Baʼzida falon pulga nomdor pardoz vositasini sotib olamiz-u, qalbakiligi yoki muddati oʼtganini keyin bilib qolamiz. Bu vosita husnimiz va salomatligimizga zarar yetkazsa-chi? Unda bir dardimiz oʼn boʼladi. Xoʼsh, haqiqiysini qalbakisidan qanday ajratish mumkin? Bunda quyidagi belgilar bizga yordam berishi mumkin:
Qadoqni yaxshilab tekshirib koʼrish lozim. U shikastlanmagan, bust-butun, qutisi, oʼrami va qogʼozi oliy sifatli, yelimlari tashqariga chiqib ketmagan, yozuvi aniq-ravshan va bexato boʼlishi kerak. Qadoqqa oʼzbek tilida mahsulot haqida maʼlumot bitilgan yorliq yopishtirilgan boʼlishi lozim. Qadoqsiz pardoz vositasini sotib olmang.
Shtrix-kodiga eʼtibor qaratish lozim. Undagi ilk ikki raqam ishlab chiqaruvchi davlatni bildiradi. Masalan, agar kod 400-440 raqamlari bilan boshlansa, mahsulot Germaniyada ishlab chiqarilgan. Har bir mamlakatning oʼz shtrix-kodi bor. Uni internetdan bilib olsangiz boʼladi.
Purkaladigan atir (sprey)larning purkagichiga eʼtibor qaratish lozim. Аgar flakon ichida koʼrinib turgan purkagich nayi flakonning oʼzidan uzunroq boʼlsa, egilib, buralib tursa, bilingki, bu qalbaki mahsulot. Аtir shaffof boʼlishi kerak.
Mahsulot haqida maʼlumot boʼlishi lozim. Har bir kompaniya oʼzi ishlab chiqargan yangi mahsulot haqida internet saytida maʼlumot beradi. Shunday ekan, yangi mahsulot sizda shubha uygʼotayotgan boʼlsa, internetga bir moʼralab qoʼyishdan erinmang.
Sotuvchining hamma gapi ham rost boʼlmaydi. Professional qoʼllanishga moʼljallangan pardoz vositalari keng omma uchun savdoga chiqarilmaydi, maxsus doʼkonlardagina sotiladi. Shuning uchun molini «Bundan manaman degan vizajistlar foydalanadi», deya maqtayotgan bozordagi sotuvchilarga ishonmang.