Qora sedana tarkibi o’ziga xos bo’lib, u nafaqat oshpazlikda, balki tibbiyotda ham keng qo’llaniladi. Uning urug’lari 30-35% ga yog’dan tashkil topgan. Qora sedanadan yog’i sovuq presslash orqali ajratib olinadi, bu uning foydali xususiyatlarini saqlab qolishga imkon beradi. Xo’sh, u nimalarga foyda, zararlari bormi, qarshi ko’rsatmalari qanday? Quyida shu haqida batafsil.
Tarkibi
Qora sedana yog’i — eng foydali yog’lardan biridir. Uning tarkibi polito’yinmagan yog’ kislotalar (57%), monoto’yinmagan yog’ kislotalar (27%) va to’yingan yog’ kislotalardan (16%) tashkil topkan.Undagi asosiy moddalar:
linol kislota — Omega 6 (55-65%),
olein kislota — Omega 9 (15-18%),
palmitin kislota — (10-12%),
stearin kislota — (3%).
Biroq, linolen kislota (Omega 3) qora sedana yog’ida juda oz miqdorda mavjud (0,1%). Shu sababli, Omega 3 miqdori ko’p bo’lgan boshqa mahsulot va yog’larni (misol uchun, zig’ir urug’lari, yong’oq, qovoq urug’i va ulardan olinadigan moylarni) qabul qilish tavsiya etiladi.
Omega 6 va Omega 3 — o’rni bosilmaydigan yog’ kislotalari bo’lib, inson organizmi ularni o’zi mustaqil sintez qila olmaydi va ular organizmga oziq-ovqat orqali kirishi kerak. Ushbu yog’lar immun tizimining normal ishlashi, hujayra metabolizmini tartibga soluvchi prostaglandinlarning sintezi, teri va soch sog’lom bo’lishi uchun zarur.
Organizmga ziyon yetkazmaslik uchun kundalik ratsionda bu ikki yog’ kislotasi mavjudligini nazorat qilish kerak. Linol kislota kaloriya manbaining 1-2 foizini tashkil qilishi kerak. Linolen kislota esa 5-10 marta kamroq talab etiladi.
Eng ko’p uchraydigan muammo — bu linol kislotaning (omega-6) ortiqchaligi, chunki u ko’pchilik o’simlik moylari va boshqa mahsulotlarda juda katta miqdorda mavjud. Linolen kislota (Omega-3) esa kamroq uchraydi.
Omega-6`ning Omega-3`ga nisbati 10 : 1 dan oshmasligi kerak (yaxshisi 5 : 1). Bu nisnbatda ushbu polito’yinmagan yog’lar foydali bo’ladi. Aslida esa, afsuski, ko’pchilik kishilarning taomnomasida bu nisbat 15 : 1 va undan ko’p bo’ladi.
Bundan tashqari, qora sedana moyi o’z ichiga turli fermentlar, vitaminlar va minerallarni oladi:
15 ta aminokislotalar, ulardan 8 tasi o’rni bosilmaydigan aminokislotalar (shu jumladan, immun tizimini rag’batlantiruvchi va o’smalar o’sishini sekinlashtiradigan argininni ham);
Karotinoidlar ( A vitaminihosil qiluvchilar), A, D, C va B guruhi vitaminlari (B1, B2, B3, B6, B9);
Kaliy, natriy, kaltsiy, marganets, temir, mis, selen, rux, fosfor, nikel va boshqalar;
Fosfolipidlar, fitosterollar, flavonoidlar, taninlar, polisaxaridlar va monosaxaridlar, alkaloidlar, fermentlar va boshqalar.
Efir moylari (1,3% gacha).
Qora sedana yog’ining immunitet uchun foydalari
Qora sedana yog’i immunitet uchun javobgar bo’lgan ayrisimon bezga rag’batlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi. Immunitetni mustahkamlash uchun ushbu yog’ni ham terapevtik, ham profilaktik maqsadlarda qo’llash mumkin.
Dastlabki davrda ushbu vositani qabul qilishda turli kasalliklar xuruj olishi mumkin. Bunga immunitetning faollashuvi sabab bo’ladi — organizm oldin davolash uchun yetarlicha kuchga ega bo’lmagan yengil kechuvchi va davolanilmagan kasalliklar bilan endida faol kurashishni boshlaydi.
