Konditsionerning vazifasi nima? Havoni salqinlatish, qo‘shimcha funksiyasi bo‘lsa, uyni isitishi ham mumkin. Biz uning elektrni ko‘p sarflamasligi, uzoq xizmat qilishini istaymiz. Buning uchun terabayt.uz tavsiya etadigan ma’lum qoidalarga amal qilishingiz lozim bo‘ladi.
Eshik va derazalarni yopib yuring
Konditsionerni berk muhitda ishlatgan afzal. Oyna yoki eshik ochiq tursa, tashqaridan iliq havo kiradi va konditsioner zo‘riqib ishlaydi. Bunda texnikaning umri qisqaradi, tokni ko‘p sarflab hamyoningizga zarar keltiradi.
Konditsionerning oldi bo‘sh qolsin
Konditsionerdan chiqadigan havoga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun biror xona buyumining ortiga konditsionerni o‘rnatmang (o‘rnatuvchi mutaxassis maslahatiga quloq osing). Konditsionerdan chiqadigan havo oqimi xonada tekis aylansin.
Ichki blokini quyoshdan asrang
Konditsionerning ichki blokiga quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymang. Bunda harorat datchiklari xato ishlaydi, natijada texnika keragidan ortiq intensivlikda ishlay boshlaydi. Oqibat, havoni ortiqcha sovutib yuborishi natijasida xonadagilar shamollab qolishi mumkin.
Umuman, har qanday sovutish texnikasiga quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmasligi kerak. Bu qoida muzlatgichga ham tegishli.
Tashqaridagi haroratni hisobga oling
Konditsionerdan sovutish va isitish (agar shunday funksiyasi bo‘lsa) rejimida foydalanmoqchi bo‘lsangiz, tashqaridagi (tashqi blok joylashtirilgan) eng past ob-havo darajasi qo‘llanmasida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Konditsionerning “harorat rejimi”ga qat’iy amal qiling, aks holda texnika buzilishi hech gap emas.
O‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishni unutmang
Konditsioner xonaga o‘rnatiboq esdan chiqariladigan buyum emas. U e’tibor talab qiladi. Yilda bir yo ikki marta (intensiv ishlatgan bo‘lsangiz) servis ishlarini bajarish kerak. Bunga tashxis (diagnostika), sarflovchi moddalarini (xladagent) almashtirish kiradi.
Sertifikatsiyasi bor kompaniya yoki ishlab chiqaruvchi vakillari xizmatidan foydalaning. Bu konditsioneringizning uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlaydi.
Filtrlarini tozalab turing
Hamma ishni ham professionallar bajarishi shart emas. Havo filtriga o‘rnashib qolgan chiqindilardan o‘zingiz tozalasangiz bo‘ladi. Bu amaliyotni bir necha oyda bir takrorlaysiz. Xomaki tozalash filtrini (filtr gruboy ochistki) iliq suvda yuvib, quritib yana joyiga o‘rnatib qo‘ying.
Agar unda sizga notanish filtrlar uchrasa, foydalanish qo‘llanmasini o‘qing –tozalash usuli yozilgan. Filtr tozalanmasa, havo haydash quvvati susayadi, drenaj tizimi qattiq ifloslansa, ichki blokdan suv oqib ketadi.
Tashqi blokning ham o‘z tashvishlari bor
Konditsioner uzoq xizmat qilsin desangiz, tashqi blok ustiga qor va yomg‘irdan himoyalovchi soyabon o‘rnating, atrofini panjara bilan o‘rang.
Tashqi blok ham ichki blok singari e’tibortalabdir. Odatda, firma mutaxassislari ikkalasiga birdek xizmat ko‘rsatadi.
Konditsionerni qishda dam olishga tayyorlang
Konditsionerni qishki tanaffusga hozirlash – alohida yumush. Tashqaridagi sovuq harorat texnikaning ayrim qismlariga noxush ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor, shuning uchun mutaxassis xizmati yoki maslahatidan foydalanganingiz durust.
Mutaxassis nima qiladi?
Xladagentni tashqi blokka haydaydi.
Konditsioner tasodifan ishga tushib ketmasligi uchun vaqtincha quvvatni uzib qo‘yadi.
Tashqi bloki ustiga uy tomidan muz bo‘laklari yoki sumalaklar tushib shikastlantirmasligi uchun himoya chorasini ko‘radi.
Mustaqil holda konditsionerni qishga tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, quyidagilarni esda tuting:
Elektr tokini uzing.
Konditsionerni avval nam, so‘ng quruq mato bilan arting (artsa bo‘ladigan joylarini).
Filtrini tozalang.
Konditsionerni quritishni unutmang, isitish rejimi bo‘lsa, 30-40 daqiqa yoqib qo‘ying, so‘ng shamollatish (ventilyasiya) rejimini ishlating.
Ichki va tashqi bloklarida nimaiki chiqindi bo‘lsa, tozalang.
Boshqaruv pultining batareyasini chiqarib oling.
Agar konditsioner qish kirishidan oldin quritilmasa, ichi po‘panak bosadi. Vaqti yetib ishga tushirganingizda xona havosiga yoqimsiz hid va kasallik bakteriyalari tarqaladi.
Agar qishda ham konditsionerdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, tayyorgarlik ko‘ring
Konditsionerdan qishda ham sovutish maqsadida foydalanmoqchi bo‘lsangiz, qishki komplekt olish kerak, u tashqarida harorat minus bo‘lganida samarali ishlashiga yordamlashadi.
Konditsionerning qishki komplekti quyidagi elementlardan iborat:
Kondensatsiya bosimini rostlagich. U dvigatel aylanishini rostlovchi variatordir.
Kompressor karterining isitkichi. Sovuq haroratda moy quyuq tortadi, konditsionerni ishlatishdan avval esa uni suyultirish lozim.
Drenaj naychasining isitkichi. Suvni chiqaruvchi tizim uzluksiz ishlashi uchun zarurdir.
Konditsionerdan qishda isitish uchun foydalanish tavsiya etilmaydi
Ayrim konditsionerlarning isitish rejimi bo‘ladi. Garchi konditsioneringiz qishki sharoitga moslangan bo‘lsa-da, sovuq faslda foydalanishni maslahat bermaymiz. Havo harorati pasaygan sari uning ish unumdorligi nominaldan kamayaveradi.
Konditsionerning isitish rejimidan mavsumlar almashinish oralig‘ida foydalanishni tavsiya etamiz. Odatda, noyabr oylarida havo salqin, ammo markaziy isitish tizimi hali ishga tushirilmaganda konditsionerda uyni isitish maqsadga muvofiqdir.
www.terabayt.uz/uz/post/konditsionerdan-tugri-fojdalanishni-bilasizmi