Parhez – psoriazga davo

Kitob yaratish mashaqqati “igna bilan quduq qazish”ga mengzaladi. Zero, muallif mutolaa uchun asar yaratar ekan unga yillar davomida yiqqan bor bilimini jo etadi. Kitobni nashrdan chiqaradi. Keng ommaga yetib borgach, mehnati mahsulini bevosita kuzatadi ham.


Har bir asarning nashrdan chiqishini ilm ummoniga musaffo jilg‘aning quyilishiga qiyoslash mumkin. Ana shu shaffof obi hayot tufayli ummon o‘z sarhadini keng oladi.

Kuni kecha “Nasaf” nashriyotida chop etilgan “Alvido, psoriaz!” nomli risola ham tibbiyot olamiga bir jilg‘a bo‘lib kirib kelgan bo‘lsa, ajab emas. Zero, tibbiyotga bag‘ishlangan risolalarning aksariyati kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

O‘zining ko‘plab dolzarb publitsistik maqolalari bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan surxondaryolik Eson Mardonovning ushbu risolasi teri-tanosil xastaligiga chalingan bemorlar uchun yaxshi qo‘llanma bo‘lishi shubhasiz.

Inson borki o‘z salomatligiga bee’tibor bo‘lmaydi. Jismidagi turli dardga malham topishga urinadi, uning davo choralarini izlaydi.

Bu dardni muallif boshidan o‘tkazib, yarim asrlik izlanishlari natijasida yozgan. E. Mardonov o‘z kitobida odamlarni qiynab kelayotgan xastalikka parhez va boshqa tabiiy yo‘llar bilan davo choralari izlagan. U o‘z kuzatuvlarini izohlab, uni amalda asoslab bergan. Eng qizig‘i, bu izlanishlar bevosita muallif tomonidan olib borilgan.

Shuning uchun bu asar aholining turli qatlamidagi kishilar uchun tavsiya etiladi. Muallif yozadi: “Siz bugundan e’tiboran sinovchi-eyuvchiga aylanasiz. Bizning “dushman”larimizning taxminiy ro‘yxatini o‘zingizning sharoitingizdan kelib chiqib to‘ldirasiz. Endi siz o‘zingizni o‘zingiz bemalol davolaysiz”, – deya bemorga ruhan dalda beradi.

Ijodkor uzoq yillar kuzatib, tahlil qilib, shu paytgacha surunkali, dardi bedavo deb kelingan psoriaz dardiga davo topdi.


Charos XUSHVAQTOVA

soglom.uz/tavsiya/parhez-psoriazga-davo/