Xorijiy davlatda ta’lim olganlik hujjatlarini tan olish




Hujjatlarni tan olish quyidagi organlar tomonidan amalga oshiriladi:


umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan;
o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.


Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun quyidagi miqdorda yig‘im undiriladi
o‘rta maxsus va kasb-hunar (professional) ta’limi bo‘yicha — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari;
oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi bo‘yicha — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;

Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan yig‘imning 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi;


Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda yig‘im davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning 90 foizi miqdorida undiriladi.





Quyidagilarning hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi
xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta’limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspektsiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
1992-yil 1 yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Evropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.



Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari

Hujjatlarni tan olish uchun so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:


xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning skaner qilinib, pdf formatida saqlangan nusxasi;
xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan hamda skaner qilinib, rdf formatida saqlangan nusxasi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning asl nusxasi O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi bilan birga davlat xizmatlari markazi xodimiga taqdim etiladi.



xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta’lim muassasasi va ushbu muassasa tomonidan berilgan hujjatning o‘sha davlat tomonidan tan olingan bo‘lishi;


xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berishga asos bo‘lgan ta’lim standartlarining yoki ta’lim dasturlarining O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan davlat ta’lim standartlari va ta’lim dasturlariga muvofiqligi;


O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy ta’lim to‘g‘risida hujjatni bergan davlatning ta’lim tizimiga qo‘yilgan umumiy talablarning mosligi.



Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etiladi

a) xorijiy davlatlarda kasbiy ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma’lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan 2 yildan kam bo‘lsa;



b) xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekiston Respublikasidagiga qaraganda ta’lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan bo‘lsa (hujjat egasi ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmasa);



v) ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;



g) oliy ta’lim bosqichlarida:


bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati 3 yildan kam bo‘lsa yoki Evropa ta’lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plagan bo‘lsa;
magistratura bo‘yicha o‘qish muddati 1 yildan kam bo‘lsa;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olganda umumiy o‘qish davri 3 yildan kam bo‘lsa;

d) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ko‘rsatilgan talablarga to‘g‘ri kelmasa.





Maxsus sinovlar o‘tkazish

Ijobiy xulosa berilgan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari tan olish uchun topshirilgan talabgorlar uchun Davlat inspektsiyasi tomonidan test sinovlari tashkil etiladi (xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan holatlar bundan mustasno).



Test sinovlarining o‘tkazilish vaqtlari haqidagi ma’lumot sinovlar boshlanishidan kamida 10 kun oldin Davlat inspektsiyasining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.



Talabgor veb-saytiga joylashtirilgan paytdan boshlab ko‘pi bilan 6 oy davomida test sinovlarida ishtirok etmasa, test sinovlarini topshirish uchun so‘rovnoma to‘ldirgan holda belgilangan tartibda qaytadan murojaat qiladi.



Test sinovlari talabgorlarning ta’lim olgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi.



Test sinovlari natijalariga ko‘ra 54 va undan kam ball to‘plagan talabgorlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olinmaydi.



Guvohnomalar tayyorlanganidan keyin Davlat inspektsiyasi mas’ul xodimi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, 3 ish kuni ichida tegishliligiga ko‘ra davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgorlarga yuboriladi.
Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘ladi.