Maxsus iqtisodiy zona — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud.
Erkin iqtisodiy zona — yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish, shuningdek ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni ta’minlash maqsadlarida tashkil etiladigan hudud.
Maxsus iqtisodiy zonalar bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki ob’ektlari, ma’muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan erlarda tashkil etiladi.
Maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki ob’ektlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolati doirasidagi qaroriga ko‘ra maxsus iqtisodiy zona direktsiyasiga davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ bilan kelishgan holda operativ boshqaruvga berilishi mumkin, bundan xususiylashtirilmaydigan strategik davlat mulki ob’ektlari mustasno.
Davlat mulki ob’ektlari maxsus iqtisodiy zona direktsiyasiga maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan butun davr uchun operativ boshqaruvga beriladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar turlari:
erkin iqtisodiy zonalar;
maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
turistik-rekreatsion zonalar;
erkin savdo zonalari;
maxsus sanoat zonalari.
Investitsiya buyurtmanomasi topshirilgan paytda erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish hajmlari ichki bozorning ehtiyojlarini qoplamaydigan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan bo‘lishi kerak.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshirish taqiqlanadi:
ekologik standartlarga va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob bermaydigan ishlab chiqarishni;
qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni, qurol va o‘q-dorilar savdosini;
yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar ishlab chiqarishni, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar savdosini;
alkogolь va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni;
xom teriga ishlov berishni, hayvonlarni haydab boqishni yoki so‘yishni;
tsement, beton, tsement klinkeri, g‘isht, temir-beton plitalar ishlab chiqarishni, ko‘mir, ohak va gipsdan mahsulot ishlab chiqarishni;
barcha turdagi chiqindilarni qayta ishlash, parchalash, yoqish, gazlashtirish, ularga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish, ularni yakuniy va (yoki) vaqtincha saqlash va (yoki) er ostiga ko‘mib tashlashni;
neftni qayta ishlash zavodlarini, atom elektr stantsiyalarini, yadroviy qurilmalarni, radiatsiyaviy manbalarni, qayta ishlangan yadroviy yoqilg‘i, radioaktiv moddalar va chiqindilar, shuningdek boshqa radioaktiv chiqindilarni saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun mo‘ljallangan punktlar hamda qurilmalarni joylashtirishni.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlariga nisbatan taqiq va cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar.
Maxsus iqtisodiy zona qaysi muddatga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha muddat tamom bo‘lgach, tugatilgan hisoblanadi.