Bilish darajalari. Hissiy, empirik, nazariy va intuitiv
Hissiy, empirik, nazariy va intuitiv bilish darajalari
Hissiy darajadagi bilimning shakllari. Sezgi a’zolari orqali olingan bilim – hissiy bilimlardir. Sezgi a’zolari yoki narsalarning xossalarini sezgi a’zolari sezish va idrok etishi natijasida olingan bilimhissiy bilamdir. Masalan, inson uchayotgan samolyotni ko‘radi va buning nimaligini biladi.
Sezgi va idrok. Bilish faoliyatida sezgi – narsalar ayrim xossalarining sezgi a’zolari orqali his qilingan oddiy obrazi, in’ikosi, nusxasi yoki o‘ziga xos surati dastlabki sezgi obrazi hisoblanadi. Masalan, aplesinda biz to‘q sariq rang, o‘ziga xos hid, ta’mni sezamiz. Sezgilar insondan tashqaridagi muhitda yuz berayotgan va uning sezgi a’zolariga ta’sir ko‘rsatayotgan jarayonlar ta’sirida yuzaga keladi. Ovoz va yorug‘lik to‘lqinlari, mexanik bosim, kimyoviy ta’sir va hokazolar tashqi ta’sirlantiruvchilar hisoblanadi.
Forobiy bilishning ikki shakli – hissiy va oqilona bilishni farqlaydi. Insonni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi sezgilar roliga e’tiborni qaratar ekan, Forobiy ularni besh turga ajratadi. U sezgilarni bilimning asosiy manbai deb hisoblab, sezgilar faqat narsaning in’ikosi narsaning o‘ziga mos tushgan holda haqiqiy bo‘lishi mumkin deb qayt etadi. Forobiyning bilishda va umuman hissiy idrok etishda sezgilarning roli haqidagi qarashlari Aristotelning «sezmaydigan odam hech narsani bilmaydi va tushunmaydi», degan fikriga juda o‘xshash.
Insonning hayvondan farqi shundaki, u aql va sezgilar yordamida bilimlarni o‘zlashtirishga qodir. «Aql kuchi» borliq narsalarining fikriy in’ikosini o‘zida gavdalantiradi. Dunyoviy hodisalarning mohiyati va sabablarini bilgan aql osmon jismlari va ularning shakllarini bilishga harakat qiladi. Shu oxirgi bosqichda insonga ta’sir ko‘rsatuvchi koinot aql bilan birikadi va boqiylik xususiyatini kasb etadi.
Aql dunyoning yaralish bosqichlari sifatida inson va birinchi sabab o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi, birinchi sabab esa, o‘z navbatida, aqlga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Harakatlanuvchi aql jon bilan ruh orqali bog‘lanadi, jon inson tanasidan o‘rin oladi, shunday qilib, nodunyoviy hayot jihatlari insonga o‘tadi va pirovardida inson mohiyati, bilimlari – uning aqli boqiylik xususiyatini kasb etadi.
Forobiy fikricha, sezgilar tartibga ega bo‘lganidek, aqlning ham o‘z tegishli tartibi mavjuddir . Birinchi metod tabiiy fanlar (fizika)ga, ikkinchisi – matematikaga mos tushadi. Ikkala metoddan ham faqat fanda narsa va hodisaning u yoki bu jihatini teranroq tushunish maqsadida foydalaniladi.
Sezgilar dunyoning sifat jihatidan rang-barangligining obyektiv xususiyatini aks ettiradi va uning ta’sirida yuzaga keladi. Sezgilar hodisalarning miqdor ko‘rsatkichlari haqida ham ancha boy axborot beradi. Sezgilar bir xil ohangdagi ovozlar o‘rtasidagi farqni ularning kuchiga qarab, rang tuslarini, temperaturadagi o‘zgarishlarni, narsalar va jarayonlardagi boshqa farqlarni ancha aniq aks ettiradi. Sezish qobiliyatining yo‘qolishi muqarrar tarzda ongning yo‘qolishiga olib keladi.
Sezishning ko‘rish, eshitish, tebranish, paypaslash, ob-havo, og‘riq, muvozanat va tezlashishni his etish, hid, ta’m bilish kabi umumiy organik turlari farqlanadi. Sezgilarning har bir shakli o‘zining ayrim ko‘rinishi orqali materiya harakatining mazkur shakli va turi, masalan, elektromagnit, ovozli tebranishlar, kimyoviy ta’sirlar va hokazolarning umumiy xossalarini aks ettiradi.
Har qanday predmet juda ko‘p har xil jihatlar va xossalarga egadir. Masalan, qand bo‘lagini olaylik: u qattiq, oq, shirin, ma’lum shakl, hajm va vaznga ega. Bu xossalarning barchasi bir predmetda mujassamlashgan. Biz bu xossalarni alohida-alohida emas, balki yaxlit holda — qand bo‘lagi sifatida idrok etamiz va tushunamiz. Binobarin, yaxlit obrazni idrok etishning obyektiv negizini predmetning turli jihatlari va xossalari birligi va ayni vaqtda ularning ko‘p sonliligi tashkil etadi.
Sezgi a’zolariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi predmetlar, ularning xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi yaxlit obrazni idrok etish deb ataladi. Insonning idrok etishi narsalar, ularning xossalari va munosabatlarini tushunish va anglab yetishni o‘z ichiga oladi. Bunda inson o‘zining har bir yangi taassurotini mavjud bilimlar tizimiga kiritadi. Sezish va idrok etish inson tashqi dunyoga amaliy ta’sir ko‘rsatishi jarayonida, mehnatda, sezgi a’zolari faol ishlashi natijasida amalga oshadi va rivojlanadi; masalan, harakatsiz ko‘z narsalar rangini farqlashga qodir emas.
Organizmning makroskopik, yaxlit narsalar va jarayonlar olamida mo‘ljal olishga bo‘lgan ehtiyoji bizning sezgi a’zolarimizni shunday tashkil qilganki, biz narsalarni yaxlit holda idrok etamiz. Aks holda hamma narsa harakatlanayotgan zarralar, molekulalar pardasiga aylangan va biz narsalarlarning chegaralarini ko‘rmagan bo‘lur edik. Ko‘rish a’zosi organizm hayotida muhim rol o‘ynaydigan borliqdagi yorug‘lik hodisalarini mumkin qadar yaxshiroq aks ettirish yo‘nalishida rivojlangan. Shu sababli ko‘z tabiatda mavjud yorug‘lik ta’sirida yorug‘likni qabul qilish, quloq — ovoz tebranishlarini farqlash uchun moslashgan va h.k. Sezgi a’zolarining o‘ziga xosligi, «fiziologik» idealistlar fikridan farqli, tashqi dunyoni to‘g‘ri bilishga nafaqat monelik qilmaydi, balki, aksincha, narsalarning obyektiv xossalari aniqroq va to‘liqroq aks etishini ta’minlaydi.
Sezgi – obyektiv dunyoning subyektiv obrazi, degan tamoyil sifatlarni birlamchi va ikkilamchiga mexanik tarzda ajratishga qarshi yo‘nalgan. Bu nuqtai nazardan birlamchi sifatlar (shakl, hajm va h.k.) narsalarning obyektiv mavjud xususiyatlari in’ikosi hisoblanadi, ikkilamchi sifatlar (rang, ovoz va h.k.) sof subyektiv xususiyat kasb etadi. Ayni bir sezgiga narsalarning har xil xossalari mos kelishi mumkin: oq rang sezgisi ko‘rish doirasidagi to‘lqinlar barcha uzunliklarining elektromagnit xossalari qorishmasini ham, qo‘shimcha ranglar har qanday juftligi (qizil va ko‘k-yashil, sariq va safsar) qorishmasini ham aks ettiradi. Bundan oq rang to‘lqin yoki narsa yuzasining obyektiv xossasi sifatida qaralishi mumkin emas, degan yanglish xulosa chiqariladi. Qora rang to‘lqin xossasi emas: uning sharti – ko‘rish doirasida nurlanishning yo‘qligi. To‘lqin yo‘q narsa haqida axborot bera olmaydi. Bundan quyidagi soxta xulosa kelib chiqadi: rang, hid – bu narsalarning xossalari emas, balki bizning sezgilarimizdir (E.Max); «rang» so‘zi bilan ruhiy kechinmalarning muayyan toifasi belgilanadi (V.Ostvald). Dunyo esa ovozsiz, bo‘yoqlar va hidlardan xoli. Unda issiq ham, sovuq ham mavjud emas. Bularning hammasi – faqat bizning sezgilarimiz.
Bu yerda masalaning ikki tomonini: sezgilar manbasi nimaligi va ularning psixofiziologik mexanizmi qandayligini farqlash lozim.
Obrazning sifat jihatidan aniqligi predmetning sifat jihatidan aniqligini aks ettiradi. Jismning tebranishi yoki ayni shu elektromagnit nurlarni tarqatishi jism tuzilishi, uning haroratisi va boshqa xossalariga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, har bir metall olovni o‘z rangiga bo‘yaydi; har bir modda u yonayotgan gazga aylanganida o‘z rangini kasb etadi. Qor ko‘zimizga oq bo‘lib ko‘ringani uchun oq emas, balki u amalda oq bo‘lgani uchun ham biz uni shunday ko‘ramiz. Mexanitsistlar va subyektivistlarning narsa unga qarayotganimizdagina rangga va uni hidlayotganimizdagina hidga ega bo‘ladi, degan fikriga qo‘shilib bo‘lmaydi. Ko‘z o‘zining rang sezadigan apparati bilan o‘zi idrok etuvchi rang mavjud bo‘lgani tufayli yuzaga kelgan va mavjud.
Xotira, xayol va tasavvur. Garchi sezish va idrok etish insonning barcha bilimlari manbai sanalsa-da, hissiy bilish ular bilangina kifoyalanmaydi. U yoki bu predmet insonning sezgi a’zolariga ma’lum vaqt mobaynida ta’sir ko‘rsatadi. So‘ngra bu ta’sir barham topadi. Biroq predmetning obrazi izsiz yo‘qolmaydi. U xotirada gavdalanadi va saqlanib qoladi. Binobarin, biron-bir narsa haqida u yo‘qolganidan keyin ham fikr yuritish mumkin, chunki u haqda muayyan tasavvur qoladi. Yumiq ko‘zlar bilan ham biz nimalarnidir tasavvur qilamiz.
Shunday qilib, biz haqiqatga eltuvchi yo‘l naqadar og‘ir ekanligini ko‘ramiz: u amalda jonning barcha kuchlari – xotira, iroda, tasavvur, intuitsiya va aqlning bor kuchini ishga solishni nazarda tutadi. Masalan, xotirani olaylik. Bilish haqida xotirasiz fikr yuritish mumkinmi? Albatta, yo‘q: xotirasiz jon – baliqsiz to‘r degan gap. Bu ajoyib hodisasiz bilishni tasavvur qilish mumkin emas.
Sezish va idrok etish jarayonlari o‘zidan keyin miyada «iz» qoldiradi. Bu izlarning mohiyati insonga ayni lahzada ta’sir ko‘rsatmayotgan narsalarning obrazlarini gavdalantirish qobiliyatidan va iborat.
