Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlarga qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish
Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.
Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Guvohnoma olish uchun notarial idoraga taqdim etiladigan hujjatlar
Meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash (doimiy propiska qilingan) joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi yoki o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma yoxud uy daftaridan ko‘chirma;
Meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
Merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.Sh. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
Merosxo‘rlar vafot etgan taqdirda o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
Meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
Merosni qabul qilish uchun ishochnoma (agar merosxo‘rning o‘zi meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani olishda ishtirok etaolmasa);
Merosxo‘rlar meros mulkidagi tegishli ulushdan voz kechgan taqdirda – notarial tartibda tasdiqlangan merosdan voz kechish to‘g‘risida ariza;
O‘zini meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan deb hisoblayotgan shaxs merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani berilishini so‘rab murojaat etsa, meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lganlik fakti sud hujjati bilan tasdiqlanadi;
Yoshi bo‘yicha qaramoqda bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar uchun;
pasport;
tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
pensiya guvohnomasi.
Boshqa hujjatlar (zarur bo‘lsa).
Merosxo‘rning maxsus va imtiyozli huquqlari
Merosdan voz kechish huquqi
Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli.
Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Agar merosxo‘r vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan voz kechishga haqli.
Merosxo‘r ulushning ortishi huquqi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qat’i nazar, voz kechishga haqli.
Merosxo‘r merosdan voz kechganida vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasidan bo‘lmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini ko‘rsatishga haqli.
Mazkur hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hozir bo‘lmagan merosxo‘rlarning huquqlari
Agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma’lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilganu, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e’tiboran 3 oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.
Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e’tiboran 1 yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.
Homila bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r bo‘lsa, merosni taqsimlash bunday merosxo‘r tug‘ilganidan keyingina amalga oshirilishi mumkin.
Agar homila holida bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r tirik tug‘ilsa, qolgan merosxo‘rlar unga tegishli bo‘lgan meros ulushini ajratgan holdagina merosni taqsimlashni amalga oshirishga haqlidirlar.
Merosxo‘rlarning imtiyozli huquqi
Meros ochilgunga qadar 3 yil mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan umumiy mulk bo‘lgan mol-mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Agar mazkur huquqlarni amalga oshirish natijasida merosni hosil qiluvchi mol-mulk boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlarni berish uchun etarli bo‘lmasa, imtiyozli huquqni amalga oshirayotgan merosxo‘r ularga tegishli pul yoki mol-mulk tovonini to‘lashi lozim.
Merosning taqsimlanishi va xarajatlar
Merosning taqsimlanishi
Merosni qabul qilib olgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan istalgan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli.
Merosni taqsimlash merosxo‘rlarning kelishuviga ko‘ra o‘zlariga tegishli ulushlarga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud tartibida amalga oshiriladi.
Ushbu qoidalar barcha meros yoki uning bir qismi merosxo‘rlarga ulushlarda muayyan mol-mulk ko‘rsatilmasdan vasiyat qilingan hollarda merosni vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlashga nisbatan qo‘llaniladi.
Meros hisobidan xarajatlar
Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta’minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.
Meros qoldiruvchining kreditorlari vasiyatnomani ijro etuvchiga (merosni boshqaruvchiga) yoki merosxo‘rlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan o‘z talablarini qo‘yishga haqlidirlar. Bu holda merosxo‘rlarning har biri o‘ziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar bo‘ladilar.
Notarial idoralar haqida ma’lumot olish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Notarius qabuliga yozilish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Elektron notarius portalidan foydalaning.