Organizmni umumiy qo’llab-quvvatlash uchun qora sedanadan foydalanish tartibi quyidagicha (!klassik sxema):
Kattalar uchun— ertalab va kechqurun och qoringa 1 choy qoshiqdan.
Bolalar uchun (6 yoshdan kattalarga) — har kuni ertalab och qoringa yarim choy qoshiqdan.
Organizmni mustahkamlash uchun yog’ni 2-4 oy davomida qabul qilish yetarli, undan so’ng tanaffus olish tavsiya etiladi.
Qora sedana yog’ining shamollashga qarshi ta’siri
Umumiy mustahkamlovchi ta’siri bilan bir qatorda, qora sedana moyi balg’am ko’chiruvchi, isitma tushiruvchi, yallig’lanishga qarshi, antibakterial va antivirus xususiyatlarga ega bo’lib, shamollash, bronxit, pnevmoniyaga qarshi kurashda samarali bo’ladi.
Qora sedana yog’ini shamollashlarda ishlatish tartibi:
Klassik sxema bo’yicha qabul qilinadi: kattalar — ertalab va kechqurun och qoringa 1 choy qoshiqdan, bolalar esa faqat ertalab yarim choy qoshiq.
Yog’ bilan ko’krak qafasi va orqaning yuqori qismini massaj qilish.
Saratonga qarshi ta’siri
Saraton kasalligining sabablari oddiy emas ( saraton sabablari maqolasiga qarang). Odatda, saraton yoxud rak kasalligiga psixologik va jismoniy omillar kompleksi sabab bo’ladi, shu tufayli uni davolash uchun jismoniy yondashuvga psixologik yordamni ham kiritish samaradorlikni oshiradi.
Shunday qilib, qora sedana yog’ining maxsus xususiyati nimadaki, uni saraton kasalligini oldini olish va davolash uchun ishlatsa bo’ladi?
Qora sedana yog’i ayrisimon bezni rag’batlantiradi va immunitetni oshiradi. Bu haqida yuqorida ham keltirilgan. Immunitet esa organizmda yot moddalar va mutatsiyaga uchragan hujayralarni muvaffaqiyatli yo’q qilishga imkon beradigan tizimdir.
Bu yog’ saraton hujayralarini yo’q qiladi. Aniqrog’i, yog’ tarkibidatimoxinon deb atalmish birikma mavjud bo’lib, u ikkilangan ta’sir ko’rsatadi — saraton hujayralarini yo’q qiladi va ularning paydo bo’lishiga to’sqinlik qiladi:
Barcha hujayralarda hujayra o’limining (apoptoz) signalli mexanizmlari mavjud bo’lib, bu mexanizm virus bilan zaralangan yoki mutatsiyaga uchragan hujayralarni organizm tomonidan yo’q qilinishi uchun ishlatiladi. Immun tizimi aptoz jarayoniga start beradi va hujayra o’zini-o’zi nobud qiladi. Saraton hujayralarida bu jarayon muayyan oqsillar tomonidan bloklanadi. Timoxinon bu oqsillarni inaktivatsiya qiladi yoki ularning ishlab chiqarilishiga to’sqinlik qiladi, shu orqali immun tizimiga saraton hujayralarida aptoz jarayonini faollashtirishiga imkon beradi.
Saraton hujayralari tarqalish uchun yallig’lanish va jarohatning tuzalishi bilan bog’liq molekulyar mexanizmni qo’llaydi. Ushbu mexanizmning faollashishi hujayralarning bo’linishini rag’batlantiradi. Timoxinon bu mexanizmlarga to’sqinlik qiladi (Timoxinning bu xususiyati jarohatlarning tuzalishiga xalaqit berishi mumkin, shuning uchun yara va jarohatlar bo’lganida qora sedana va uning yog’idan foydalanish cheklangan bo’lishi kerak).
Qora sedana yog’i suyak iligining qon hosil qiluvchi funktsiyalarni rag’batlantiradi. Aniqrog’i, uning efir moylari shunday ta’sirga ega. Ushbu xususiyati oq qon kasalligida (leykemiya) ajralmas vosita hisoblanadi.