Xotira o‘tmish va hozirgi zamonni birlashtiradi, ularning bir-biriga o‘tishini ta’minlaydi. “Tovushlar va so‘zlar soni ko‘paygandan keyin, odamga uning xotirasi yordamga keladi… Yozuv ham xotira bilan birga inson imkoniyatlarini oshiradi”1. Agar obrazlar miyada unga predmet ta’sir ko‘rsatgan paytda paydo bo‘lib, bu ta’sir to‘xtaganidan keyin darhol g‘oyib bo‘lganida, inson narsalarni har safar mutlaqo notanish narsalar sifatida qabul qilgan. U mazkur narsalarni tanimagan, demak, ularni anglamagan bo‘lar edi. Biror narsani anglash uchun aqlning ishlashi – hozirgi holatni oldingi holat bilan taqqoslashi talab etiladi. Tashqi ta’sirlarning idrok etilishi va ularning vaqtda saqlanishi natijasida xotirada tasavvurlar uyg‘onadi.
Tasavvurlar – bu bir paytlar insonning sezgi a’zolariga ta’sir ko‘rsatgan va keyinchalik miyada saqlanib qolgan aloqalar bo‘yicha gavdalanadigan narsalarning obrazlaridir.
Sezish va idrok etish ong fikr gavdalanishining boshlanishi hisoblanadi. Xotira olingan axborotni qayd etadi va saqlaydi. Tasavvurda esa ong ilk bor o‘zining bevosita manbaidan ajraladi va nisbatan mustaqil subyektiv hodisa sifatida mavjud bo‘la boshlaydi. Inson nisbatan yangi obrazlarni erkin yaratishga qodir. Tasavvur – bu idrok etish va nazariy tafakkur o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in.
Xayol insonning muhim xossasi. Xayol tafakkur oqimida yetishmayotgan ko‘rgazmalilik o‘rnini to‘ldiradi. Xayol kuchi tajribada (ongda) mavjud obrazlarni nafaqat qayta chaqiradi, balki ularni bir-biri bilan bog‘laydi va shu tariqa ularni umumiy tasavvurlar darajasiga ko‘taradi. Obrazlarni qayta gavdalantirish xayol kuchi bilan erkin va bevosita kuzatish yordamisiz amalga oshiriladi. Tasavvurlar paydo bo‘lishining bu shakli bunday erkin faoliyat ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lmagan, biroq amalda kuzatishga muhtoj bo‘lgan va obrazlar beixtiyor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yadigan oddiy eslashdan shu bilan farq qiladi.
Empirik bilim va uning shakllari. Empirik bilim mavjud narsaning bevosita emas, balki bilvosita in’ikosi bo‘lishi mumkin. Masalan, olim o‘zi ko‘rmayotgan tegishli obyektning holati haqida unga axborot berayotgan asbob ko‘rsatkichi yoki elektrokardiogrammaning elektr chizig‘ini ko‘radi. Boshqacha aytganda, bilishning empirik darajasi har xil asboblardan foydalanish bilan bog‘liq; u kuzatish, kuzatilayotgan narsa yoki hodisani tavsiflash, bayonnomalar yuritish, hujjatlardan foydalanishni nazarda tutadi, masalan, tarixchi arxivlar va boshqa manbalar bilan ishlaydi. Xullas, bu oddiy sezgi darajasida bilishga qaraganda bilishning yuqoriroq darajasidir.
Empirik bilimlar nazariy bilim negizini tashkil etuvchi ilmiy dalillar majmuidir. Empirik bilim ikki kuzatish va eksperiment metodlari yordamida shakllanadi.
Kuzatish – bilish obyektining muhim xossalari va munosabatlarini aniqlash maqsadida ataylab amalga oshiriladigan izchil idrok etishdir. Kuzatish maqsadini belgilash, uning usullarini aniqlash, o‘rganilayotgan obyekt xulq-atvorini nazorat qilishning rejasini tuzish, asboblardan foydalanish kabilar kuzatishning muhim xususiyatlaridir. Kuzatishlarning natijalari bizga borliq haqida ilmiy dalillar ko‘rinishida dastlabki axborot beradi.
Kuzatish bevosita yoki bilvosita, masalan, mikroskop yordamida bo‘lishi mumkin. Hozirda elektron mikroskop yordamida molekulalarni vizual kuzatish mumkin. Kuzatish – bu faoliyatning muayyan obyektlarga qaratilgan, maqsadlar va vazifalarni ta’riflashni nazarda tutadigan faol shakli. Biron-bir narsani bilishni xohlagan har qanday odam o‘z ko‘zlarini kuzatuvchanlikka o‘rgatishi lozim.
Zehnli, ijodkor va teran aql narsa va hodisalarning ko‘pchilik e’tibor bermaydigan muhim jihatlarini ko‘rish va sezish qobiliyati bilan ajralib turadi. Bu qobiliyat fan va san’atdagi novatorlik omilidir. Kuzatish maxsus tayyorgarlikni talab qiladi. Kuzatishlarni tayyorlashda kuzatish vazifalari, u javob berishi lozim bo‘lgan talablarni aniqlash, kuzatish rejasi va usullarini oldindan ishlab chiqish muhim o‘rin tutadi. Kuzatish tabiatning o‘zida mavjud narsalar va hodisalarni qayd etadi. Biroq inson kuzatuvchi roli bilan kifoyalana olmaydi. U eksperimentlar o‘tkazish orqali faol sinovchiga aylanadi. Miyada tasavvur qilingan model ustida o‘tkaziladigan fikriy eksperiment bilishning alohida shaklini tashkil etadi. Unga xayol va tafakkurning uzviy aloqasi xosdir.
Eksperiment – bu shunday tadqiqot metodiki, uning yordamida obyekt yo sun’iy tarzda yaratiladi, yo tadqiqot maqsadlariga mos keladigan ma’lum shart-sharoitlarda o‘rganiladi. Eksperimentda tadqiqotchi ilmiy tadqiqotni o‘tkazish shart-sharoitlariga faol aralashadi. U jarayonni istalgan bosqichda to‘xtatishi mumkin bo‘lib, bu obyektni yanada mufassalroq o‘rganish imkonini beradi. Tadqiqotchi o‘rganilayotgan obyektni boshqa obyektlar bilan har xil tarzda bog‘lashi yoki u ilgari kuzatilmagan shart-sharoitlarni yaratishi va shu tariqa fanga ma’lum bo‘lmagan yangi xossalarni aniqlashi mumkin.
Eksperiment o‘rganilayotgan hodisani sun’iy tarzda gavdalantirish va nazariy yoki empirik bilim natijalarini amalda sinash imkonini beradi.
Eksperiment doim, ayniqsa hozirgi zamon fanida ba’zan juda murakkab texnika vositalari, ya’ni asboblardan foydalanish bilan bog‘liq. Asbob – bu insonning sezgi a’zolari bilishi mumkin bo‘lmagan hodisalar va xossalar haqida axborot olish uchun mo‘ljallangan, kerakli xossalarga ega bo‘lgan moslama yoki moslamalar tizimidir. Asboblar bizning sezgi a’zolarimizni kuchaytirishi, obyekt xossalarining faollik darajasini o‘lchashi yoki ularda o‘rganilayotgan obyekt qoldirgan izlarni aniqlashi mumkin.
Tadqiqot maqsadlariga ko‘ra o‘rganish eksperimenti, yangi narsa yoki hodisani kashf etish hamda yangi xossalarni aniqlovchi va ularni namoyish etuvchi tekshiruv eksperimenti; (gipotezalarning to‘g‘riligini aniqlash), obyektlar yoki ularning xossalarini aniqlashga qaratilgan sifat eksperimenti va o‘rganilayotgan obyektning xossalarini o‘lchash bilan bog‘liq miqdor eksperimenti farqlanadi. O‘rganish obyektiga ko‘ra tabiiy va ijtimoiy eksperiment, amalga oshirish usullariga ko‘ra esa – tabiiy va sun’iy, modelli va bevosita amaliy va tafakkur vositasida amalga oshiriladigan eksperimentlar farqlanadi. Shuningdek ilmiy va ishlab chiqarish eksperimenti ham mavjud. Ishlab chiqarish eksperimenti sanoat va dala sharoitidagi eksperimentlarni o‘z ichiga oladi. Modelli eksperiment alohida ahamiyatga ega. Fizik va matematik modellashtirish farqlanadi. Fizik model o‘rganilayotgan obyektning noma’lum xossalarini aniqlash uchun uning ma’lum xossalarini gavdalantirishni nazarda tutadi (samolyotlar, kosmik kemalar yoki neyronlarning modellari va sh.k.). Matematik model har xil obyektlarning umumiy, funksional bog‘liqligini tavsiflovchi formal (matematik) o‘xshashligi asosida tuziladiki, bu ham amalda mavjud obyektlarning noma’lum xossalarini aniqlash imkonini beradi.
Eksperimentning asosiy metodi – o‘rganilayotgan obyekt mavjud bo‘lgan odatdagi shart-sharoitlarni o‘zgartirish. U o‘rganilayotgan obyekt xossalari bilan shart-sharoitlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish, shuningdek shart-sharoitlarning o‘zgarishi munosabati bilan bu xossalarning o‘zgarish xususiyatini aniqlash imkonini beradi. Shu bilan bir vaqtda, bu metod predmetlarning tabiiy sharoitda namoyon bo‘lmaydigan yangi xossalarini aniqlash uchun imkoniyat yaratadi, masalan, sun’iy iqlim laboratoriyalarida o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga temperatura, yorug‘lik, namlik va shu kabilarning ta’sirini u yoki bu darajada to‘g‘ri aniqlash mumkin. Hamonki shart-sharoitlar o‘zgarishi bilan predmetning muayyan xossalari o‘zgarar (ba’zan yana yuzaga kelar), boshqa xossalarida esa sezilarli o‘zgarishlar yuz bermasligi mumkin. Eksperimentga shart-sharoitlarni nazorat qilish, jarayonlarning ko‘rsatkichlarini o‘lchash imkoniyatining mavjudligi va asbob-uskunalardan foydalanish xosdir. Inson tajriba o‘tkazish chog‘ida yanglishishi mumkin. Asboblar bu kamchilikdan xoli. Mikroskop, teleskop, rentgen apparati, radio, televideniye, telefon, seysmograf va shu kabilar yordamida inson o‘zining idrok etish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi va teranlashtirdi. Fan, ayniqsa tabiatshunoslikda erishilgan yutuqlar eksperiment o‘tkazish metodlari va vositalarining takomillashuvi bilan uzviy bog‘liq. So‘nggi yillarda olimlar, masalan, ilmiy ijod jarayoniga bevosita kiritilgan kompyuterlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Eksperimentni ko‘p takrorlash va shu yo‘l bilan xulosalarni kuzatuvlarning ko‘proq soniga tayangan holda asoslash mumkin. Eksperiment o‘tkazish uchun dastlabki bilimlar kerak, I.P.Pavlov qayd etganidek, dalillarni rivojlantirish predmet haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish lozim. Bu umumiy tasavvurlar, farazlar, gipotezalar oldingi kuzatishlar, eksperimentlar va insoniyatning barcha tajribasidan olinadi. Ular eksperimentga yo‘l ko‘rsatadi. Aniq anglanmagan maqsadsiz, ko‘r-ko‘rona amalga oshiriladigan kuzatish, eksperiment samara berishi mumkin emas. Kallada g‘oya bo‘lmasa, hech qanday dalilni ko‘rolmaysan, degan edi I.P.Pavlov.
