Ta’lim jarayoni mohiyati, ta’lim jarayoni yagona tizim sifatida

MAVZU. TA’LIM JARAYONI MOHIYATI, TA’LIM JARAYONI YAGONA TIZIM SIFATIDA


I. RЕJA:

1. Ta’lim jarayonining mazmun – mohiyati.

2. Ta’lim jarayoni – yagona dinamik tizim sifatida.

3. Ta’lim – borliqni bilishning o‘ziga xos shakli sifatida.

4. O‘qitish va o‘qitish jarayonlari tasniflari va ularning ta’lim jarayonidagi o‘zaro aloqadorligi.

5. Sharq va G‘arb mutafakkirlarining ta’lim sohasidagi g‘oyalari.

6. Ta’lim jarayoni va ta’lim oluvchilar ruhiyatidagi o‘zaro aloqadorlik.

7.O‘qitishning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarining uyg‘unligi.

8. Ta’lim qonuniyatlari va tamoyillari.


II. MAQSAD.

Talim jarayonining mazmun – mohiyatini umumiy xarakteristikasini va uning yagona dinamik tizim ekanligini ilmiy – uslubiy jihatdan asoslash hamda ular asosidagi ta’lim qonuniyatlari va tamoyillarining mazmun – mohiyatini bayon qilish.


III. VAZIFALAR:

1. Ta’lim jarayonining tashkiliy – tuzilmaviy ko‘rinishini va u asosidagi ta’lim jarayonini yagona dinamik tizim ekanligini asoslash.

2. Borliqni bilish va undagi o‘qitish jarayonlarining o‘rni va rolini bayon qilish.

3. Ta’lim sohasidagi tarixiy didaktik asoslar va ularning zamonaviy ta’limdagi ahamiyatini yoritish.

4. Ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilar ruhiyati, o‘qitishning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarini e’tiborga olishning muhim jihatlarini asoslash.

5. Ta’lim qonuniyatlari va tamoyillarining o‘zaro vobastoligi hamda ta’lim jarayonida ularga amal qilish yo‘llari.


IV. TAYANCH TUSHUNCHALAR:

Ta’lim jarayoni; mazmun – mohiyat; dinamik tizim; bosqichni bilish; o‘qitish algoritmi; intellektual asr; sezish va idrok qilish; tasavvur; tafakkur; bilim, ko‘nikma va malakalar; o‘qitish tushunchasi; o‘qitish jarayoni; pedagogik ta’lim; o‘quv maqsadi; o‘quv vazifalari; ta’lim maqsadi; ta’lim mazmuni; ta’limning o‘quv vositalari; ta’limning usullari; ta’limda baholash; tashkiliy – tuzilmaviy sxema; pedagogik jarayonlar samaradorligi; dars; mustaqil ta’lim; tarbiyaviy munosabatlar; tadbirlar; pedagogik amaliyot; pedagogik tajriba – sinov; Daos maktabi; ta’lim qonuniyatlari; ta’lim tamoyillari; ilmlilik; ko‘rgazmalilik tamoyili.


V. MATN BAYONI.

1. Ta’lim jarayonining mazmun – mohiyati.

Ta’lim berish g‘oyatda murakkab va mas’uliyatli ish, buning dalili sifatida shuni aytish mumkinki, pedagogning ta’lim jarayonidagi rahbarlik rolini ta’minlashga urinish va harakatlarini saqlashga intilishi o‘rtasidagi ta’limga xos dialektik ziddiyat aslida yuksalishning manbaidir.

