Suvdan himoyalanganlik har qanday gadjet uchun muhim xususiyatdir va afsuski bu asosan flagman va qimmat modellar uchun ko‘zda tutilgan. Qurilmamiz taqdir taqozosi bilan suvga sho‘ng‘iganida buni eslab kuyinamiz, ammo nailoj, “So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman” deb bejizga aytishmaydi. Ushbu postimizda gadjetimiz suvga tushganida nima qilmaslik xususida so‘z yuritamiz.
1️⃣. Vahima qilmang
Gadjet suvda bo‘lishga ulgurgan payti, Google’ga “Smartfonga suv kirganida nima qilish kerak” savolini yuborish uchun vaqt va imkon bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pchilik bunday holatlarda nima qilish borasida eshitgan narsalarini eslashga urinadi va vahima bilan vaziyatning yanada chigallashuviga olib keladi.
2️⃣. Smartfonni silkitmang
Ho‘l gadjet qo‘liga tushgani zahoti, ko‘pchilikning qiladigan dastlabki ishi — bu suvni haydashga urinib telefonni silkitishdir. Bunda qurilma qanchalik yaxshi silkitilsa, shuncha yaxshi degan xayol ham bo‘ladi. Biroq afsuski, aynan shu xato gadjet umrinining butkul qirqilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bu tarzda faqat qurilma sirtida qolgan suvdan xalos bo‘lish mumkin. Smartfon suvdan olinishi bilan, uni ehtiyotkorlik bilan, ortiqcha harakatlarsiz quruq salfetka, qog‘ozli sochiq yoki quruq mato bilan artish lozim.
3️⃣. Barcha tugmalarini bosmang
Agar telefon suvga tushib, o‘chishga ulgurmagan bo‘lsa, undagi bosish mumkin bo‘lgan yagona tugma — bu quvvat tugmasidir. Smartfonlarning alohida xususiyatlarini ham unutmaslik lozim, chunki har bir qurilma turlicha o‘chiriladi. Masalan, ba’zilarida quvvat tugmasining uzoq bosib turilishi o‘chirish uchun emas, qayta yuklash uchun xizmat qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, suv yetib borishga ulgurgan mikrosxemalarga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
4️⃣. Smartfonni ishga tushirmang
Ba’zi smartfonlar suvga tushgani zahoti o‘chadi, bunday vaziyatda bu foydalidir, chunki quvvat ta’minoti to‘xtab, suv qisqa tutashuvga olib kelmaydi, mikrosxemalar zararlanmaydi. Shuning uchun, agar suvdan ishlamayotgan telefonni olsangiz, uni ishga tushirishga urinmang.
5️⃣. Elektr tarmog‘iga ulamang
Ba’zi “suzishga ulgurgan” qurilmalar, ularni astoydil ishga tushirishga urinsangiz ham yoqilmaydi va ba’zilarning hayoliga gadjetni quvvatlash kabi “ajoyib” g‘oya kelib qoladi. Smartfon suv bilan aloqaga kirishgan ondan boshlab, keyingi bir necha kun davomida uni elektr tarmog‘iga ulash haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas. Bu nafaqat telefon ichkarisida, balki nam qurilma ulangan tarmoqda ham qisqa tutashuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
6️⃣. Smartfonni puflamang
Smartfon razyomlari ikki tomonlama ochiq emas va uning ichi tomon yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shunday ekan, razyomga qaratib puflaganingizda, suvning yanada ichkariga kirishiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Smartfon tirqishlaridan namlikni ajratish uchun qog‘ozli salfetkaning kichik parchasini qo‘llagan ma’qul, u suvni o‘ziga shimish orqali yordam beradi.
7️⃣. Smartfonni fen bilan, mikroto‘lqinli pechda, isitish batareyalarida quritmang
Agarda Google’ga “Smartfonga suv kirganida nima qilish kerak” so‘rovi yuborilsa, olish mumkin bo‘lgan dastlabki tavsiyalar: uni guruch to‘ldirilgan idishga solish va fen bilan quritish bo‘ladi. Guruch varianti ustidaku hali o‘ylab ko‘rish mumkin, biroq fen varianti — mutlaqo tavsiya etilmaydi. Bu mikroto‘lqinli pech, duxovka va isitish batareyalariga ham taalluqli.
8️⃣. Ho‘l smartfon ekranini pastga qaratib qo‘ymang
Mutaxassislar suvda bo‘lishga ulgurgan smartfon ekranini pastga qaratib qo‘ymaslikni tavsiya etishadi. Bu ekran ostiga suv to‘planishiga olisb kelishi mumkin. Shuningdek ba’zilar suvda bo‘lgan smartfonni vertikal holatda ushlash lozimligini ta’kidlashadi.