Magistraturaga qabul qilish





Magistraturaga qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.



Magistraturaga qabul qilish kirish sinovlari natijalariga ko‘ra, to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Magistraturaga qabul tegishli ta’lim yo‘nalishi va turdosh (magistraturaga qabul bo‘yicha) oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tanlov asosida amalga oshiriladi.
Bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatidagi ixtisosliklarning birida tanlovda qatnashish huquqiga egalar.
Magistraturaga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) amalga oshirilib, kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinadi.
Qolgan abiturientlar ballar reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.


Imtihonlarni tashkil etish

Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi, o‘qitish tili va shakliga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha hududlar kesimida, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari (oliy ta’lim muassasasi) bo‘yicha alohida o‘tkaziladi.



Magistraturaga kirishda abiturientlar (bakalavr darajasiga ega bo‘lganlar, diplomli mutaxassislar) oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:


magistratura mutaxassisligi ko‘rsatilgan holda, oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
chop etilgan ilmiy maqola yoki tezislari (yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlari) nusxasi (mavjud bo‘lgan holda);
3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
086-U-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi hujjatning asl nusxasi.

Hujjatlar 1-iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abiturientlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko‘rsatadilar.



Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.





Sinovlarni tashkil etish

Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) 3 — 15-avgust kunlari o‘tkaziladi.



Kirish sinovlari tegishli mutaxassislik o‘qitiladigan tilda o‘tkaziladi.



Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:


magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi;
chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) fani bo‘yicha sinov o‘tkaziladi;
oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi aniqlanadi.

Xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida V2) yoki Davlat test markazi tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 yoki S1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.



Magistraturaga o‘qishga kirishda maksimal to‘planishi mumkin bo‘lgan ball250 ni tashkil etadi.



Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari)ni qayta topshirish man etiladi.



Magistraturaga mutaxassislik bo‘yicha maxsus fandan kirish sinovi uchun belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plaganlar, shuningdek, belgilangan muddatlarda kirish sinovlariga kelmaganlar navbatdagi kirish sinoviga kiritilmaydi hamda magistraturaga qabul qilinmaydi.



Abiturient sinov natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, sinov natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida sinov ishini apellyatsiya qilish haqidagi ariza bilan oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi yoki apellyatsiya (norozilik) komissiyasi raisiga murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 2 kundan oshmasligi lozim.





Imtihonsiz qabul qilinadigan shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari (Beruniy, ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Islom Karimov) sovrindorlari;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari;
"Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohiblari.

Yuqorida ko‘rsatilgan talabalar va bakalavr darajasiga ega yoshlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari davlat granti asosida qabul qilinadilar.





O‘qishga kirishni rasmiylashtirish
Oliy ta’lim muassasalarida 25-avgustga qadar abiturientlar davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqida rektor buyrug‘i rasmiylashtiriladi.
Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida magistraturaga tavsiya etish to‘g‘risida Davlat komissiyasining qarori qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontrakt rasmiylashtiriladi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish belgilangan mablag‘ miqdori 15-sentabrdan kechiktirilmay to‘langandan keyin amalga oshiriladi. Bunda 2 sentyabrdan boshlab o‘qishga qatnashga ruxsat beriladi.
To‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.



Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilsin.

2022-yil 1 sentyabrga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida ro‘yxatini shakllantirsin hamda 2022-yil 1 oktyabrga qadar kontrakt to‘lovlarini qoplab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bersin.