O’tkir Hoshimov. Muhabbat & “Ikki eshik orasi” romanidan ostiga chizilgan parchalar
BAHOR KELAAVERADI,
QIZG’ALDOQLAR OCHILAVERADI…
“Ikki eshik orasi” romanidan parchalar
“Rost bilan yolg’onning o’rtasi — to’rt enlik”, degan gap bor. Qiziq, nega endi oz emas, ko’p emas, to’rt enlik? Gap shundaki, ko’z bilan quloqning orasi — to’rt enlik ekan. Eshitganingga emas, ko’rganingga ishon… Maqsad — shu… Nachora, hamma rost gapiravermaydi. Ammo yolg’on gapirayotgan odam ham ichida, baribir rostini o’ylaydi…
***
Katta vijdonsizliklar kichkina nopoklikdan boshlanishini bilsam nima qilay axir?
***
Odamzodning qonida g’alati adolatsizliklar bo’ladi. Begonalardagi o’zgarishni darrov sezasizu yaqin odamingizga e’tibor bermaysiz. Xuddi ota¬onangizni birov sizga bog’lab berib qo’ygandek. Go’yo ular siz uchun abadiy yashashi shartdek. Oyim keksayib qolganini, sochlari oqarib ketganini, qovoqlari salqib, yuzi yillab to’shakka yopishib yotgan odamdek sarg’imtil¬zahil tusga kirganini endi payqadim.
***
Ajab, inson xotirasi — eshigi yopib qo’yilgan omborga o’xsharkan. Ombor oldidan har kuni o’tasiz. O’tasizu o’z yumushingiz bilan ovora bo’lib, qayrilib qaramaysiz. Vaqti kelib tasodifiy shamol omborning eshigini ochib yuboradi-yu, beixtiyor ichkariga mo’ralab qaraysiz. Shunda qiziq holat ro’y beradi. Ombor ichida oltindan aziz narsa ham, ko’zingiz tushishi bilan ta’bingizni xira qiladigan qaqir¬ququrlar ham qalashib yotgan bo’ladi. Alam qiladigan joyi shundaki, siz ulardan xohlaganingizni ajratib ololmaysiz… Hammasi baravariga jon ato qilib, atrofingizni qurshab oladi.
***
…Tinch, to’kin zamonning allaqanday osoyishta zavqi bo’ladi.
***
Odam qimmatbaho narsasini yo’qotsa achinadi. Tuhmatga qolsa boshini tog’-toshga uradi. Qadri yerga urilsa, isyon ko’taradi. Yaqin kishilaridan ayrilsa dod soladi… Lekin umidingdan ayrilsang g’alati bo’larkan. Hech nimaga, hech kimga, hatto o’z qadringga ham achinmaysan. Dod solmaysan. Isyon ko’tarmaysan… Go’yo sen o’lgansan. O’zing o’lib, quruq surating qolgan…
***
Somonsuvoq qilingan tomlar ustini bir qarich qor bosgan, yorishib kelayotgan osmonda uchqunlar g’ujg’on o’ynar edi… Negadir birinchi qor yog’ishini uzoq kasal bo’lib yotgan odamning jon taslim qilishiga o’xshataman. Bemor to’shagiga yopishib inqillab yota-yota oxiri omonatini topshiradi-yu, bu dunyoning azoblaridan qutulganiga shukr qilgandek tinchib chehrasi yorishadi.
***
Iz tushmagan qordan yurishning gashti g’alati bo’ladi. Hammayoq jimjit. Yo’l chetidagi qor bosgan tollar turmushning baland¬pastini ko’raverib, har qanday mushkulotni xotirjamlik bilan kutib olishga o’rganib ketgan qariyalardek oppoq boshini quyi solgancha o’yga cho’mgan.
***
Sadoqat bilan xiyonatning orasi shunchalik yaqinmi?
