Oshxonadagi har qanday idish-tovoqlarning uzoq xizmat qilishi garovi — erinchoqlik qilmasdan vaqtida tozalab qoʼyish. Аyniqsa, birorta idishingiz kuygan yoki ovqat tagiga olgan boʼlsa, uni tozalashga erinib qolasiz. Lekin bu notoʼgʼri.
Bugunki kunda texnologiyalarning rivojlanishi oqibatida oshxona anjomlarini tozalash osonlashgan. Yaʼni, bir tomondan ajoyib yuvish vositalari ishlab chiqarilgan boʼlsa, ikkinchi tomondan, idish-tovoqlar ham tez toza boʼladigan qilib chiqarilmoqda. Аgar teflon qoplamali yoki zamonaviy shisha idishlar boʼlsa, ularni tozalash oson, ammo «buvimdan qolgan» choʼyan tova va qozonlarni tozalashda ozgina tadbirkorlik talab etiladi.
Masalan, choʼyan tova yoki qozonni yuvishdan 15 daqiqa oldin uning ichiga suv solib, ustidan kir sovun boʼlagini toʼgʼrab qoʼshib, soʼng qaynatib olsangiz, qozon yoki tova oson tozalanadi.
Аlyuminiydan qilingan idishlarni esa sovun va nashatir spirti bilan yaxshi tozalash mumkin. Qozon yoki kastryulkaning qoraygan devorlarini sirkali suv bilan qaynatish ham ularni yaltiratadi. Yana bir usul: oddiy oʼchirgʼich ham alyuminiy idishdagi har qanday kirni ketkaza oladi.