Qora sedana yog’i saraton kasalligini davolashda samaradorligining ilmiy dalillari
Saraton kasalligini muqobil usullarda davolash uchun tavsiya etiladigan aksariyat xalqona tabobat vositalaridan farqli o’laroq, qora sedana moyi laboratoriya va hatto klinik sharoitlarda bir necha tekshiruvlardan o’tgan. Ilmiy tadqiqotlar natijalari ushbu o’simlik yog’ining saraton kasalliklarini davolashda ta’siri asosli ekanligini tasdiqlaydi:
Janubiy Kaliforniyada (AQSH) joylashgan Saraton-Immunobiologiya Laboratoriyasi mutaxassislari qora sedana efir moylari suyak iligi qon hosil qiluvchi faoliyatini rag’batlantirish qobiliyatiga ega ekanligini tasdiqladilar.
Har xil tadqiqotlar sedana moyi immun tizimining generatori — ayrisimon bezni rag’batlantirishga nisbatan faolligi yuqoriligini ko’rsatdi.
Tadqiqotlar timoxinon saraton hujayralarini yo’q qilishda samarador ekanligini ko’rsatdi.
Qora sedana yog’ini saratonga qarshi ishlatish
Ushbu yog’ saraton kasalligini davolash va oldini olish maqsadida qo’llanilishi mumkin. Yog’ yoki qora sedananing ezilgan urug’larini ichga qabul qilish yoki ta’sirlangan joyga tashqi tomondan surtish tavsiya etiladi.
Ammo an’anaviy tibbiyotda qora sedana moyi kamdan-kam hollarda saratonni davolash kompleksiga kiritiladi, chunki u har doim ham kimyoterapiya bilan mos kelmaydi va radiatsion terapiyaning ta’sirini bartaraf qiladi.
Gijjalarga qarshi ishlatish
Parazitlar — ko’plab surunkali kasalliklarga olib kelishi mumkin bo’lgan jiddiy muammodir. Parazitlar bilan zararlanishni oldini olish deyarli imkonsiz, shuning uchun vaqti-vaqti bilan eng samarali va minimal toksik bo’lgan (sintetik preparatlardan farqli o’laroq) xalqona tabobat vositalari bilan organizmni parazitlardan «tozalab» turish tavsiya etiladi.
Qora sedana va uning moyi parazitlarga qarshi samarali vositalardan biridir.
Qora sedana yog’ini gijjalarga qarshi qo’llanilishi:
Yog’ni ichga qabul qilish yoki tashqi tomondan qo’llash mumkin. Bundan tashqari, uning urug’laridan ham foydalanish mumkin. Davolanish davomiyligi 2-3 hafta yoki undan ortiq. Qora sedana nafaqat yetuk parazitlarga, balki ularning tuxumlariga ham ta’sir ko’rsatadi. Quyida gijjaga qarshi ba’zi retseptlar keltiriladi:
Bir choy qoshiq ezilgan sedana urug’lari issiq suvga solib aralashtiriladi va aralashma ertalab nonushtadan oldin ichiladi.
Yog’ning suvli aralashmasi kuniga 3 marta ovqatdan oldin bir choy qoshiqdan ichiladi. Bolalar uchun, dozani yarim choy qoshiqqacha qisqartirish kerak.
Tashqi qo’llash uchun yog’ har kuni tunda orqa chiqaruv teshigiga surtiladi.
Parazitlarni qora sedana bilan yo’q qilgandan so’ng, ichak mikroflorasini tiklash uchun probiotiklar kursini ichish tavsiya etiladi. Buning sababi sedananing salbiy ta’siri emas, balki parazit mavjudligida doimo ichak mikroflorasi buzilishlari ( disbakterioz) mavjud bo’lishidir.
Boshqa qulay sharoitlarda, parazitlardan xalos bo’lgandan so’ng, ichak mikroflorasi o’z-o’zidan me’yorga keladi. Biroq, ko’p miqdorda yangi sabzavot va ko’katlar, minimal miqdorda achchiq va shirin mahsulotlar bo’lgan parhezga amal qilib, mikroflorani qayta tiklashga yordam berish afzaldir.
