Shartnomada uy-joyda ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ko‘rsatilishi lozim. Shartnomada bunday ko‘rsatmalar bo‘lmasa, mazkur fuqarolarni uy-joyga qo‘yish Fuqarolik Kodeksi 608-moddasining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar uy-joydan foydalanish bo‘yicha u bilan teng huquqlarga egadirlar. Ijaraga oluvchi bilan bunday fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar qonunda belgilanadi.
Ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashab, uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shartlarini buzayotgan fuqarolarning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘ladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ijaraga beruvchini xabardor qilgan holda uy-joyda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi ijaraga oluvchi bilan birga ijaraga beruvchi oldida solidar javobgar ekanliklari to‘g‘risida ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday holda ushbu fuqarolar birgalikda ijaraga oluvchi bo‘ladilar.