O’zbek halq cholg’u asboblaridan yana biri naydir. Nay asbobining paydo bo’lishi ham qadim o’tmishga borib taqaladi. Qadimgi Sharq madaniyati quchog’ida o’zbek halq cholg’ulari shakllandi. Ular ko’p asrli taraqqiyot davomida, o’ziga xos xususityalarini, tovush tusini saqlab qoldi. Tuzilishlari o’zgarmagan holda nay, surnay, karnay, bo’lamon va boshqa puflab chalinadigan musiqa asboblari an’anaviy shakllarda bizgacha yetib keldi.
Nay cholg’usi nafaqat O’zbekiston va Tojikistonda, balki Buryati, Mangoliya Respublikasi, Xitoyda ham keng tarqalgan. Bu cholg’u turli mamlakatlarda turlicha nomlanadi. Masalan: O’zbekiston va Tojikitonda nay, Buryat va Mangoliyada limba, Xitoyda li deb yuritiladi.
Nay musiqa asbobi yakka cholg’u, ansambl va orkestrlarda chalinadi. Ovoz hajmi kengligidan, xalq kuylarida, maqomlarda, ansamblda ko’proq yetakchi vazifasini bajaradi. Tuzilishiga ko’ra barmoqlar bilan berkitiladigan olti teshikcha, diotonik tovushqatorga ega bo’lib, umumiy ovoz hajmi birinchi oktava lya dan to’rtinchi oktava re gacha. Notalar skripka kalitida yoziladi. Barmoqlar bilan teshikchalarni to’la yoki yarim berkitish, yarim yoki butun tonlikni tashkil etadi. Turlicha puflash yo’li bilan esa, baland-past tovushlar chiqaziladi. Nayni puflaydigan teshigi va barmoqlar bilan yopadigan birinchi teshikcha o’rtasida yana bir teshikcha bo’lib, bunga yupqa qog’oz yopishtiriladi (bu asosan Xitoyda qo’llaniladi). Bu uslub tovushni to’lqinlantirib chiqarishga yordam beradi. Nayning ikkinchi uchida doimiy ochiq turadigan to’rtta teshikcha (ikkisi ikki yonda va qolgan ikkisi ort tomonda) ayrim pardalardagi tovushlarni yumshatib berish uchun xizmat qiladi. Nayning umumiy uzunligi 500-600 mm bo’lib, yog’ochdan, g’arovdan, qamish va misdan yasaladi. Shunga ko’ra «Yog’och nay», «Mis nay», «G’arov nay» deb ataladi. So’ngi yillarda nayni kichraytirilib ishlangan turi qo’llanila boshladikim, bu kichik nay «Nay pikkola» deb ataladi. Nayning ovozi juda yoqimli. Bu asbob ikki holatda, ya’ni o’tirib va tik turgan holatda ijro etiladi. Nay fortepianoning yoki chang asbobining lya notasiga sozlanadi.
Nay asbobida o’zining mohirona ijrosi bilan shinavandalar qalbidan chuqur o’rin olgan marhum ijrochilar: Abduqodir Ismoilov, Saidjon Kalonov, Dadaali Soatqulov, Jamil Kamolov, Isoq Qodirov, Mahmud Muhamedov, Rabbim Hamdamov, Yusufjon Dadajonov, Uzoq Mahmudov va Yashin Haqqulovlar.
Nay chalish sabog’ini olayotgan har bir yosh talabalarimiz yuqorida nomlari tilga olingan ustozlar hayotini va ular ijro etgan dilrabo ohanglardan bahramand bo’lishlari lozim.
Hozirgi kunda xizmat qilib kelayotgan mashhur naychilar: Mirza Toyirov, Halimjon Jo’rayev, Shukrullo Ahmadjonov, Ahmadjon Sobirov, Abdulahad Ergashev, Ilhomjon Javdotov, Halimjon Sharipov, Mansur Jomurodov va boshqalar.
Surnay
Surnayning paydo bo’lishi ham eramizdan oldingi asrlarga borib taqaladi. IX asr oxirida samoniylar mahalliy feodal sulolasi O’rta Osiyoni katta qismini birlashtirishga erishdi. Davlatning poytaxti Buxoro yirik madaniy markazga aylandi. O’sha paytlardayoq yakka navoz, ansambl musiqa ijrochiligi mavjud edi. Saroy a’yonlari tantanali marosimlarida ijro etilgan musiqa alohida o’rin tutgan. Odatda bir necha damli karnay, surnay va nog’ora asboblarining birgalikda chalinishi ansamblni hosil qilgan. Surnayni asosan saroy tadbirlarida, sayillarda va to’y-hashamlarda ijro etganlar. Surnay ko’p hollarda karnay, nog’ora va doira bilan birgalikda ijro etilgan.