***
Dunyoda hadiksirab yashashdan ortiq azob yo’q ekan. Go’yo boshingda birov qilich ko’tarib turgandek, sen bo’lsang har lahzada o’sha qilich bo’yningga tushishini kutayotgandek. Bora-bora shunaqangi joningdan to’yib ketasanki, qilich taningni boshingdan tezroq judo qilishiga orzumand bo’lib qolasan. Nima bo’lgandayam hadik azobidan qutulsam, bir cho’qib, atrofga ming alanglagan qarg’adek ayanchli ahvoldan xalos bo’lsam deysan…
***
…Odam bolasining fe’li qiziq. Avvalo, umid bilan qurgan imorating bir og’masin ekan. Bir og’dimi bo’ldi, baribir yiqilarkan. To’sib qolaman desang, bosib tushib, o’zingni ham parcha¬parcha qilib tashlashidan qo’rqar ekansan. Negaki, o’sha imoratning poydevori qo’porilishiga bir chekkasi o’zing ham sababchi ekanligingni bilarkansan.
***
Bu — qadim dunyoning odamlar bilan nima ishi bor! Bahor kelaveradi, qizg’aldoqlar ochilaveradi… Odamlar esa keladiyu ketadi. Dunyo o’tkinchi deymiz. Yo’q, dunyo emas, biz o’tkinchimiz. Bahor bir aylanib kelguncha birov tug’iladi, birov o’ladi. Birov¬birovni yaxshi ko’radi. Birov¬ birovning ko’ziga cho’p soladi…
***
Amal — asov otdek gap. Qo’lingdan bir chiqardingmi, ikki dunyodayam yetolmaysan. Ot-ku, oxir¬oqibat egasiga qaytib kelsa¬kelar. Lekin amal qaytmaydi. Uni allaqachon boshqasi egarlab minib olgan bo’ladi. Mabodo seni amal otidan tushirganlar bir emas, ming marta nohaq bo’lganida ham qaytib o’sha otni minishingga yo’l qo’ymaydi. O’zi otdan tushishini o’ylab qo’rqadi.
***
Bilmadim. Ehtimol odamzod farishta bo’lib tug’ilsa-tug’ilar. Ammo bir umr farishta bo’lib yasholmaydi. Hech kim! Hech kim farishta emas. Faqat o’zini oppoq qilib ko’rsatgisi keladi. Ming uringani bilan farishta bo’lolmaydi. Yo’lidan shunaqangi shaytonlar kesib chiqadiki, gunohga botganini o’zi ham sezmay qoladi.
***
…Har qadamda o’lim kutib turgan janggohdan tirik qaytishimga ishonmagan edim. Lekin urush oyoqlagan sayin umidim kuchaya boshladi. Nazarimda sog’-salomat uyga qaytsam, buyog’i nuqul bayram bo’ladiganga o’xshardi. Ertalab ishga boraman. Kechqurun uyga kelsam ovqat tayyor, issiq o’rnim tayyor. Bundan ortiq baxt bormi odamga?
***
Odam o’zini judayam baxtiyor his etsa, xudbin bo’lib qolarkan. O’zgalarning dardini sezmas ekan.
***
Har xil odamlarni ko’ravergandan keyin psixolog bo’lib ketarkansan. Bir toifa shikoyatchilar bor: uyalib, qimtinib, hatto qo’rqib kiradi. Arzimagan narsaniyam ovozi titrab gapiradi. Bular — ko’pincha haq bo’ladi.
Yana bir toifa bor. Eski qadrdonlardek bemalol omonlashadi. Ovozini pasaytirib gapiradi. “Bilamiz, sizdayam bola-chaqa bor, shu ish to’g’ri bo’lsa qarzdor bo’lib qolmaymiz”, degandek imo-ishoralar qiladi. Bola-chaqa uyoqda tursin, xotinim ham yo’qligini bilmaydi. Ammo pinjimga kirib ketgudek bo’ladi. To’g’ri, pora beraman demaydiyu dudmalroq qilib gapiradi. Bunaqalar bilan muomala qilishni boplayman. Trubkani ko’tarib, ataylab ikkita nomer teraman. “Militsiyami?” deyishim bilan yo qochib qoladi, yo bidir-bidir qilib boshqacha sayrab ketadi.
