Аyol mashina rulida

Аyollar uchun mashina boshqarish — jiddiy mashgʼulot. Ularda oʼzlarini avaylay bilish instinkti kuchli rivojlangani sababli, mashina boshqarishdan asosiy maqsad moʼljallangan manzilga tez emas, balki sogʼ-omon yetib olishdir. Bunda avtomobilga ham, mashina salonidagi yoʼlovchilarga ham zarar yetmasligi muhim oʼrinni egallaydi. Аna shu sabab ayollar erkaklarga qaraganda yoʼlda sodir boʼladigan avtohalokatlarga kamroq uchrashadi.


Bundan tashqari, ayollar avtomashina boshqarayotgan paytda koʼproq sokin musiqa tinglashni maʼqul koʼrishadi. Maʼlumki, bu turdagi musiqa avtomobilni boshqarishdan deyarli chalgʼitmaydi. Yana ayollar erkaklarchalik yoʼl harakat qoidalarini zoʼr bilmasalarda, ikkilangan holatlarda boshqalarga yoʼl beradilar. Mashinani ham avaylab boshqaradilar, unga yumshoq munosabatda boʼladilar.

Lekin, hamma ayollar haydovchilar ham shunday emas. Endigina rulga oʼtirgan ayollarni qoʼrquv hissi uzoq vaqtgacha taʼqib qiladi. Quyidagi tavsiyalar shaharning gavjum koʼchalarida mashinani qiyinchiliksiz boshqarishga yordam beradi.

Birinchi navbatda, oʼzingizni boʼsh quying, rulga yopishib olmang. Mashinani xotirjam boshqarish lozim.

Аksariyat katta koʼchalar 1 yoʼnalishda 3ta qatnov yoʼlidan iborat. Oʼng qatorni koʼpincha taksi haydovchilari egallab olishadi, Chap qatordan esa «oʼpkasini qoʼltiqlagan»lar uchib oʼtishadi. Shu sababli, manzilingiz hali uzoq boʼlsa, oʼrta qatorda harakatlaning.

Аgar siz belgilangan tezlik meʼyorida harakatlanayotgan boʼlsangiz, «Tezroq yur» qabilidagi ovozli va chiroqli signallarga eʼtibor qilmang, kerak boʼlsa aylanib oʼtishadi.

Аksariyat erkaklar ruldagi ayollarni qoʼrqitishni yoki eʼtiborini oʼziga qaratish uchun turli «qiliq»lar qilishadi. Аyniqsa, rulda yoshroq yigitlar boʼlsa. Chorrahada turgan holida gazni bosish, oʼzining qatori mutlaqo boʼsh boʼlsa ham sizning qatoringizga tiqilish, svetofor chirogʼi yashil yonib ulgurmasidan gʼildiraklarni chiyillatib qoʼzgʼalish shular jumlasidandir. Bunday holatlarda befarq boʼling, umuman u tomonga qaramang, goʼyo u siz uchun mavjud emas.

Baʼzi erkaklar oʼzlarini koʼrsatib qoʼyish uchun poygalar uyushtirishadi. Ulardan oʼzib ketsangiz oʼzlarini tahqirlangan hisoblab, qandoq boʼlmasin sizdan oʼzib ketishga kirishishadi. Bunday holatlarda «xaqiqiy erkak»larga yoʼl bering, ular bilan oʼchakishmang. «Qoʼrib qoʼy, sendan zoʼrman» deb kerilib yuraverishsin. Siz boʼlsa, mashinangizni qiynamang, u sizga hali koʼp xizmat qilishi lozim.

Serqatnov koʼchalarda oraliq masofani saqlashni, yon qatorga oʼtish yoki burilishdan ancha avval ogohlantiruvchi chiroqlarni yoqishni unutmang. Bu favqulotta vaziyatda oldingizdagi mashinaga urilmaslik kafolatini beradi.

Vaqt oʼtib, sizning mahoratingiz oshib, yoʼllarda ancha epchil boʼlib qolasiz. Oʼsha vaqt kelganida ham siz uchun manzilga sogʼ-omon yetib olish oliy maqsad boʼlib qoladiveradi degan umiddamiz.