Kuzatish va eksperiment o‘tkazish jarayonining natijasi tavsiflash yoki bayon etish yo‘li bilan ifodalanadi. U umumiy qabul qilingan atamalar yordamida tuzilgan, grafiklar, rasmlar, foto va kinotasvirlar ilova qilingan, matematik, kimyoviy formulalar kiritilgan hisobot ko‘rinishida ifodalanishi ham mumkin. Tavsifga qo‘yiladigan asosiy ilmiy talab – kuzatish va eksperiment ma’lumotlarini to‘g‘ri va aniq aks ettirishdir. Tavsif to‘liq yoki noto‘liq bo‘lishi mumkin, biroq u doim materialni ma’lum darajada tizimga solishni, ya’ni uni guruhlash va umumlashtirishni nazarda tutadi: sof tavsif ilmiy ijod doirasidagina qoladi.
Bilish empirik metodlarining muhim unsuri – taqqoslash, ya’ni o‘rganilayotgan obyektlarning kuzatish yoki eksperimentda aniqlanayotgan xossalari o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlashdir. O‘lchash – taqqoslashning ayrim ko‘rinishi. Kuzatish va eksperiment natijalari o‘lchash yo‘li bilan ifodalangan taqdirdagina ilmiy ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘lchash – obyekt xossalarining rivojlanish darajasini tavsiflovchi kattalikni aniqlash jarayoni. U o‘lchash birligi sifatida qabul qilingan boshqa kattalik bilan taqqoslash shaklida amalga oshiriladi.
Ilmiy dalil. Ilmiy dalil empirik bilishning natijasi hisoblanadi. Dalil (yoki dalillar)ni aniqlash ilmiy tadqiqotning zarur shartidir. Dalil – bilimining tasdiqlangan boyligiga aylangan moddiy yoki ma’naviy dunyo hodisasi, biron-bir hodisa, xossa yoki munosabatni qayd etishdir. A.Eynshteyn so‘zlari bilan aytganda, fan dalillardan boshlanishi va boshlanish bilan tugallanish o‘rtasida qanday nazariy tuzilmalar bo‘lishidan tuzilishidan qat’i nazar, dalillar bilan yakunlanishi lozim. Dalil tushunchasi har xil ma’no-mazmunga ega. «dalil» atamasining ko‘p sonli ta’riflari orasida quyidagilarni qayd etish mumkin. Birinchidan, borliq hodisasi, asos qilib olish mumkin bo‘lgan voqea, hodisa, holat sifatidagi dalil. Bu inson tomonidan anglangan yoki anglanmaganligidan qat’i nazar mavjud bo‘lgan hayot dalillaridir.
Ikkinchidan, «dalil» tushunchasi borliqning anglab yetilgan voqealari va hodisalarini belgilash uchun qo‘llaniladi. Inson bilish imkoniyatlarining serqirraligi shunda namoyon bo‘ladiki, borliqning ayni bir dalili bilishning oddiy va ilmiy darajalarida, san’at, publitsistika yoki yuridik amaliyotda anglab yetilishi mumkin. Shu sababli turli usullar bilan aniqlanadigan har xil dalillarning ishonchlilik darajasi ham har xil bo‘ladi. Ko‘pincha ilmiy dalil bilan borliq voqeasi o‘xshash bo‘lib ko‘rinadi va bu ayrim faylasuflar va olimlarga dalil haqiqatini mutlaq haqiqat sifatida tavsiflash imkonini beradi. Bunday tasavvur bilishning haqiqiy manzarasiga mos kelmaydi, uni dogmaga aylantiradi va soddalashtiradi.
Dalillar murakkab tuzilishga ega. Ular borliq haqidagi axborot, dalil talqini, uni olish va tavsiflash usulini o‘z ichiga oladi.
Dalilning muhim tomoni – borliq yoki uning ayrim xossalari haqida tasavvurning shakllanishiga imkoniyat yaratuvchi borliq to‘g‘risidagi axborot. Dalilning borliqqa muvofiqligi uni haqiqiy deb tavsiflash imkonini beradi. Shu sababli dalillar fanning empirik asosi, nazariyani tasdiqlash yoki inkor etishning muhim usuli hisoblanadi. Dalil yordamida borliq xolisona, nazariyaga bog‘lanmagan holda anglab yetiladi. Dalillar eski nazariya doirasiga sig‘maydigan, unga zid bo‘lgan hodisalarni kashf etish imkonini beradi.
Talqin qilish dalilning muhim unsuri bo‘lib, u har xil shakllarda amalga oshiriladi. Ilmiy dalil nazariya bilan bilvosita bog‘liq. Nazariya yordamida empirik tadqiqotning vazifalari aniqlanadi va uning natijalari talqin qilinadi. Talqin qilish dalil tarkibidan uni shakllantirishning nazariy-metodologik sharti, dalildan kelib chiqadigan nazariy xulosa, uning ilmiy izohi yoki har xil mafkuraviy, ilmiy yoki falsafiy nuqtai nazarlardan amalga oshiriladigan baholash sifatida o‘rin oladi.
Dalilning moddiy-texnik yoki metodik tomoni, ya’ni uni olish usuli ham bor. Dalilning ishonchliligi ko‘p jihatdan u qaysi usulda, qanday vositalar yordamida olinganligi bilan belgilanadi. Masalan, saylovoldi kampaniyalarida nomzodlar reytingi, ularning muvaffaqiyat qozonish imkoniyatlarini ko‘rsatuvchi sotsiologik tadqiqotlarning natijalaridan ko‘p foydalaniladi. Ko‘pincha ularning natijalari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi, ba’zan bir-biriga mutlaqo zid bo‘ladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xatoga yo‘l qo‘yish imkoniyati istisno etilsa, bunday farqlarning sababi metodikalarning har xilligi bilan izohlanishi mumkin.
Fanning ko‘p asrlik tarixi nafaqat kashfiyotlar tarixi, balki dalillarni nazariy mavhumlashtirish, umumlashtirish yoki tizimga solishning muhim omili hisoblangan fan tilining rivojlanish tarixi hamdir. Shu sababli har qanday dalil belgi-aloqa jihati, ya’ni u tavsiflangan fan tiliga ega bo‘ladi. Grafiklar, sxemalar, ilmiy belgilar va atamalar – fan tilining muhim atributlari. Agar ilmiy kashfiyotni odatdagi atamalarda tavsiflashning iloji bo‘lmasa, uni idrok etish jarayoni ba’zan uzoq yillarga cho‘ziladi.
Ilmiy bilimning rivojlanishiga qarab tabiiy til unda ifodalanayotgan narsalar mazmuniga semantik jihatdan muvofiq emasligi bo‘rtib ko‘rina boshladi. Tabiiy til iboralarining serma’noliligi, gaplar mantiqiy tuzilishining noaniqligi, til belgilarining ma’nolari kontekst ta’sirida o‘zgaruvchanligi, psixologik assotsiatsiyalar – bularning barchasi ilmiy bilishda zarur bo‘lgan ma’noning aniqligi va ravshanligiga erishishga monelik qilardi. Natijada tabiiy tilni sun’iy tarzda formallashtirilgan til bilan almashtirishga ehtiyoj tug‘ildi. Uning kashf etilishi fanning bilish vositalarini juda boyitdi, unga yangi va yangi murakkab vazifalarni yechish imkonini berdi. Shuni ta’kidlash lozimki, ilmiy dalillar ham, gipotezalar, nazariyalar, ilmiy muammolar ham fanda yaratilgan sun’iy tillarga tayanadi.
Ilmiy dalil nazariy tizimga kiradi va ikki muhim xossa: ishonchlilik va bir variantlilikka ega bo‘ladi. Ilmiy dalilning ishonchliligi shunday namoyon bo‘ladiki, uni tadqiqotchilar tomonidan turli davrlarda o‘tkaziladigan yangi eksperimentlar yordamida olish va ifodalash mumkin. Ilmiy dalilning bir variantliligi shundan iboratki, u o‘zining ishonchliligini talqinlarining rang-barangligidan qat’i nazar saqlab qoladi.
Fan dalillari umumlashtirilishi natijasida ular nazariya uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Dalillarni umumlashtirishning oddiy shakllari – ularni tahlil, sintez qilish, tiplarga ajratish, birlamchi tushuntirish sxemalaridan foydalanish va hokazolar asosida amalga oshiriladigan tizimga solish va tasniflashdir. Ma’lumki, juda ko‘p ilmiy kashfiyotlar olimlarning dalillarni tizimga solish va tasniflash borasidagi fidokorona mehnati natijasida yuzaga kelgan (masalan, Ch.Darvin yaratgan turlarning tabiiy tanlanish yo‘li bilan paydo bo‘lishi nazariyasi, D.I.Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy sistemasi).
Dalillar ularni talqin qiluvchi nazariya, ularni tasniflash metodi mavjud bo‘lgan, ular boshqa dalillarga bog‘lab anglab yetilgan holdagina ilmiy ahamiyat kasb etadi. Faqat o‘zaro bog‘langan va yaxlit ko‘rinishda dalillar nazariy umumlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Alohida va tasodifan, hayotdan ajratib olingan dalillar biron-bir narsa yoki hodisani asoslashga qodir emas. Noto‘g‘ri tanlab olingan dalillardan har qanday nazariyani tuzish mumkin, biroq u hech qanday ilmiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Nazariy bilim va uning shakllari. Ilmiy dalillar nazariyaga nisbatan ham ikki xil vazifani bajaradi: mavjud nazariyaga nisbatan ilmiy dalil yo uni mustahkamlaydi (verifikatsiya qiladi), yo u bilan to‘qnashadi va uning asossizligini ko‘rsatadi (falsifikatsiya qiladi). Biroq, boshqa tomondan, nazariya empirik tadqiqot darajasida olingan ilmiy dalillar yig‘indisini shunchaki umumlashtirishgina emas. Uning o‘zi yangi ilmiy dalillar olish manbaiga aylanadi. Shunday qilib, empirik va nazariy bilim yaxlit hodisa – ilmiy bilim ikki tomonining birligi hisoblanadi. Bu tomonlarning muayyan ilmiy bilish jarayonidagi o‘zaro aloqasi va harakati, ularning o‘zaro nisbati nazariy bilimga xos bo‘lgan shakllarning izchil qatori yuzaga kelishini belgilab beradi. Nazariy bilimning asosiy shakllari: ilmiy muammo, gipoteza, nazariya, tamoyillar, qonunlar, kategoriyalar, paradigmalardir.
