Taqinchoqlar qanday tozalanadi?

Maʼlumki, uzuk, zirak, bilakuzuk va tilla zanjirlar kabi qimmatbaho taqinchoqlarning yuzasiga tezda chang toʼplanadi. Shu bois, taqinchoqlarni vaqti-vaqti bilan tozalab turish lozim. Quyidagi maslahatlarga amal qilsangiz, ular yanada uzoq yillar koʼzingizni quvnatishi shubhasiz:




Kumushdan ishlangan taqinchoqlar atir sovun va yumshoq tish choʼtkasi yordamida tozalanadi. Toʼgʼrirogʼi, taqinchoqni koʼpikli suvga solib, uni yumshoq tish choʼtkasida ishqalab olasiz. Soʼng oqib turgan suvga chayib, mayin mato yordamida quritasiz. Shunday qilsangiz, kumush taqinchoqlaringiz yanada yaltirab ketadi.

Tarkibida ammiak moddasi bor suyuqliklarga kumush taqinchoqlarni aslo sola koʼrmang! Negaki, ammiak uning sifatini buzib qoʼyishi hech gap emas.

Tilla uzuklarning yuzasida yupqa yogʼli qatlam paydo boʼlib qolishiga koʼzingiz tushgandir? Bunday qatlam qoʼlga surilgan losьon va kremlarning qoldigʼi boʼlib, uzukni xiralashtirib, koʼrimsiz qilib qoʼyadi.

Tilla va platinadan ishlangan uzuk va boshqa taqinchoqlarni iliq koʼpikli suvga bir necha daqiqaga botirib oling. Soʼng yumshoq tish choʼtkasi yordamida dogʼlarni ohistalik bilan sidirib tashlang.