Qishloq joylaridagi namunaviy arzon uy-joylar qurishda ishtirok etish tartibi



Qishloq joylaridagi namunaviy arzon uy-joylar qurish tegishli pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Qishloq joylarida istiqomat qiluvchi, 18 yoshga to‘lgan va uy-joyga muhtoj fuqarolar qishloq joylarida qurilayotgan namunaviy arzon uy-joylarni qurishda ishtirok etishlari mumkin.


Quyidagi toifadagi fuqarolar uy-joyga muhtoj deb e’tirof qilinadi
boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila;
ko‘p bolali oilalar;
to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar);
daromadi yuqori bo‘lmagan oila (bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,06 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oila);
tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi a’zosi bo‘lgan oila;
uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv.metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironligi bo‘lganlar uchun 23 kv.metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar.




Taqdim etiladigan hujjatlar
belgilangan namunadagi ariza;
pasport nusxasi;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);
oila a’zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi, farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga etmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari:
nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida FHDYo arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
doimiy ish joylaridan berilgan ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a’zolarining oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a’zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar nusxalari;
doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki er resurslari va davlat kadastri tuman bo‘linmasi ma’lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda);
nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma’lumotnoma nusxasi (oila a’zolari orasida 1-guruh nogironligi mavjud bo‘lgan holatda);
turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma’lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxsning mavjudligi holatida – tumanlararo (tuman) TMEK ma’lumotnomasi.


Komissiya tomonidan arizaga taqdim qilingan hujjatlar 10 kun ichida ko‘rib chiqilib, fuqarolarning uy-joyga muhtojligi o‘rganiladi.
Taqdim qilingan hujjatlar asosida fuqaro uy-joyga muhtoj deb topilganda 1 ish kuni mobaynida yozma tavsiya beradi.
Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Komissiya rad etishning aniq sabablarini va ariza beruvchi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga 1 ish kuni mobaynida yozma bildirishnoma yuboradi (topshiradi).
Ariza beruvchi yozma tavsiya berish rad etilishining sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo‘lgan muddat yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab 5 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin ariza beruvchi tomonidan berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.


Quyidagi holatlarda fuqaroga yozma tavsiya berish rad etiladi
hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda;
hujjatlar belgilangan oxirgi sana tugagandan keyin taqdim etilganda;
taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
fuqaroning uy-joyni yaxshilashga ehtiyoj yo‘qligi aniqlanganda;
ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan fuqaroning va/yoki uning oila a’zolari (eri, xotini, ota-onasi, farzandlari)ning takroriy murojaat qilganda.


Fuqarolar tomonidan yozma tavsiya olganlaridan so‘ng “Qishloq qurilish invest” tegishli hududiy filialiga taqdim etishi lozim.
“Qishloq qurilish invest”ning hududiy filiali yozma tavsiya bergan fuqaro bilan dastlabki shartnomani tuzadi.
Dastlabki shartnoma tuzilganidan so‘ng fuqaro bankka ipoteka krediti ajratish uchun murojaat qilishlari lozim.


Qurilgan namunaviy arzon uy-joylarni foydalanishga qabul qilish tartibi
“Qishloq qurilish invest” IK MChJning tegishli hududiy filiali qabul qilish komissiyasiga uy-joyni foydalanish uchun qabul qilish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Komissiya tomonidan qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi va u tegishli tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
Muhandislik-transport kommunikatsiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Qabul qilish dalolatnomasi va hokimning tegishli qarori asosida injiniring kompaniyasi filiali bilan pudratchi o‘rtasida qurilishi tugallangan arzon uy-joyni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi.
Mazkur dalolatnoma tuzilgandan so‘ng qurilgan uy-joy yoki arzon uy-joylar “Qishloq qurilish invest” IK MChJning tegishli hududiy filiali tomonidan fuqaroga topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bo‘yicha beriladi.
Uy-joy fuqaroga berilgandan so‘ng uni bir oy muddatda qurilgan uy-joyga mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashi, shundan keyin bankka uy-joyga mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjatning nusxasini taqdim etishi shart.


“Qishloq qurilish invest” MChJning hududiy filiallari bilan havolada tanishing.