Ko’pchilik tish cho’tkasiga pastani surtib, so’ng bir-ikki marta yurgizsam, tish top-toza bo’ladi, deb noto’g’ri o’ylaydi.
Tishlar ustida elimga o’xshash qalin parda mavjud, ana shu elimda behisob mikroblar yashaydi. Shuning uchun tishni tozalayotganda pardani sidirib tashlash kerak. Bir marta tish tozalangach, haligi parda yana paydo bo’ladi. Qahva, qora choy va sut ichgandan so’ng og’iz yaxshilab chayilsa, tish ustidagi parda qalinlashmaydi.
Pardani sidirib tashlash uchun tish yuzasida cho’tkani kamida 20 marta yurgizish lozim. Buning uchun ko’pi bilan 4 daqiqa vaqt ketadi. Agar tishlarni tozalashdan oldin ichimlik sodasi eritilgan suv bilan chaysangiz, parda yumshaydi va ko’chishi osonlashadi.
Cho’tka bilan tozalaganda tishlarni bor-yo’g’i 30 foiz joyi tozalanadi xolos. Shuning uchun tishlar orasidagi mikroblarni chiqarib tashlash uchun maxsus ip, tish kovlagich ishlatgan ma’qul. Tishlar yaxshilab tozalanmasa, orasi yallig’lanadi.
Mikroblar paradont qismiga o’tib oladi, endi u erdan mikroblarni chiqarib bo’lmaydi. Oqibatda mikroblar tishlarning asab tolalari va suyagini ham emira boshlaydi. Bunday bo’lmasligi uchun vaqti-vaqti bilan tish shifokoriga uchrashib, uning maslahatlarini olib turish zarur. Tish yuvganda milk qonasa ham, albatta, shifokorga uchrang.
Tishlarni tozalashda kichik cho’tkalardan foydalaning, shunda tishlarning eng ichki kovaklarini ham tozalay olasiz. Unutmangki, sun’iy tolalardan tayyorlangan tish cho’tkalari milklarni jarohatlaydi. Shuningdek, tish cho’tkalarini har uch oyda almashtirib turing. Ayniqsa, shamollab qolganda yoki grippga chalinganda, tuzalgandan keyin, albatta, yangi cho’tka tutish shart. Aks holda, cho’tka qillariga o’tirib qolgan mikroblar kasallikni qayta qo’zg’atishi mumkin.
Sutli mahsulotlar (tvorog, suzma, qatiq) iste’mol qilish tishning emal qismining mustahkam bo’lishini ta’minlaydi. Sharbatlarni ko’p ichish yoki achchiq va sho’r narsalarni eyish esa, tish ustidagi emalni emirishi mumkin. Tish kasalliklari tufayli og’izdan noxush hid kelayotgan bo’lsa, erqalampir (xren) ildizini qirg’ichdan chiqaring, bir osh qoshig’ini bir stakan qaynoq suvga aralashtiring, kuniga uch mahal og’zingizni shu suvda chaying. Qaynoq suvga solib qo’yilgan karam barglarini olib tashlab, so’ng shu suvda og’iz chaysangiz ham noxush hid kelishi bartaraf etiladi.
Shirinliklarni kamroq iste’mol qilib, sabzavotlarni ko’proq eb turing, ularni chaynash jarayonida tishlar o’z-o’zidan tabiiy ravishda tozalanadi. Mabodo tish kasallansa, uy sharoitida aloe yoki kalanxoya barglarini chaynang. Bu ikkisining sharbati bilan og’iz ichini chaysangiz ham bo’ladi. Qirg’ichdan o’tkazilgan kartoshkani bossangiz, milk kasalliklari tuzaladi. Sabzi suviga teng miqdorda suv aralashtirib og’iz chayilganda ham xuddi shunday natija beradi.