Takroriy ovoz berish va takroriy saylov tartibi





O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 2 nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olmagan bo‘lsa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi, unda eng ko‘p ovoz to‘plagan 2 nomzod ishtirok etadi.



Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilgan kundan e’tiboran 1 oy ichida, lekin saylov o‘tkazilgan kundan kamida 15 kun keyin o‘tkaziladigan qilib tayinlaydi. Takroriy ovoz berish o‘tkazilishi haqidagi xabar matbuotda e’lon qilinadi.
Agar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha 2 nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish qonunchilik talablariga rioya etilgan holda 2 haftalik muddatda o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.



Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.





Takroriy saylovni o‘tkazish asoslari va tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi ham ushbu Kodeksda asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan ayni tartibda va ayni shartlarga rioya etgan holda o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi asosiy saylov o‘tkazilganidan keyin 40 kun ichida o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
agar saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa;
agar saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan 2 nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa.
Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan 1 oylik muddat ichida o‘tkaziladi.