XIX asrga kelib nay, surnay, bo’lamon musiqa asboblari ijrochilik amaliyotida mustahkam o’rin oldi. Musiqa ijrochiligida bir qancha musiqashunoslar yetib chiqdilar. Ijrochilikda yetuk bo’lgan ustoz Qurbon Sa’diy, ustoz Poyanda surnay va nog’orachilar bo’lganlar.
Darvish Alining guvohligi shuni ko’rsatadiki, o’sha paytda ham saroyda bo’ladigan bazmlar karnay, surnaysiz o’tmagan.
XIX asrning ikkinchi yarmida Avgust Fedorovich Eyxgorn (1844 yil tug’ilgan) o’zbek halq cholg’ularini to’plagan, muallif surnayni qamish puflagichli qadimiy cholg’u, qo’shnayni qo’sh qamishli cholg’uga o’xshatgan. Bunday qo’shnay, surnaylarga ham o’zbeklar, qo’shiqqa mohirona jo’r bo’lganidek, jo’r bo’lishgan.
To’rt damli va urma cholg’udan ya’ni karnay, surnay, doira, nog’oralardan tuzilgan ansambllar Toshkent, Qo’qon, Farg’ona, Andijon, Buxoro, Xorazm va O’zbekistonnnng boshqa shaharlarida turmushga keng qo’llanilgan. Ular, ya’ni surnaychilar halqning ijtimoiy hayotida, umumhalq, an’anaviy bayramlarda va oilaviy hayotda faol ishtirok etib kelmoqdalar.
Ayni paytda yakka cholg’u asbobi-surnayning imkoniyatlarini hisobga olib, maxsus ijrochilik dasturlari («Surnay Irog’i», «Surnay Dugohi», «Surnay Qalandariy», “Surnay Navosi”, «Shodiyona» “Miskin») kabi o’zbek xalq kuylari anchagina o’rin olgan. Mashhur karnay-surnaychilardan Qo’qonda qo’shnay va surnaychi Ashurali Mahram, Ahmadjon Umurzoqov, Xudoyberdi surnay Xorazmdan bo’lganlar.
1927 yilga kelib surnaychilar soni anchaga ortdi. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, o’zbek halq cholg’ularida ijrochilikning rivojlanishi bilan bir qatorda halq cholg’ulariga ham qiziqish kuchaydi. Shunga qaramay surnay sinfini takomillashtirish yo’lidagi o’rinishlar hali davom etmoqda.
Surnayning tuzilishi
Surnay o’zbek va tojik halqlari o’rtasida keng tarqalgan qadimiy puflama yog’och cholg’u asbobi. Unda ham chap va o’ng qo’l barmoqlari bilan yopiladigan oltita teshikchasi bor. Yettinchi teshik esa, pastki tomonda bo’lib, buni chap qo’lning bosh barmog’i bilan berkitiladi. Ovoz hajmi kichik oktava lya dan ikkinchi oktavadagi mi ga qadar cho’zilgan. Notalar eshitilganicha skripka kalitida yoziladi. Surnay ovozi baland bo’lganligi uchun ochiq havoda, turli tantanalarda (mikrafonsiz) chalinadi. Surnayning yasashda o’rik daraxtidan foydalanadilar va qamishdan tilchaga o’xshash maxsus puflagich o’rnatiladi.
Qo’shnay
Qo’shnayning paydo bo’lish tarixi ham uzoq o’tmishga borib taqaladi. Qo’shnayning ilk namunalari to’g’risida Al-Forobiy o’zining musiqiy risolasida ta’riflab o’tgan. Qo’shnay iborasi, fors tilidan olingan bo’lib, qo’sh-juft yoki ikki nay degan ma’noni bildiradi. Qo’shnay musiqa cholg’usini yakka tartibda, ansambl jo’rligida va orkestr jo’rligida ijro etadilar.
XIX asr boshlarida o’zbek xalq cholg’u ansambllari tarkibiga g’ijjak, tanbur, dutor, chang, rubob, nay, qo’shnay, va doyralar kiritilgan. 1926 yilda tuzilgan 21 ijrochidan iborat bo’lgan truppani atoqli Davlat arbobi Muhiddin Qoriyoqubov tuzgan va bevosita unga rahbarlik qilgan. Truppada Ahmadjon Umurzoqov qo’shnay chalgan.
Qo’shnayda xromatik tovush qatordan foydalanish va muayyan diapozonni aniqlash imkonini beradigan aplikatura ishlab chiqilishi bilan konservatoriyada qo’shnay ixtisosligi bo’yicha ta’lim berish zarurati tug’ildi.
Toshkent Davlat konservatoriyasida 1948 yil qo’shnay sinfi ochilgan bo’lib, uning ilk bor bitiruvchilari N.Nig’matov va K.Odilovlar bo’lganlar.
1970 yildan boshlab qo’shnay sinfini avval A.Odilov (changchi) boshqardi, endilikda esa M.Toyirov (naychi) boshqarib kelmoqda.
