Tanzaniya Birlashgan Respublikasi

Maydoni: 945 203 kv.km.

Aholisi: qirq uch milyondan ortiq.

Poytaxti: Dodoma shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 26 ta viloyat – mkoaga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Dorussalom, Bukoba, Morogoro, Dodoma, Arusha.

Pul birligi: tanzaniya shillingi.



Jugʻrofiy oʻrni. Sharqiy Afrikada joylashgan. Shimolda Keniya va Uganda, gʻarbda Ruanda, Brundi va Kongo Demokratik Respublikasi, janubda Zambiya, Malavi va Mozambik bilan chegaradosh. Sharqiy chegarasini Hind okeani yuvib turadi. “Tanzaniya” nomi mamlakatni tashkil etgan ikkita shtat – Tanganika va Zanzibardan olingan. Ikkita poytaxti bor. Tarixiy boshkent Dorussalom maʼmuriy poytaxt, Dodoma hukumat idoralari joylashgan poytaxt hisoblanadi.

Mamlakatning asosiy qismini yassitogʻliklar egallagan. Hind okeani sohili boʻylab pasttekisliklar choʻzilgan. Bu yerda Afrika qitʼasining eng katta suv havzalari – shimolda Viktoriya, gʻarbda Tanganika, janubda Nyasa koʻli joylashgan. Iqlimi – subekvatorial. Shimolda ikki marta (mart – may, sentyabr – noyabr), janubda bir marta (noyabr – aprel) yomgʻir mavsumi kuzatiladi. Tanzaniyaga tegishli orollarning iqlimi zax, seryogʻin. Kunlik oʻrtgacha harorat 28-30 daraja. Bahri Muhitdan yengil shabada esib turadi. Hind okeani suvining oʻrtacha harorati 24-26 daraja.


Tarixi. Hozirgi Tanzaniya hududida eng oldin Afrikaning qadim tubjoy aholisi boʻlmish bushmen va gottentotlar yashagan. Miloddan oldingi birinchi asrda bu yerga Habashiston togʻliklaridan kushit qabilalari koʻchib kelgan. Milodiy asr boshida esa buntu qabilalari kelib oʻrnashgan. Birinchi mingyillik oʻrtalarida mamlakat hududiga fors, arab va hind millatiga mansub savdogarlarning qadami yetgan va keyinchalik ular shu yerda qolgan. Ana shu davrdan yangi bir qurama elat – suaxili paydo boʻla boshlagan. Suaxililar xalqaro savdo bilan shugʻullangan, boshqa oʻlkalarga fil suyagi, oltin kabi tovarlar olib borib, hunarmadchilik buyumlari, matolar va oziq-ovqat mahsulotlari olib kelgan.

XVI asr oʻrtalarida Tanzaniya chegaralariga portugallar qadam qoʻyadi. 1505 yili ular deyarli barcha port-shaharlarni egallaydi, biroq XVII asr ikkinchi yarmida arablar va zanjilar bosqinchilarni yurtlaridan quvib chiqaradi. Shundan keyin bu hududda shambala, chagga, xexe, xayya, nyamveze qabilalarining Kimveri davlati va boshqa kichik qabilaviy boshqaruv birlashmalari yuzaga keladi. XIX asr oʻrtalarida esa Tanzaniya koʻplab ovrupalik savdogar va missionerlar uchun kashf etiladi. 1885 yili olmon general-gubernatori Karl Peters oʻn ikki nafar qabila boshligʻi bilan uchrashib, ularni Olmoniyaga boʻysunishga koʻndiradi. 1888 yili esa Zanzibar sultonidan mamlakatning sohilboʻyi qismini ellik yilga ijaraga oladi. 1890 yili inglizlar Zanzibar sultoni bilan boʻysunish haqida shartnoma imzolaydi. 1891 yili Karl Peters Olmoniya Shimoliy Afrikasi mustamlaka imperiyasi tuzilganini eʼlon qiladi.

Olmonlar kauchuk, qahva, paxta va sizal beradigan ekinlarni yetishtira boshlaydi. 1902 yili esa temir yoʻl quradilar.

1905 – 1907 yillari bosqinchilarga qarshi koʻtarilgan Maji-Maji qoʻzgʻononi bostiriladi. 1914 yili Birinchi jahon urushi boshlanadi va Tanzaniya harbiy harakatlar sinov maydoniga aylantiriladi. Olmoniya Britaniya, Belgiya va Portugaliyaning mustamlaka oʻlkalariga yurishlar uyushtiradi. Bu holat 1918 yilgacha – Antanta bilan tinchlik shartnomasi imzolanguncha davom etadi. Urushdan soʻng Tanzaniya Britaniya vasiyligiga oʻtadi. Inglizlar plantatsiya siyosatini davom ettirib, ekin maydonlarini kengaytiradi.

