Sabr va qanoat inson uchun doimo kerak. Yaxshilik yetganida ham, yomonlik yetganida ham, zarar-kamchilik paytida ham, foyda-borchilik paytida ham. Sabr so’zining ma’nolaridan biri ham — tanglik paytida o’zini tutib turishdir.
Sabrning istelohiy ma’nosi haqida ulamo ahli bir-birini to’ldirguvchi bir necha ta’riflarni aytganlar: «Sabr — nafsni qayg’u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a’zolarni tashvishdan tutib turishdir.
Sabr — nafsning eng go’zal amallaridan biri bo’lib, qilinishi yaxshi va go’zal bo’lmagan narsalardan saqlanishdan iboratdir.
Sabr — Qur’on va sunnat ahkomlarida sobit turishdir.
Sabr — balo yetganda go’zal odob ila turishdir.
Sabr — istirob paytida qalbni sobit tutishdir».
Sabr uch qismdan iborat:
1. Allohning toatiga sabr qilish.
2. Gunohdan o’zini tiyishda sabr qilish.
3. Allohning imtihoniga sabr qilish.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Shubhasiz, kim sabr qilib, kechirsa, albatta bu mardlik ishlardandir», deb marhamat qiladi. (Shuro surasi 43-oyat)
Bu oyati karimada Alloh taolo sabr qilishga da’vat qilib, yana kechirimli bo’lishni ham buyurmoqda. Avvalo bu ishlarni amalga oshirish oson emas. Qolaversa, yaxshi sifatlarga qancha targ’ib qilinsa, shuncha ozdir.
Dunyodagi holatlar boshqacha bo’lishi mumkin. Ba’zan jinoyatchi, zolim va tajovuzkorlarga omad kulib boqqandek ko’rinadi. Bunday qarasangiz, ishlari zo’r, kunlari shod-xurramlikda va aysh-ishratda o’tayotgandek. Ular dunyoning yarmiga, balki hammasiga ega bo’lsinlar, ammo besh kunlik o’tkinchi dunyo matohlarining qiymati qancha? Unga erishganlar aslida nimaga erishadilar o’zi? Ammo sabr qilganlar mardlik ishlarini amalga oshirgan bo’ladilar va uning ajrini to’la to’kis oladilar.
Ba’zi ulamolarimiz: «Sabr qilguvchilarga ajrlari berilayotganda, hisoblab o’tirmasdan, ulgurji berib yuboriladi», deganlar.
Sabr har bir mo’min-musulmon erkak hamda ayolga lozim bo’lishi kerak bo’lgan sifatdir. Bu ulkan xislatsiz inson mo’min-musulmonlik takliflarini, buyruqlarini ado eta olmaydi. Inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgan oliy maqomlarga yetish yo’lidagi ishlarga sabrli bo’lishi lozimdir. Turli sinovlardan, mashaqqatlardan faqat sabr ila o’tiladi.
Alloh taolo: «Sabr qilganlar va yaxshi amal qilganlar, ana o’shalarga mag’firat va katta ajr bordir», deb marhamat qiladi.
Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam: «Jonim qo’lida bo’lgan zotga qasamki, Alloh mo’min banda uchun nimani taqdir qilgan bo’lsa, o’sha uning uchun yaxshi bo’ladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukur qiladi, unga yaxshi bo’ladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi, unga yaxshi bo’ladi. Bu faqat mo’minlardagina bo’ladi», deganlar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qiladi: «Albatta biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go’zaliga beriladigan ajr bilan mukofotlaymiz». (Nahl surasi 96-oyat)
Yana Alloh taolo: «Sabr va namoz ila yordam so’rang. Va albatta u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir», degan. (Baqara surasi 45-oyat)
Demak, musulmon kishi har bir ishga astoyidil urinadi va shu urinish bilan birga, Allohdan yordam so’raydi. Sabr ham, ko’pchilik xayol qilganidek salbiy ma’noda, «nima bo’lganda ham sabr qilyapman», deb jim harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir. Eng bosh sabr havoi nafsni, rohat-farog’atni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir. Namoz esa, bandani Allohga bog’lab turguvchi narsa bo’lib, inson namoz orqali quvvat, matonat, chidam va bardoshga erishadi. Payg’ambar alayhissalom qachon boshlariga qiyin ish tushsa, namoz o’qishga shoshilar edilar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Ey iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so’ranglar. Albatta Alloh sabrlilar bilan birgadir», deb marhamat qiladi. (Baqara surasi 153-oyat)
Qur’oni Karimda sabrga da’vat ko’p takrorlanadi. Chunki Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo’ldagi to’siqlarni yengish uchun ham, zaiflik qilib qolganda ham, havoi nafsni jilovlash uchun ham sabr kerak bo’ladi.