Oshqozon-ichak trakti va jigar uchun foydasi
Bu yog’ oshqozon-ichak trakti va jigar faoliyatini yaxshilaydi va me’da shirasi nordonligi, ichak mikroflorasi va yallig’lanish jarayonlarining bilan bog’liq bo’lgan turli kasalliklarning oldini oladi. U kompleks ijobiy ta’sir ko’rsatadi, xususan:
me’da shirasi nordonligini me’yorlashtiradi,
yallig’lanish jarayonlarining paydo bo’lishi va rivojlanishiga to’sqinlik qiladi,
ichak mikroflorasini me’yorlashtirishga yordam beradi,
safro haydovchi ta’sirga ega.
Bularning barchasi qora sedana yog’ini gastrit[1], oshqozon yarasi, enterokolit, xolesistit, kolit, gepatit, o’t-tosh kasalligi, pankreatit, enterit, jigar sirroziva boshqalarni oldini olish va davolash uchun samarali va xavfsiz vosita sifatida qo’llashga imkon beradi.
Oshqozon-ichak trakti va jigar kasalliklarini oldini olish va davolash uchun ham umumiy sxema bo’yicha ishlatiladi, ya’ni:
Kattalar uchun — ertalab va kechqurun och qoringa 1 choy qoshiqdan.
Bolalar uchun (6 yoshdan oshgan) — ertalab och qoringa yarim choy qoshiq.
Qabul qilish muddati 2-4 oy, so’ng tanaffus olish kerak.
Siydik chiqarish tizimi uchun foydalari
Bu yog’ siydik chiqarish tizimi kasalliklarining ( sistit, uretrit, pielonefrit, urolitiazva boshqalar) oldini olish va davolash uchun ham foydalidir.
Buyrak, o’t pufagi va siydik pufagidagi toshlarni parchalash va ular hosil bo’lishini oldini olish uchun asal va ezilgan qora sedana aralashmasini ishlatish mumkin:
Bir stakan iliq suvga yarim choy qoshiq ezilgan qora sedana urug’i va yarim choy qoshiq asal qo’shiladi. Ertalab nonushtadan 30 daqiqa oldin bir stakan eritma ichiladi. 2-3 hafta davomida har kuni takrorlanadi.
Teng miqdorda ezilgan qora sedana urug’lari, asal va maydalangan sarimsoq yoki zanjabil aralashtiriladi. Har bir ovqatlanishdan oldin 1 choy qoshiqdan qabul qilinadi. Vositani sovutgichda, yopiq idishda 15 kundan ortiq bo’lmagan muddatga saqlash mumkin. Kuniga maksimum 3-4 marta qabul qilish mumkin.
Bu usul juda yaxshi ma’lum, unga ijobiy sharhlar berilgan. Foydalanuvchilarning sharhlariga qaraganda, kichikroq toshlar 2-3 hafta ichida erib ketar ekan. Shunga qaramay, ushbu usulni o’ta ehtiyotkorlik bilan qo’llash kerak, chunki nazariy jihatdan, toshlardan mustaqil qutulishga harakat qilish xavfli bo’lishi mumkin. Toshlarning o’lchamini aniq bilish va davolanish jarayonidagi o’zgarishlarni kuzatib borishingiz kerak (ideal holda, muntazam ravishdaUTTo’tkazish). Xuruj sodir bo’lgan taqdirda darhol shifokorga murojaat qilish, toshning kattaligini aniqlash va uning chiqishi xavfli emasligiga ishonch hosil qilish kerak.
Qora sedananing yurak-qon tomir tizimiga ta’siri
Quyidagi xususiyatlar tufayli, bu yog’ yurak-qon tomir tizimi uchun foydalidir:
Qora sedana yog’i qon tomirlari devorlarini mustahkamlash va ularning elastikligini oshirishga yordam beradi.
U qondagi «yomon» xolesterin darajasini pasaytiradi (uning oziq-ovqatlardan so’rilishiniga to’sqinlik qiladi) va aterosklerotik blyashkalar va qon tromblari shakllanishiga to’sqinlik qiladi.