Britaniya 1961 yil 9 dekabrda Tanganikaga, 1963 yil 10 dekabrda Zanzibarga mustaqillik beradi. 1964 yil 12 yanvarda Zanzibar xalqi qoʻzgʻolon koʻtarib, sultonni taxtdan agʻdaradi va shu yilning 26 aprelida ikki mamlakat qoʻshilib, Tanzaniya Birlashgan Respublikasi tashkil topgani eʼlon qilinadi.

1967 yili Tanzaniya Afrika Milliy Birlashmasi hududda kommunizm qurishga kirishdi, biroq bu islohot oʻzini oqlamadi, aholining keskin noroziligiga sabab boʻldi.

1970-yillardan 1995 yilgacha bir partiyali boshqaruv hukm surdi.

Hozir koʻp partiyaviylikka asoslangan demokratik boshqaruv yoʻli tanlangan.


Iqtisodi. Tanzaniya dunyoning qashshoq mamlakatlaridan biri. Iqtisodi qishloq xoʻjaligiga asoslangan, ishchilarning sakson foizga yaqini shu jabhada mehnat qiladi. Yalpi ichki mahsulotning yigirma yetti foiz ulushi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri keladi. Qahva, sizal, choy, paxta, tamaki, makkajoʻxori, bugʻdoy, banan yetishtiriladi. Qoramol, qoʻy va echki boqiladi. Sanoat yalpi ichki mahsulotning yigirma uch foiz ulushiga egalik qiladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, olmos, oltin, temir rudasi va tuz qazib olish, poyabzal ishlab chiqarish sanoatning asosiy tarmoqlaridir. Yalpi ichki mahsulotning qolgan ellik foizi xizmat koʻrsatish sohasi hissasiga toʻgʻri keladi.

Afrika, Karib hafzavi va Tinch okeani hududi mamlakatlari xalqaro tashkiloti aʼzosi. Asosan Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Keniya, Niderlandiya, Olmoniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlar bilan savdo qiladi.

Aholisi. Aholining sakson foizga yaqini qishloqlarda yashaydi. Mamlakatda bir yuzu yigirmaga yaqin millat bor, ular orasida sukuma, nyamvezi, jagga, ngonde, xaya, xexe, bena, gogo va makondelar koʻpchilikni tashkil etadi. Etnik guruhlarning asosiy qismi buntu xalqlari guruhiga mansub. Aholining oʻrtacha koʻpayishi ikki foizni tashkil etadi.

Dini. Diniy koʻrsatkichlar haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Chunki 1967 yildan boshlab aholini qayta roʻyxatga olish chogʻida fuqaro eʼtiqod qiladigan din qayd qilinmaydi. AQSH maxsus xizmati maʼlumotnomasiga koʻra, aholining oʻttiz besh foizi musulmonlardan, oʻttiz foizi nasroniylardan iborat. Qolgan oʻttiz besh foiz aholi mahalliy eʼtiqodlarga ishonadi.

Musulmonlar asosan Zanzibar orollarida istiqomat qiladi, bu yerda yashovchilarning toʻqson yetti foizdan koʻprogʻi musulmon.

Islom dini Tanzaniya hududiga 900 – 1000 yillarda yoyila boshlagan. Forsiy podshohlar oilasiga mansub Ali ibn Hasan Sheroziy akasi taxtga oʻtirgach, tazyiqqa uchrab mamlakatni tashlab ketishga majbur boʻladi. Ali kemada Afrika tomon yoʻl oladi. Qitʼa qirgʻoqlariga boʻylab suzib, Kilva oroli yonida toʻxtaydi va uni bantu qabilasi sardoridan sotib oladi. Oroldan qitʼaga omonat bir koʻprik orqali oʻtilardi. Ali mustahkam koʻprik qurdiradi va orolda Kilva sultonligiga asos soladi. 1300 – 1400 yillarga kelib Kilva sultonligi qitʼadagi juda koʻp shaharlarni oʻziga boʻysundiradi. Bu hududda Islom dini keng yoyiladi. Mashhur tarixchi Ibn Battuta 1332 yili orolga keladi va musulmonlar koʻpligidan oʻzini xuddi uyidagidek his etganini yozadi. Zanzibar janubidagi Kizimkazi masjidi nafaqat Tanzaniya, balki Sharqiy Afrikadagi eng qadimgi masjidlardan biridir. U 1107 yili qurilgan.

Hozir mamlakat musulmonlari soni tobora ortib boryapti.


Orifjon Madvaliyev

oriftolib.uz

2012