***
Ehtimol o’g’rilik qilgan odamning siri ochilmas. Ehtimol qotillik qilgan olchoqning ham siri bilinmas. Ammo xiyonat fosh bo’lmay qolmaydi. Negaki, xiyonatni bir odam qilmaydi. Albatta, sherigi bo’ladi. Faqat, yomon joyi shundaki, xiyonatdan ozor chekkan odam bu sirni hammadan keyin biladi. Shunisi alam qiladi.
***
…Odamzotning fe’li shunaqa. Noxush narsani eslagisi kelmaydi. Ammo yomon xotira barmoqqa chiqqan yaraga o’xshaydi. Qo’lingni qimirlatishing bilan o’sha la’nati yara bexosdan bir joyga tegib ketadi-yu, azob beradi.
***
Achchiqni achchiq kesadi deyishardi. Ba’zan achchiqni shirin ham kesarkan.
***
Odam birovni aldashi mumkin. Ammo o’zingni o’zing alday olmaysan. Osmondagi yulduzni uzib olib bo’lmaydi!
***
Tiriklarni hurmatlagan odam, marhumlarni izzat qiladi.
***
Marhumlar hech nimani eslamaydi, desangiz xato qilasiz. Marhumlarning xotirasi siz tiriklarnikidan yaxshiroq bo’ladi. Negaki, siz ming xil tashvish bilan yelib¬yugurasiz. Bizning esa xotiralarni eslashdan boshqa yumushimiz yo’q.
***
Hayot nima o’zi?.. Tole hadya etgan in’om. Ammo odamlar har xil. Birov shu in’omni boshqalar bilan baham ko’radi. Birov boshqalarnikiniyam qo’shib olgisi keladi. Shu bilan umri uzayib qoladigandek. Gap qachon o’lishdami? Qanday o’lishda emasmi!
***
Ming yil yashagan bir sahoba “Esiz-esiz, u eshikdan kirdimu bu eshikdan chiqib ketayapman”, degan ekan. Shunaqa, bolam… Hech kim o’lishni o’ylamaydi. Ammo odamzodga umr o’lchab berilgan. Shunaqalikka shunaqa-ku, odamning umri necha yil yashagani bilan o’lchanmaydi. Bir xil odamlar bor: u eshikdan kirib, bu eshikdan chiqib ketayotganda qo’lidan kelgancha savobli ish qiladi. Hayot degan imoratga aqalli bitta g’isht qo’yib ketadi. Yana bir xillari bor: o’sha imoratdan aqalli bitta g’ishtni o’g’irlab ketgisi keladi. O’g’irlab¬ku, hech qayoqqa borolmaydi, narigi eshik oldiga borganda baribir tashlab ketadi. Ikki orada imoratni buzgani qoladi…
***
Quyosh har kuni uyg’ongan zahoti jilmayib boqadiyu unsiz xitob qiladi: “Bir kiprik qoqgulik qisqagina umringizda tinch-totuv yashasalaring bo’lmaydimi? Goh non talashasizlar, goh shon! Goh makon talashasizlar, goh imon? Axir hammangiz insonsiz-ku. Hammangiz mening bolalarimsiz-ku, men sizlarning otalaringizman-ku. Bir¬birlaring bilan qirpichoq bo’laverishlaringni ko’rib charchab ketdim-ku! O’z onangizni — Yer kurrasini adoyi tamom qilib tinchimoqchimisiz?! Shu niyatda
ko’tarib yuribdimi ko’ksida!”
Zamira RO’ZIEVA tayyorlagan.
Manba: «Qashqadaryo» gazetasi veb-sahifasi