Qon tomirlarining spazmlarini to’xtatadi.
Yurak-qon tomir tizimidagi yallig’lanish jarayonlarini oldini oladi (umuman olganda, butun organizmda).
Gipertoniyaning boshlang’ich bosqichlarida qon bosimni pasaytiradi.
Yuqorida sanab o’tilgan xususiyatlarga ko’ra, qora sedana va uning yog’ini muntazam iste’mol qilish quyidagi kasalliklarning oldini olish va davolashda yordam beradi: varikoz, vegeto-tomirli distoniya, arterial gipertoniya, ateroskleroz, yurak-qon tomir tizimining yallig’lanishli kasalliklari.
Bundan tashqari, bu mahsulot yurak ishemik kasalliklari, tromboz, tromboflebitni oldini olishda foydali, ammo bu kasalliklarning faol bosqichida sedanani qo’llash !!mutlaqo qarshi ko’rsatiladi (hatto minimal miqdorlarda ham).
Allergiyada qora sedana yog’ining foydasi
Allergiya qoida tariqasida bezarar bo’lgan moddalarga organizm immunitet tizimining yuqori reaktivligi tufayli chaqiriladi. Organizmning himoya mexanizmi zararli va zararsiz moddalarni ajrata olmaydi va organizmga kiruvchi barcha yot moddalarga qarshi kurash olib boradi. Eng ko’p uchraydigan allergiya turli — bronxial astma, mavsumiy allergik rinit va surunkali rinit, shuningdek, eshakemiva ekzemahisoblanadi.
Qora sedana yog’i allergiya alomatlarini samarali ravishda bartaraf etadi. Uning terapevtik ta’sir mexanizmi haligacha to’liq o’rganilmagan, ammo u asosan immunitetni qisqa muddatga yaxshilash qobiliyati bilan tushuntiriladi. Aftidan, qora sedana nafaqat immunitet tizimini kuchaytiradi, balki uni normallashtiradi ham, ya’ni allergiyada buzilgan sog’lom immunitetni tiklaydi.
Allergiyada qora sedanani qo’llash tartibi:
Mavsumiy allergiyada davolashni o’simliklar changi tarqalishi mavsumi boshlanishidan bir necha hafta oldin boshlash tavsiya etiladi. Qabul qilish klassik sxemaga ko’ra olib boriladi. Yoz oylarida davolanishni davom ettirish kerak, qishda esa tanaffus olinadi.
Agar allergiya belgilari namoyon bo’lib bo’lgan bo’lsa, tezkor ta’sirga erishish uchun ingalyatsiya qilish tavsiya etiladi. Ingalatsiya uchun 1 osh qoshiq ezilgan qora sedana urug’lari ustidan 1 litr qaynoq suv quyiladi, aralashma 5-10 daqiqa tindiriladi va damlama bilan ingalyatsiya qilinadi.
Qora sedananing erkaklarga foydasi
Qora sedana jinsiy quvvatni oshiradi, libido va fertillikni kuchaytiradi. Bundan tashqari, uning yog’i prostatitnioldini olish va davolash uchun samarali vosita hisoblanadi.
Sedanada fitosterollar mavjud bo’lib, ular erkak jinsiy gormonlari — testosteron ishlab chiqarilishi yaxshilaydi. Shunga mos ravishda, libido ortadi, jinsiy a’zolarda qon ta’minoti va sperma sifatiyaxshilanadi.
Uning tarkibida marganets va selen moddalari mavjud bo’lib, ular potentsiya va erkak libidosiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
E vitamini mavjudligi sababli, u jinsiy bezlarning holatini yaxshilaydi va bu o’z navbatida testosteronni oshirishga yordam beradi.
Undagi C vitami spermatozoidlarning harakatchanligini kuchaytiradi.
U qon aylanishini yaxshilaydi va yallig’lanishlarni oldini oladi.
Testosteronni ishlab chiqarish uchun Omega 6 va Omega 3-ning to’g’ri nisbatlarda (kamida 10 : 1, yaxshisi — 5 : 1) bo’lishi juda muhimdir. Sedana yog’i tarkibida Omega 6`ning ulushi taxminan 58% tashkil qiladi, ammo Omega 3 ulushi esa 0,2%. Shu bois, uni Omega 3 miqdori ko’p bo’lgan boshqa vositalar bilan birgalikda qo’llash tavsiya etiladi.
