Ta’tillar berish tartibi


Ta’tillar berish tartibi



Har yilgi mehnat ta’tili:
Har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.
Barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.

Har yilgi mehnat ta’tilining turlari quyidagilardan iborat:


asosiy mehnat ta’tili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan);
ushbu Kodeksning 222-moddasida nazarda tutilgan tartibda asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan ta’til bilan jamlab hisoblanadigan qo‘shimcha mehnat ta’tili.

Har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendarь kunni tashkil etadi.





Har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til:

Quyidagilarga yoshi va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:


18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga 30 kalendarь kun;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga 30 kalendarь kun.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga davomiyligi 27 kalendarь kun bo‘lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi, bundan davlat xodimlarining ayrim toifalari uchun qonunda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilning uzoqroq davomiyligi belgilangan hollar mustasno.
Har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tillar ayrim toifadagi xodimlar uchun ham ular mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlariga hamda boshqa holatlarga qarab belgilanadi. Bunday ta’tillar olish huquqiga ega bo‘lgan xodimlarning ro‘yxati va ushbu ta’tillarning davomiyligi qonunchilikda belgilanadi.
Qonunchilikda belgilanganidan tashqari, har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tillar berish, shuningdek har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilning davomiyligini uning qonunchilik bilan kafolatlangan davomiyligiga nisbatan ko‘paytirish jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.



Har yilgi qo‘shimcha ta’tillar:

Har yilgi qo‘shimcha ta’tillar:


ushbu Kodeksning 481-moddasiga muvofiq mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga;
ushbu Kodeksning 483-moddasiga muvofiq noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga;
ushbu Kodeksning 220-moddasiga muvofiq bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi.



Bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun beriladigan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili:
Xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har 5 yil uchun davomiyligi 2 kalendarь kun bo‘lgan, biroq jami 8 kalendarь kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.
Ushbu modda birinchi qismining qoidalari qonunchilikda o‘ziga ish staji uchun har yilgi uzoqroq qo‘shimcha mehnat ta’tillari berilishi nazarda tutilgan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga boshqa ish beruvchidagi yoxud boshqa tarmoqdagi ish stajini kiritish nazarda tutilishi mumkin.
Agar xodim ish beruvchining taklifiga ko‘ra ishga qabul qilingan bo‘lsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga boshqa ish beruvchidagi ish staji kiritiladi. Mikrofirmalar xodimlariga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili ushbu Kodeksning 505-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda beriladi.


Har yilgi mehnat ta’tili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish hollari.
Har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish.


Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibi:

Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan 6 oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishlagan 6 oy o‘tguniga qadar ham mehnat ta’tili berilishi mumkin.



Birinchi bor tashkil etilgan tashkilotlar uchun xodimlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tili birinchi ish yili tugaguniga qadar ushbu ta’tilni berish sharti bilan 6 oy ishlamasidan ilgari yoki undan keyin berilishi mumkin.



6 oy o‘tguniga qadar xodimning xohishiga ko‘ra quyidagilarga har yilgi mehnat ta’tili beriladi:


ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
14 yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;
rezervga bo‘shatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan sobiq harbiy xizmatchilarga;
1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga;
ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga, agar ular o‘zining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasa;
jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga.



Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ushbu ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi 14 kalendarь kundan kam bo‘lmasligi kerak.





Xodimni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olish:
Har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki ushbu Kodeksning 230 va 231-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda keyingi ish yilida berilishi kerak.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.




Har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.





Har yilgi mehnat ta’tilini pulli kompensatsiya bilan almashtirish:

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.