Ilmiy muammo. Har qanday ilmiy bilish muammodan boshlanadi. Umuman olganda, inson bilimining rivojlanish jarayonini ayrim muammolarni qo‘yishdan ularni yechishga o‘tish, so‘ngra yangi muammolarni qo‘yish sifatida tavsiflash mumkin. Biroq muammoning haqiqiy o‘rni qanday? Ilmiy muammolar nima uchun yuzaga keladi? Muammoning masaladan farqi nimada? Ilmiy muammolar doirasi qanday?
Muammo – bilishning rivojlanish jarayonida obyektiv tarzda yuzaga keladigan, yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bo‘lgan masala yoki masalalar majmuidir. Shuningdek muammo, hal qilishni talab etuvchi nazariy yoki amaliy masala; fanda – biron-bir hodisalar, obyektlar, jarayonlarni tushuntirishda qarama-qarshi yondashuvlar ko‘rinishida amal qiluvchi va uni yechish uchun muvofiq nazariyani talab etuvchi ziddiyatli holatdir.
Muammoni to‘g‘ri qo‘yish uni muvaffaqiyatli yechishning muhim shartidir. To‘g‘ri qo‘yilmagan muammo yoki soxta muammo haqiqiy muammolarni yechishdan chalg‘itadi.
Muammoni qo‘yish – ilmiy bilish jarayonining dastlabki bosqichi. Muammoni qo‘yishda, avvalo, ayrim holatni masala sifatida anglab yetish, qolaversa, muammoning mazmunini aniq tushunish, ma’lum va noma’lum narsalarni ajratgan holda uni ta’riflash lozim.
Ilmiy muammolar predmetga yoki protseduraga doir bo‘ladi. Predmetga doir muammolarda o‘rganilayotgan obyektlar, protseduraga doir muammolarda esa – bilim olish va uni baholash usullari aks etadi. O‘z navbatida, predmetga doir muammolarning empirik va konseptual, protseduraga doir muammolarning metodologik va baholash bilan bog‘liq turlari farqlanadi. Empirik muammolarni yechish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish bilan bir qatorda, predmetlar bilan ma’lum amallarni bajarish lozim, vaholanki, konseptual muammolar borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi. Predmetga doir muammolardan farqli o‘laroq, protseduraga doir muammolar doim konseptual xususiyatga ega bo‘ladi; protseduraga doir muammolar o‘rtasidagi farq shunda ko‘rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada ko‘rinishida yechimga ega bo‘lishi mumkin emas, baholash bilan bog‘liq muammolar esa fanga mezon vazifasini bajaruvchi ko‘rsatkichlar va mo‘ljallarni olib kiradi.
Empirik muammo avvalo ma’lumotlarni izlashni nazarda tutadi; empirik muammolarga kuzatish, eksperiment, o‘lchash kabi ilmiy metodlar yordamida javob topish mumkin. Bundan tashqari, yechimini topish uchun asboblar yasash, reaktivlar tayyorlash va hokazolar kerak bo‘lgan muammo ham empirik hisoblanadi.
Konseptual muammolar ilgari olingan ko‘p sonli ma’lumotlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularni tartibga solish va talqin qilish, oqibatlarni keltirib chiqarish va gipotezalarni shakllantirish, mantiqiy izchillik talablariga muvofiq qarama-qarshiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi.
Metodologik muammolar asosan tadqiqotni rejalashtirish bilan bog‘liq: ularni yechish yo‘li bilan ayrim kelishuvlar tuziladi, muammoni yechish, kuzatish va eksperimentlar o‘tkazish tartibi aniqlanadi, mo‘ljallanayotgan konseptual protseduralar belgilanadi va h.k.
Baholash bilan bog‘liq muammolar empirik ma’lumotlar, gipotezalar, nazariyalar va shu kabilarni baholash, hatto muammoning o‘zi qay darajada to‘g‘ri tuzilgan va ta’riflanganligini baholashni nazarda tutadi. Muammo to‘g‘ri qo‘yilgan deb hisoblanishi uchun:
1) o‘rganilayotgan muammoning tarkibiga kiritish mumkin bo‘lgan muayyan ilmiy bilim (ma’lumotlar, nazariya, metodika) mavjud bo‘lishi;
2) muammo shaklan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi;
3) muammo o‘rinli bo‘lishi, ya’ni uning asoslari soxta bo‘lmasligi;
4) muammo muayyan darajada chegaralangan bo‘lishi;
5) yechimning mavjudlik sharti va uning yagonaligi ko‘rsatilgan bo‘lishi;
6) maqbul yechim belgilari hamda yechimning maqbulligini tekshirish usullari haqidagi shartlar qabul qilinishi lozim.
Shunday qilib, pirovard natijada barcha ilmiy muammolar ham o‘z yechimini topavermaydi: ayrim muammolar ular qo‘yilganidan keyin uzoq vaqt mobaynida yechilmay qolaveradi (masalan, Frem teoremasi bir necha yuz yillar mobaynida yechilmay kelgan), ayrim muammolar o‘z yechimini topmaydi (masalan, aylana kvadraturasi, burchak triseksiyasi va kubning ikkilanmasi haqidagi masalalar), ba’zi bir muammolar esa olimlarning almashayotgan avlodlari diqqat markazidan butunlay yo‘qoladi.
Ilmiy muammo boshqa muammolardan quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:
— U olimni doim haqiqiy bilim olishga yo‘naltiradi.
— Yangi bilim olishga qarab mo‘ljal oladi. Olim ongli ravishda yangilik sari intiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, «dunyoning birinchi materiyasi nima?», «obyekt nima?», «harakat nima?», «aql nima?» qabilidagi olamshumul muammolar ayrim fanlarning chegaralarinigina belgilashi mumkin, biroq ilmiy tadqiqotning dastlabki bosqichi hisoblanmaydi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, har qanday muammo ham ilmiy bo‘lavermaydi. Ilmiy muammolar qolgan turdagi muammolardan shunisi bilan ajralib turadiki, ular ilmiy asoslar negizida qo‘yiladi va asosan ilmiy bilimni kengaytirish maqsadida ilmiy metodlar yordamida o‘rganiladi.
Teran, samarali yechimini topadigan muammolarni yaratishning umumiy metodi mavjud emas. Shunga qaramay, fan tarixi ko‘pgina hollarda teran ilmiy va samarali muammolar quyidagi to‘rt mo‘ljalni ro‘yobga chiqarish paytida yuzaga kelganligidan dalolat beradi:
1) ilgari qo‘yilgan muammolarning taklif qilinayotgan yechimlariga, hatto bu yechimlar bir qarashda shak-shubhasiz bo‘lib ko‘rinsa ham, tanqidiy yondashish lozim; har qanday holatda ham ayrim kamchiliklarni topish yoki hech bo‘lmasa topilgan yechimni umumlashtirish ayrim holatga tatbiqan muayyanlashtirish mumkin;
2) yangi holatlarga nisbatan ma’lum yechimlarni tatbiq etish, ularning yaroqli yoki yaroqsizligini baholash lozim: agar muammoning yechimi o‘z kuchini saqlab qolsa, buning natijasida nafaqat yechimlar, balki muammolar ham umumlashtiriladi, agar yechim yaroqsiz bo‘lsa, muammolarning yangi majmui yuzaga keladi;
3) ma’lum muammolarni yangi sohalarga ko‘chirish yoki unga yana bir ko‘rsatkich kiritish yo‘li bilan ularni umumlashtirishga harakat qilish lozim;
4) muammoning mavjudligini bilimning boshqa sohalaridagi bilimlar bilan bog‘lash, muammolarni kompleks o‘rganishga harakat qilish kerak.
Umuman olganda, muammolarni tanlash ijodiy xususiyatga ega bo‘lib, bu yerda metodikadan ham ko‘ra ko‘proq intuitsiya va tajriba ish beradi.
Ilmiy muammo, didaktik tizim kabi, bilimlar va faoliyat usullarini ijodiy o‘zlashtirish qonuniyatlariga asoslanadi, u bilish va amaliy faoliyat jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijodiy tafakkurni rivojlantirishning samarali vositalaridan biridir.
Ilmiy muammo bilimlarning izchilligi, ularning fundamentalligi va ixtisoslashuvini uyg‘unlashtirish, turdosh fanlar metodlaridan foydalanish, bilimlarni ilmiy umumlashtirish va tizimga solish ko‘nikmalarini ishlab chiqish, shuningdek o‘rganilayotgan masalalarni tanqidiy tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. U bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga da’vat etadi, yangi muammolarni mustaqil qo‘yish, ularning yechimlarini izlash va topishga qiziqishni kuchaytiradi. Ayni vaqtda, ilmiy muammo zarur intellektual keskinlikni vujudga keltiradi, bilish jarayonidagi qiyinchiliklarni yengish, ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Bosh vazifa – u yoki bu mavzuga mos keladigan muammolarni topish, farqlash va aniq ta’riflash. Puxta ishlab chiqilgan va to‘g‘ri ta’riflangan muammo ilmiy hamda ijodiy jihatdan diqqatga sazovor bo‘lishi mumkin.
Ilmiy muammo sof informativ xususiyatini yo‘qotadi, tayyor bilim berishdan iborat bo‘lmay qoladi va yangi bilim izlash, haqiqiy ijodiy bilish jarayoniga aylanadi. Insonga zarur bilimlar hajmi jadal sur’atlarda oshib borayotgan hozirgi sharoitda dalillarning ma’lum yig‘indisini o‘zlashtirishga qarab mo‘ljal olishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘z bilimlarini mustaqil to‘ldirish, ilmiy va siyosiy axborotlarning jo‘shqin oqimida mo‘ljal olish ko‘nikmasini shakllantirish muhimdir. Bu tamoyillardan hozirgi davrda inson ega bo‘lgan bilimlarning oddiy yig‘indisi emas, balki uning bilimlari ijodiy qobiliyati va g‘oyaviy e’tiqodi bilan uyg‘unlikda har tomonlama yetuk shaxsning bosh mezonidir, degan xulosa kelib chiqadi.
Muammoli vaziyat va uning ahamiyati. Mavjud faoliyat strategiyalari va o‘tmish tajribasi insonga yuzaga kelgan qiyinchilikni bartaraf etish imkonini bermaydigan, mutlaqo yangi strategiyani yaratish talab etiladigan vaziyat odatda muammoli vaziyat deb ataladi. Muammoli vaziyat aniqlangan dalillarni mavjud bilim doirasida tushuntirish mumkin emasligini ifodalovchi vaziyatdir. Ilmiy kashfiyot sari yo‘l muammoli vaziyatni aniqlashdan boshlanadi, uni ta’riflashdan o‘tadi va bu vaziyatning yechimini topish bilan yakunlanadi.