Omega 3 miqdori quyidagi o’simlik yog’larida yuqori hisoblanadi:
zig’ir,
qovoq,
bodom,
yong’oq.
Prostatitni davolash, libidoni oshirish, erkaklik quvvatini kuchaytirish uchun qora sedana moyidan foydalanish usullari quyidagicha:
Nonushtadan so’ng ertalab 1 choy qoshiq ichga qabul qilish.
Prostatitni davolash uchun — sedana yog’ini qovoq urug’lari bilan birgalikda qabul qilish mumkin.
Uxlashdan oldin qov, bel va yorg’oqqa qora sedana yog’ini aylana harakatlar bilan surtish.
Yuqoridagi usullarga qo’shimcha ravishda, testosteronni oshirishning boshqa usullari bilan tanishib chiqish mumkin. Bu haqida saytimizda maqolalar mavjud.
Qora sedana yog’ining ayollar uchun foydali jihatlari
Qora sedana yog’ini ayol jinsiy tizimining yallig’lanish-infektsion va onkologik kasalliklarida, hayz siklining buzilishida, bepushtlik, mastopatiyada qo’llash foydalidir.
Laktatsiya davrida ayollarga qora sedana yog’i iste’mol qilish ko’krak sutini ko’paytirishmaqsadida tavsiya etiladi. Bundan tashqari, ko’krak uchidagi yoriqlar tuzalishini tezlashtirish uchun uning yog’ini surtish mumkin.
Qora sedana yog’ida fitoestrogenlarmavjud bo’lib, u gormonal muvozanat buzilishi holatida foydali bo’lishi mumkin.
Fitoetrogenlar inson organizmda nafaqat estrogenlar, balki, shuningdek, antistrogenlar sifatida ham ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan nosteroid o’simlik birikmalaridir. Masalan, haqiqiy estrogenlardan farqli o’laroq, ular gormonga bog’liq bo’lgan o’smalarning o’sishini rag’batlamaydi, balki bostiradi.
Ushbu ikkilangan ta’sir fitoestrogenlarning tabiati bilan bog’liq. Ular estrogenlar bog’lanadigan retseptorlar bilan bog’lanishga qodir. Ammo fitoestrogenlarning ta’siri ancha zaifdir (500-1000 marta). Shunday qilib, estrogen darajasi past bo’lganda, fitoestrogenlar bo’sh bo’lgan retseptorlar bilan bog’lanadi. Estrogen darajasi yuqori bo’lganda esa, haqiqiy estrogenlar bilan raqobatlasha boshlaydi va retseptorlarni band qilib, androgen ta’sir ko’rsatadi.
Yuqoridagi ma’lumotdan ma’lumki, fitoestrogenlar har doim ham foydali emas — jinsiy gormonlar darajasi me’yorda bo’lgan ayollar ko’p miqdorda fitoestrogen saqlovchi mahsulotlarni iste’mol qilmasliklari kerak. Ammo qora sedana yog’ida fitoestrogenlar unchalik ham ko’p emas, uning foydali xususiyatlari boshqa barcha tarkibiy qismlarga asoslangan. Shu bilan birga, salomatlik holatini yaxshilash uchun kuniga bir choy qoshiqdan ortiq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Qora sedana: Teri uchun foydasi
Qora sedana yog’i turli teri kasalliklarini ( ugri toshishi, ekzema va dermatitlar, psoriaz, so’gal, lishay, gerpes) davolash va alomatlarini yengillashtirishda, shuningdek yuz va tana terisi uchun kosmetik mahsulot sifatida ishlatiladi (yog’ ajralishini tartibga solish, teri teshikchalarini toraytirish, teri tuzilmasini yaxshilash, uni yumshatish, elastikligini yaxshilash, suv-yog’ muvozanatini tiklash, qipiqlanishini bartaraf etish, kichik ajinlarga qarshi, chandiq izlari va striyalarni yo’q qilish). Bu uning quyidagi xususiyatlariga bog’liq:
Qora sedana yog’i yallig’lanishga qarshi, bakteritsid, zamburug’ va virusga qarshi xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlar aksariyat hollarda ko’plab kasalliklarni davolash uchun qimmatli hisoblanadi.
