O‘zbekiston davlat chegaralarini kesib o‘tish tartibi





O‘zbekiston davlat chegaralarini kesib o‘tishning umumiy tartibi - davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarini o‘tkazish tartibini, ushbu jarayonda bojxona, sanitar-karantin, fitosanitar va veterinariya nazoratdan o‘tish, shuningdek, hujjatni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibini belgilab beradi.



Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar quyidagi nazoratdan o‘tishlari lozim:




chegara (pasport) nazorati
chegara nazorati — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish, Davlat chegarasini va o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish holatlarining oldini olish maqsadida Davlat chegarasi orqali shaxslar va transport vositalariga, shuningdek, bojxona organlari bo‘lmagan o‘tkazish punktlarida esa tovarlarga nisbatan o‘tkazish punktlarida amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar.




bojxona nazorati
bojxona nazorati — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan, jumladan, xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar.




sanitar-karantin nazorati
sanitariya-karantin nazorati — o‘tkazish punktlarida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy bo‘linmalari tomonidan Davlat chegarasi orqali kelgan shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar.




fitosanitar nazorati
fitosanitariya nazorati — o‘tkazish punktida karantin ostidagi mahsulot va O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarini tekshirishda o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat inspektori tomonidan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar.




veterinariya nazorati
Veterinariya nazorati - odamlar va hayvonlar hayoti hamda salomatligini himoya qilish, hayvonlar kasalliklarining tashuvchilari bo‘lishi mumkin predmetlar va tovarlarni, shuningdek hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilishni ta’minlash uchun chegara nazorati veterinariya punktlari tomonidan hayvonlar hamda ulardan olinadigan mahsulotlarga nisbatan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar.



O‘tkazish davlat chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega haqiqiy hujjat bilan amalga oshiriladi.
O‘tkazish to‘g‘risidagi yakuniy qaror chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan o‘tkazish bo‘limlaridagi barcha yuqorida ko‘rsatilgan nazorat ko‘rinishlaridan o‘tganidan so‘ng qabul qilinadi.


Davlat chegarasiga orqali quyidagilar navbatsiz o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarga muvofiq muayyan imtiyozlarga ega shaxslar, og‘ir bemorlar, homilador va nogiron shaxslar, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar va ular ketayotgan avtotransport vositalari;
xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni muntazam tashiydigan transport vositalari;
tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va boshqa materiallar;
tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda zarur bo‘lgan va insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan tovarlar, shuningdek, ushbu tovarlar olib o‘tiladigan transport vositalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli yozma topshirig‘iga muvofiq shaxslar, transport vositalari va tovarlar;
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladigan tovarlar;
O‘zbekiston Respublikasining oliy qonunchilik, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlariga yuboriladigan tovarlar.




O‘tkazish punktida quyidagilar taqiqlanadi
chegara nazorati bo‘linmasi rahbari va (yoki) bojxona organi boshlig‘ining ruxsatisiz foto va videoga suratga olish;
davlat nazorati organlarining nazorat tartib-taomillarini tashkil etishiga xalaqit bersa, mobilь va boshqa vositalardan foydalanish;
davlat nazorati organlari xodimlarini nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibni buzishga majbur qiladigan harakatlarni sodir etish, shu jumladan, ularga biron-bir moddiy qimmatliklarni taklif etish;
davlat nazorati organlarining qonuniy talablarini bajarmaslikka, har qanday ko‘rinishda omma oldida da’vat etish, ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida atayin soxta uydirmalar tarqatish yo‘li bilan davlat nazorati organlarining o‘z qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga qarshilik ko‘rsatish, shuningdek, davlat nazorati organlarining huquqbuzarliklarni to‘xtatish haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik;
o‘tkazish punkti hududiga yoki uning xizmat xonalariga belgilangan tartibni buzgan holda kirish;
o‘tkazish punkti hududiga tegishli ruxsatlarsiz qurol-yarog‘, portlovchi moddalar va atrofdagilar hayoti yoki salomatligiga xavf tug‘diradigan boshqa predmetlar (moddalar) olib kirish (olib o‘tish).