Shu yilning 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 129-sonli «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Biz esa bu o‘zgarishning bo‘lishi haqida hali 2018 yildayoq xabar bergan edik.
ID-karta haqida Sirdaryo viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi batafsil ma’lumot bergan.
ID-kartaning old tomoni
Qancha muddatda beriladi?
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:
yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
16 yoshdan – 10 yil muddatga.
Qat’iy hisobga olinadigan hujjat hisoblanuvchi ID-karta belgilangan namuna bo‘yicha lotin alifbosidagi o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa ID-karta olish uchun murojaat qilgan fuqaroning xohishiga ko‘ra, lotin alifbosidagi qoraqalpoq yoki o‘zbek tillarida personallashtiriladi.
ID-karta blankasiga qanday ma’lumotlar kiritiladi?
a) hujjatning nomi;
b) ID-karta raqami;
v) ID-karta egasining:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tug‘ilgan sanasi;
fuqaroligi;
tug‘ilgan joyi;
jinsi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
g) ID-kartaning:
berilgan sanasi;
kim tomonidan berilgani;
amal qilish muddati tugaydigan sana;
d) ID-karta egasining raqamli surati.
ID-kartada uning egasining imzosi bo‘lishi shart (16 yoshga yetganidan keyin).
Vazirlik va idoralarning avtomatlashtirilgan tizimlari orqali ID-karta egasining roziligi bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ID-kartaga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
ID-kartaning orqa tomoni