O‘zbekiston Respublikasining quruqlikdagi hududi, hududiy va ichki suvlari hamda ular ustidagi havo hududi O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin bojxona zonalari va erkin omborlar bo‘lishi mumkin, ularning hududlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi.
Bojxona hududi sarhadlari, shuningdek erkin bojxona zonalarining va erkin omborlarning tegralari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi hisoblanadi.
Bojxona maqsadlari quyidagilardan iborat:
bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish, tovarlarni tashish, saqlash va qayta ishlashda bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash;
bojxona to‘lovlari o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanishini ta’minlash;
iqtisodiy siyosat choralariga, bojxona rejimlarining talablari va shartlariga rioya etilishini ta’minlash;
bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hollariga chek qo‘yish va ularning oldini olish.
Bojxona munosabatlarida qo‘llaniladigan tushunchalar:
bojxona brokeri — bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha operatsiyalarni deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirig‘iga binoan va uning nomidan shartnoma asosida amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi;
bojxona ishi — iqtisodiy, tartibga solish va huquqni muhofaza qilish maqsadlariga erishishga qaratilgan, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlaydigan usullar va vositalar majmui;
bojxona hamrohligida kuzatib borish — avtotransport vositalarining bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati ostida kuzatib borilishi;
bojxona operatsiyasi — tovarlarning va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida tovarlarga va transport vositalariga nisbatan bojxona organlarining mansabdor shaxsi va (yoki) vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladigan harakat;
bojxona rejimi — bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning va transport vositalarining maqomini bojxona maqsadlari uchun belgilovchi qoidalar majmui;
bojxona tartib-taomili — bojxona maqsadlari uchun amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining majmui;
deklarant — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini o‘z nomidan deklaratsiyalovchi shaxs yoxud uning nomidan tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotgan shaxs;
deklaratsiyalash — bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan va (yoki) bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va (yoki) transport vositalari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni bojxona organlariga ma’lum qilish;
iqtisodiy siyosat choralari — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirishga va ushbu hududdan olib chiqishga doir cheklovlar bo‘lib, ular kvota belgilashni, litsenziyalashni, shuningdek mamlakat iqtisodiyotining jahon xo‘jaligi bilan o‘zaro hamkorligini tartibga solishning boshqa chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi;
tashuvchi — bojxona nazorati ostida turgan tovarlar tashilishini amalga oshiruvchi yoki transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxs;
tovar turkumi — bitta oluvchining manziliga bitta transport hujjati bo‘yicha kelayotgan yoki bitta pochta yuk xati bilan jo‘natilayotgan yoxud bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan bitta jismoniy shaxsning qo‘l yukida va bagajida olib o‘tilayotgan tovar yoki uning bir qismi;
tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tish — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirish yoxud ushbu hududdan olib chiqish;
tovarlarning erkin muomalasi — bojxona hududida tovarlarning belgilangan taqiqlar va cheklovlarsiz aylanishi;
tovarni chiqarib yuborish — bojxona organlarining bojxona rasmiylashtiruvini yakunlovchi va ma’lum qilingan bojxona rejimi shartlaridan kelib chiqqan holda tovarlardan foydalanishga va (yoki) ularni tasarruf etishga ruxsat berilganligini ifodalovchi harakati;
yuk operatsiyalari — bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini tashish, yuklash, tushirish, qayta yuklash, ularning buzilgan o‘rovlarini to‘g‘rilash, ularni o‘rash, qayta o‘rash va tashish uchun qabul qilish;
Davlat bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi — bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va ma’lumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining avtomatlashtirilgan tizimi.
Tovarning kuzatuv hujjatlari
Tijorat va transport hujjatlari tovarning kuzatuv hujjatlari hisoblanadi.
Tijorat hujjatlari jumlasiga hisobvaraq-faktura (invoys), yuklab jo‘natish va o‘rov varaqlari hamda tashqi savdo faoliyati va o‘zga faoliyat amalga oshirilayotganda bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish bilan bog‘liq bitimlar tuzilganligini tasdiqlash uchun foydalaniladigan boshqa hujjatlar kiradi.
Transport hujjatlari jumlasiga konosament, yuk xati yoki tovarlarni tashish shartnomasi borligini tasdiqlovchi hamda shunday tashishda kuzatib boruvchi boshqa hujjat kiradi.
Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan har qanday ko‘char mol-mulk, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qog‘ozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk ob’ektlari, transport vositasi tovar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar yoxud bojxona hududida erkin muomalaga chiqarilgan yoki shunday maqomga ega bo‘lgan tovar O‘zbekiston tovaridir.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilmagan tovar, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq chet el tovari maqomini olgan tovar chet el tovaridir.