Qonun bo‘yicha vorislik





Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar vorislikka navbat tartibida chaqiriladilar.
Qonun bo‘yicha vorislikda farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari, bir tarafdan, farzandlikka oluvchi shaxs va uning qarindoshlari, ikkinchi tarafdan, tug‘ishgan qarindoshlarga tenglashtiriladilar.



Qonun bo‘yicha meros olmaydigan shaxslar
Farzandlikka olinganlar va ularning avlodlari farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.
Farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.



Qonun bo‘yicha vorislarning har bir navbati avvalgi navbatdagi merosxo‘rlar bo‘lmagan, merosdan chetlashtirilgan, merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechgan taqdirda vorislik huquqiga ega bo‘ladi.





birinchi navbatdagi vorislar
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar;




ikkinchi navbatdagi vorislar
meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda;




uchinchi navbatdagi vorislar
meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda;




to‘rtinchi navbatdagi vorislar
meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.




beshinchi navbatdagi vorislar
meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari.



Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik va meros transmissiyasi





Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik
Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar.




Merosni qabul qilib olish huquqining o‘tishi (meros transmissiyasi)
Agar vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi (meros transmissiyasi). Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxo‘rning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi.
Vafot etgan merosxo‘rga tegishli merosni qabul qilib olish huquqi uning merosxo‘rlari tomonidan umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin.



Meros olishda erning (xotinning) huquqlari va mehnatga qobiliyatsiz boqimlar





Meros olishda erning (xotinning) huquqlari
Vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha erga (xotinga) tegishli bo‘lgan vorislik huquqi uning meros qoldiruvchi bilan nikohdagi holatiga bog‘liq boshqa mulkiy huquqlariga, shu jumladan nikohda bo‘lib, birgalikda orttirilgan mol-mulkning muayyan qismiga nisbatan bo‘lgan mulk huquqiga daxl qilmaydi.




Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari
Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida 1 yil uning qaramog‘ida bo‘lgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga kiradi. Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, mehnatga qobiliyatsiz boqimlar vorislikka chaqirilayotgan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.
Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga mansub bo‘lgan, biroq vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari doirasiga kirmaydigan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar, meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan-yashamaganliklaridan qat’i nazar, agar meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida 1 yil uning qaramog‘ida turgan bo‘lsalar, ana shu vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.
Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, vorislikka chaqiriladigan shaxslarning hammasi birgalikda ko‘pi bilan merosning to‘rtdan bir qismini meros qilib oladilar.