Sud ekspertizasi





Sud ekspertizasi — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat.




Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi
Sud-ekspertlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Shaxsning erkinligini vaqtincha cheklashni yoki uning shaxsiy daxlsizligi buzilishini talab etuvchi sud-ekspert tekshirishlari (bundan buyon matnda tekshirishlar deb yuritiladi) faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda o‘tkaziladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot (bundan buyon matnda boshqa tashkilot deb yuritiladi) tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazilishi munosabati bilan qabul qilingan qarorlar, sud ekspertining harakatlari (harakatsizligi) o‘z huquq va erkinliklarining cheklanishiga olib keldi deb hisoblagan shaxs mazkur qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Sud ekspertining mustaqilligi:
Sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.
Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga (bundan buyon matnda maxsus bilimlar deb yuritiladi) muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



Tekshirish ob’ektlari
Ashyoviy dalillar, tekshirish uchun namunalar, boshqa moddiy ob’ektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, shuningdek sud ekspertizasi o‘tkazilayotgan ish materiallari tekshirish ob’ektlari bo‘lishi mumkin. Tekshirishlar tirik odamga nisbatan ham o‘tkaziladi.
Tekshirishni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan tirik odam, murda, hayvon, o‘simlik, buyum, material yoki moddaning xususiyatlarini aks ettiruvchi ob’ektlar tekshirish uchun namunalardir.
Sud ekspertizasini o‘tkazishda tekshirish ob’ektlari (tirik odamdan tashqari) tekshirishni o‘tkazish uchun qay darajada zarur bo‘lsa, shu darajada shikastlanishi yoki ishlatilishi mumkin. Bunda tekshirish ob’ektining qisman shikastlanishi yoki ishlatilishiga sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati olinishi zarur, tayinlangan sud ekspertizasining o‘ziga xos xususiyatlari ob’ektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etuvchi hollar bundan mustasno.
Tekshirish ob’ektlarining sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati bilan yoxud tayinlangan sud ekspertizasining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq holda shikastlanganligi yoki ishlatilganligi davlat sud-ekspertiza muassasasi, boshqa tashkilot yoki sud eksperti tomonidan mazkur ob’ektlarning mulkdoriga zararning o‘rni qoplab berilishiga sabab bo‘lmaydi.
Tekshirish ob’ektlari, agar ularning o‘lchamlari va xossalari imkon bersa, o‘ralgan va muhrlangan holda sud ekspertiga topshirilishi kerak.
Tekshirish ob’ektini sud ekspertining ish joyiga etkazib berishning iloji bo‘lmaganda, sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) unga mazkur ob’ektni moneliksiz kirib ko‘rishni va uni tekshirish imkoniyatini ta’minlaydi.
Sud ekspertizasi tugallanganidan keyin tekshirish ob’ektlari, agar ular to‘la ishlatilgan bo‘lmasa, sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.




Sud ekspertining huquqlari

Sud eksperti quyidagi huquqlarga ega:


qonunchilikda belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish;
sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish ob’ektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish;
o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki sud ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish;
uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish;
agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki etarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sud eksperti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.



Sud ekspertining majburiyatlari

Sud eksperti:


sud eksperti sifatida o‘zini o‘zi rad etishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqda sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki davlat sud-ekspertiza muassasasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol ma’lum qilishi;
o‘ziga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi;
o‘zi o‘tkazgan sud ekspertizasi xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi;
sud ekspertizasini o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
taqdim etilgan tekshirish ob’ektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi;
ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Sud eksperti zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Sud eksperti:


sud ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishning natijasidan o‘zining manfaatdor emasligini shubha ostiga qo‘yadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;
sud ekspertizasini o‘tkazish uchun mustaqil ravishda materiallar to‘plashga;
sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.

Davlat sud eksperti, shuningdek:


agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbaridan tashqari bevosita boshqa biron-bir organdan (shaxsdan) sud ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida topshiriqlar qabul qilishga;
boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sifatida sud ekspertizasini o‘tkazishga haqli emas.



Sud ekspertizasini o‘tkazish asoslari va muddatlari
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudьyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirishlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan tekshirish ob’ektlari hamda ish materiallarini taqdim etadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirish uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunda belgilangan tartibda ishga qo‘shib qo‘yadi. Zarur hollarda, bunday namunalarni olish sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud eksperti yoki mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi.
Agar tekshirish uchun namunalar olish tekshirishlarning bir qismi hisoblansa va sud ekspertizasiga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlaridan foydalanilgan holda sud eksperti tomonidan amalga oshirilsa, sud ekspertizasi tugallanganidan keyin mazkur namunalar uni tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi yoxud qonunchilikda belgilangan tartibda davlat sud-ekspertiza muassasasida, agar sud ekspertizasi ushbu muassasada o‘tkazilgan bo‘lsa, saqlanadi.
Sud ekspertizasi qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi.




Qo‘shimcha va qayta sud ekspertizalari
Qo‘shimcha sud ekspertizasi xulosadagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmaganligi sabablari ko‘rsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini o‘tkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish o‘tkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.




Xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat

Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun etarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.