Qo’shnayning tuzilishi
Qo’shnayning tuzilishiga kelsak: ikki qamish naychadan iborat bo’lib, ularga maxsus tilcha o’rnatiladi. Qo’shnayni chalish uchun ikkita naychaga bir xil puflanadi va har ikkala naychada yondosh joylashgan yettita teshikchaning tegishlilari barmoq bilan bosiladi. Ovoz hajmi birinchi oktavadagi re dan ikkinchi oktavadagi sol gacha (ayrim mashhur qo’shnaychilar ikkinchi oktava lya, si hatto bundan ham yuqori tovushlar hosil qiladilar). Qo’shnayda o’zbek musiqasi uchun xos bo’lgan musiqiy bezaklar (melizmlar) ni chalish juda qulaydir. Qo’shnayda kuy ijro etuvchi sozandani xalq orasida «Qo’shnaychi» deb yuritiladi.
O’zbekistonda mashhur qo’shnaychilardan Ahmadjon Umurzoqov, Ashurali Yusupov (rahmatli bo’lishganlar) iste’dodli yoshlardan Matrasul Matyoqubov (1958 yil tug’ilgan Urgench musiqa bilim yurtida o’qituvchi, ikkinchi respublika maqom ijrochilari konkursining sovrundori birinchi mukofot), Bahrom Sobirov (1945 yil tug’ilgan «Bahor» ansamblining sozandasi) Yo’ldosh Tojiyev (1960 yil) Urgenchda o’qituvchi va boshqalar.
Karnay
Karnay-qadimiy damli ya’ni puflab chalinadigan musiqa cholg’ular guruhiga kiradi. Karnayning tuzilishi asosan ikki, uch bo’lakdan iborat bo’ladi. Uzunligi esa ikki metrdan ortiqroq, puflab chalinadigan qismi oxirida mayda teshikcha bor. Karnay cholg’u ijrosida tovushlar sekunda intervaliga o’xshaydi va ikki xil intervaldan hosil bo’lgan tuvushlar chiqadi.
Karnayda asosiy tovushdan yuqori sof kvinta yoki kichik septima intervali chalinadi. Karnay ijrosi asosan bayramlarda, tantanali marosimlar, sayillarda, to’y-hashamlarda, surnay va nog’ora ba’zan esa doyra jo’rligida chalinadi.
Karnayning ovozi juda baland bo’ladi, shu sababli bo’lsa kerak, «Navro’z» bayramlari va har xil mavsumiy sayillarda xalqni yig’ilishlarga chorlaydi. Karnay musiqa asbobida kuy ijro etadigan sozanda «Karnaychi» deb yuritiladi.
Balabon.
Bo’laman balabon, bolaman-qadimiy o’zbek halq cholg’u asboblaridan hisoblanadi. Ushbu cholg’uning ham paydo bo’lish tarixi uzoq qadimiy davrlarga borib taqaladi. O’rta Osiyoning qadimiy Xorazm vohasida ilk bor paydo bo’lgan degan taxminlar ham bor. Chunki uning ko’proq ijrochilari, Xorazm xalqining aholisi va ularning musiqa ijrochilaridir. Balabon cholg’u asbobi ham odatda tut yoki o’rik daraxtining yog’ochidan yasaladi. Uni boshdan-oxiriga qadar parmalab ishlab chiqadilar. Shakli surnayga o’xshash, lekin undan bir oz kichikroq, nomi ham shundan kelib chiqqan bo’lsa ajab emas. Bolaman-ya’ni surnayning bolasiman degan ma’noni ham anglatadi. Balabonning uzunligi 300 mm bo’lib, yuqori qismiga o’rnatilgan (tili) qamishdan yasalib, tayyorlanib P shaklida qirqiladi. Balabonda sakkizta teshik mavjud, uning yettitasi ustki va biri orqa tomonida joylashgan bo’ladi. Orqa tomondagi teshik yuqorida bo’lib, chap qo’lning bosh barmog’i bilan berkitiladi. Tovush qatori diatonik bo’lib, kichik oktavadagi re, rebemol dan boshlab uch oktavagacha yaqinlashib boradi.
Balabonda yakka navoz ijro etish mumkin, shuningdek, ansambl va orkestrlarda ham chalinadi. Ikkinchi tarafdan balabon cholg’usi Arman, Gruzin, Dog’iston halq musiqa cholg’uchiligida ham ijro etiladi. Xuddi biznnng balabondek, lekin nomlanishi har xil.
Muhammad Rahimxon Feruz zamonida eng yaxshi bo’lamonchi bo’lgan cholg’uchi Yoqub balabonchi, uning do’stlari Muhammad Yoqub Xarrat g’ijjakchi, Abdurahmonbek g’ijjakchi bo’lganlar. Bu cholg’uchilar Xorazm musiqasini rivojlantirilishiga o’zlarining ulkan hissalarini qo’shgan cholg’uchilardir.