Antiallergen ta’siri. Ba’zi teri kasalliklari autoimmun tabiatga ega bo’ladi, qora sedananing bu xususiyati esa ularni bartaraf etishda ishtirok etadi.
Antioksidant xususiyatlari. U erkin radikallarning shakllanishiga to’sqinlik qiladi va organizmni ularning ta’siridan himoya qiladi. Shunday qilib, u butun organizm, shu jumladan terining ham qarishi jarayonini sekinlashtiradi.
Kollagenlarning tiklanishi va ishlab chiqarish jarayonlarini rag’batlantiradi. Bu jarohatni shifo topishiga yordam beradi va terining elastikligini oshiradi.
Qon va limfa aylanishini yaxshilaydi. Bu terining oziqlanishi va tozalanishini yaxshilaydi.
Teri kasalliklarini davolash va terining holatini va ko’rinishini yaxshilash uchun qora sedana yog’ini qo’llash tartibi quyidagicha:
Klassik sxema bo’yicha ichga qabul qilish.
Tashqi qo’llash:
Teri kasalliklarini davolash uchun— kuniga ikki marta zararlangan joylarni yog’lash (ba’zi hollarda, masalan psoriazda ahvol yomonlashishi mumkin — bu holda yog’ni qo’llashni to’xtatish kerak).
Terining holati va ko’rinishini yaxshilash uchun— qora sedana yo’gining o’zini yoki boshqa yog’ bilan aralashmalasini (masalan zaytun yog’i) terining muammoli sohalariga surtish va yengil massaj qilish.
Qora sedananing soch uchun foydasi
Sedana sochni mustahkamlash, soch o’sishini yaxshilash, qazg’oqdan qutilish va sochlarning tabiiy rangini tiklash uchun yaxshi vosita hisoblanadi.
Soch uchun qora sedana yog’ini qo’llash tartibi
Eng yaxshi natijalarni olish uchun yog’ni ichga qabul qilish va tashqi qo’llashni birlashtirish kerak.
Klassik sxema bo’yicha qabul qilish.
Avval boshga bir necha tomchi qora sedana efir moyidan tomizib, boshni aylana harakatlar bilan massaj qilish. 15 daqiqadan keyin sedana va kokos moyini teng nisbatda aralashtirib, bosh terisiga qo’llash. Uni 2 soatga qoldirish kerak, keyin yaxshilab yuvib tashlash joiz.
Qarshi ko’rsatmalar
Yuqorida ushbu vositaning ko’plab foydali xususiyatlari haqida ma’lumot keltirildi. Ammo hammasi ham siz o’ylaganchalik quvonarli bo’lmasligi mumkin. Uni u yoki bu maqsadda qo’llashdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashish joiz.
Qora sedana moyini oz miqdorda qabul qilish tavsiya etiladi. U katta dozalarda sog’likka ziyon yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, ayrim hollarda qora sedana (o’zi ham, yog’i ham) qarshi ko’rsatiladi, ularga:
Qora sedanaga individual intolerantlik.
Homiladorlik (u bachadonning qisqarishiga sabab bo’lishi mumkin).
O’tkir shakldagi gastrit[1].
Buyraklar, o’t pufagi, siydik pufagida katta toshlar bo’lganda (u toshlarni eritadi, ammo og’ir hollarda uni ishlatish xavfli bo’lishi mumkin).
Yurak xurujidan keyingi davrda.
Har qanday organni transplantatsiya qilish operatsiyasidan keyin.
Ishkemik yurak kasalligi, tromboz, tromboflebitning faol shakli
(bu kasalliklarda hatto eng kam miqdordagi sedana ham qarshi ko’rsatiladi. Lekin yuqorida aytib o’tilganidek, bu kasalliklarni oldini olish uchun undan foydalanish mumkin).
Qandli diabet.
Ba’zi boshqa tizimli kasalliklar (agar mavjud bo’lsa, oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak).