Ayiq nima dedi?

Ikki do‘st o‘rmonda ketayotgan ekan, to‘satdan oldilaridan bir ayiq chiqib qolibdi va ularga hamla qilibdi. Ulardan biri tezda qochib ketibdi-da, yashirinib olibdi. Ikkinchisi esa qochishga ulgurolmay qolibdi, shunda yerga yotib, o‘zini o‘likka o‘xshatib, harakatsiz yotaveribdi. Ayiq uning yoniga kelib, hamma joyini iskab ko‘rgach, o‘lik gumon qilib, qaytib ketibdi. Ayiq ketgach, yashiringan do‘sti kulimsirab chiqib kelibdi va undan so‘rabdi:
— Ey do‘stim, ayik sening qulog‘ingga nimalar dedi?
— U menga, «xavf-xatar duch kelganda o‘z do‘stini tashlab ketish — bu eng yomon xislat» dedi, —debdi.



O‘zbek xalq ertaklari