Yangi liboslarsiz yangi qiyofa

Vaqti-vaqti bilan hayot tarzimizda nimanidir yangilash istagi bizni bezovta qilib turadi. Bu vaziyatda biz, ko’pincha, tashqi ko’rinishimiz, kiyinish uslubimizga biroz o’zgarish kiritish echimida to’xtalamiz. Birdaniga hamma narsani tashlab yuborib, yangilarini sotib olishga har kim ham jazm etolmasligi tabiiy. Bu usul o’ta keskin va qimmatga tushishi ham tayin. Bugun e’tiboringizni qat’iy choralarga murojaat etmasdan, odatiy qiyofani o’zgartirish borasidagi maslahatlarga qaratmoqchimiz.


Noodatiy uyg’unlik

O’z garderobingizga yangicha nigoh tashlashga urinib ko’ring. Balki shu paytgacha mos kelmaydi, deb o’ylagan buyumlaringiz aslida juda mutanosib ko’rinishga egadir. Ba’zan sizningcha, odatiy bo’lmagan liboslarni, hatto ranglarni uyg’unlashtirib, yangicha qiyofa kashf etish ham mumkin. Tajriba qilishga ikkilanmang.

Yangi aksessuarlarga murojaat eting

Ko’pchilikka ma’lumki, jonga tekkan bir xillik, odatiy liboslarni aksessuarlar yordamida osongina yangilash mumkin. Masalan, ko’pdan buyon kiyib yurgan kostyumingizga antiqaroq ko’rinishdagi sumkani tanlang, shuningdek, o’ziga xos qo’lqopchalar va sharf ko’magida butunlay yangi qiyofaga ega bo’lasiz. Ba’zida bir juft bilaguzuk, marjon va ziraklar yoki yangicha bog’langan sharf atrofdagilar nigohida uslubingizni o’zgartirgandek taassurot qoldiradi.

Yorqin ranglardan foydalaning

Biznes-ledi bo’lasizmi, jiddiyroq (yoki oddiy) lavozimda ishlaysizmi buning farqi yo’q. Ayniqsa, shu paytgacha siz uchun noodatiy hisoblangan rangdagi liboslarni tanlang. Garderobingizda mavjud bo’lmagan yorqin rangli bir necha buyumni xarid qilib, ularni kundalik liboslaringiz bilan uyg’unlashtirishga harakat qiling

Orzuingizdagi libosni xarid qiling

Shubhasiz, do’kondagi qaysidir buyumga anchadan beri havas qilib yurgandirsiz-u, ba’zi sabablarga ko’ra, uni sotib olishga hali jazm etmayapsiz. Bu g’ayrioddiy ko’rinishdagi poyabzal yoki sizning uslubingizga xos bo’lmagan, ammo ko’zni quvnatuvchi ko’ylak bo’lishi mumkin. Bu kabi istaklaringizga ba’zida imkon bering, balki aynan shu buyum yangicha qiyofa yaratishingizda omad kaliti bo’lar.

Doimo yasanib yuring

Kayfiyatingizni ko’tarishi mumkin bo’lgan qiziqarli va noodatiy uslubda kiyinish uchun bahona izlamang, alohida sabab bo’luvchi kunni kutmang. Hatto oddiygina do’stona uchrashuvlarga ham yangicha qiyofa o’ylab topish mumkin. Qaysi libosni kiyish masalasiga qanchalik e’tibor bilan sinchiklab yondashsangiz, garderobingizdan shuncha qiziqarli echimlar chiqa boshlaydi.

Unutmangki, tashqi qiyofa (imij)ning muhim tarkibiy qismi — o’z o’zingizga bo’lgan hurmat va muhabbatni tashkil etadi. O’zini hurmat qilmagan, o’ziga qiziqarli bo’lmagan inson atrofdagilar uchun ijobiy va esda qolarli obraz yaratishi mushkul. Faqat, bu yangi qiyofani yaratishda me’yorni unutmasangiz nur ustiga a’lo nur bo’ladi.