Bolalar kosmetikasi u qanday tanlanadi?

Kosmetik vositalardan nafaqat bola tug‘ilgan ilk davrlarida balki, u ulg‘aya boshlagan pallada ham foydalaniladi.

Har bir kosmetik vositaga qo‘yiladigan birinchi galdagi talab – u tozalovchi xususiyatga ega bo‘lishi lozim. So‘ngra uning ta’siri kuchli, shu bilan birga allergik reaksiyalarga sabab bo‘lmasligi muhim sanaladi.


Bolalar terisi uchun mo‘ljallangan upa yog‘li terilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, terining tez qurib ketishi va kuchli salbiy, tashqi ta’sirlardan himoyalaydi. Uni asosan taglik ostidan ishlatish mumkin. Tanlayotganda tarkibiga e’tiborli bo‘lish darkor. Mahsulot tarkibidagi kimyoviy qo‘shimchalar kam bo‘lishiga e’tibor qarating. Upaning tarkibiy qismi kartoshka yoki guruch kraxmali, rux (sink), mineral talk, makkajo‘xori uni, lavanda, aloe yoki moychechak ekstraktidan iborat bo‘lsa ayni muddao. Ko‘p miqdordagi turli xil kimyoviy moddalar allergik reaksiyalar chaqirishi mumkin.

Biz yuqorida sanab o‘tgan kosmetik vositalardan tashqari yana shunday bolalar kremlari ham borki, ular bolalarning nozik va yupqa terisi uchun qo‘shimcha va shu bilan birgalikda asosiy vositalar sanaladi. Bular quyoshdan himoyalovchi, qishki, yallig‘lanishga qarshi va yaraning bitishishiga ko‘maklashuvchi kremlardir.

Yozda bola terisiga alohida parvarish kerak bo‘ladi. Quyoshning kuchli nurlari ta’sirida teri kuyib qolishi hech gap emas. Buning oldini olish uchun SPF 15 dan 50 darajagacha bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi kremdan foydalansa bo‘ladi. Uning tarkibi asosan tabiiy namlantiruvchi vositalardan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Undan bolakay ko‘chaga chiqqanda 20 daqiqa davomida foydalaniladi.

Kuzda kuzatiladigan quruq shamol, qishning ayozli kunlari natijasida teri qizarishi, qichishishi, uning quruqshab qolishi vujudga keladi. Asosan bu fasllarda e’tiborni bolajonlarning yuz, lab va qo‘l sohasiga qaratish lozim. Qishda yog‘li kremlar terini parvarishlash, uning himoya qatlamini mustahkamlashga yordam beradi.

Bola yurishni boshlagach terida shilinish, ko‘karish holatlari juda ko‘p kuzatiladi. Bunda asosan yaraning tezda bitishiga ko‘maklashuvchi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Yallig‘lanishga qarshi kremlar tarkibini tashkil qiluvchi moddalar bakteriyalarni o‘ldirib, tashqi yuza va to‘qimalarni tez fursatda tiklaydi. Agar bolalarning iforli kosmetik vositalarning rangi yorqin va hidi o‘tkir bo‘lsa, uning tarkibida kimyoviy birikmalar mavjudligidan darak beradi. Eng ma’quli oq yoki shaffof hamda o‘ziga xos, bilinmas iforli vositalarni xarid qiling.

Yana o‘qing:  Cho‘milish qoidalarini bilasizmi?
Kosmetik vositani tanlayotganingizda idish qadog‘ida ko‘rsatilgan bolaning yoshiga e’tiborli bo‘ling. Agar mahsulot qutisida “0+” soni yozilgan bo‘lsa, uni istalgan yoshdagi farzandingiz uchun xarid qilishingiz mumkin. Bu belgi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun degan ma’noni anglatadi. Uning tarkibi birmuncha yumshoq va xavfsiz sanaladi.

Mahsulot tanlashda uni ishlab chiqaruvchi korxona bilan qadoqdagi mahsulot nomi tarkibi hamda uning saqlanish muddatiga e’tiborli bo‘ling. Mazkur vositalar ba’zi kichkintoylarda juda ham yaxshi natija berishi, lekin boshqalariga aksincha, teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uning tarkibida silikon, parafin, bo‘yoqlar, mineral va sintetik yog‘lar, qayta ishlangan neft mahsulotlari (parafin, vazelin va boshqalar) mavjud bo‘lmasligi maqsadga muvofiq.

Bahodir ABDULLAYEV,

dermatolog

soglom.uz/tavsiya/bolalar-kosmetikasi-u-qanday-tanlanadi/