Kiyimlarni asrash qoidalari

Аgar ipak kiyim rangini yoʼqotgan boʼlsa, 2 osh qoshiq sirka solingan 10 litr suvga 5 daqiqaga botirib qoʼying. Soʼng olib, suvi oqib boʼlganidan keyin quruq, toza choyshabga oʼrab qoʼying. Ipak matoni siqmaslik kerakligini unutmang.



Ipak kiyimlarni sovunli aralashmaga ivitish kerak. Аgar libos oʼta ifloslangan boʼlsa, 10 litr suvga 10 ml. miqdorda ichimlik sodasi yoki novshadil spirti qoʼshing.

Ipakdan tikilgan libos yumshoq boʼlishi uchun loviya, dukkaklilar yoki bugʼdoy qaynatmasi bilan chayish darkor.

Tabiiy moʼynani xech qachon choʼtka bilan tozalash, tarash mumkin emas. Teng miqdordagi sirka, spirt va suv aralashmasini ifloslangan joyga surtib, tezda toza mato bilan artish kerak.

Moʼynaga jilo berish uchun uni bugʼdoy yormasi (mannaya krupa) yoki kartoshka kraxmali bilan ishqalab, soʼng yaxshilab qoqib tashlash kerak.

Yod dogʼini ketkazish uchun kiyimni avval namlab, keyin ustidan kraxmal sepib qoʼyish kerak. Dogʼ darrov ketmasa, muolajani bir necha marta takrorlash mumkin.

Yangi jinsini yumshatish uchun suvga yarim stakan tuz qoʼshib ivitib qoʼyish kerak.

Shimlarning yuvganda rangi uchmasligi uchun ularni kir yuvish mashinasiga solmaslik kerak. Ularni iliq suvda, qoʼlda yuvish, va chayganda qattiq siqmaslik lozim.