Iste’molchining huquqlari
shartnoma asosida belgilangan sifatga, hajmga, uning hayoti va mol-mulki uchun xavfsiz bo‘lgan xizmatning uzluksiz ko‘rsatilishini talab etish;
belgilangan tartibda issiqlik ta’minoti xizmatlariga haq to‘lamaslik;
xizmat ko‘rsatilmaganda yoki xizmatlar zarur sifat va tartibda ko‘rsatilmaganda neustoyka (jarimalar, penyalar) to‘lashni, qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish;
issiqlik ta’minoti xizmatlari (hajmi va sifati, uni ko‘rsatish shartlari, to‘lov miqdori, hisob-kitob holati va b.) bo‘yicha ma’lumotnomalarni bepul olish;
belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan dalolatnomani olish.
Iste’molchiga quyidagilar taqiqlanadi
ko‘p kvartirali uylarning ayrim xonalarini isitish va issiq suv ta’minotining uy ichidagi tizimidan uzish;
isitish asboblariga qo‘shimcha sektsiyalarni birlashtirish yoki ular sonini kamaytirish, shuningdek ularning joyini o‘zgartirish.
Iste’molchi issiqlik energiyasi to‘liq uzib qo‘yilishi va tanaffuslar to‘g‘risida yozma shaklda ogohlantiriladi.
Etkazib beruvchi quyidagi hollarda 2 nusxada dalolatnoma tuzadi
issiqlik ta’minotiga o‘zboshimchalik bilan ulanish aniqlanganda;
shikastlanish yoxud issiqlik tizimidan suv oqib ketishi natijasida issiq suv isrof qilinganda.
Dalolatnomaning 1 nusxasi ulanish egasiga (iste’molchiga) topshiriladi.
Dalolatnoma iste’molchi javobgarligini aniqlash va etkazilgan zararni qoplash uchun asos hisoblanadi.
Etkazib beruvchi issiqlik energiyasini quyidagi hollarda to‘xtatish huquqiga ega
iste’molchi shartnomasida nazarda tutilgan muddatda to‘lovni amalga oshirmasa;
iste’molchi issiqlik ta’minotiga o‘zboshimchalik bilan ulansa;
etkazib beruvchi vakilini hisobga olish asbobini ko‘zdan kechirish va ko‘rsatkichini yozib olish uchun sababsiz qo‘ymaslik.
Rejali ta’mirlash bajarilganda yoki yangi iste’molchi tarmoqqa ulanganda etkazib beruvchi issiqlik ta’minotini uzib qo‘yish huquqiga ega.
Rejali ta’mirlash ishlari bajarilayotganda, issiqlik ta’minoti bir yilda 15 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzib qo‘yilishi mumkin.
Etkazib beruvchining majburiyatlari
shartnomada nazarda tutilgan hajmda, issiqlik energiyasini uzluksiz etkazib berish va kelishilgan rejimga rioya etish;
issiqlik energiyasini standartlashtirilgan sifatda etkazib berish;
iste’molchiga hisoblab chiqilgan issiqlik yuklamasi haqida ma’lumot berish;
shartnomaga muvofiq issiqlik manbai (issiq suv) parametrlarini saqlash;
isitish davrida turar joy xonalaridagi havo haroratini ta’minlash;
tarifdagi o‘zgarish to‘g‘risida iste’molchini kamida 15 kun oldin OAV orqali xabardor qilish;
iste’molchiga to‘lov bo‘yicha hisob-kitob holati to‘g‘risida ma’lumotni, shuningdek to‘lov bo‘yicha qarz yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotni bepul berish;
issiqlik ta’minoti xizmati uchun iste’molchidan qarzni undirish bo‘yicha chora ko‘rish;
shaxsiy hisob raqami va hisobga olish asbob holati haqida batafsil ma’lumotni shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga yuborish.
Iste’molchi uchun taqiqlangan harakatlar
isitish tizimidan issiqlik manbaini chiqarib tashlash;
uy ichi issiqlik tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan yoki hisobga olish asboblarini chetlab o‘tib ulanish;
individual hisobga olish asboblaridagi tamg‘alarni o‘zboshimchalik bilan buzish, hisobga olish asboblarini qismlarga ajratish va ularning ko‘rsatkichlarini buzish;
shartnomada belgilangan issiqlik energiyasidan foydalanish tartibini buzish.
Etkazib beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga etkazilgan zarar uchun to‘liq hajmda javob beradi.
Hayotiy misol: avtonom issitish tizimi
Savol: X. ismli ayol ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirasini markaziy isitish tarmog‘idan uzib, o‘zining kvartirasi uchun individual isitish moslamasi o‘rnatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qilib, buning uchun qanday hujjatlar rasmiylashtirilishi lozimligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.
Javob: Ko‘p kvartirali uylarning ayrim turar joy va noturar joy xonalarini isitishning ushbu tizimlarini issiqlik jihatidan va gidravlik qayta tartibga solmaslik uchun isitish va issiq suv ta’minotining uy ichidagi tizimidan uzish taqiqlanadi.