Aqlli bo‘lish uchun qanday kitoblarni o‘qish kerak?
Aqlli bo‘lish uchun qanday kitoblarni o‘qish kerak?
Sportchi o‘zi uchun yengil vazn yoki qulay raqib bilan cheklansa, uning mahorati oshadimi, musobaqalarda g‘olib bo‘ladimi? O‘qish ham shunday. Kishi o‘zini qiyin yozilgan, qalin jildli (“harflari ko‘p, rasmi kam”) kitoblarni, uzun maqolalarni oxirigacha o‘qishga majburlay olishi kerak.
“Foydali kitob qiziq bo‘ladi. Qiziq kitob oson o‘qiladi”, degan fikrga aldanib qolish “barcha oson o‘qiladigan kitoblar hamisha foydalidir” yoki “foydali kitob hamisha qiziqarli yozilgan bo‘ladi”, degan xato xulosaga olib keladi va ko‘pgina yangi ma’lumotlardan to‘sib qo‘yadi.
Deylik, siz bilim saviyangiz va tafakkuringizni kuchaytirish maqsadida yengil yozilgan kitobni o‘qiyapsiz. Ushbu kitob ichidagi gaplar oson fahmingizda o‘tiryapti. O‘zingizdan so‘rang, ehtimol siz shundoq ham xabaringiz bo‘lgan narsani o‘qiyotgandirsiz? Buning ham foydasi bor, albatta: avvallari olingan bilimni puxtalab olish, unutilayotgan narsani qaytarish kerakli mashg‘ulotlardan. Lekin eski narsani qaytarish yangi bilimlarni olish deganimas.
Yengil yoki tanish narsalarni o‘qiyverish ongning chegaralanishiga olib keladi. Sizga zerikarli va yoki qiyin tuyulgan matnlar, ehtimol, malakangizni oshirish yoki dunyoqarash kengligi uchun foydali bo‘lib, unda yangicha yondashuvlar, avvallari uchramagan yangi ma’lumotlar, kashf qilinmagan olamlar bordir?
Notanishlikni miya yoqtirmaydi, darrov diqqatni burish, kislorodni bo‘g‘ib, esnoq tuttirishga kirishib ketadi, qorinni ochirib qo‘yadi yoki hojatga chaqirib qoladi. Bunga sabab: miya organining dasturida “Zo‘riqmay kayf ol! Quvvatni asra!” buyrug‘i bitilgan. Ongli kishi bu jo‘ngina buyruq o‘rniga: “O‘qib o‘zgar, bo‘lmasam halok bo‘lasan! Bir oz qiynal, evaziga katta rohat topasan!” degan dasturni ham yoqa bilishi kerak.
Kasbingiz yoki dunyoqarashingiz rivoji uchun foydali topilgan eng murakkab va eng semiz kitobni olib hijjalab o‘qishga o‘zingizni undang. O‘qish, tushunish qiyin kechayotgan vaqtda o‘zingizga “men yangi, notanish narsalarni ochyapman, shuning uchun miyam o‘zlashtirishi qiyin bo‘lyapti, oxirigacha o‘qisam yuz foiz bo‘lmasa ham, o‘n foizini tushunsam katta gap. Undan ozi qolsa ham roziman, chunki kamida qiyin kitob o‘qish ko‘nikmasini o‘zimda hosil qilyapman”, deng va oxirgi sahifasi qadar kitobga hujum qiling.
Qiyin kitoblarda ko‘pgina tushunarsiz qolgan ma’lumotlar baribir miyada iz qoldirardi. Bu safar tushunmasangiz, boshqa manbalarda xuddi shu ma’lumotlarni uchratib qolasiz va miyada “a ha!” alangasi bilan birdaniga murakkab narsani tushunib qolasiz. Shuning uchun to‘xtamay qiyin va uzun matnlar bilan ishlayverish kerak.
Birinchi qor yer yuzasini oqartirmasa ham, u keyingi qor saqlanishi uchun yerni sovitib beradi. Boshlang‘ich, tushunarsiz ma’lumot ham xotirada o‘rnashmagandek ko‘rinadi. Ammo u fahm yuzasini keyingi o‘qishlar uchun birinchi sharoitlarni yaratib beradi.
Sportchi og‘ir mashqlariga qaytaverganidek, katta va mushkul kitoblarni oxirigacha bitiring.