Bekalar uchun tavsiyalar

Uy-roʼzgʼor buyumlaridan uzoq vaqt foydalanish uchun shunga yarasha eʼtibor ham zarur. Chunki har bir buyumning yaxshi xizmat qilishi uy bekasiga bogʼliq. Quyidagi maslahatlar sizga bunda yordam beradi deb oʼylaymiz.


Tilla buyumlar saqlanadigan qutichaga bir boʼlak solib qoʼyilgan boʼr ularni qorayib qolishidan asraydi.

Stol yoki silliq joyga mum tushsa, darhol uni qirib tashlashga oshiqmaslik darkor. Issiq fenni oʼsha joyga tutib, mumni eritib, soʼngra latta bilan artib olgan maʼqul.

Momiq sochiqni yuvib-chayib boʼlgach, bir oz tuz qoʼshilgan suvga solib qoʼying. Soʼng yaxshilab siqib olib yoysangiz, u paxmayib, yumshoq boʼladi.

Qoʼl sigʼmaydigan chinni va shisha idishlarni tozalashda ularning ichiga qaynoq suv quyib, gʼijimlangan qogʼoz solib, yaxshilab chayish lozim. Shunda bari top-toza boʼladi.

Sirli idishda ovqat pishirayotganda u tagiga olsa, idishni isteʼmol sodasi solingan suv bilan qaynatish mumkin. Isteʼmol sodasining oʼrniga 2-3 dona mayda piyoz ham ishlatsa boʼladi.

Аgar gilam rangi yorqinroq boʼlishini istasangiz, kechqurun ustiga mayda tuz sepib, ertasiga uni yumshoq nam mato bilan artish lozim.

Chumolilar shakar, asal yoki murabbo solingan bankaga xujum qilmasin desangiz, idish chetiga kungaboqar yogʼini surtib qoʼying.