasi paydo bo‘lishi bilan ayniqsa bo‘rtib ko‘rina boshladi. Bu nazariya insonga oid tabiiy-ilmiy tadqiqotlarga kuchli turtki berdi, shuningdek materialistik falsafiy konsepsiyalar rivojlanishi uchun qo‘shimcha asos bo‘lib xizmat qildi.

Mazkur yondashuv tarafdorlari inson ko‘p o‘lchovli va muttasil o‘zgaruvchi mavjudot ekanligidan kelib chiqadi. Garchi uning muhim xususiyatlari ming yillar mobaynida o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsa-da, ular insonning mohiyatini to‘la namoyon etmaydi. Bu yondashuv tarafdorlari inson o‘z oldiga yangi va yangi jumboqlar qo‘yayotgan, tashqi dunyoni, o‘zining undagi o‘rnini aniqlashga harakat qilayotgan, atrof muhitni o‘rganish orqali uni o‘z ixtiyoriga ko‘ra o‘zgartiradigan faol asos sifatida amal qiladigan mikrokosm hisoblanishiga ham e’tiborni qaratmoqdalar.

Boshqacha aytganda, inson bunyodkor va ayni vaqtda madaniyat mahsuli, o‘zini qolgan jonli dunyodan farqlash imkonini beruvchi ma’naviyat manbaidir.

Falsafiy antropologiya tarafdorlari insonning mazkur talqinidan kelib chiqib, bu fan izchil ilmiy qarashlarni ilgari surishga da’vogar bo‘la olmasligini va ayrim fanlar: psixologiya, sotsiologiya, biologiya va boshqa ijtimoiy fanlarning turli yondashuvlari va xulosalarini sintezlovchi inson haqidagi bilimlar tizimini yaratishga qaratilishi lozimligini qayd etmoqdalar. Ularning fikricha, bu fan o‘z predmeti sifatida inson borlig‘ini belgilaydi, uning mohiyatini va o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil etib, shu tariqa insonning o‘zini ham, uni qurshagan dunyoni ham falsafa nuqtai nazaridan anglab yetishga harakat qiladi. «Antropologiya yoki aniqroq aytganda – antropologik ong nafaqat ontologiya va kosmologiyaga, balki gnoseologiya va bilish falsafasiga, har qanday falsafa va har qanday bilishga zamin yaratadi»1.

XX asrning 60-70-yillarida falsafiy antropologiya shunday bir g‘oyaviy harakatga aylandiki, uning doirasida olimlar insonning hozirgi holatini nazariy jihatdan anglab yetish va talqin qilish, uning tabiatiga nisbatan yangicha yondashuvni ilgari surishga harakat qildilar. Bu davrda yuz bergan fan-texnika taraqqiyoti va insonning o‘z ilmiy va amaliy faoliyati natijalari uchun javobgarlik tuyg‘usining kuchayishi falsafiy antropologiyaning rivojlanishiga qo‘shimcha turtki berdi. Shunday qilib, u endi inson haqidagi bilimlarning umumiyroq majmui – umumiy antropologiyaning tarkibiy qismiga aylandi. Bu fan turli-tuman ta’limotlar, konsepsiyalar va yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladiki, ularning orasida falsafiy yo‘nalishdan tashqari biologik, teologik (diniy), sotsiologik, psixologik, madaniy (etnografik), strukturalistik, pedagogik va boshqa yo‘nalishlarni qayd etish mumkin.

Ularning har biri, falsafiy yo‘nalishdan farqli o‘laroq, insonning muayyan bir tomonini yoritadi. Masalan, biologik antropologiya anatomiya, fiziologiya, irq haqidagi ta’limot va shu kabilarga tayanib, insonning qolgan barcha tirik mavjudotlardan farqini uning jismoniy tuzilishi nuqtai nazaridan aniqlaydi. Teologik antropologiya inson haqidagi tegishli tasavvurlarni uni Xudo yaratgani nuqtai nazaridan shakllantiradi. Falsafiy antropologiya esa butunlay boshqa vazifani hal qiladi – u vaziyatga yaxlit yondashadi va fanlararo xususiyatga ega bo‘lgan xulosalar chiqaradi.