Muammoli vaziyatning paydo bo‘lishi har xil omillar bilan belgilanadi. Avvalo, u dalilni asoslangan xususiyatga ega bo‘lgan mavjud nazariy bilim yordamida tavsiflash mumkin bo‘lmagan holda yuzaga keladi. Bu yerda muammoli vaziyat ko‘p jihatdan bizga hali aniq bo‘lmagan obyektiv mavjud hodisalar ta’sirida yuzaga keladi. Biroq muammoli vaziyat ba’zan mavjud nazariy dasturni rivojlantirish va kengaytirish bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Muammoli vaziyat shaklan subyektiv, biroq mazmuniga ko‘ra obyektivdir. Amalda u tadqiqotchi oldida kuzatishlar va eksperimentlarning empirik bilimlar – dalillar va qonunlar shaklida ifodalanuvchi yangi natijalari bilan o‘z tasdig‘ini topgan nazariy bilimlarning birikuvi ko‘rinishida yuzaga keladi. Ko‘pincha muammoli vaziyat jamiyatning amaliy yoki nazariy manfaatlari nuqtai nazaridan o‘zini namoyon etadi. Uni moddiy va ma’naviy madaniyatning rivojlanish jarayoni, shu jumladan fan nazariyasi va amaliyotining rivojlanishi, unga davlat va jamiyatning munosabati, davlat va jamiyatning uni yechishdan manfaatdorligi tayyorlaydi. Muammoli vaziyatning aniqlanishi va hal qilinishiga ijtimoiy-tarixiy muhit sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. U ilmiy kashfiyotga imkoniyat yaratishi, biroq uning olinishiga to‘sqinlik qilishi ham mumkin.
Muammoli vaziyatda olimning o‘ziga xos xususiyatlari, chunonchi: uning kasbiy tayyorgarlik darajasi, muammoda mo‘ljal ola bilishi, qotib qolgan eskicha qarashlardan uzoqlasha olishi, zehnining o‘tkirligi va hokazolar ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi.
Muammoli vaziyatni tahlil qilishda shaxsiy-psixologik tusdagi masalalarni ham o‘rganishga to‘g‘ri keladi, chunki bu vaziyatni olim o‘z boshidan kechiradi va unda olimning intuitsiyasi, tafakkur uslubi va hokazolar namoyon bo‘ladi.
Muammoli vaziyatning pirovard negizi amaliyot hisoblanadi. Bizning obyekt haqidagi bilimlarimiz yetarli emasligi ayon bo‘lib, «salbiy» natijalar olinadi, amaliyot yangi muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bunda fan nisbatan mustaqillikka, o‘z rivojlanishining ichki mantiqiga, o‘z ichki qarama-qarshiliklariga ega ekanligi, bu omillar ham muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirishini unutmaslik lozim
Gipoteza – yangi dalillarning mohiyatini tushuntiruvchi qonun mavjudligi haqidagi asosli taxmindir. Gipoteza olimlar tomonidan ilmiy muammoning qo‘yilishiga sabab bo‘lgan ilmiy dalillarni taxminiy tushuntirish maqsadida ilgari suriladi. Gipoteza tekshiriladigan bo‘lishi lozim, u empirik tekshirish imkonini beruvchi oqibatlarga olib keladi. Agar bunday tekshirishning iloji bo‘lmasa, gipoteza ilmiy jihatdan asossiz hisoblanadi.
Gipoteza formal-mantiqiy qarama-qarshiliklardan xoli va ichki izchillikka ega bo‘lishi lozim. Gipotezani baholash mezonlaridan biri – uning mumkin qadar ko‘proq ilmiy dalildan kelib chiqadigan oqibatlarni tushuntirish qobiliyati. Biroq ilmiy muammoni qo‘yish bilan bog‘liq dalillarni tushuntiruvchi gipotezani ilmiy jihatdan asosli deb bo‘lmaydi.
Gipoteza ilgari ma’lum bo‘lmagan narsalar va hodisalarni, empirik tadqiqot jarayonida hali aniqlanmagan yangi ilmiy dalillarning paydo bo‘lishini bashorat qiladi. Gipoteza mumkin qadar sodda bo‘lishi lozim. U oz sonli asoslar bilan ko‘p sonli hodisalarni tushuntiradi. Unda ilmiy dalillarni va gipotezaning o‘zidan kelib chiqadigan oqibatlarni tushuntirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lmagan ortiqcha farazlar bo‘lmasligi kerak. Gipoteza qay darajada asosli bo‘lmasin, u nazariyaga aylanmaydi. Shu sababli ilmiy bilishning navbatdagi bosqichi – gipotezaning haqiqiyligini asoslash serqirra jarayon bo‘lib, mazkur gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlarning mumkin qadar ko‘prog‘i o‘z tasdig‘ini topishi lozimligini nazarda tutadi. Shu maqsadda kuzatish va eksperimentlar o‘tkaziladi, olingan yangi dalillar gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlar bilan taqqoslanadi. Empirik darajada qancha ko‘p oqibatlar o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa, ularning boshqa gipotezadan kelib chiqish ehtimoli shuncha kam bo‘ladi. Gipotezaning eng ishonarli tasdig‘i – empirik tadqiqot jarayonida gipotezada bashorat qilingan oqibatlarni tasdiqlovchi yangi ilmiy dalillarning aniqlanishidir. Shunday qilib, har tomonlama tekshirilgan va amalda o‘z tasdig‘ini topgan gipoteza nazariyaga aylanadi.
Nazariya – hodisalarning muayyan turkumi, bu turkumdagi hodisalarning mohiyati va ularga nisbatan amal qiladigan borliq qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va amaliyot sinovidan o‘tgan tizimidir. U o‘rganilayotgan hodisalarning mazmunini yorituvchi tabiat va jamiyat umumiy qonunlarining kafsh etilishi natijasida shakllanadi. Gipoteza borliqning muayyan bo‘lagini tushuntirish yoki talqin qilishga qaratilgan g‘oyalar majmuini o‘z ichiga oladi. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo‘lgan va yuzaga kelishini belgilagan barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni jamuljam holda tadqiqot obyekti haqida umumiy tasavvurni, obyektning ideal modelini tashkil etuvchi ko‘p sonli tamoyillar, aksiomalar, qonunlar nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model ayni vaqtda asosiy nazariy tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish kabi muhim funksiyalarni bajaradi. Nazariya ilmiy dalillar tizimini tartibga soladi, ularni o‘z tarkibiga kiritadi va o‘zini tashkil etuvchi qonunlar va tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi. Puxta ishlab chiqilgan nazariya fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo‘lib xizmat qiladi, ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo‘l ko‘rsatadi. Nazariyada ilmiy g‘oyalar, ya’ni unda aks ettirilgan obyektlar turkumi doirasida amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar haqidagi bilimlar markaziy o‘rinni egallaydi. Ilmiy g‘oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi qonunlar, tamoyillar va tushunchalarni mantiqan izchil yaxlit tizimga birlashtiradi.
Nazariya boshqa nazariyalarga kirish va shu yo‘l bilan ularni qayta qurish qobiliyatiga ega. U har xil nazariyalarning birlashishi va dunyoning ilmiy manzarasi o‘zagini tashkil etuvchi tizimga aylanishini rag‘batlantiradi. Nazariya butun bir davrning tafakkur uslubini belgilashga qodir bo‘lgan yangi g‘oyalarga zamin yaratadi. O‘z shakllanish jarayonida nazariya mavjud tamoyillar, kategoriyalar va qonunlar tizimiga tayanadi va yangi tamoyillar, kategoriyalar va qonunlarni kashf etadi.
Tamoyillar deganda, asosiy nazariy bilim, ilmiy dalillarni tushuntirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiluvchi rahbar g‘oyalar tushuniladi. Tamoyillar sifatida, jumladan, isbotlab bo‘lmaydigan va isbot talab qilmaydigan aksiomalar, postulatlar amal qilishi mumkin.
Kategoriyalar – borliqning eng muhim tomonlari, xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi umumiy tushunchalardir. Fan kategoriyalariga ham shunday ta’rif berish mumkin. Biroq, umumiy xususiyatga ega bo‘lgan falsafiy kategoriyalardan farqli o‘laroq, fan kategoriyalari butun borliqning emas, balki borliqning muayyan parchasi xossalarini aks ettiradi.
Fan qonunlari hodisalar o‘rtasidagi zarur, muhim, barqaror, takrorlanuvchi munosabatlarni yoritadi. Bu hodisalarning amal qilishi va rivojlanishi qonunlari bo‘lishi mumkin. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri qonunlarini bilish – fanning muhim vazifasi. U o‘rganilayotgan hodisalarning tushunchalar va kategoriyalarda qayd etiladigan umumiy va muhim tomonlarini yoritishdan ularning barqaror, takrorlanuvchi, muhim va zarur aloqalarini aniqlashga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. Fan qonunlari va kategoriyalari tizimi uning paradigmasini tashkil etadi.
Paradigma – fan tarixining muayyan davrida uning rivojlanishini belgilovchi barqaror tamoyillar, umumiy me’yorlar, qonunlar, nazariyalar va metodlar majmui. U butun ilmiy hamjamiyat tomonidan fanning mazkur darajasida yuzaga keluvchi vazifalarni qo‘yish va yechish usullarini belgilaydigan andoza sifatida tan olinadi. Paradigma tadqiqotchilik faoliyati, ilmiy eksperimentlarning natijalarini talqin qilishga yo‘l ko‘rsatadi, yangi dalillar va nazariyalarning bashorat qilinishini ta’minlaydi. U o‘ziga mos kelmaydigan konsepsiyalarni inkor etadi va tadqiqotchilik vazifalarini yechish uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi. Paradigma tushunchasi bilish nazariyasiga amerikalik faylasuf T.Kun tomonidan kiritilgan. Uning fikricha, «normal fan»ga tegishli ilmiy paradigmaga tayangan holda muayyan vazifalarni yechish xosdir. Fan rivojlanishidagi normal davrlar inqiloblar bilan almashadi. Ular eski paradigma doirasiga sig‘maydigan hodisalarning kashf etilishi bilan bog‘liq. Natijada fanda inqiroz davri boshlanadi va u eski paradigma o‘z ahamiyatini yo‘qotishi va yangi paradigmaning yuzaga kelishi bilan yakunlanadi. Yangi paradigmaning qaror topishi fanda inqilob yasalishiga sabab bo‘ladi.
Tafakkur va uning mohiyati. Inson hamisha nimalar haqidadir o‘ylaydi. O‘ysiz holat ham, psixologlar fikriga ko‘ra, amalda hech bo‘lmasa hech narsa haqida o‘ylamaslikni o‘ylash holatidir. Bilishning dialektik yo‘li sezgi a’zolari orqali bilish, dalillarni aniqlashdan mantiqiy tafakkur sari olib boradi. Tafakkur– bu insonning narsalar muhim xossalari va munosabatlarini izchil, bilvosita va umumiy aks ettirishidir. Ijodiy tafakkurlash amaliyot, fan, texnikada yangi natijalar olishga qaratiladi. Tafakkurlash – muammolar qo‘yish va ularni yechishga qaratilgan faol jarayon. Tirishqoqlik – fikrlayotgan odamning muhim belgisi. Sezgidan fikrga o‘tish zamirida bilish obyektining ichki va tashqi mohiyatning ifodasi, ayrim va umumiyga bo‘linishi yotadi. Zotan, ilmiy va falsafiy bilim faqat sezgi va tasavvurlardan iborat emas: sezgi idroki naqadar go‘zal bo‘lmasin, mazmunan qashshoqdir – u narsaning mohiyatini yoritmaydi.
