Fuqarolarni qayd etish — O‘zbekiston Respublikasi hududidagi muayyan istiqomat joyida shaxsning doimiy yoki vaqtincha yashab turishi faktini ichki ishlar organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olishdir.
Vaqtincha qayd etish shaxsning o‘zi belgilagan istiqomat joyida bo‘lishi davrida amalga oshiriladi.
2020-yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi talab qilinmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali «yagona darcha» tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini «Manzil» tizimi orqali doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida — 2020-yil 1 sentyabrdan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 2021-yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
2020-yil 1 sentyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun hisoblanadi;
doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish bir kun ichida amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilinadi;
doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda harbiy xizmatga majburlarning mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borishi tartibi bekor qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma’lumot taqdim etilganda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi;
tug‘ilgan bolaga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manziliga idoralararo elektron hamkorlik orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan uni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi joriy qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining muayyan hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tegishincha ushbu hududning boshqa manzilida istiqomat qilsa, turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olinishi shart emas va u pasport tizimi qoidalarini buzgan deb hisoblanmaydi.
► Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini buzganlik O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborish uchun asos bo‘lib hisoblanmaydi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar
qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — xususiy mulk qilib olingan uy-joyga;
qarindoshlar — o‘zlarining to‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga yoki xususiy mulki bo‘lgan boshqa uy-joy maydoniga;
vasiylik va homiylikdagi shaxslar hamda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bolalar — vasiy (homiy), tutingan ota-ona doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga;
ota-onasi bo‘lmagan voyaga etmagan tug‘ishgan aka-uka va opa-singillar, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan hamda o‘z oilasi bo‘lmagan voyaga etgan tug‘ishgan aka-uka va opa-singillar — o‘zlarining tug‘ishgan aka-uka yoki opa-singillari doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga;
er (xotin) — xotini (eri) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga;
Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda;
Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda;
ilgari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — doimiy yashash uchun tegishincha Toshkent shahriga va Toshkent viloyatiga qaytib kelganida;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar, shuningdek ularning oila a’zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari);
qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan fuqarolar, shuningdek ularning oila a’zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari);
davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga ko‘ra, shuningdek ularning oila a’zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari);
Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida joylashgan davlat hokimiyati organlarida, davlat boshqaruvi organlarida, xo‘jalik birlashmalarida va boshqa davlat tashkilotlarida 5 yil mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari), shuningdek ularning oila a’zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan bolalari);
Nizomga muvofiq uy-joy bilan ta’minlangan harbiy xizmatchilar, shuningdek ularning oila a’zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari).
Manzil-ma’lumot axborotlarini olish uchun havolaga o‘ting.