Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (plastik kartalari) orqali to‘lanadi.
Elektron to‘lov ro‘yxat (vedomost)lari har oyning 4-sanasiga qadar «Yagona reestr» AT orqali AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etiladi, muddatning oxirgi kuni bayram va dam olish kunlariga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, elektron to‘lov ro‘yxat (vedomost)lari keyingi 2 ish kuni mobaynida AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etilishi mumkin.
To‘lovning o‘tgan oyida olinmagan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam summasi to‘lovning joriy oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritiladi hamda tayinlangan, biroq o‘z vaqtida olinmay qolgan to‘lovlar o‘tgan davrlarda hisoblangan miqdorlarda butun davr uchun, biroq bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olish muddati tugaganidan keyin uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatda bir yo‘la to‘lanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash
a) quyidagi hollarda to‘xtatiladi:
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugaganda;
ariza beruvchi yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a’zosi tomonidan yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga to‘lov to‘xtatilishini so‘rab ariza taqdim qilinganda;
oila doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ko‘chib ketganida;
«Yagona reestr» ATdagi yoki manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik tizimidagi texnik nosozlik natijasida, ma’lumotlar elektron ravishda to‘liq yoki qisman taqdim etilmaganligi sababli, shuningdek, arizani kiritishda va boshqa texnik xatolar oqibatida noto‘g‘ri tayinlanganligi aniqlangan taqdirda. Ushbu holatda o‘tgan davrda to‘langan mablag‘lar qaytarilmaydi;
bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash to‘g‘risidagi qarorga ta’sir ko‘rsatgan ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri va ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etilganligi yoki to‘liq taqdim etilmaganligi aniqlanganda;
b) ortiqcha to‘lovlar aniqlanganda vaqtincha to‘xtatiladi.
Bunda to‘lovlar kam ta’minlangan oilaga kelgusi oylarda to‘lanishi lozim bo‘lgan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun mablag‘lar hisobiga qayta hisob-kitob qilingandan so‘ng qayta amalga oshiriladi;
To‘lovlarni to‘xtatish (qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugagan holatlar bundan mustasno) «Yagona reestr» AT orqali avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi va ariza beruvchiga elektron xabar (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-xabarlar orqali mobil telefon raqamiga) yuborish orqali bildiriladi.
Ariza beruvchi bilan Pensiya jamg‘armasi bo‘limi o‘rtasidagi to‘lovlar to‘xtatilishi yoki miqdori o‘zgarishi yuzasidan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan, sud orqali hal etiladi.
«Yagona reestr» AT orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorini va muddatini belgilash jarayonida texnik sabablarga ko‘ra ortiqcha to‘lovlar vujudga kelganda, ushbu ortiqcha to‘lovlar, birinchi navbatda, tegishli bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchilarga joriy va kelgusi oylar uchun hisoblanadigan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam mablag‘lari hisobidan qaytariladi.
Qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugaganligi yoki tugayotganligi sababli ortiqcha to‘lovni qoplash uchun hisoblanadigan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam summasi etarli bo‘lmagan hollarda:
ortiqcha to‘lovlarning qoplanmagan summasi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra qoplanishi mumkin;
bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchiga uning arizasiga muvofiq belgilangan tartibda unga takroran tayinlanadigan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar natijasida ortiqcha to‘lov aniqlangan oydan boshlab 12 oy o‘tgandan so‘ng ortiqcha to‘lovlarning qoplanmagan qismi sud tartibida undiriladi.
Boshqa hollarda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorlaridan chegirmalar qilinishi mumkin emas.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnoma asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam pulining uchinchi shaxsga ishonchnoma orqali to‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza bergan shaxs vafot etgan taqdirda, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oilaning muomalaga layoqatli a’zosiga yoki qonuniy vakiliga to‘lanadi. Bunda oilaning muomalaga layoqatli a’zosi yoki qonuniy vakili tegishli arizani va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, mavjud bo‘lganda — vasiylik yoki homiylikni tayinlash to‘g‘risidagi qaror nusxasini AT «Xalq banki»ning tegishli filialiga taqdim etishi orqali tayinlangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olishi mumkin.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi oyining 4-sanasidan 27-sanasiga qadar amalga oshiriladi.
Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar va moddiy yordam (3 yoshgacha va 18 yoshgacha bola nafaqasi)
Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik daromad hajmini aniqlash
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etish asoslari