Narsalardagi umumiylik – avvalo, muhim xossalar va munosabatlar majmuidir. Ma’lumki, ular ayrim predmet kabi aniq ko‘rinib turmaydi, ularni bevosita idrok etish mumkin emas. Narsa, hodisalarning tashqi tomoni asosan amalda kuzatish, empirik bilish yo‘li bilan, narsalarning mohiyati, umumiy jihatlari esa – tushunchalar, mantiqiy fikrlash yordamida aniqlanadi. Fikrlashda, tushunchalarda narsalar bilan bevosita aloqa mavjud bo‘lmaydi. Biz idrok etishga qodir bo‘lmagan narsalarni ham tushunishimiz mumkin.
Maxsus tuzilishga ega bo‘lgan oz sonli sezgi a’zolarimiz shuning uchun ham bilishning mutlaq chegaralarini o‘rnatmaydiki, ularga nazariy tafakkur faoliyati qo‘shiladi. Inson fikri hodisalarning tashqi qobig‘idan o‘tib, obyektning ichiga kiradi. Sezgi darajasida aniqlangan ma’lumotlar va empirik tajribadan kelib chiqib, tafakkur sezgi a’zolarining ko‘rsatmalarini mazkur individ miyasida mavjud barcha bilimlar, bundan tashqari, insoniyatning umumiy tajribasi, bilimlariga, ular mazkur odamning boyligiga aylangan darajada faol solishtirishi va hodisalar orqali yanada teranroq mohiyatni anglab, amaliy va nazariy muammolarni yechishi mumkin.
Mantiqiy tafakkur – tafakkur qoidalari, qonunlari va tamoyillariga muvofiq bir haqiqatdan boshqa, yanada teranroq haqiqatga intilishdir. Tafakkur qoidalari, qonunlari fan sifatidagi mantiqning mazmunini tashkil etadi. Bu qoidalar va qonunlar tafakkurga ichdan xosdir. Mantiqiy qonunlar – narsalarning obyektiv munosabatlarini amaliyot asosida umumlashtirish. Demak inson tafakkurining barkamollik darajasi uning mazmuni obyektiv borliq mazmuniga qay darajada muvofiqligi bilan belgilanadi. Bizning aqlimiz amaliy harakatlar mantiqi va ma’naviy madaniyat tizimida aks etgan narsalar mantiqiga bo‘ysunadi. Tafakkur jarayoni amalda nafaqat ayrim shaxs miyasida, balki butun madaniyat tarixi shakllanadi. Asosiy qoidalar to‘g‘ri bo‘lgan holda fikrning mantiqiyligi uning tafakkurda, tushunchalar harakatida aks etishida namoyon bo‘ladi. Inson teran fikr yuritishida, mantiq qonunlariga bo‘ysunadi, uning biron-bir tamoyilini buzmaydi.
Hozirgi zamon fani va texnikasi qarshisida ko‘ndalang bo‘lgan muammolarning murakkabligi mantiqni faol rivojlantirish, tafakkurning mantiqiy apparatini, ayniqsa kibernetika texnikasining juda o‘sgan talablari bilan muvofiq holatga keltirishni talab qildi. Bu muhim ehtiyoj mantiqda yangi yo‘nalishlar – ko‘p ma’noli, ehtimol tutilgan va boshqa mantiqiy fanlarning paydo bo‘lishini belgilab berdi, formal mantiqni matematika bilan yaqinlashtirdi va matematik mantiq yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Obyektiv borliq jarayonlarining aloqasi, ularning rivojlanishi o‘ziga xos «narsalar mantig‘i», obyektiv mantiqni tashkil etadi. Bu mantiq bizning tafakkurimizda tushunchalar aloqasi ko‘rinishida aks etadi – bu subyekt mantig‘i tafakkur mantig‘i. Fikrlarimizning mantiqiyligi shu bilan belgilanadiki, biz narsalarni ular amalda qanday bog‘langan bo‘lsa, shunday bog‘laymiz. Hamonki borliq dialektika qonunlariga bo‘ysunar ekan, inson tafakkurining mantig‘i ham shu qonunlarga bo‘ysunishi lozim.
Tafakkur va borliqning birligi. Tafakkur bilan borliq o‘rtasida birlik mavjud. Tafakkur ularning birligi zamirida mantiqiy shakllar va tafakkur qonunlarini shakllantiruvchi ijtimoiy amaliyot yotadi. Dunyo rivojlanishining obyektiv umumiy qonuniyatlaridan mantiqiy qonuniyatlarning farqi shundaki, inson mantiqiy qonuniyatlarni ongli ravishda qo‘llashi mumkin, tabiatda esa dunyoning rivojlanish qonuniyatlari o‘ziga ongsiz tarzda yo‘l ochadi.
Inson o‘zini qurshagan dunyo haqidagi barcha bilimlarni pirovard natijada sezgi a’zolari orqali oladi. Biroq ular ayrim soxta g‘oyalar, masalan, Yerning yassi tuzilishi, Quyosh Yer atrofida aylanishi kabi g‘oyalar manbai hamdir. Bu ko‘pincha sezgi a’zolarining ma’lumotlariga ishonchsizlik uyg‘otgan, ratsionalistlar bu a’zolarning bilishdagi rolini kamsitishi va bilishda asosiy rolni tafakkur o‘ynashini qayd etishiga sabab bo‘ladi. Biroq empiriklar bu fikrga e’tiroz bildirib, bilishda xatolarga ko‘proq tafakkur yo‘l qo‘yganini qayd etadilar. Ularning fikricha, hayvon tabiat yo‘llaridan chetga chiqa olmaydi: uning motivlari zamirida sezgi a’zolari orqali idrok etiladigan narsalar yotadi. Hayvonlar hech narsani o‘ylab topmaydi va shuning uchun ham ular aqlsizlik holatiga tushmaydi. Inson esa har xil xomxayollar qurboni bo‘ladi.
Sezgi darajasida bilishning rolini mutlaqlashtiradigan va mavxum nazariy tafakkurga ishonmaydigan empirizm ilmiy bilishning rivojlanishiga monelik qiladi. Mutaxassislar qayd etishicha, qadimgi matematiklar, faylasuflar, pifagorchilar, matematikaga irratsional, ba’zan – kasr sonlarining kiritilishiga qarshi chiqqanlar, o‘z fikrlarini bu sonlarning noaniqligi bilan isbotlashga harakat qilganlar. Bunday fikrlar yunonlarni algebrani fan sifatida inkor etishga majbur qilgan, bu esa matematikaning analitik metodlari Uyg‘onish davriga qadar zamondan orqada qolishining sabablaridan biri bo‘lgan. Qadimgi mutafakkirlar sezgida bo‘lmagan narsa tafakkurda ham bo‘lmaydi deb qayd etgan. Tafakkur jarayoni modellar, sxemalar, tabiiy, sun’iy til va hokazolar ko‘rinishidagi sezgi unsurlariga tayanmay ish ko‘ra olmaydi.
Tafakkurning asosiy shakllari. Tafakkur jarayonining oqilona mazmuni tarixiy rivojlanish jarayonida yaratilgan mantiqiy shakllar qobig‘iga o‘raladi. Tafakkur o‘zining asosiy shakllari – tushunchalar, mulohazalar va xulosalar ko‘rinishida yuzaga kelgan, rivojlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
Tushuncha – narsalar va hodisalarning umumiy, muhim xossa va aloqalari aks etuvchi fikr. Tushuncha – tafakkur, tushunish faoliyatining mahsuli. Ular nafaqat narsalar va hodisalarning umumiy jihatlarini aks ettiradi, balki ularni bir-biridan ajratadi, ular o‘rtasida mavjud farqlarga qarab ularni guruhlaydi, tasniflaydi. Bundan tashqari, biz biror narsa haqida tushunchaga ega ekanligimizni ta’kidlar ekanmiz, bunda mazkur obyektning mohiyatini tushunishimizni nazarda tutamiz. Masalan, «inson» tushunchasi nafaqat muhim umumiy, ya’ni barcha odamlarga xos bo‘lgan jihatni, balki har qanday odamning boshqa har qanday narsalardan farqini ham aks ettiradi, mazkur odamning mohiyatini tushunish esa, umuman insonning mohiyati, ya’ni inson haqidagi tushunchaning mazmunini bilishni nazarda tutadi: «Inson – aql, so‘zlashish va mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan bioijtimoiy mavjudot».
Sezgi, idrok va tasavvurlardan farqli o‘laroq, tushunchalar ko‘rgazmalilik yoki hissiylikdan xolidir. Idrok daraxtlarni, tushuncha – umuman daraxtni aks ettiradi. Tushunchaning mazmunini ko‘pincha aniq obraz ko‘rinishida tasavvur qilish mumkin emas. Inson, masalan, yaxshi odamni tasavvur qilishi mumkin, biroq u yaxshilik, yomonlik, go‘zallik, qonun, yorug‘lik tezligi, sabab, qiymat kabi tushunchalar va jarayonlarni sezgi obrazi ko‘rinishida tasavvur qila olmaydi. Har qanday fanning barcha tushunchalari haqida shu fikrni aytish mumkin. Ularning obyektiv ta’rifi ko‘rgazmalilik chegaralaridan tashqarida bilvosita aniqlanadi.
Tushuncha muhim jihatlar va xossalarni aniqlaydi va ularni o‘zida mujassamlashtiradi: tushuncha mohiyatning fikrda ifodalangan obrazidir. Shuning uchun ham oz sonli tushunchalar son-sanoqsiz narsalar – xossalar va munosabatlarni qamrab oladi. Tushunchalar turli davrlarda mazmunan har xil bo‘lgan. Ular ayni bir inson rivojlanishining turli darajalarida har xildir.
Haqiqiy ilmiy tafakkur madaniyati biron-bir tushunchani aniq ta’rifsiz qoldirmaslikni o‘zi uchun qoida deb biladi. Buyuk mutafakkir Suqrot tushunchalarni mantiqiy jihatdan aniq ta’riflash haqiqiy bilimning bosh shartidir, degan edi.
Tushunchalar inson ongida ma’lum bog‘lanishda, mulohazalar ko‘rinishida yuzaga keladi va mavjud bo‘ladi. Tafakkur – biror narsa haqida hukm chiqarish, narsaning turli tomonlari o‘rtasidagi yoki narsalar o‘rtasidagi muayyan aloqalar va munosabatlarni aniqlash demakdir.
Mulohaza – fikrning shunday bir shakliki, unda tushunchalarni bog‘lash yo‘li bilan biror narsa haqidagi biron-bir fikr tasdiqlanadi (yoki rad etiladi). Masalan, «Terak – o‘simlik» degan shunday bir mulohazaki, unda terak haqida uning o‘simlik ekanligi xususida fikr bildiriladi. Tasdiqlash yoki rad etish, soxtalik yoki haqiqiylik, shuningdek ehtimol tutilgan narsalar bor joyda biz mulohazalarga duch kelamiz.