Falsafiy bilimning tarkibiy qismi sifatida falsafiy antropologiya ijtimoiy falsafa, axloq, sotsiologiya va psixologiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ular bilan birgalikda inson haqidagi fanlar majmuini tashkil etadi.

Insonnning bioijtimoiy mohiyati. Falsafiy antropologiya yechadigan muhim muammolar orasida inson biologik va ijtimoiy mohiyatining o‘zaro nisbati to‘g‘risidagi masala alohida o‘rin egallaydi. Inson jonli tabiatning bir qismi, shuningdek biologik evolyutsiya mahsuli ekanligi hozirgi zamon tabiatshunosligi fanida nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki ma’rifatli odamlarning keng doirasi uchun ham aniq-ravshan va deyarli shak-shubhasiz dalilga aylandi. Har bir inson o‘z biologik xususiyatlari: genetik kodi, vazni, bo‘yi, mijozi, terisi va sochining rangi, yashash muddati va shu kabilarga ko‘ra betakrordir. Biroq ayni vaqtda inson ijtimoiy mavjudot ekanligi, uning o‘ziga xosligi va betakrorligi odamzotning ijtimoiy tabiati, u kamol topgan, ta’lim-tarbiya olgan, madaniy va axloqiy qadriyatlar va mo‘ljallarni o‘zlashtirgan ijtimoiy muhit bilan belgilanishi ham shak-shubhasizdir.

Ayni shu sababli inson individi nafaqat biologik, balki ijtimoiy mavjudot sifatida ham o‘ziga xos xususiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, insonning kamol topishi jamiyatda va faqat jamiyatda yuz beradi.

Insonni tushunishda dualizm va monizm. Odamlar o‘rtasidagi biologik va ijtimoiy farqlarni va ularni betakrorligini tan olishdan inson tabiatining yaxlitligini tushunishga nisbatan ikki muhim yondashuv: dualistik va monistik yondashuvlar kelib chiqadi.

Qadim zamonlarda vujudga kelgan insonga nisbatan dualistik yondashuv shundan iboratki, odamzot, bir tomondan, moddiy organizmdan, boshqa tomondan esa – mustaqil mohiyat sanaladigan va bu organizmni boshqaradigan nomoddiy jondan tashkil topgan mavjudot sifatida qaraladi. Bu yondashuv, masalan, boqiy g‘oyalar dunyosida yashaydigan o‘lmas jon inson tug‘ilayotgan paytda uning tanasiga xuddi zindonga tushgandek kirib o‘rnashadi, uning o‘limidan keyin esa vujudni tark etib, yana g‘oyalar dunyosiga qayta, deb hisoblagan Platon falsafasida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Jonlarning o‘lmasligi g‘oyasi Sharq falsafiy an’anasiga ham xosdir.

Hozirgi olimlarning aksariyati qo‘llab-quvvatlaydigan inson talqinining monistik konsepsiyasi inson ruhiyati, uning tuyg‘ulari, fikrlari, emotsiyalari va kayfiyati inson organizmining tarkibiy qismi sanalgan bosh miya nerv hujayralari hayot faoliyatining mahsulidan o‘zga narsa emas, degan tushunchadan kelib chiqadi. Bu yondashuv tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ruhiy hodisalar qandaydir nomoddiy asosga ega, deb hisoblash uchun yetarli dalillar mavjud emas, shu sababli ruhiyat tabiatini tushuntirishda inson organizmida yuz beradigan moddiy jarayonlar chegarasidan chetga chiqishning hojati yo‘q.

Shunday qilib, tavsiflangan muammo inson o‘z tabiatiga ko‘ra faqat biologik mavjudotmi yoki faqat ijtimoiy mavjudotmi, degan masala bilan bog‘lanmaydi. U, hech shubhasiz, ham biologik, ham ijtimoiy mavjudotdir.

Ammo bu ikki asosning o‘zaro nisbati qanday, ularning biri ikkinchisidan ustunroqmi va inson mohiyatini nima belgilaydi – bu endi qizg‘in bahs-munozaralar predmetidir. Mazkur masalalar hanuzgacha o‘zining uzil-kesil yechimini topgani yo‘q, hozirda mavjud turli biologik, psixologik va falsafiy maktablar bu savollarga har xil javoblar beradi.

