Ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga quyidagi nafaqalardan biri to‘lanishi mumkin:
yoshga doir nafaqa;
nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashqari);
parvarishlash nafaqasi;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.
Bunda turli nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ushbu nafaqalarning faqat bittasi to‘lanadi.
Yoshga doir nafaqa
Yoshga doir nafaqa ish staji bo‘lmagan yoki pensiya tayinlash uchun etarli ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi.
Yoshga doir nafaqa:
erkaklarga — 65 yoshga etganlarida;
ayollarga — 60 yoshga etganlarida;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga – 55 yoshga etganlarida tayinlanadi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga yoshga doir nafaqa farzandi nogironligi bo‘lgan deb e’tirof etilganligi to‘g‘risida Tibbiy — ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi bilan tasdiqlangan taqdirda tayinlanadi.
Nafaqa davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasining bo‘limi tomonidan tayinlanadi.
Nafaqa tayinlanmaganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga shikoyat qilish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.
Yoshga doir nafaqa tayinlashni so‘rab belgilangan yoshga to‘lgandan so‘ng 60 kun ichida, nafaqa uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Nafaqalarni to‘lash har oyda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechikmay amalga oshiriladi.
Nogironlik nafaqalari
Nogironlik nafaqasi ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga yoshidan qat’i nazar tayinlanadi.
Nafaqa davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasining bo‘limi tomonidan tayinlanadi.
Nafaqa tayinlanmaganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga shikoyat qilish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.
Nogironlik nafaqasini tayinlashni so‘rab nogironlik guruhi belgilanganidan so‘ng 60 kun ichida, nafaqa uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Nafaqalarni to‘lash har oyda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechikmay amalga oshiriladi.
Parvarishlash nafaqasi
Parvarishlash nafaqasi o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda tayinlanadi. Bunda, parvarishlash nafaqasi o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaga nogironlik belgilangan muddatga tayinlanadi;
Qonuniy vakilga har bir o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi uchun alohida parvarishlash nafaqasi tayinlanadi.
Parvarishlash nafaqasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan berilgan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotga asosan tayinlanadi.
Parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilga (otasi, onasi, vasiysi, homiysi, oilaga tarbiyaga oluvchisi (patronat) va farzandlikka oluvchisi) o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan bola 18 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi.
Nafaqa davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasining bo‘limi tomonidan tayinlanadi.
Nafaqa tayinlanmaganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga shikoyat qilish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.
Parvarishlash nafaqasini tayinlashni so‘rab nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bola o‘zgalar parvarishiga muhtojligi belgilanganidan so‘ng 60 kun ichida murojaat etilgan bo‘lsa, nafaqa uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Nafaqalarni to‘lash har oyda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechikmay amalga oshiriladi.
Boquvchisini yo‘qotganlik uchun olinadigan nafaqa
Davlat pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lmagan vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi olish huquqiga egadirlar. Davlat pensiyasini olish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.
Quyidagilar oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari hisoblanadilar:
bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 18 yoshdan katta bo‘lsa ham 18 yoshga to‘lmasdan nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar. Bunda aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogiron bo‘lsalar;
yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda tayinlanadi.
Nafaqa olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs vafot etgan taqdirda vafot etganning oila a’zolariga nafaqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda tayinlanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini tayinlashni so‘rab nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs vafot etgan kundan boshlab 6 oy ichida, nafaqa uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olish huquqiga ega bo‘lgan oila a’zolarining barchasiga bitta umumiy nafaqa tayinlanadi. Agar oila a’zosi talab qilsa uning nafaqadagi ulushi ajratiladi va unga alohida to‘lanadi. Bunda tayinlangan nafaqaning umumiy miqdori oluvchilarning umumiy soniga bo‘linadi.
Nafaqa davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasining bo‘limi tomonidan tayinlanadi.
Nafaqa tayinlanmaganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga shikoyat qilish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.
Nafaqa to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatiladi
davlat pensiyasi turlaridan biri tayinlanganda;
nafaqa oluvchi doimiy yashash uchun O‘zbekistondan chiqib ketganda;
nafaqa tayinlangan shaxslar to‘liq davlat ta’minotiga o‘tkazilganda;
ozodlikdan mahrum etishga hukm etilgan taqdirda.
Mazkur holatlar tugaganda nafaqa to‘lash davom ettiriladi.
Nafaqa tayinlangandan keyin, nafaqa oluvchi shaxsning haq to‘lanadigan ishni bajarishi yoki daromadning boshqa manbaiga ega ekanligi nafaqani to‘xtatish uchun asos bo‘lmaydi.