Agar bizning ongimizda faqat tasavvurlar, o‘z holicha tushunchalar mavjud bo‘lgan va ular bir-biri bilan mantiqan bog‘lanmaganida, tafakkur jarayoni ham bo‘lmas edi. Ma’lumki, so‘zning hayoti faqat nutqda, gapdagina haqiqiydir. Xuddi shuningdek, tushunchalar ham faqat kontekstida «yashaydi». Ayrim tushuncha sun’iy «preparat», masalan, organizmdan ajratib olingan hujayra bilan barobar. Tafakkur – biror narsa haqida xulosa chiqarish demak. Bunda biz mulohaza ko‘rinishida ifodalay olmaydigan tushuncha biz uchun mantiqiy ma’noga ega bo‘lmaydi.
Mulohaza (yoki mulohazalar) – keng ma’noda ifodalangan tushuncha, tushunchaning o‘zi esa – toraytirilgan mulohaza (yoki mulohazalar), deb aytish mumkin. Nima yuksakroq — tushunchami yoki mulohaza, degan masala atrofidagi bahslar sxolastik, shuning uchun ham besamardir.
Fikrning bevosita, moddiylashtirilgan ifodasi bo‘lgan gap mulohazani ifodalashning og‘zaki shaklidir. Har qanday mulohaza subyektning predikat, ya’ni tavsiflanayotgan narsa yoki hodisa bilan birikuvidir. Shu sababli mulohazalarning mantiqda ko‘rilmaydigan turlari subyekt, predikat va ular o‘rtasidagi aloqaning ehtimol tutilgan modifikatsiyalari bilan bog‘liq. Biz: «Olov kuydiradi», deymiz. Bu – mantiqan subyekt predikat bilan bog‘langan hukm. Olovni ham, kuyishni ham sezish mumkin, biroq ular o‘rtasidagi aloqani fikrimiz anglaydi.
Subyektning o‘zgarishiga qarab hukmlar, masalan, shaxssiz bo‘lishi mumkin: «Tong otyapti», «Kayfiyat yo‘q». Yakka, ayrim va umumiy hukmlar farqlanadi: «Nyuton tortilish qonunini kashf etgan», «Ayrim odamlar yovuz niyatli bo‘ladi», «Suyak – faol to‘qimalardan biri». Hukmlar tasdiqlovchi va inkor etuvchi bo‘ladi: «Tanang kuchni o‘simlik sharbatlaridan oladi», «Sayyoralar yulduzlar emas».
Inson u yoki bu mulohazaga biron-bir dalilni bevosita kuzatish orqali yoki bilvosita yo‘l bilan – xulosa chiqarish yordamida kelishi mumkin.
Tafakkur faqat mulohaza yuritish emas. Tafakkur jarayonida amalda tushunchalar va mulohazalar alohida o‘rin to‘tmaydi. Ular aqlning yanada murakkabroq harakatlari zanjiri – mushohadaning bo‘g‘inlari hisoblanadi.
Xulosa – mushohadaning nisbatan tugallangan birligi. Mushohada yuritish jarayonida mavjud mulohazalardan yangi mulohaza – xulosa chiqariladi. Xulosa chiqarish tafakkurning shunday bir amaliki, unda ayrim fikrlarni taqqoslash yo‘li bilan yangi mulohaza yaratiladi.
Inson narsalarning, xossalari va munosabatlarini teran bilish orqali vaqti-vaqti bilan hozirgi zamon chegaralaridan o‘tib, sirli kelajakka nazar tashlashi, hali ma’lum bo‘lmagan narsalarni oldindan ko‘rishi, yuz berishi ehtimol tutilgan va muqarrar bo‘lgan voqealarni bashorat qilishi mumkin.
Bashorat qilish «murakkab narsani oddiy narsaga aylantirish»ning oliy darajasini tashkil etadi. Ilmiy bilim taraqqiyoti ilmiy bashorat kuchining o‘sishi va mazkur hodisa chegaralarining kengayishi bilan bog‘liq. Bashorat qilish jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish imkonini beradi. Ilmiy bilish nafaqat kelajakni bashorat qilish, balki bu kelajakni ongli ravishda shakllantirish uchun imkoniyat yaratadi. Har qanday fanning hayot mazmunini shunday tavsiflash mumkin: bashorat qilish uchun bilish, ish ko‘rish uchun bashorat qilish kerak. Masalan, D.I.Mendeleyev yuz yil keyin kashf etilgan kimyoviy elementlarning mavjudligini bashorat qilgan edi.
Hissiy, empirik va ratsional bilish birligi. Ko‘p sonli ma’lumotlar sezgi a’zolari orqali va oqilona bilish nafaqat bir-biri bilan bog‘liq, balki bir-birini taqozo etishidan dalolat beradi. Inson ruhiyati bir-birini belgilashning ko‘p sonli zanjirlariga ega bo‘lgan murakkab tizimidir. Shu sababli, sezgining mazmuni nafaqat tashqi ta’sirlantiruvchi kuch, balki tafakkur, xotira, xayolning holati bilan ham belgilanadi. Sezish va tafakkur mumkin bo‘lgan narsalar o‘zaro mushtarakdir.
Aytaylik, bizni — sariq, yumaloq va shirin «olma»ning ruhiy obrazi qiziqtiradi. Bu yerda uch tushuncha: rang tushunchasi, geometrik shakl tushunchasi va ta’m tushunchasi aniq-ravshan ko‘rinib turibdi. Rang tushunchasi har xil ranglarni qamrab oladi, biroq ayni holda ularning orasida faqat sariq rang mavjud. Ta’m tushunchasi ayni holda «shirin» tushunchasi bilan ifodalangan. Olmaning ruhiy obrazi ko‘p sonli tushunchalar va ularning sezgi darajasida aniqlash mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlarining kesishuvi sifatida amal qiladi.
Agar tushunchalarni chiziqlar, sezgi shakllarini – nuqtalar bilan ifodalasak, har qanday obyektning ruhiy obrazi chiziqlar va nuqtalarning kesishish markazi sifatida amal qiladi.
Bilishning sezish va tafakkur shakllari kesishish nuqtasida yaxlit bir butun narsani hosil qiladi. «Bu olma»ning yaxlit ruhiy obrazi sifatida «olma» tushunchasi bilan olma haqidagi tasavvurning sintezi amal qiladi. Olma tushunchasi aynan «shu» olmaning yaxlit ruhiy obrazi emas. Olma haqidagi tasavvur olma obrazini yaratmaydi. Faqat birgalikda, bir-biri bilan chatishgan holda olma tushunchasi va olma haqidagi tasavvur «bu olma»ning yaxlit ruhiy obrazini yaratadi.
Sezgi a’zolari orqali va oqilona bilishning birligini ifodalash uchun alohida atama kerak. Antik falsafa va adabiyotda qo‘llanilgan «eydos» atamasi, bizningcha, sezgi a’zolari orqali va oqilona bilishning birligini ifodalash uchun eng qulay va aniq atamadir. Eydos «ko‘rinish, obraz» degan ma’noni anglatadi. Antik falsafada eydos deganda ko‘pincha tafakkur va ko‘rish mumkin bo‘lgan narsalar tushunilgan. «Eydos» atamasi odatda sezgi a’zolari orqali va aql bilan bilish mumkin bo‘lgan narsalar to‘g‘risida so‘z yuritilgan hollarda qo‘llaniladi.
Bilish nafaqat sezish va anglash mumkin bo‘lgan narsalar, balki eydoslardan ham iborat. Hodisaning eng yaxlit ruhiy obrazi eydosdir.
Bilishning empirik va nazariy darajalarini farqlash mezonlari. Nazariy va empirik narsalar va hodisalar muammosi xususida juda ko‘p metodologik adabiyotlar mavjud. Bilishning bu darajalari XX asrning 30-yillarida pozitivizm ta’limotida fan tilini tahlil qilish natijasida empirik va nazariy atamalar ma’nosidagi farqlar aniqlangan. Bu farq tadqiqot vositalariga ham taalluqli. Biroq, bundan tashqari, tadqiqot predmetining xususiyati va uni o‘rganish metodlarining har xilligini e’tiborga olib, ilmiy bilishning ikki darajasini ham farqlash mumkin.
Bu farqlarni mufassalroq ko‘rib chiqamiz. Nazariy va empirik tadqiqot vositalarining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Empirik tadqiqot zamirida tadqiqotchining o‘rganilayotgan obyekt bilan amalda bevosita aloqa qilishi yotadi. U kuzatishlarni amalga oshirish va eksperiment o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu sababli empirik tadqiqot amalda kuzatish va eksperiment kuzatishda asboblar, moslamalar va boshqa vositalarni o‘z ichiga oladi.
Nazariy o‘rganishda tadqiqotchi obyektlar bilan amalda bevosita aloqa qilmaydi. Bu darajada obyekt faqat bilvosita, amalda emas, balki tafakkur yo‘li bilan amalga oshiriladigan eksperimentda o‘rganilishi mumkin.
Eksperimentlar va kuzatishlarni tashkil etish bilan bog‘liq vositalardan tashqari, empirik tadqiqotda tushunchalar apparatidan ham foydalaniladi. Tushunchalar bu yerda ko‘pincha fanning empirik tili deb ataladigan alohida til sifatida amal qiladi. Bu til ancha murakkab tuzilishga ega bo‘lib, unda empirik atamalar va nazariy til atamalari o‘zaro ta’sirga kirishadi.
Empirik atamalar empirik obyektlar deb nomlash mumkin bo‘lgan alohida abstraksiyalarni anglatadi. Ularni borliq obyektlaridan farqlash lozim. Empirik obyektlar – bu amalda narsalar xossalari va munosabatlarining ayrim to‘plamiga ega bo‘lgan abstraksiyalardir. Borliq obyektlari empirik bilishda aniq qayd etilgan va cheklangan belgilar to‘plamiga ega bo‘lgan ideal obyektlar obrazida namoyon bo‘ladi.
Nazariy bilishga kelsak, unda boshqa tadqiqot vositalari qo‘llaniladi. Bu yerda o‘rganilayotgan obyekt bilan moddiy, amaliy o‘zaro ta’sirga kirishish vositalari mavjud emas. Biroq nazariy tadqiqot tili ham empirik tavsiflar tilidan farq qiladi. Uning negizi sifatida nazariy ideal obyektlarni anglatuvchi nazariy atamalar amal qiladi. Ular shuningdek ideallashtirilgan obyektlar, mavxum obyektlar yoki nazariy konstruktlar deb ham ataladi. Ular borliqning mantiqiy rekonstruksiyalari hisoblanadigan alohida abstraksiyalardir. Birorta ham nazariya bunday obyektlar yordamisiz yaratilmaydi.
Bilishning empirik va nazariy turlari nafaqat tadqiqot faoliyatining vositalari, balki metodlariga ko‘ra ham farq qiladi. Empirik darajada asosiy metodlar sifatida amalda eksperiment o‘tkazish va kuzatishdan foydalaniladi. Bu yerda o‘rganilayotgan hodisalarni obyektiv tavsiflashga qaratilgan empirik tavsiflash metodlari ham muhim o‘rin tutadi.
Nazariy darajada bilishga kelsak, bu yerda alohida metodlar, chunonchi: ideallashtirish (ideallashtirilgan obyektni yaratish metodi); ideallashtirilgan obyektlar bilan nazariy eksperiment o‘tkazish; nazariyani yaratishning alohida metodlari (mavxumdan muayyanga yuksalish, aksiomatik va gipotetik-deduktiv metodlar); mantiqiy va tarixiy o‘rganish metodlari va hokazolardan foydalaniladi.
