2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida:
1. Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Taraqqiyot strategiyasi) va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.
2. Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2026 yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.Xolxo‘jayev), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ijtimoiy sug‘urta tizimini yaratish, jumladan, ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish;
kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-yil 1-apreldan boshlab birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda loyihada ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va korrupsiyaviy omillarning oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilsin;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin:
ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash.
3. Mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022-yilda:
mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilsin;
barcha darajadagi rahbarlar mahallaga tushib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilansin;
mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshirilsin;
mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilsin;
mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshirilsin;
mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko‘maklashish va o‘qitish markazlari, tadbirkorlik ob’ektlari kabi infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilsin;
mahallani joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan, mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishniнг samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilsin;
fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etilsin.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (M.Ubaydullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda keng jamoatchilik, shu jumladan, mahalla tizimida ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlarni jalb qilgan holda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va yangilangan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) 1-apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 605 milliard so‘m ajratilsin;
141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilsin va ularning soni 2026-yil yakuniga qadar6,4 milliongacha yetkazilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish va maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha choralarni ko‘rib borsin.
5. Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda tegishli qurilish ishlarini 2022-yil yakuniga qadar yakunlash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat byudjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘llashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmi joriy qilinishini ta’minlasin.
6. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar:
2022-yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;
xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin hamda malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2022-yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023-yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflyatsiya va Davlat byudjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligi ta’minlab borilsin.
Bunda davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarilsin.
Vazirlar Mahkamasi (J.Qo‘chqorov) Markaziy bank (M.Nurmuratov) bilan birgalikda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni doimiy ravishda ko‘rib borsin;
b) 2023-yildanqo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushirilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘rilsin.
Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida quyidagi loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:
Energetika vazirligi (A.Sultanov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov) 2022-yil 1-martga qadar – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.Abdinazarov), Energetika vazirligi (A.Sultanov) 2022-yil 1-iyunga qadar – sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha ”yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha qaror.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar sharoiti “og‘ir” bo‘lgan hududlarda 2025-yil 1-yanvargacha yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilsin hamda takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldanboshlab to‘liq ishga tushirilsin.
Adliya vazirligi (R.Davletov) Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D.Qosimov) va Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ko‘rib chiqish va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha yagona reyestrga kiritish hamda ushbu reyestrni 2025-yilga qadar to‘liq ishga tushirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. 2022-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik sub’ektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtirilsin:
ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga bo‘lgan shartlarni bekor qilish;
faoliyat yo‘nalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan xodimlarga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish;
muayyan faoliyat bilan ko‘chma tartibda, shu jumladan, avtotransport vositalaridan foydalangan holda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish;
xizmat ko‘rsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar bo‘yicha milliy standart va talablarni bekor qilish;
“bog‘lovchi-operator” sifatida masofaviy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish bo‘yicha talablarni bekor qilish.
Adliya vazirligi (R.Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlar talablarining mazkur bandga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
11. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilsin:
2022-yilda – 14 ta, shu jumladan, sertifikatlashtirish xizmatlari;
2023-2025-yillarda – 11 ta, shu jumladan, neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarda tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlari.
12. Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi o‘rnatilsin:
2022-2026—yillarga mo‘ljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladi;
har chorak yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning o‘rinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi;
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022-2026—yillarga mo‘ljallangan respublikaning hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar loyihalarini tasdiqlasin.
13. Davlat boshqaruvi organlarining “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida:
mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan, jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, e’lon qilib borilsin;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida muntazam e’lon qilib borish tizimi yaratilsin;
har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.
Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda to‘rt oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan qaror loyihasini kiritsin.
14. Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini ta’minlash maqsadida 2022-yilda:
fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek, o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
“Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinsin;
keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilsin.
Adliya vazirligi (R.Davletov) va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) 2022-yil 1-oktabrga qadar davlat xizmatlari tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, navbatlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va xususiy sektorga o‘tkazish choralarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilsin;
qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini ma’muriy sudda isbotlash majburiyatini, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklash tartibiga amal qilinishi qat’iy ta’minlansin;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yo‘lga qo‘yilsin.
16. Jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinsin.
Ushbu tizim doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) uch oy muddatda “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini ishga tushirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Transport vazirligi (I.Maxkamov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlarni yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlashga hamda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali yo‘naltiriladigan mablag‘lardan aynan mazkur yo‘nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilsin.
18. 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) hamda uning ishchi guruhi tarkiblari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiya va ishchi guruh zimmasiga Taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va monitoring qilish, shuningdek, uni 2023-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarining tayyorlanishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
19. Belgilab qo‘yilsinki:
Taraqqiyot strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi hisoblanadi;
Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
20. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ta’sischilarining “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqot va “aql» markazi sifatida qayta tashkil etish hamda quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatish to‘g‘risidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin:
tegishli yo‘nalishlarda aniqlangan tizimli muammolarni, jumladan, byurokratik to‘siqlar, qonunchilikdagi nomuvofiqliklar, ishlamayotgan huquqiy mexanizmlar, eskirib ketgan qoidalarni umumlashtirish;
ko‘tarilayotgan tizimli muammolar va Taraqqiyot strategiyasida yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, tegishli davlat organlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etib borish;
tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik vakillari bilan birga tizimli muammolarni muhokama qilgan holda, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish;
tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mavzuli ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish
va ularning natijalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish, shuningdek, islohotlarni amalga oshirish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish uchun “ilmiy maydon” yaratish bo‘yicha choralarni ko‘rsin.
21. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” fondining Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonlariga milliy va xalqaro hamjamiyatni keng jalb qilib borishga qaratilgan quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhini tashkil etish;
hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish;
fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslarni umumlashtirib, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda jamoatchilik loyihalarini ilgari surish.
22. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan tahliliy va axborot materiallarini Internet jahon axborot tarmog‘ida va ommaviy axborot vositalarida aks ettirib borish choralarini ko‘rsin.
23. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha onlayn portalni ishga tushirsin.
Bunda chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha aholining fikrlari, taklif
va e’tirozlarini qabul qilgan holda ilgari surilgan tashabbuslar tizimlashtirilib, har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borilsin.
24. Vazirlar Mahkamasi:
muntazam ravishda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin;
har chorakda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ijro etish holatini har tomonlama muhokama qilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rib borsin;
Taraqqiyot strategiyasini keyingi yillarda amalga oshirish bo‘yicha yillik davlat dasturlari loyihalarini o‘z vaqtida tayyorlab borilishini ta’minlasin.
25. Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi, jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatib borsin;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda e’lon qilish va keng tarqatishni ta’minlasin;
monitoring natijalari to‘g‘risidagi axborotni har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borsin.
26. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.
27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.