Vasiylik va homiylik bo‘yicha faoliyat:
tuman, shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari tomonidan — voyaga etmaganlarga nisbatan;
tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan — sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan amalga oshiriladi.
Vasiylik — 14 yoshga to‘lmagan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli.
Homiylik — 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs — o‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxs.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar — alohida g‘amxo‘rlikka, shuningdek o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo‘lgan etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi bo‘lgan hamda bolalarning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘dirayotgan yoki ularning ta’minoti, tarbiya va ta’lim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar.
Vasiylikni belgilash
Vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
Vasiylik tuman, shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Vasiylik vasiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning yashash joyi bo‘yicha, agar shaxs muayyan yashash joyiga ega bo‘lmasa, vasiyning yoki homiyning yashash joyi bo‘yicha belgilanadi.
Homiylikni belgilash
Homiylik 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.
Homiylik tuman, shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Homiylik homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning yashash joyi bo‘yicha, agar shaxs muayyan yashash joyiga ega bo‘lmasa, homiyning yashash joyi bo‘yicha belgilanadi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar
etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi bo‘lgan hamda bolalarning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘dirayotgan yoki ularning ta’minoti, tarbiya va ta’lim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar;
sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar.
Vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin bo‘lmagan shaxslar
ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
sobiq farzandlikka oluvchilar, agar farzandlikka olish ularning o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganligi, farzandlikka olinganlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganligi, surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi oqibatida bekor qilingan bo‘lsa;
o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud o‘z huquqlarini suiiste’mol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar.
Vasiy yoki homiy tayinlash
Tuman, shahar hokimi vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy yoki homiy tayinlashda uning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs o‘rtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga munosabati, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olinishi lozim.
Yashash joyidan qat’i nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.
Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda vasiylik yoki homiylik belgilash
Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda, agar bola ular tomonidan 6 oydan ortiq muddatga qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirilgan bo‘lsa, mazkur shaxslarning bolaga nisbatan vasiyligi yoki homiyligi belgilanadi.
Bunda vasiylik yoki homiylik, agar bu bolaning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, belgilanadi.
Vasiylik va homiylik organlarining vakolatlari, ularning vazifalari.
Sudlar tomonidan bolalar tarbiyasi to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rib chiqishda vasiylik va homiylik organlarining ishtiroki.
Vasiylik va homiylik organlarining tug‘ilishni qayd qilishdagi vakolatlari.
Vasiylik va homiylik organlarining bolalarni farzandlikka olish va oilaga tarbiyaga berish(patronat) bilan bog‘liq masalalardagi vakolatlari.
Vasiylik va homiylik organining voyaga etmaganlarni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha vakolatlari.
Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, tibbiyot birlashmalari, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyati.