Maʼmuriy tuzilishi: 9 ta graflik, 5 viloyat va bitta oʻzini oʻzi boshqaruvchi hududga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Suva, Nandi, Lautoka.
Pul birligi: Chaguanas, San Fernando, San Xuan, Port of Speyn.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Ushbu orol-mamlakat Karib dengizi janubiy qismida, Venesuela qirgʻoqlaridan uncha uzoq boʻlmagan hududda joylashgan. Ikkita katta orol – Trinidad va Tobago, shuningdek, boshqa mayda orollardan iborat. Garchi bu oʻlka Kichik Antil orollari turkumiga kirsa-da, iqlimi Janubiy Amerikaga xos.
Trinidad asosan pasttekisliklardan iborat. Uchta kichik togʻ tizmasi bor. Ikkitasining balandligi 325 metrdan oshmaydi. Shimol boʻylab yastangan uchinchi togʻ tizmasining eng baland nuqtasi 940 metrli Aripo choʻqqisidir. Mamlakatda ikki yirik daryo bor. Ortoyre daryosining uzunligi 50 km, u Atlantika ummoniga quyiladi. Koroni daryosining uzunligi esa 40 km, u Paria boʻgʻoziga quyiladi.
Tobago orolining 43 foizi oʻrmon bilan qoplangan. Bir qancha mayda daryochalar va irmoqlar bor.
Iqlimi – tropik. Trinidadda oʻrtacha yillik harorat 26 daraja issiq. Iyundan dekabrgacha davom etadigan yogʻingarchilik mavsumida havodagi namlik oʻrtacha 85 – 87 foizni tashkil etadi. Yillik yogʻin miqdori – 200 santimetr.
Tarixiy sanalari. Orolni 1498 yil 31 iyulda Xristofor Kolumb ochgan. Trinidad va Tobago orollarida qadimdan hindular yashab kelgan. XVI asrda ispanlar bu yerni mustamlakaga aylantirdi, mahalliy aholining deyarli hammasini qirib tashlashdi. 1797 yili inglizlar Trinidadni bosib oldi va u 1802 yildan, 1814 yili Tobago ham Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylandi. Shakarqamish dalalarida ishlatish uchun Afrikadan qoratanli qullar keltirildi. 1834 yili qulchilik bekor qilingach, qoratanlilar plantatsiyalarni tashlab ketishdi. Ularning oʻrnini toʻldirish uchun Hindiston, Xitoy, Portugaliya va boshqa mamlakatlardan shartnoma asosida ishchilar keltirila boshlandi. 1866 yili Trinidadda neft konlari ochilib, sanoat rivojlana boshladi, ishchilar tashkilotlari tuzildi. 1899 yili Tobago maʼmuriy jihatdan Trinidadga birlashtirildi. Ikkinchi jahon urushi davri va undan keyin orollarda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1950 yili Trinidad va Tobagoga ichki ishlarda oʻzini oʻzi boshqarish huquqi berildi. 1958 – 1962 yillarda mamlakat Buyuk Britaniya tuzgan “Vest Indiya Federatsiyasi” tarkibida boʻldi. 1962 yil 31 avgustdan Hamdoʻstlik tarkibidagi mustaqil davlatga aylandi. Trinidad va Tobago 1976 yil 1 avgustda respublika deb eʼlon qilindi.
Mamlakat 1962 yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 31 avgust, Mustaqillik kuni.
Iqtisodi. Mamlakat iqtisodiyotining asosini neft va tabiiy gaz qazib olish, qayta ishlash tashkil etadi. Siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turadi. Eksportda asfalt va kimyoviy oʻgʻitlarning ham ulushi katta. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan shakar, kokos yongʻogʻi va sitrus mevalar sotadi. Asosan xomashyoni qayta ishlovchi mashinalar va oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladi. Ogʻir sanoat rivojlangan.
Sayyohlik sohasi ham katta daromad keltiradi. Har yili mamlakatga 400 000 dan ortiq sayyoh keladi. Bu koʻrsatkich borgan sari ortyapti.
Asosan AQSH, Yamayka, Barbados, Venesuela va Braziliya bilan savdo-sotiq qiladi.
Aholisi. Etnik tarkib xilma-xil. Aholining taxminan 40 foizga yaqini afrikaliklar va hindlar, 20 foizi kreollardan iborat. Shuningdek, kelib chiqishi yevropalik, xitoy yoki arab boʻlgan trinidadliklar ham anchagina. Mahalliy aholi sanaladigan portugallar, kariblar va kokoa panyollar ozchilikni tashkil etadi.
Yagona rasmiy til – ingliz tili. Hindlar orasida hind-oriy tilining bhojpuri lahjasi keng tarqalgan. Soʻzlashuv tilida ingliz tiliga asoslangan kreol tili qoʻllaniladi.
Dini. Aholining 41 foizdan ortigʻi nasroniylar. Hinduiylar 22 foizni tashkil etadi. Musulmonlar soni boʻyicha uchinchi oʻrinda – 6 foiz (65 000 dan ortiq) aholi musulmonlardan iborat.
Mamlakatga Islom dini dastlab Janubiy Afrikadan olib kelingan qullar tufayli yoyila boshlagan. Qullik bekor qilingach, Janubiy Osiyoning turli mamlakatlaridan shartnoma asosida ishlashga kelgan mehnatkashlar hisobiga musulmonlar jamoasi shakllangan.
Hozir musulmonlar orasida Janubiy Osiyodan kelganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Lekin ularning koʻpchiligi mahalliy aholi bilan aralashib-chatishib ketgan.
Mamlakatda bir qancha masjidlar, oliy va oʻrta-maxsus islom oʻquv yurtlari faoliyat yuritadi. Hukumat Ramazon hayitini rasmiy bayram sifatida eʼtirof etgan.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
oriftolib.uz
“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 1-sonida chop etilgan.