Yuqorida zikr etilgan muammoning yechimiga nisbatan mavjud yondashuvlar orasida insonning bioijtimoiy tabiatini tushunishga nisbatan qarama-qarshi nuqtai nazarlar ifodasi sanalgan biologizatorlik va sotsiologizatorlik konsepsiyalari alohida o‘rin egallaydi. Bunda ularning har biri boshqasini butunlay rad etmaydi, ammo insonning muayyan bir (biologik yoki ijtimoiy) tabiatini ustunroq qo‘yadi yoki hatto mutlaqlashtiradi.

Biologizatorlik konsepsiyalari. Biologizatorlik konsepsiyalarining tarafdorlari insonni uning tabiiy, biologik asosidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladi. XVIII asr oxirida jamiyat hayotiga ayrim odamlarning o‘z mavjudligi uchun kurash maydoni sifatida qarashni taklif qilgan T.Maltus nazariyasini bunday tushuntirishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish deb hisoblash mumkin. Maltus fikricha, bu kurashda kuchlilar g‘olib chiqadi, kuchsizlar esa halok bo‘lishga mahkumdir. Mazkur kurashga tabiiy omillar turtki beradi. Xususan, aholi soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari taklifi esa faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda ocharchilik, epidemiyalar, urushlar va boshqa ijtimoiy tangliklarga olib keladi. Mazkur omillarga Maltus kuchlilarning yashab qolishini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarning «tabiiy», muqarrar va hatto zarur tartibga solish vositalari sifatida qaraydi.

Demografik muammolarning yechilmagani, shuningdek ular XX asrda yanada keskinroq tus olishi shunga sabab bo‘ldiki, Maltus g‘oyalari neomaltuzchilar deb nomlangan o‘z davomchilarini topdi va topishda davom etmoqda.

Biologizatorlik yondashuvlari XIX va XX asrlar chegarasida Darvinning tabiiy tanlanish haqidagi ta’limotini mutlaqlashtirib, nafaqat insonning kelib chiqishi, balki uning mohiyatini, pirovard natijada esa – butun ijtimoiy munosabatlar tabiatini tushuntirishga harakat qilgan sotsial-darvinistlarga ham xosdir. Hozirgi vaqtda bu yo‘nalishni odamlarga ham, hayvonlarga ham teng darajada xos bo‘lgan irsiyatga urg‘u beruvchi sotsiobiologiya davom ettirmoqda. Sotsiobiologlar fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori ham, hayvon xulq-atvori ham irsiy omillar bilan belgilanadi va hech kim o‘z irsiyati ta’sirini – u xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon – yengishga qodir emas.

Inson tabiati xususida shunga o‘xshash qarashlarga ayrim odamlarning boshqa odamlardan ustunligini faqat ularning «oliy» yoki «past» irqqa mansublik belgisiga ko‘ra e’lon qiluvchi irqchilik konsepsiyalarida ham duch kelish mumkin. Bu, xususan, «irqiy tozalik» uchun kurash olib borgan va «irqiy tanlanish»ni amalga oshirish g‘oyasini faol ilgari surgan fashistik mafkurada ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Mazkur g‘oyalar zamirida asosan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida keng tarqalgan «inson irsiyatining oliy sifati»ga qanday vositalar bilan va qay tarzda erishish mumkinligi haqidagi ta’limot – yevgenika yotadi.

XX asr boshlarida bu ta’limot shu darajada keng tarqaldiki, ayrim mamlakatlarda davlat siyosati bilan uzviy bog‘landi. Xususan, 1920-1930-yillarda Daniya, Shvetsiya va Norvegiyada jamiyatda tabiiy tanlanishni ijtimoiy mustahkamlovchi irqiy qonunlar qabul qilindi.

Sotsiologizatorlik konsepsiyalari. Biologizatorlik yondashuviga zid o‘laroq, sotsiologizatorlik yondashuvi inson tabiatini ijtimoiy munosabatlarda ko‘rishga harakat qiladilar. Bunda ular ba’zan nafaqat insonning ijtimoiy asosini uning biologik asosiga qarama-qarshi qo‘yadilar, balki so‘nggi zikr etilgan asosni hayvoniy va hattoki tuban, shu bois jiddiy e’tiborga loyiq emas, deb hisoblaydilar. Asosiy e’tibor ijtimoiy munosabatlar tahliliga va individ, shaxsning shakllanishida jamiyat qanday rol o‘ynashini aniqlashga qaratiladi. Pirovardida ijtimoiy asos individual asosga qaraganda ustunroq ahamiyat kasb etadi, uni o‘ziga bo‘ysundiradi va qamrab oladi. Mazkur yondashuv total ijtimoiy tizimlarga va ularni asoslashga harakat qiluvchi falsafiy ta’limotlarga, xususan, Platon falsafasi ayniqsa xosdir. Umuman olganda, bu individualizm va kollektivizm muammosidir.

Insonning mohiyati. Insonning mohiyatini tushunishga harakat qilish jarayonida u nafaqat tashqi, balki ichki, pinhona xususiyatlarga ham ega ekanligini, ular jamuljam holda insonning individ, individuallik, shaxs kabi tushunchalarda aks etadigan muayyan obrazini shakllantirishini ham hisobga olish lozim. Boshqacha aytganda, insonning mohiyatini uning ichki va tashqi borlig‘i birligida, uning dunyoga faol munosabatida izlash kerak.

Shunday qilib, individ muayyan insonning umumiy obrazi sifatida amal qilsa, individuallik uni muayyan o‘ziga xos xususiyatlar sohibi sifatida tavsiflasa, «shaxs» tushunchasiga yanada torroq ma’no yuklanadi, chunki ayni holda inson uning barcha ijtimoiy sifatlari bilan jamuljam holda olinadiki, bu faqat ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu tizimini nazarda tutgan holda shaxs to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradi. Ya’ni keng talqinga yo‘l qo‘yadigan «individ» va «individuallik» tushunchalari nafaqat insonga nisbatan, balki individual xususiyatlarga ega bo‘lgan ayrim tirik mavjudot, hayvonga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin. «Shaxs» tushunchasi esa doim ijtimoiy mavjudot sifatidagi inson bilangina bog‘liq bo‘lib, faqat shu ma’noda, ayrim insonni uning jamiyatdagi o‘rni, «ijtimoiy qiyofasi» nuqtai nazaridan tavsiflaydi.

Kezi kelganda yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, har qanday shaxs zamirida oqilona faoliyat yotuvchi ongli-ixtiyoriy faollik tavsiflanadi. Shuningdek inson yangi moddiy va ma’naviy boyliklar yaratib, o‘z ijodiy imkoniyatlarini izchil ro‘yobga chiqarish orqali shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

Hozirgi zamon fanida shaxsning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi uch muhim omil: irsiyat, madaniy muhit va yashash sharoiti farqlanadi. Bu omillar o‘zaro ta’sirga kirishishi natijasida inson shaxs sifatida o‘ziga xos xususiyatlar majmui: tegishli ehtiyojlar, qiziqishlar, mijoz, qobiliyatlar, maqsadlar, mo‘ljallar, ma’naviyat va shu kabilarga ega bo‘ladi. Insonning mazkur betakror individual xususiyatlari asosan u yashayotgan muhitdagi ijtimoiy va madaniy shart-sharoitlar ta’sirida shakllanadiki, bu shaxsning shakllanishi va kamol topishida jamiyat juda muhim rol o‘ynashini qayd etish imkonini beradi. Ayni vaqtda shaxs umumiy e’tirof etilgan me’yorlarga muvofiq yoki ularga zid shakllanishi va kamol topishi mumkin. Bu ma’noda ijobiy shaxslar to‘g‘risida ham, salbiy shaxslar to‘g‘risida ham so‘z yuritish mumkin.

Hozirgi vaqtda aksariyat olimlar va faylasuflar inson evolyutsiyasidagi ijobiy jarayonlarni va ijtimoiy o‘zgarishlar imkoniyatlarini ijtimoiy munosabatlarning insonparvarlashuvi, odamlar ongidan umuminsoniy me’yorlar mustahkam o‘rin olishi bilan bog‘lamoqdalar. Bunda inson o‘zining butun umri mobaynida, bir tomondan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga harakat qilib, boshqa tomondan esa – o‘zini qurshagan ijtimoiy va tabiiy muhit ta’sirini his etib, yaxlit bir butun hodisa sifatida, uzluksiz tadrijiy rivojlanishini e’tiborga olish lozim. Boshqacha aytganda, o‘zining kamol topish jarayonida u doim ham subyekt, ham obyekt hisoblanadiki, bu shaxsning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi va hayot mazmunini izlashi bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir muhim falsafiy muammo yuzaga kelishini belgilaydi.

Hayotning mazmuni va insonning vazifasi. Inson hayotning tezoqarligini yodda tutishi, uning shomini kuzatishi, odamzot hayotining bebaholigi haqida o‘ylashi, o‘lim haq ekanligini unutmasligi lozimligi haqidagi fikrlarga biz falsafa fani shakllanish jarayonining ilk bosqichidayoq, G‘arb falsafiy an’anasida ham, Sharq falsafasida ham duch kelishimiz mumkin. Shundan beri o‘tgan ikki yarim ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida bu borada deyarli hech qanday o‘zgarish yuz bergani yo‘q, zero, avvalgidek, odamzotning hayot yo‘li tug‘ilish va o‘lish sanalari bilan chegaralanadi. Shuningdek, birinchi sana doim muayyan, aniq bo‘lsa, ikkinchi sana inson umrining oxirgi soniyalarigacha mavhum bo‘lib qoladi.

Ayni shu sababli hayotning mazmuni muammosi har bir inson qarshisida ertami-kechmi ko‘ndalang bo‘ladi va u o‘ziga aniq va uzil-kesil javob topish mumkin bo‘lmagan savollarni beradi. «Bu dunyoda nima uchun yashayapman?», deb so‘raydi o‘zidan inson va agar bu savolga o‘zi javob bermasa, o‘z hayotiga muayyan mazmun baxsh etmasa, bu ishni uning o‘rniga hech kim va hech qachon bajarmasligini vaqt o‘tishi bilan anglay boshlaydi. Abadiyat qarshisida, o‘lim qarshisida har kim oxir-oqibatda o‘zi bilan o‘zi tanho qoladi.

Albatta, jamiyatda inson o‘zini bu darajada yolg‘iz his etmaydi, biroq, ekzistensialistlar fikriga ko‘ra, bu hol toki inson boshqalarning ham o‘z hayoti borligi va ular ham o‘z hayotining mazmuni va o‘zining vazifasi haqidagi o‘ta shaxsiy muammolarni mustaqil yechish zaruriyati qarshisida turganini anglab yetgunga qadar davom etadi.

Bundan ekzistensializm falsafasida yolg‘izlik muammosi kelib chiqadi. Aslida, mazkur muammo falsafiy antropologiyada ham inson borlig‘i tahlilidagi bosh muammolardan biri hisoblanadi.

Hayotni tark etish bosqichlari. Biologik mavjudot sifatida har bir inson o‘limga mahkumdir. Buni qadimgi mutafakkirlar ham yaxshi tushungan. Xususan, o‘z muxoliflaridan birining: «O‘ttiz tiran seni o‘limga hukm etdi», degan gapiga Suqrot: «Ularni esa o‘limga tabiat hukm etgan», deb javob bergan. Ammo odamzot ijtimoiy mavjudot sifatida ham o‘limga mahkumdir.

Hozirgi zamon fanida o‘lish jarayonining to‘rt bosqichi farqlanadi. Bu bosqichlarga organizmda yuz beradigan va uning qarishini tavsiflaydigan orqaga qaytarib bo‘lmaydigan biologik o‘zgarishlar sabab bo‘ladi.

Xususan, 25 yoshdan boshlab va ayniqsa 45 yoshdan keyin insonda har kuni u tug‘ilgan paytga qadar «jamlangan» va boshqa hech qachon yangilanmaydigan o‘n minglab nerv hujayralari (neyronlar) halok bo‘ladi. Ammo bosh miya qobig‘ida bunday hujayralar soni 40 milliardga yetadi va shu sababli «qariyotgan normal miya uchun bu jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lmaydi, chunki unda yana o‘n milliardlab neyronlar normal faoliyat ko‘rsatishda davom etadi»1.

Amalda insonning hayotni tark etishi u odamlardan o‘zini olib qochib, jamiyatdan uzoqlashishi bilan tavsiflanadigan ijtimoiy o‘lim yuz berganida boshlanadi.Surunkali giyohvand moddalarini iste’mol qilish, kashandalik, ichkilikbozlik, o‘z hayotidan doimiy norozilik ijtimoiy o‘limni bildiradi. So‘ngra ruhiy o‘lim yuz beradi, bunda inson hayot tugagani va o‘limning muqarrar ekanligini va o‘z hayoti davomida hech narsaga erisha olmaganini anglaydi. Miya o‘lishi bilan bosh miya faoliyati butunlay to‘xtaydi, organizmning turli funksiyalarini boshqarish barham topadi. Bu jarayon fiziologik o‘lim bilan yakunlanadi. Bunda insonning uni tirik organizm sifatida tavsiflovchi barcha funksiyalari uzil-kesil to‘xtaydi.

Xulosalar. Muayyan inson o‘z hayoti so‘nishining yuqorida sanab o‘tilgan bosqichlarini anglamasligi ham mumkin (aksariyat hollarda shunday bo‘ladi), ammo u o‘z hayot yo‘lidan ilgarilar ekan, bu dunyoda nima uchun yashayapman, degan savolga o‘z harakatlari, qilmishlari bilan javob beradi. Agar inson ularni hali to‘la anglab yetmagan bo‘lsa, mazkur vazifani yechish o‘z hayot yo‘lini endigina tanlayotgan odam uchun ham, umrining shomida ortga nazar tashlab, o‘z hayotini sarhisob qilayotgan odam uchun ham teng darajada mushkul ish bo‘lib qoladi.

Inson o‘z tabiatiga ko‘ra o‘limga mahkum, ammo, buni tushungan holda, u o‘zi bilan bog‘liq hamma narsa o‘zining tug‘ilish va o‘lish sanalari bilan chegaralangan qisqa vaqt oralig‘ida jamlanganini tan olishni istamaydi. U o‘z taqdirini ijtimoiy muhim maqsadlar, ma’naviy uyg‘onish bilan bog‘lashga harakat qilishi ayni shu hol bilan izohlanadi.

Yana bir yo‘lni din taklif qiladi. Bu yerda u yoki bu e’tiqodlarga qarab, hayotning mazmuni va shaxsiy umrboqiylikka erishish haqidagi savolga shaklan har xil, lekin mazmunan juda o‘xshash javoblar beriladi. Ularda asosan u dunyo chin dunyo ekanligi, bu dunyoda bajarilgan ishlarga haqiqiy baho u dunyoda berilishi va shu kabilar to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Yana bir imkoniyat – bu dunyoda o‘z hayotini odamlarga, ezgulik, haqiqat va adolatga xizmat qilishga bag‘ishlashdan iborat. Shu tariqa inson o‘z ishlari, g‘oyalari va qilmishlari bilan kelgusi avlodlar xotirasida qolish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Inson bu yo‘llarning qaysi birini tanlashi faqat uning o‘ziga bog‘liq. U o‘z hayotida bu yerda ko‘rsatilganidan butunlay boshqa yo‘lni tanlashi ham mumkin. Lekin ertami-kechmi har bir inson hayotda o‘zi tanlagan yo‘lning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida mulohaza yuritishi muqarrardir.

Tajribaviy amaliy matnlar

Falsafiy antropologiya, inson, hayot, tasodif, anomaliya, Yerda inson paydo bo‘lishi, inson ma’naviyati, insonning ko‘p o‘lchovliligi, kosmotsentrizm, teotsentrizm, sotsiotsentrizm, antropotsentrizm, biosferotsentrizm, ekzistensializm, insonnning bioijtimoiy mohiyati, insonni tushunishda dualizm va monizm, biologizatorlik konsepsiyalari, sotsiologizatorlik konsepsiyalari, insonning mohiyati, hayotning mazmuni, hayotni tark etish, insonning vazifasi.


Qo‘shimcha va tushuntiruvchi matnlar

Mustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar

1. Turli falsafiy tizimlarda inson haqidagi tasavvurlar qanday shakllangan?

2. Falsafiy antropologiya qachon vujudga kelgan va u nimani o‘rganadi?

3. Antropologiyadagi falsafiy va boshqa yo‘nalishlar o‘rtasidagi farq nimada?

4. Nima uchun inson mohiyati «boqiy» falsafiy muammo hisoblanadi?

5. Insonda biologik va ijtimoiy asoslarning o‘zaro nisbati qanday?

6. Inson haqida yagona fan bo‘lishi mumkinmi?

7. Insonning bioijtimoiy tabiati falsafiy muammo hisoblanadimi?

8. «Biologizatorlik» va «sotsiologizatorlik» konsepsiyalarini qanday baholaysiz?