Metodlar va vositalarning bu o‘ziga xos xususiyatlari empirik va nazariy o‘rganish predmetining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Bu darajalarning har birida tadqiqotchi ayni bir obyektiv borliq bilan ish ko‘rishi mumkin, biroq u mazkur borliqni har xil nuqtai nazardan o‘rganadi, shu sababli uning bilimlardagi ifodasi har xil ko‘rinishga ega bo‘ladi
Shunday qilib, empirik va nazariy bilimlar bir-biridan predmeti, tadqiqot vositalari va metodlariga ko‘ra farq qiladi. Biroq ularning har birini farqlash va alohida ko‘rib chiqish abstraksiyadan iborat. Amalda bilimning bu ikki qatlami doimo o‘zaro aloqa qiladi.
Intuitsiya – haqiqatni mantiqiy dalillar yordamisiz, bevosita anglab yetish qobiliyatidir. U doim inson aqli va joni birgalikda amalga oshirgan katta ish mahsuli hisoblanadi. Shu ma’noda faqat iste’dodli, mehnatkash va tirishqoq odamlargina intuitiv bilishga qodir.
Intuitsiya muammosi falsafa va tabiatshunoslik tarixida har xil, ba’zan bir-birini istisno etuvchi yondashuvlar, nuqtai nazarlar va tasavvurlar bilan tavsiflanadi. Antik falsafadayoq bu muammo atrofida keskin bahslar bo‘lgan. Ioniya falsafasi namoyandalari intuitsiyaga bevosita bilim, sezgi a’zolari orqali bilish shakli deb qaragan bo‘lsalar, eley maktabi vakillari, shuningdek Levkipp va Demokrit bevosita bilim va sezgi a’zolari orqali bilishni rad etganlar, sezgilarni soxta deb e’lon qilganlar. Suqrot talqinida intuitsiya «daymoniy» yoki «predmet g‘oyasiga egalik»dir. Platon ham hissiy bilishni haqiqat emas deb hisoblagan.
Yangi davrda Dekart, Spinoza, Leybnis intellektual intuitsiya haqidagi ta’limotni yaratdi. Dekart intuitsiya deganda sezgilarning omonat guvohligi va tartibsiz xayolning aldamchi mulohazasiga bo‘lgan ishonchni emas, balki teran va zehnli aqlni tushunadi. Spinoza intuitsiyani narsalarning mohiyatini qamrab oluvchi eng ishonchli bilish deb hisoblaydi. Sensualistlar sezgi darajasidagi intuitsiyani targ‘ib qiladi, sezgi a’zolari orqali, bevosita bilishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. J.Lokk fikriga ko‘ra, aql – sezgi a’zolari faoliyatining haqiqiy natijalarini uzluksiz qayd etuvchi ko‘zgu, xolos. Bilishning bu tomonini rad etib bo‘lmaydi: aql shu tomonga o‘z e’tiborini qaratgani zahoti u, xuddi quyoshning yorqin nurlari kabi, o‘zini bevosita idrok etishga majbur qiladi. Ikkilanish, shubhalanish, o‘rganishga hech qanday o‘rin qolmaydi: aql shu zahoti uning yorqin nurlari bilan to‘ladi, isbotlash yoki o‘rganishga muhtoj bo‘lmaydi, biroq haqiqatni faqat unga o‘z e’tibori qaratilganligi tufayli idrok etadi.
Muammoni o‘rganishga nemis klassik falsafasi muhim hissa qo‘shdi. Kant intellektual intuitsiya qobiliyatini inkor etib, sof apersepsiya g‘oyasini ilgari suradi. Biroq keyinchalik Fixte Kantning sof apersepsiyasi amalda intellektual intuitsiyaning o‘zi ekanligini, u Dekart, Spinoza va Leybnitsning amalda mavjud narsalarni bilish qobiliyati sifatida qaralgan intellektual intuitsiyasidan Kantda intuitsiya faoliyatni bilishga qaratilganligi bilan farq qilishini ko‘rsatdi. Fixtening o‘zi intellektual intuitsiyani amalda mavjud narsalarni emas, balki mutlaq narsalar faoliyatini bilish sifatida tushunadi. Shelling Kant-Fixte yo‘nalishini rivojlantirib, ularning ta’limotini o‘zining transsendental idealizmi – «substansiyani bilish uchun» o‘z naturfalsafasi bilan to‘ldiradi, estetik tasavvurni birinchi o‘ringa qo‘yadi. O‘tmish ratsionalistlaridan farqli o‘laroq, u intuitsiyaning sabablarini idrok emas, balki aql faoliyatidan qidiradi.
Gegel o‘z o‘tmishdoshlarining intellektual intuitsiya haqidagi ta’limotlariga tanqidiy yondashib, bilish mantig‘i, nazariyasi sifatida dialektikani ishlab chiqadi. U falsafani tafakkur faniga aylantiradi, uning sof tafakkurga asoslangan mantiqiy oqilona tizimini yaratadi, shu sababli uning ta’limotida intellektual intuitsiya o‘rnini dialektika egallaydi.
XX asr boshida har xil maktablar: Gusserlning fenomenologik intuitsiya (reduksiya), Bergsonning intuitivizm, Freydning ong osti intuitsiyasi va boshqa yo‘nalishlar yuzaga keldi. Bu maktablar intuitsiyani bilishning instinkt, ong osti hodisasi, diniy e’tiqod va hokazolarni o‘zida uyg‘unlashtirgan irratsional harakati sifatida tushunadi. Bu yo‘nalishlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular dunyoni ilmiy bilishda aqlning, tushunchalar vositasida tafakkurning rolini kamsitadi. Tafakkur o‘rniga predmetni keraksiz ratsionalistik mulohazalarsiz «asl holicha» qamrab olish imkonini beruvchi intuitsiya qo‘yiladi.
Bugungi kunda irratsionalizm g‘oyalarini ekzistensializm, neopozitivizm va hozirgi zamon falsafasining ayrim boshqa yo‘nalishlari rivojlantirmoqda. Masalan, ekzistensialist Xaydegger fikriga ko‘ra, «ekzistensiya»ni mantiqiy tushunish mumkin emas. Yaspersda e’tiqod, intuitiv tarzda qaraladigan mistik «vahiy» birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Marsel «abstraksiyalar ruhi»ga qarshi ayovsiz kurashni targ‘ib qiladi. Inglizlar Ross, Mur, Richard moddiy narsalarni bilishning sezgi va aql darajalarini chetlab o‘tib, qandaydir mistik intuitsiya yordamida, bevosita bilish mumkinligini isbotlashga harakat qiladi.
Shunday qilib, o‘tmishda faylasuflar intuitsiya deganda insonning haqiqiy borliqni bilish qobiliyatini tushungan, ularning ayrimlari (Spinoza) intuitsiyaga aqlning oliy ko‘rinishi sifatida yondashgan bo‘lsalar, hozirgi intuitivistlar aqlning, tafakkurning rolini kamsitadilar yoki inkor etadilar, alogizm va mistik irratsionalizmni targ‘ib qiladilar.
Mantiq sifatida tushuniladigan dialektika intuitsiyaning shakllanishi va uning natijalariga tanqidiy yondashilishiga imkoniyat yaratadi. Garchi intuitsiya deduktiv nazariyaning muhim bo‘g‘inlarini ko‘rsatib bersa-da, u bizni ularni isbotlash zaruriyatidan xalos etmaydi. Bevosita, kutilmagan va anglab yetilmagan bilim sifatida intuitsiya quruq joyda emas, balki vazifalarni yechish, yechimni «intuitiv» topishni belgilaydigan muayyan asoslar mavjud bo‘lgan holda yuzaga keladi. Biroq intuitsiya natijalarini bilimning tegishli shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan sohalarida tekshirish lozim. Masalan, matematika va fizikada olingan natijalarni faqat tajriba o‘tkazish yo‘li bilan tekshirish mumkin.
Inson ruhiyati hissiy, oqilona va eydetik bilimning yangi shakllarini yaratish uzluksiz jarayoni sifatida amal qiladi. Ingliz olimi G.Uolles ma’naviy ijod jarayonlarining tayyorgarlik, yetilish, anglash va tekshirish quyidagi bosqichlarini qayd etgan. Ijodning muhim bosqichi – yangilikni intuitiv anglash, tushunib yetish. Intuitsiya – kutilmaganda bevosita olingan bilim.
Xulosalar. Inson bilimining jadal sur’atlarda rivojlanishi ijod qilishni o‘rganish vazifasini qo‘yadi. Ijodiy faoliyat hamda ta’lim metodlarini o‘rganish haqidagi fan evristika deb ataladi. Ilmiy davralardagi suhbatlar, fikrlar almashinuvi, munozaralar, muammoli vaziyatlar tahlili – shaxsning ma’naviy, ijodiy qobiliyati rivojlanishiga ko‘maklashadi. Intuitsiya va ijodni formal mantiq vositalari yordamida tavsiflash mumkin emas, biroq evristik metodlar orqali subyektning iste’dodi, xotirasi, zehni, tasavvurini safarbar etishni talab qiluvchi yangilik ustida izlanishlar olib boriladi. Induktiv tafakkur – hodisalarning bir qismini o‘rganish orqali olingan bilimni hodisalarning butun turkumiga nisbatan tatbiq etish evristik usul hisoblanadi. O‘xshashlik bo‘yicha tafakkur ham evristik mushohada yuritishning haqiqatga erishishni kafolatlamaydigan, biroq oddiy faraz ham hisoblanmaydigan usulidir. Matematik modellashtirish ham evristik usul hisoblanadi. Fanning barcha tamoyillari evristik mazmunga ega. Masalan, fizikada muvofiqlik prinsipidan foydalaniladi: eski va yangi nazariya o‘rtasida muvofiqlik bo‘lishi kerak, yangi nazariyaning matematik apparati ma’lum darajada eski nazariyaga mos kelishi lozim. Falsafa evristik xususiyatga ega, shu sababli yuksak cho‘qqilarni egallash intuitsiya va ijodni anglab yetishning ta’sirchan vositalaridan biri hisoblanadi.
Tajribaviy amaliy matnlar
Sezgi va idrok, xotira, xayol, tasavvur, empirik bilim, kuzatish, eksperiment, ilmiy dalil, nazariy bilim, muammo, ilmiy muammo, muammoli vaziyat, gipoteza, nazariya, kategoriya, paradigma, tafakkur, mantiqiy tafakkur, tushuncha, mulohaza, xulosa, intuitsiya.
Qo‘shimcha va tushuntiruvchi matnlar
Adabiyotlar
1. Nazarov. Q. Bilish falsafasi – T.: Univesitet , 2005.
2. Shermuhamedova N. Sinergetika va evristika Falsafa va fan metodolgiyasi – T.: Universitet, 2005.
3. Bibler V.S. Ot naukoucheniya k logike kulturi. – M.: 1991.
4. Ilin V.V. Teoriya poznaniya. Epistemologiya. – M.: 1994.