Ta’lim maqsad, mazmun, o‘qituvchining shaxsi, talabalardagi dastlabki bilimlarning xarakteri, o‘qitishning moddiy – texnik bazasi va boshqa omillar bilan belgiladani. Bunda o‘qituvchi talabalar ishining borishini kuzatish va ular erishgan natijalarni baholash asosida o‘zining ko‘rsatmalari, yo‘naltiruvchi savollari, tegishli tushuntirishlari va hakozalar bilan ularning o‘quv faoliyati jarayoniga tuzatishlar kiritadi. Shunga ko‘ra ta’lim birinchidan, o‘qitish, ikkinchidan, o‘qitishni, ya’ni o‘qishni va shu bilan birga uni nazorat qilish hamda tuzatish tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

“Ta’lim ma’lum qonuniyatlarga bo‘ysinadi va umumfalsafiy metodologiyaga muvofiq bu qonunlar ta’lim jarayoni bilan ancha kengroq ijtimoiy jarayonlar o‘rtasidagi umumiy, muhim zarur, barqaror aloqalardan, shuningdek, ta’limning alohida komponentlari, ya’ni uning maqsadi, mazmuni, shakli, usullari va uslublari o‘rtasidagi ichki bog‘lanishlardan iborat. Aniqlangan didaktik qonuniyatlardan qator asosiy talablar kelib chiqadi, ularga rioya qilish o‘qituvchining sifatli va samarali amalga oshiruvini ta’minlaydi” [1].

Ta’lim natijasida shaxs zaruriy bilimlar bilan ta’minlanib, kelgusida turli darajadagi maxsus ma’lumotni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayoni ma’lum darajada kuchli motivlashtirishdan vujudga keladi va u shaxsning qarashlari, e’tiqodi hatti – harakatlari, umumiy kamolotiga, pirovardida esa uning xulqiga ta’sir etadigan bilimlar, ko‘nikmalar va malakalar majmuasining shakllanishiga bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.

2. Ta’lim jarayoni – yagona dinamik tizim sifatida.

Ta’lim jarayoni o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tashkil etuvchilar (ko‘rsatkichlar) – ning o‘zaro uzviy bog‘liqligi asosida tuzilgan yagona dinamik tizimni tashkil etadi. Dinamik tizim deyishiga sabab, ta’limni va ta’lim jarayonini tashkil etuvchilari jamiyat taraqqiyotiga mos holda muntazam rivojlanishda bo‘lib, takomillashtirilib boriladi.

Bunda tashkil etuvchilar quyidagilardir: maqsad; mazmun; shakl, usul; uslub; o‘qituvchi shaxsi; talabalardagi dastlabki bilim; o‘qitishning moddiy – texnik bazasi va shu kabilar. Bu ta’lim jarayonlarini bir butunlikda, ya’ni yagona yaxlit dinamik tizim sifatida qarash lozimligini taqozo etadi va bunday qarash ta’lim jarayonini boshqarish va boshqarishning optimal variantini topishga ham imkoniyat yaratadi.

Qayd etilgan ta’lim jarayonini tizim ko‘rinishida quyidagicha ifodalash mumkin (1 — shakl).


1 – shakl. Ta’lim jarayoni tashkil etuvchilari va ular dinamikasi.

Shaklda ifodalangan ketma – ketlik o‘qitish jarayonining algoritmini ishlab chiqishga imkoniyat yaratadi.

O‘qitish algoritmini ishlab chiqish orqali olib boriladigan ta’lim jarayonining uzviyligini va uzliksizligini ta’minlovchi qat’iy ketma – ketlik yaratiladi, shuningdek, ta’lim didaktikasini joriy etishning aniq mexanizmlarini yaratish borasidagi ta’lim – tarbiyaviy va pedagogik tadqiqotlar sohalaridagi ishlar yanada rivoj topadi.

O‘qitish algoritmi intellektual asr ta’lim – tarbiyasida asosiy pedagogik terminlardan biri bo‘ladi, chunki zamonaviy o‘qitish texnologiyalari shu kabi terminlar asosida ta’limda yangicha sifat bosqichiga ko‘tariladi.

3. Ta’lim – borliqni bilishning o‘ziga xos shakli sifatida.

Ta’lim – inson bilish faoliyatining eng murakkab turlaridan biri bo‘lib, individual psixik rivojlanishni va bilimlarni o‘zlashtirishni ancha tezlashtiradi. O‘qituvchi ta’lim jarayonida faqat bilim berish bilan chegaralanmaydi, bu jarayonda u ta’lim oluvchiga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa bilim olishlarini yanada faollashtiradi, natijada ta’lim oluvchi ta’lim jarayonining faol ishtirokchisiga aylanadi.