9. Falsafa hayotning mazmunini anglashda yordam berishi mumkinmi?

10. Umrboqiylik mumkinmi?


Referat mavzulari

1. Insonni falsafiy tushunishning o‘ziga xos xususiyatlari.

2. Falsafa tarixida inson muammosi.

3. Insonni o‘rganishga nisbatan falsafiy va tabiiy-ilmiy yondashuvlarning farqi.

4. Falsafiy antropologiyaning shakllanish bosqichlari.

5. Inson kelib chiqishining falsafiy konsepsiyalari.

6. Inson biologik va ijtimoiy tabiatining birligi.

7. Inson, individ, shaxs.

8. Inson hayotining mazmuni muammosi.

9. «Hayot», «o‘lim», «umrboqiylik» falsafiy kategoriyalar sifatida.

10. Falsafa insonning vazifasi haqida.

Bilim va ko‘nikmalarni baholash materiallari

1. Quyidagi so‘zlar muallifi kim: «Inson o‘zini dunyodan oldinroq va ko‘proq biladi, ayni shu sababli u dunyoni o‘zidan keyin va o‘zi orqali anglab yetadi…”?

A. N.A.Berdyayev

B. V.Solovev

V. V.Kuznetsov

G. A.Chumakov

2. «Inson-mashina» asarining muallifi kim?

A. J.Lametri

B. Dj.Berkli

V. Dj.Bruno

G. B.Spinoza

3. Insonning paydo bo‘lishi haqidagi evolyutsion konsepsiya asoschisi kim?

A. Ch.Darvin

B. K.Linney

V. Ch.Pirs

G. A.Eynshteyn

2. Insonni o‘rganishning introvertiv yondashuvi vakillari to‘g‘ri ko‘rsatilgan javobni toping?

A. M.Sheler, A.Gelen, K.Lorens

B. N.A.Berdyayev, A.Gelen, K.Lorens

V. S.L.Frank, L. P.Karsavin, S.N.Bulgakov

G. N.O.Losskiy, L. P.Karsavin, S.N.Bulgakov

3. Falsafa tarixida inson haqidagi qarashlarni «antropologik materializm» sifatida baholangan faylasuf kim?

A. L.Feyerbax

B. I.Kant

V. V.Gegel

G. F.Nitsshe

Adabiyotlar:

1. Nazarov Inson qadri va shaxsiy qadriyatlar //Qadriyatlar falsafasi.-T.:UFMJ,2004. –B.96-106.

2. Berdyayev N.A. O naznachenii cheloveka. -M.: Progress, 1993.

3. Choriev A. Inson falsafasi. –Toshkent.: O‘FMJ, 2006

4. Borzenkov V.G., Yudin B.G. Filosofskaya antropologiya: Uchebnoye posobiye. -M.: AST, 2005.

5. Garanina O.D. Filosofiya cheloveka. -M.: 2006.

6. Gurevich P.S. Chelovek. -M.: 1995.

7. Kamyu A. Buntuyushiy chelovek. -M.: 1990.

8. Kuvakin V.A. Tvoy ray i ad: Chelovechnost i beschelovechnost cheloveka. –SP(b).: 1998.

9. Molodsova Ye.I. Traditsionnoye znaniye i sovremennaya nauka o cheloveke. -M.: 1996.

10. Mochalov Ye.V. Antropologiya vseyedinstva v russkoy filosofii. –SP(b).: 2006.

11. Olport G. Stanovleniye lichnosti: Izbr. tr.: per. s angl. —M.: 2002.

12. Teyyar de Sharden P. Fenomen cheloveka. -M.: 2002.

14. Fromm E. Dusha cheloveka. -M.: 1992.

15. Koshkarova N.I. Bitiye cheloveka v kulture : Na materiale amer. kultur. antropologii : dissertatsiya … kandidata filosofskix nauk : 09.00.11. Ufa, 1996.

16. Mandshir D. Sotsializatsiya kak filosofsko-antropologicheskaya problema : dissertatsiya … kandidata filosofskix nauk : 09.00.13. Moskva, 2000.