O’tgan ulamolarimizdan birlari sabrni umumiy tarzda uchga bo’lganlar:
1. Alloh harom qilgan narsalardan va gunohdan saqlanishga sabr.
2. Toat va qurbat hosil qilish uchun sabr.
3. Yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.
Demak mo’min musulmon banda mazkur qiyinchiliklarni yengish uchun katta miqdordagi sabrga ega bolishi kerak. Ammo hamma narsaning o’zini chagarasi bo’lganidek, gohida sabr ham tugashi, susayishi mumkin. Bunday holatda faqat namozgina yordamga keladi. Namoz bitmas-tuganmas yordamchidir. Kuchga-kuch, quvvatga-quvvat baxsh etuvchi, qalbga madad berguvchi, sabrga sabr qo’shuvchi, sokinlik va xotirjamlik manbaidir. Shu bois Alloh taolo qiyinchilik va mashaqqat ostonasida turgan Islom ummatini sabrga va namozga chaqirmoqda va ortidan: «Albatta, Alloh sabrli bandalar bilan birgadir», deb ta’kidlamoqda.
Payg’ambar alayhissalom o’zlarining hadislarida: “Alloh taolo kimga sabr qilish ne’matini ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum qolmaydi”, deb marhamat qilganlar.
Sabr iymonnning yarmidir. Albatta, bu hayotda banda doimo sinovda bo‘ladi. Goh yaxshi holatlar bilan, goho mashaqqat va qiyinchiliklar bilan. Bularning barchasida doimo sabrli bo‘lish talab etiladi. Sabrning eng oliy darajasi insonga musibat yetgan paytdagi ilk daqiqalardagi sabrdir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam bir kuni bir qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tayotib, “Ey ayol, Allohdan qo‘rq va bu holatingda faqat sabr qilgin”, dedilar. U ayol: “Nari turgin, mening kabi senga musibat yetmagan”, dedi. Ayol u zotni tanimagan edi. U ayolga: “Sen gaplashgan zot Payg‘ambar alayhissalom edilar”, deyildi. Ayol o‘sha zahotiyoq Payg’ambar alayhissalomning eshiklari oldiga keldi va u zotga: “Sizni tanimabman”, dedi. Shunda u zot: “Albatta sabr birinchi zarbadadir”, dedilar.
Payg’ambarimiz bu bilan faqatgina u ayoldan yo‘qotgan narsasi uchun sabr qilib, Alloh huzuridagi savobga erishib qolishni talab qildilar xolos. Albatta haqiqiy sabr — avvalgi daf’ada haqiqiy bo‘lishini ham uqtirdilar.
Musulmon katta-yu kichik musibatlarga, og‘ir bemorliklarga ham, tikon kirishiga ham sabr qilmog‘i gunohlariga kafforat bo‘lishi aytilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga qay bir musibat: horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikon kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qiladi», dedilar.
Boshqa hadisi sharifda esa, mo‘min-musulmon banda uchun bemorlikka sabr qilish jannatga erishishga sabab bo‘lishi ta’kidlanadi.
Ato roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Ibn Abbos menga: «Senga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?» dedi. «Ha», dedim. «Mana bu qora xotindir. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Rosulalloh, meni tutqanoq tutadi, avratlarim ochilib ketadi, Allohga mening haqimda duo qiling», dedi. U zot: «Agar istasang va sabr qilsang senga jannat bo‘ladi. Allohga sen uchun ofiyat so‘rab duo qilaman», dedilar. Ayol: «Sabr qilaman, ammo ochilib ketishim bor. Allohga mening ochilib ketmasligimni so‘rab duo qiling», dedi. Shunda Payg’ambarimiz uning uchun duo qildilar.
Demak, inson hayoti davomida, har qanday sharoitda ham sabr va qanoat bilan yashashi zarur. Sabr barcha fazilatlarning asosidir. Shuning uchun ham, Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning asosiy sifatlaridan biri sabr ekanini qayta-qayta ta’kidlaydi. Ulamolarimiz fazilatlarni bir butun jasadga o‘xshatishsa, sabr esa o‘sha jasadning boshidir deydilar.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi uchrashib qolsalar, “Val asr” surasini bir-birlariga o‘qib bermasdan tarqalmas ekanlar. Unda bir-birlarini sabrga chaqirganlar hamda bu oyati karima bilan ikki dunyo baxtu-saodatiga qanday musharraf bo‘lishlarini bayon qilganlar.
Allohning muhabbatini qozonish, uning suyukli bandasiga aylanish inson uchun eng ulkan baxt emasmi? Xo‘sh, Allohning muhabbatiga nima bilan erishish, uning roziligini qanday topish va jannat degan oliy ne’matga nima bilan erishish mumkin deyilsa, unga javob quyidagi Alloh taoloning oyatidir.
“Alloh sabrlilarni sevadi”.
Alloh taolo barchamizni o‘zining muhabbatiga sazovor aylasin.
Karimov Olimjon
Peshku tuman «Bobo-Arab» jome’ masjidi imom xatibi…